3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan arxiv sohasida qabul qilgan qarorlari. O‘zbekiston Respublikasida mustaqillik yllarida arxiv sohasiga oid qabul qilingan huquqiy-me’yoriy hujjatlar tarkibida qonunosti hujjatlari arxivshunoslikni takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday hujjatlar qatorida quyidagilarni qayd etish lozim: “Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” O‘zR VM 1999-yil 30-oktyabrdagi 482-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish yuritish va ijro nazoratini tashkil etish bo‘yicha normativ hujjatlarni tasdiqlash haqida” O‘zR VM 1999-yil 20-martdagi 140-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishi boshqaruvini takomillashtirish to‘g‘risida” O‘zR VM 2004-yil 3-fevraldagi 49-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” O‘zR VM 2008-yil 26-avgustdagi 194-son qarori, “O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini takomillashtirish to‘g‘risida” O‘zR VM 2012-yil 5-apreldagi 101-son qarori, “Arxiv hujjatlari davlat arxivlariga topshirilishi lozim bo‘lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning ro‘yxatini tuzish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” O‘zR VM huzuridagi “O‘zarxiv” agentligi bosh direktorining buyrug‘i va b.“Arxiv ishi bo‘yicha me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 30-oktyabrdagi 482-son qarori “Arxivlar to‘g‘risida”gi O‘zR 1999-yilgi Qonunini amalga oshirishga qaratilgan. Keyingi yillarda mazkur qarorga O‘zR VM 03.02.2004-y. 49-son qarori, O‘zR VM 18.03.2004-y. 131-son qarori, O‘zR VM 06.07.2005-y. 156-son qarori, O‘zR VM 08.09.2005-y. 206-son qarori, O‘zR VM 06.07.2006-y. 131-son qarori, O‘zR VM 20.10.2010-y. 233-son qarori bilan o‘zgartirishlar kiritilgan. Ma’lumki, 2010-yilda O‘zbekistonda arxiv sohasiga doir yangi qonun qabul qilingan va unga muvofiq 1999-yilgi qonun o‘z kuchini yo‘qotgan. Biroq 1999-2010-yillar davomida hukumat tomonidan qabul qilingan qator hujjatlarning aksari qismi yangi qonun qabul qilingandan keyingi davrda ham amalda qolgan va ularga tegishli tarzda o‘zgartirishlar kiritib borilgan. Bu borada yuqorida eslatib o‘tilgan 482-sonli qaror tarkibiga kiritilgan ilovalarni qayd etish lozim. Ushbu qarorda mavjud to‘rtta ilovadan uchtasi, aniqrog‘i 1, 2, 4-ilovalar o‘z kuchida qolgan. Xususan, 482-sonli qarorning 1-ilovasida “O‘zbekiston Respublikasi Milliy arxiv fondi to‘g‘risida Nizom” keltirilgan bo‘lib, unda Milliy arxiv fondining davlatga tegishli qismi, Milliy arxiv fondining davlatga tegishli bo‘lmagan qismi, O‘zR Milliy arxiv fondi hujjatlarini doimiy saqlovchi vazirliklar, idoralar, tarmoq davlat fondlari va tashkilotlari ro‘yxati berilgan. 2-ilovada O‘z R Milliy arxiv fondi hujjatlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi Umumiy qoidalari, Davlat hisobida turgan hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, O‘zR Milliy arxiv fondiga kiritilishi kerak bo‘lgan hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, Ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasiga o‘zgartirishlar kiritish, ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi, ro‘yxatdan o‘tkazish daftari namunalari ko‘rsatilgan. 4-ilovada O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi idoraviy arxiv to‘g‘risida Namunaviy nizom umumiy qoidalari, Idoraviy arxiv hujjatlarining tarkibi, asosiy vazifalari va funksiyalari qayd etilgan. Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan 482-sonli qaror arxiv ishida qo‘llaniladigan me’yoriy hujjatlarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, Milliy arxiv fondini tashkil etish to‘g‘risida atroflicha ma’lumotga ega bo‘lish, uning tarkibiga kiruvchi hujjatlar bilan ishlashga mas’ul bo‘lgan tashkilotlarni bilish, Milliy arxiv fondiga kiruvchi hujjatlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazish, qayd qilish ishlarini qonunga muvofiq tarzda yuqori saviyada amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
“
Do'stlaringiz bilan baham: |