12.3.Banklarni qayta tashkil etish va tugatish Bankni qayta tashkil etish raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining talablari hisobga olingan holda, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining qaroriga muvofiq qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish va o‘zgartirish shaklida Markaziy bankning ruxsati bilan amalga oshiriladi. Bankni qayta tashkil etish Markaziy bankning talabiga binoan ham amalga oshirilishi mumkin. Davlat yagona ta’sischisi bo‘lgan bankni qayta tashkil etish Markaziy bank bilan kelishilgan holda vakolatli organning qarori asosida amalga oshiriladi. Aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bankni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarori mavjudligi bankni qayta tashkil etish uchun ruxsatnoma olish to‘g‘risida Markaziy bankka ariza berish uchun asos bo‘ladi. Markaziy bank bankni qayta tashkil etishni rad etgan taqdirda, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishining bankni qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb hisoblanadi. Bankni qo‘shib yuborish, bo‘lish, ajratib chiqarish shaklida qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganidan keyin qayta tashkil etish natijasida yangidan vujudga keladigan har bir bankni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va litsenziya olish uchun zarur tashkiliy-texnik tadbirlar bajariladi. Bankni qayta tashkil etish uchun Markaziy bankning ruxsatnomasi olinganligi qayta tashkil etilishi natijasida vujudga keladigan banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga litsenziya berish uchun kafolat bo‘la olmaydi. Qayta tashkil etilayotgan bank qayta tashkil etish jarayonini Markaziy bankning ruxsatnomasi olingan kundan e’tiboran olti oy ichida tamomlanadi. Qayta tashkil etish natijasida yangidan yuzaga kelgan banklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga litsenziya berish Markaziy bank tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bankni qayta tashkil etish tartibi Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Markaziy bank quyidagi hollarda litsenziyani chaqirib olishga haqli: agar bank litsenziyani olganidan keyin o‘n ikki oy ichida bank faoliyatini amalga oshirishni boshlamagan, bu faoliyatdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri voz kechgan yoki moliyaviy operatsiyalarni uch oydan ortiqroq muddat davomida amalga oshirmagan bo‘lsa; litsenziya berish shartlari bank tomonidan bajarilmaganda; litsenziyani chaqirib olish uchun asos bo‘luvchi qo‘pol qoidabuzarliklardan biri bank tomonidan sodir etilganda; agar bank ketma-ket keluvchi uch chorakning har birida bank regulyativ kapitalining o‘n foizidan ortiq yoki muddatidan qat’i nazar, regulyativ kapitalning ellik foizidan ortiq miqdorda zarar ko‘rgan bo‘lsa yoki zarar ko‘rish ehtimoli mavjud bo‘lsa; qayta tashkil etish natijasida bankning faoliyati tugatilganda; aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishida bankni ixtiyoriy ravishda tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda; O‘zbekiston Respublikasida bank tashkil etgan chet davlat bankidan litsenziya chaqirib olinganda; bank to‘lovga qobiliyatsiz bo‘lib qolganda.