17-bob. GUVOHLANTIRISh
142-modda. Guvohlantirish uchun asoslar
Guvohlantirish:
1) odamning badanidagi ish uchun ahamiyatga molik xususiyat yoki alomatlarni, alohida
belgilarni, uning jismoniy rivojlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, dog‘larni, tirnalgan, shilingan,
qontalash joylarni topish zarurati tug‘ilgan hollarda, agar buning uchun ekspertiza o‘tkazish lozim
bo‘lmasa;
2) ekspertiza o‘tkazishni talab qilmaydigan usullarni qo‘llash yo‘li bilan shaxsning mastlik va
boshqa fiziologik holatini aniqlash zarurati tug‘ilgan hollarda o‘tkaziladi.
143-modda. Guvohlantiriladigan shaxslar
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va jabrlanuvchi guvohlantirilishlari mumkin.
Guvoh uning ko‘rsatuvlari to‘g‘riligini tekshirish uchungina guvohlantirilishi mumkin.
144-modda. Guvohlantirishni o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki jabrlanuvchining badanida jinoyat izlari, ish
uchun ahamiyatga molik boshqa belgilar yoki uning g‘ayritabiiy fiziologik holati to‘g‘risida yetarli
ma’lumotlar bo‘lsa, guvohlantirishni o‘tkazish haqida surishtiruvchi yoki tergovchi qaror, sud esa
ajrim chiqaradi.
Qarorda yoki ajrimda: guvohlantirishni kim va qanday maqsadda o‘tkazishi; kimni
guvohlantirish kerakligi; guvohlantirilishi uchun shaxs kimning huzuriga va qachon yetib kelishi
ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
145-modda. Guvohlantirish haqidagi qarorning yoki ajrimning majburiyligi
Surishtiruvchining, tergovchining guvohlantirish o‘tkazish to‘g‘risidagi qarori yoki sudning shu
to‘g‘ridagi ajrimi qaysi shaxs xususida chiqarilgan bo‘lsa, o‘sha shaxsga nisbatan majburiydir.
Guvohlantirishdan bosh tortayotgan shaxslar majburiy keltirilishi va guvohlantirilishi mumkin.
146-modda. Guvohlantirishni o‘tkazish tartibi
Guvohlantirishni o‘tkazish haqidagi qaror yoki ajrim guvohlantiriluvchiga e’lon qilinadi.
Guvohlantirishning barcha ishtirokchilariga ularning huquq va burchlari tushuntirilishi lozim.
Shaxsni yechintirib yalang‘ochlash, shuningdek uning badanidagi tirnalgan, shilingan,
qontalash joylarni aniqlash bilan bog‘liq bo‘lmagan guvohlantirish surishtiruvchi yoki tergovchi
tomonidan xolislar ishtirokida, zarur hollarda esa, shifokor yoki boshqa mutaxassis ishtirokida
o‘tkaziladi. Ushbu turdagi guvohlantirish taraflar ishtirokida sud tomonidan ham o‘tkazilishi
mumkin.
Shaxsni yechintirib yalang‘ochlash yoki uning badanidagi tirnalgan, shilingan, qontalash
joylarni aniqlash bilan bog‘liq bo‘lgan, shuningdek ushbu Kodeks 142-moddasining
ikkinchi
bandida
nazarda tutilgan guvohlantirish surishtiruvchi, tergovchi yoki sudning topshirig‘iga binoan
shifokor yoxud boshqa mutaxassis tibbiy xodim tomonidan o‘tkaziladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |