O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi yig‘ilishidagi nutqidan. 20.01.2020
Parlament va deputat so‘rovining ta’sirchanligini oshirish choralarini ko‘rish kerak.O‘tgan chaqiriqda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlaridagi mansabdor shaxslarga 28 ta yoki 2010-2014 yillarga nisbatan 7 barobar ko‘p parlament so‘rovi yuborildi.Parlament va deputat so‘rovini ko‘rib chiqmaganlik yoki ko‘rib chiqish muddatini buzganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi. Shunga qaramasdan, afsuski, ayrim hollarda deputat so‘roviga rahbarning o‘zi emas, balki uning o‘rinbosari, hatto boshqarma boshliqlari javob qaytarmoqda.
Endi “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar – yangi parlament” degan ustuvor g‘oya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Parlamentga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya tuzib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishni tavsiya etaman. Mazkur komissiya xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilarning taklif va tavsiyalarini chuqur o‘rganib, milliy qonunchiligimiz hamda saylov jarayonini takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalarni ishlab chiqishi lozim.
Quyi palataning parlament nazoratini amalga oshirish borasidagi faoliyatida ham o‘z yechimini kutayotgan qator masalalar mavjud.
Birinchi. Yangi deputatlar ta’sirchan parlament nazoratini olib borish orqali xalq ishonchini oqlashi zarur.
O‘tgan davrda parlament nazoratining yangi shakl va mexanizmlari hayotimizga kirib keldi. Jumladan, Qonunchilik palatasida hukumat a’zolarining deputatlar savollariga javoblarini eshitish tartibi – “Hukumat soati” instituti joriy etildi. So‘nggi 2 yilda 14 marta “Hukumat soati” o‘tkazilib, ularda 17 ta vazirlik va davlat qo‘mitasi rahbarlari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, 2019 yildan boshlab Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni quyi palata majlisida ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Biroq, bunday ishlarimizdan saylovchilarimiz to‘liq rozi, deb aytishga hali erta.
Milliy parlamentimiz qisqa muddatda ko‘plab nufuzli xalqaro parlamentlararo birlashmalarning faol ishtirokchisiga aylandi. Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Parlamentlararo assambleyasi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlar Parlamentlararo assambleyasi shular jumlasidan bo‘lib, bizning deputatlarimiz ham mazkur nufuzli tashkilotlarning rahbarlik lavozimlariga saylandilar.
Hech kimga sir emas, ayrim mansabdor shaxslar noma’qul xatti-harakatlari bilan jamiyatda qizg‘in muhokamalarga, ayrim hollarda esa, keskin norozilikka sabab bo‘lmoqda.
Ana shunday vaziyatlarda deputatlarning bir chekkada tomoshabin bo‘lib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Axir, fuqarolar o‘z vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatlarini himoya qilishi uchun saylagan-ku!
El-yurtimiz deputatlar timsolida qonun va axloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan kurashchini, xalq dardini qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan o‘z himoyachisi, o‘z vakilini ko‘rishni istaydi.
Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga manzur bo‘lmoqda. Masalan, avtomototransport vositalarida kunduz kuni chiroq yoqib yurish bo‘yicha qabul qilingan qaror deputatlar tashabbusi bilan o‘zgartirildi.
Biz bunday holatlarni faqat ijobiy baholashimiz kerak. Shu tariqa biz ta’sirchan parlament orqali samarali ijro hokimiyati faoliyatini yo‘lga qo‘yishga erishamiz. Shu sababli xalq orasida munozaraga sabab bo‘layotgan muammolar yuzasidan mas’ul rahbarlarning parlament va mahalliy kengashlarga tushuntirish berish tartibini yo‘lga qo‘yish kerak.
Parlament nazorati natijalaridan aholini o‘z vaqtida xabardor qilish masalasi ham e’tiborimiz markazida bo‘lishi shart. Shu munosabat bilan palata majlislarini, har bir tadbir haqidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida, rasmiy veb-saytlarda, ijtimoiy tarmoqlarda keng va tizimli yoritishni kuchaytirish kerak. Bunday amaliyot parlament faoliyatida nafaqat ochiqlikni ta’minlashga, balki barcha davlat idoralari mas’uliyatini oshirishga ham xizmat qiladi.
Ikkinchi. Palataning qo‘mitalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari nazorat-tahlil ishlarini kuchaytirishi lozim.
Parlament faoliyatining roli va amaliy ta’sirchanligini oshirish maqsadida o‘tgan chaqiriqda qator yangi tarkibiy tuzilmalar tashkil etildi. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi endi huquqni muhofaza qilish organlari faoliyatini isloh etish va sud mustaqilligini ta’minlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqishga bosh-qosh bo‘lishi kerak. Ushbu qo‘mita davlat idoralarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatiga baho berib, rahbarlarning javobgarligi masalasini Hukumat oldiga qo‘ysa, o‘ylaymanki, juda o‘rinli bo‘ladi.
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi joylarda tibbiyot sohasidagi ishlar ahvolini o‘rganishga mas’ul etib belgilangan. Umuman, Qonunchilik palatasiga sog‘liqni saqlash tizimini nazorat qilish ishonib topshirilgan edi.
Afsuski, palataning bu borada olib borayotgan ishlari hali biz kutgan natijani bermayapti va bunday holat meni jiddiy tashvishga solmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |