Asqar Mahkamning “Tavajjuh “ dostonida ayollarga bo’lgan munosabat
Mamadova Fotima
Buxoro davlat universiteti, M. Iqbol ko’chasi, 11.
Magistratura bo’limi. Adabiyotshunoslik ( o’zbek tili) yo’nalishi. Tel:+998930945425
Annotatsiya: Mazkur maqolada zamonaviy she’riyat namunasi bo’lgan shoir Asqar Mahkamning ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Boburning so’nggi kunlari , qazo va qadar kunigacha bo’lgan tavba-yu tazarrusi, insoniyat hayoti va uning mazmuni taqdiri uchun juda ham muhim va ahamiyatli ekanligi aks ettirilgan “Tavajjuh” dostonida ayollarga bo’lgan munosabat , umuman, Boburning hayotida ayollarning o’rni haqida so’z boradi.
Keyingi paytlarda diniy-axloqiy g’oyalar adabiyotimizda chuqur ildiz otib borayotir. Ma’naviy sarchashmalarimiz – Ollohning kitobi muqaddas Qur’oni Karimga, Muhammad Mustafo s.a.v. sunnatlari- muborak hadislarga murojaat etish alohida tamoyilga aylandi. Ushbu yo’nalishda Abdulla Oripovning “Haj daftari” turkumini, Tohir Qahhorning “Muhammad bilan suhbat “ lirik dostonini, Asqar Mahkamning “Naqshbandiya” dostoni bilan “Tavajjuh”, “Ishq” she’riy qissalarini, Sirojiddin Sayyidning “Qirq hadis”, Shukur Qurbonning “Unutmadim adolar rasmin” (she’rga tushgan hadislar) she’riy turkumlarini ta’kidlash joiz.
Axloq qoidalarida ,umuman, dinimizda muqaddas bo’lgan narsalar mavjud. Masalan, non –muqaddas ne’mat bo’lib uni bosish tuproqqa qorishtirish gunoh, yoki bo’lmasa, suv ham shunday unga axlat otish , isrof qilish taqiqlanadi. Shular qatorida ayol zoti ham muqaddaslik kasb qilib, uni xor qilish , kamsitish dinimizda, konstitutsiya qonunlarida taqiqlab qo’yilgan. Bejizga xalqimiz orasida ham ayol bir qo’li bilan beshikni tevratsa, bir qo’li bilan dunyoni tevratadi degan naql yurimaydi. Zabardast qahramonlar-u , ma’rifatparvar insonlar; dunyoni titratguvchi podshohlar-u, ilmpesha olimlar – barchasi mushtipar onalar etagidan tushgan daholar sanaladi. Adabiyotimizda o’z ijodi orqali ayol zoti sha’nini , uning nomus-u huquqlarini himoya qilib yozilgan asarlar ko’plab uchraydi. Diniy adabiyot namunasi bo’lgan, o’zida o’quvchiga adabiyot bilan birgalikda diniy qoida va ahkomlardan dars bergan Asqar Mahkamning “Tavajjuh “ dostonida ham ayol qadri, o’tgan asrlarda ayollarga bo’lgan munosabat , muslima qizlarning nomus masalasi yuqori pardalarda yoritib berilgan .
Shoirning “Tavajjuh” poemasida Andijoniy podshoh Zahiriddin Muhammad Boburning o’z xalqi, ommasi, gunohkor banda sifatida Ollohning oldidagi va, shu bilan bir qatorda, ayollarga bo’lgan tazarrusi bayon etilgan dostonda Ollohning qahrini uyg’otadigan ishlardan eng yomoni zino ekanligi, zino insoniyatni yomonlikka – noto’g’ri yo’lga boshlovchi xaromiy illat ekanligi ko’rsatib o’tilgan. O’tgan asrlardan ma’lumki, bir podshohning xaramida ko’plab xotinlari va kanizaklari bo’lgan. Ijodkor nazmida bu holat qora bo’yoqlarda tasvirlangan:
Sochlari o’ralib saksovullarga
Sahroda yotganda bir it, bir Majnun,
Murdor tanangizni uyg’otmoq uchun
Qoshingizda qotdi ming bitta xotun1
Ko’p xotinlik dinda qoralanmaydi . Dinda to’rttagacha xotin olishga musulmon ahli uchun ruxsat berilgan. Jaloliddin Rumiyning “Ichingdagi ichingdadur” diniy –falsafiy kitobining tarjimoni bo’lgan ijodkor uchun ko’p xotin olib vaqtini aysh –ishratga sarflagan o’tmish podshohlari salbiy qiyofada akslangan. Shu sababli ham shoir dostonning ko’plab o’rinlarida bu mavzuga murojaat etib o’tgan:
Roviylar ochdilar sinoat lavhin,
Dedilar : “Ey Mirzo, yozmishing qaro…”
Ibrohim Luddining yoy o’qi yanglig’
Janub bodi qoldi so’ngagim aro.2
Bu parcha juda ham tahliltalab bo’lib , shoir bu yerda tarixiy shaxs , Lut payg’ambarni yodga oladi. Lut payg’ambar Ibrohim payg’ambarning akalari Xoronning o’g’li edi. Bu payg’ambar dastlab Ibrohim alayhissalomga iymon keltirib, u zotning yo’lidan yurgan, keyinchalik Lut alayhissalom amakilarining iznlari bilan Urduning (Iordaniya) Sadum degan joyiga ketdilar. Bu shaharning aholisi dunyodagi eng yomon gunohlardan biriga mubtalo bo’lishgan edi. Ular bachchabozlik bilan shug’ullanishardi. Lut alayhissalomning asosiy vazifalaridan biri ularni shu qabih ishdan qaytarish bo’lgan3. Shunga ishora sifatida yozilgan parchada Boburning taqdiri – yozmishi qora ekanligi, uning yaxshi kunlaridan ko’ra yomon kunlari ko’p ekanligi aytiladi. Sadum shahri ham Hindiston singari janubiy davlatlardan biri bo’lib , Hindistonda tinchlik o’rnatish Boburning chekiga tushadi. U ham Hindistonda eng yomon gunoh sanalgan eri o’lgan ayolni tiriklariyin eri bilan yoqib yuborish qonunini bekor qiladi.
Xarold Lambning “Bobur – yo’lbars” asarida ham Boburning o’z yaqin zaifalariga hurmati-izzati ifolanib, hattoki, ijodkor zaifalarni alohida mavzu ostida hikoya qilgan:
“Andijon qal’asida Bobur Mirzoning har bir safarida qadam –baqadam ergashib kelayotgan uch ayol bor edilar. Qarindosh erkaklardan farqli o’laroq , bu ayollar Boburga sadoqatliroq bo’lib chiqdilar…”4
Dostondan xulosa shuki, inson hech qachon ham hoziri bilan hozirgi kuni bilan yashamasligi lozim . Ertani o’ylab ish qilish har doim ham xayrli bo’lgan . Xayrli ishning esa hech ham kechi yoq. Ayol zoti mukarram . Uni qadrlash, e’zozlash lozim. Olamda ayol borki , hayot bor; ayol borki kelajakka ishonch bor. Farzandlar salomatligi, ularning porloq kelajagi onalarimizga, momolarimizga bog’liq. Birgina alla orqali go’dak qulog’iga yuz xil tovush, yuz xil ohang yetib boradi. Bejizga xalqimiz orasida ham “Ayolning sarishtasi – ro’zg’orning farishtasi “ degan maqol uchramaydi. Shoir hatto farishtamisol ayollarni Navoiy qalamidan, qobiliyatidan ustun qo’yganligi ayol zotining hatto so’zdan ham ustun ekanligini ko’rsatadi. Bu esa ayollarning dostonda qanchalik qadr topganligini , yuksakka ko’tarilganligining isbotidir.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Asqar Mahkam. “Tavajjuh”. –T.: “Movuraunnahr”, 1993-yil.
2.Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Islom tarixi. –T.: Hilol nashr, 2020-yil
3. Harold Lamb “Bobur- yo’lbars”. –T.: “O’zbekiston”, 2018.
Do'stlaringiz bilan baham: |