Arxiv muassasalarining ilmiy-tadqiqot va uslubiy ishlari
Arxiv muassasalarining ilmiy-tadqiqot ishlari deganda arxiv ishini yanada takomillashtirishga qaratilgan ilmiy izlanishlar tushuniladi. Arxiv muassasalarida hujjatshunoslik, arxivshunoslik, arxeografiya, tarix, ko’makchi tarix fanlari va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Hujjatlarni nashr etish hamda arxiv ma’lumotlarini tayyorlash ham ilmiy-tadqiqot ishlarining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Arxivlarda ilmiy izlanishlar 3 xil yo’nalishda olib boriladi: 1) nazariy tadqiqotlar; 2) amaliy tadqiqotlar; 3) ilmiy ishlanmalar
Nazariy tadqiqotlar hujjatshunoslik, arxivshunoslik, arxeografiya singari fanlarning umumiy masalalariga bag’ishlanadi. Nazariy tadqiqotlar ma’lumot yig’ish, eksperimentlar o’tkazish, ularning natijalarini umumlashtirish va ilmiy xulosalar chiqarishdan iboratdir.
Amaliy yo’nalishdagi ilmiy ishlar esa nazariy tadqiqotlarga hamda amaliy tajribaga tayangan holda arxiv muassasalarining konkret ish faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan.
Amaliy tadqiqotlar aksariyat hollarda ilmiy ishlanmalar yaratish bilan yakunlanadi. Ilmiy ishlanmalar ko’proq uslubiy tavsiyanomalar shaklida yoziladi. Uslubiy tavsiyanomalar arxivshunoslik sohasida olib boriladigan nazariy va amaliy ilmiy tadqiqotlarni hayotga tadbiq etish vositasidir. Uslubiy tavsiyanomalar taxminan quyidagi mavzularda bo’lishi mumkin: «Davlat arxivlari faoliyatining asosiy qoidalari», «Ish yuritishning yagona davlat tizimi» va hokazo.
Bundan tashqari konkret masalalarga bag’ishlangan uslubiy masalalar ham ishlab chiqish mumkin. Masalan, kataloglashtirish, hujjatlarni ekspertiza qilish va hokazo. Yig’majildlarning nomenklaturasi va sistemalashtirishning tarh (sxema) larini ishab chiqish, arxiv haqidagi ilmiy-ma’lumotnoma apparatini yaratish, ma’ruzalar tayyorlash bilan bog’liq ishlar ham uslubiy ishlar qatoriga kiradi.
Muhim vazifalardan biri – bu arxivlarda ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etishdir. Bu ish ilmiy-tadqiqot ishlarini rejalashtirish, mavzu bilan tanishish, mavzuga oid materiallar yig’ish va ularni tahlil etish, tadqiqot natijalarini rasmiylashtirish kabi bosqichlarga bo’linadi. Ishning yakuni bo’yicha hisobot yoziladi.8
Ilmiy-tadqiqot ishlarining yakunlari arxivlar qoshidagi ilmiy kengashlarda,
ilmiy-uslubiy kengashlarda, uslubiy kengashlar va ekspert uslubiy komissiyalarida muhokama etiladi. Bu kengashlarning yig’ilishlarida arxiv xodimlaridan tashqari chetdan kelgan mutaxassislar ham ishtirok etishlari mumkin.
Arxiv muassasalarida olib borilgan ilmiy ishlarning asosiy maqsadi – bu arxiv ishi sifatini oshirishdir. Shunday ekan ilmiy izlanishlarning natijalarini tez muddatlarda hayotga tadbiq etish muhimdir. Ilmiy izlanishlarning yakuni bo’yicha yangi davlat standartlari, yangi qoidalar va metodik qo’llanmalar nashr etiladi.
III. Xulosa
Arxivshunoslik – muhim ijtimoiy ahamiyatga hujjat va materiallarni turkumlash, ularni bir tizimga solish, saqlash, ulardan ilmiy va amaliy maqsadlarda foydalanish to’g’risidagi fandir. Mazkur ko’makchi tarix fani arxiv ishining umumiy qonuniyatlarini, hujjat va materiallarni tanlab olish va saqlash, ulardan foydalanish tamoyillarini ishlab chiqadi.
Hozirgi kunda hujjat va materiallarning umumiy miqdori va turlari nihoyatda ko’pdir. Shuning uchun ham arxivshunoslik fanini rivojlantirmasdan, hujjatlarni saralash va saqlashning zamonaviy usullarini egallamasdan turib arxiv ishini to’g’ri yo’lga qo’yish amri maholdir.
Arxivshunoslik asoslarini yaxshi bilish bo’lajak tarixchi uchun g’oyat muhimdir. Arxiv hujjatlari bilan ishlash uslublarini egallash ilmiy-tadqiqotlar uchun yo’l ochib beradi, bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarga yuqori ilmiy saviyadagi bitiruv-malakaviy ishlar va magistrlik dissertasiyasi tayyorlash imkonini beradi.
Mazkur fanni o’rganish arxivshunos kadrlar tayyorlash nuqtai nazaridan ham zarur. Hozirgi kunda ayrim kasb-hunar kollejlarida “Hujjatshunoslik, arxivshunoslik” mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlashga kirishildi. Lekin respublikamizning birorta universitet yoki institutida oliy ma’lumotli arxivshunoslar tayyorlanmaydi. Shu boisdan bu fanni tarix fakulpteti talabalariga o’rgatish arxivlarni oliy malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun ham muhimdir.
Arxivshunoslik kursini o’rganish jarayonida biz O’zbekistonda arxiv muassasalarining vujudga kelishi, ularning rivojlanish bosqichlari, arxivlarning hozirgi ahvoli, faoliyatining asosiy yo’nalishlari bilan tanishib boramiz. Shu bilan birga arxivlarning maqsad va vazifalari, arxivlarga topshiriladigan hujjatlarni tanlash va saralash, ularni saqlash va turkumlash, hisobga olish, ulardan foydalanish usullarini o’rganamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |