3. Fanning o’rganish va tadqiqot usullari
Qishloq xo’jaligi korxonalari faoliyatini rejalashtirish qoidalar, yo’llari va usullari yig’indisi rejalashtirish uslubiyotini tashkil etadi. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida korxonalar o’z faoliyatini rejalashtirishni mustaqil ravishda amalga oshiradi. Biroq bu rejalashtirishning tekshirib ko’rilgan va foydali usullaridan voz kechishni anglatmaydi. Bugungi sharoitlarda ham korxonalar faoliyatini rejalashtirish-texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar, progressiv norma va normativlar, iqtisodiy tahlil, muqobil variantlarni tanlashga asoslanadi.
Agrobiznesni tashkil etishning eng ko’p tarqalgan usullari qatoriga quyidagilarni: dialektika, induktiv, deduktiv, tahlil, sintez, balans, variant, normativ, me’yoriy-resurs, maqsadli dasturlash, dalillarni yig’ish, pozitiv, statistik, monografik, hisob-analitik, tajriba usuli hamda iqtisodiy-matematik usullardan keng foydalaniladi.
Rejalarning asoslanganlik darajasini oshiruvchi va ularni tezda amalga oshirilishiga xizmat qiluvchi, shuningdek, tavakkalchilik va vujudga kelishi mumkin bo’lgan talofatlarni kamaytiruvchi usul eng samarali usul hisoblanadi.
Boshqa fanlar kabi «Agrobiznesni tashkil etish» fanining uslubiy asosini ilmiy tafakkurning dialektika usuli tashkil etadi. Dialektik usul hamma hodisalar va jarayonlar doimiy o’zgarishda va o’zaro bog’liqlikda rivojlanadi, biri ikkinchisini keltirib chiqaradi deb tushuntiradi. Dialektik usul rivojlanish jarayonini oddiy o’sish jarayoni deb emas, balki oddiylikdan murakkablikka, miqdor o’zgarishlaridan sifat o’zgarishlariga o’sib o’tuvchi murakkab jarayon deb baholaydi. Bundan shunday xulosa qilish mumkinki, korxonaning hozirgi darajasi mutlaq emasligini, ma’lum sharoitlar o’zgarishi bilan o’zgarib turishi, hamma ishlab chiqarish tarmoqlari va omillari o’zaro bog’liqlikda harakatlanishini tushunib yetishi kerak. Masalan, chorvachilik tarmog’i dehqonchilikka bevosita bog’liqligini, o’z navbatida chorvachilik tarmog’i dehqonchilik tarmog’ining rivojlanishiga ta’sir etishini tushunib yetish lozim. Ishlab chiqarish hajmi yer maydoni va uning unumdorligiga, mehnat va kapital hajmiga bog’liqligini ifoda etadi. Shuningdek, ishlab chiqarish hajmi bilan korxonaning pul mablag’lariga, boshqa turdagi moddiy-texnika vositalariga bo’lgan talabi o’rtasida yoki mineral o’g’itlar va yem-hashak sarfi bilan ekinlar hosildorligi hamda chorva mollari mahsuldorligi o’rtasida o’zaro bog’liqlik mavjud.
Shunday qilib, fermer xo’jaligi faoliyatida biznes reja ishlab chiqarishni to’g’ri tashkil etish va boshqarish samaradorligiga tarmoqlar, ishlab chiqarish omillari (yer, mehnat va kapital) o’rtasida to’g’ri o’zaro aloqa va bog’liqlikni takomillashtirish orqali erishish mumkin. Dialektik usul voqyealar va hodisalar har doim harakatda, rivojlanishda deb tushuntiradi. Shuning uchun «Agrobiznesni tashkil etish» fani korxonalarni, ishlab chiqarishni doimo harakatda, rivojlanishda, rivojlanish asosi ziddiyat, deb tushuntiradi, ya’ni yer maydonlarini bir sifatdan boshqa sifatga o’tib turishi (yer transformasiyasi) tuproq unumdorligining o’zgarishi, ekinlar hosildorligi chorva mahsuldorligi hamda texnika vositalari sonining o’zgarib turishi sifatida ko’radi.
Dialektikaning yana bir qonuni – bu, miqdor o’zgarishlarining sifat o’zgarishlariga o’tishi qonunidir. Qishloqda mulk munosabatining o’zgarishi natijasida oldingi yirik hajmdagi davlat va jamoa xo’jaliklari, o’rnida dehqon, fermer va shirkat xo’jaliklari tashkil topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |