Oksidlar
Bu guruh minerallari–metall va metalloidlarning kislorod va gidroksidlar bilan qo`shilib hosil qiladigan eng oddiy birikmalarini o`z ichiga oladi. Keyingi ma`lumotlarga binoan kislorod bilan 40 dan ortiq kimyoviy element turli xil birikmalar hosil qiladi.
Yer po`stida oksidli birikmalar og`irligi bo`yicha 17% tashkil qiladi, bulardan 12% ni kremniy oksidi (SiO2), 3,9% ni temir oksidi va gidrooksidi tashkil qiladi. Boshqa elementlardan; alyuminiy, titan, marganec, xrom, mis oksidlari va boshqalar katta o`rin tutadi.
Atmosferada oksidlardan – karbonat angidrid (SO2) va suv bug`lari keng tarqalgan va ularning tarqalish chegarasi yer yuzasidan 12 km balanddan o`tadi. Gidrosferaning tarkibi va asosiy qismi suvdan iborat, ular tabiatda keng tarqalgan.
Demak, yuqoridagilardan ma`lum bo`ldiki, tarkibi xilma-xil bo`lgan oksid, gidrooksidlarning maksimal miqdori Yer po`stining ustki qismlarida – erkin kislorodli atmosfera chegarasida joylashgan. Yer po`stining chuqur qismiga kislorodning kirib borishi yer osti suvining sathiga bog`liq. Yer po`stining ustki qismi turli tog` jinslari va ma`dan konlarining oksidlanish zonasi minerallarni qayta hosil qiluvchi kimyoviy reaksiyalar yuzaga keladigan maydon hisoblanadi. Ushbu oksidlanish maydonlarida yuzaga kelgan minerallar orasida metall oksidlari va gidrooksidlari muhim rol o`ynaydi. Oksidlanish zonasidagi ikkilamchi minerallarni paydo bo`lishida tarkibida karbonat angidrid bo`lgan yomg`ir suvlarining ahamiyati juda katta.
Havoga to`yingan 1 litr yomg`ir suvida 25-30 sm3 gaz borligi aniqlangan. Bu gaz tarkibining 30% ni kislorod, 60% azot va 10% ga yaqinini karbonat angidrid tashkil etadi. Yomg`ir suvi Yerning chuqur qismiga borgan sari erkin kislorod sulfid va shunga o`xshash birikmalarni oksidlantirish uchun sarf bo`ladi. Tog` jinslari va ma`dan maydonlarida ishtirok etgan Fe+2 ,Mn+2, v3 tez oksidlanib, kislorodli birikmalar hosil qiladi. Oksidlanish zonalarida dastlab yuzaga kelgan tuzlar (sulfatlar, karbonatlar va boshqalar) ma`lum tezlikda suv bilan reaksiyaga kirib parchalanadi – gidrolizlanadi, natijada metallarning aksariyati suvda qiyin eriydigan gidrooksidlar holida ajraladi. Minerallarning fizik hossalari ularning strukturasi (tuzilishi) va tarkibiga bog`liq. Oksidlar strukturasining (kubik, geksagonal) asosida zichlashgan kislorod atomi, hamda oktaedrlardagi bo`shliqda kationlar joylashadi. Kremniy, aluminiy va magniy oksidlari ion-kovalent bog`lanishni hosil qilsa, qolgan oksidlar (mis, temir, xrom va boshqalar) metall bog`lanishdan yuzaga keladi. Shuning uchun ham kremniy, alyuminiy, magniy oksidlari yuqori qattiqlikka ega, ya`ni kvars, shpinel, korund, xrizoberillarning qattiqligi – 7-9 ni tashkil etadi, qolgan oksidli minerallarning qattiqligi – 5-6 atrofida. Oksidlarning zichligi 2,5 dan (kvars) – 10,6 gacha (uranit) bu o`zgarish shu tarkibga kiruvchi elementlarning atom og`irligining ortib borishiga uzviy bog`liq.
Varoqsimon kristall strukturaga ega bo`lgan gidrooksidlar qatlamlari orasidagi mavjud bo`sh bog`lanishga binoan, uncha mustahkam bo`lmagan kristall panjarasi bilan belgilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |