Shavkat Mirziyoyevning Xotira va Qadrlash kuniga bag‘ishlangan bayramdagi nutqidan
Bu – hech qachon unutilmaydigan, hech qanday kuch bizdan tortib ololmaydigan buyuk tarix, qudratli ma’naviy boyligimiz desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Biz bu tarixdan kuch-quvvat olamiz. Bu tarix bizni tinchlikni asrab, barcha xalqlar bilan do‘st va hamkor bo‘lib, yorug‘ kelajak bunyod etishga da’vat etadi.
Urush qahramonlari haqida gapirar ekanmiz, tabarruk Ona siymosi ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi. Chunki el-yurt himoyasini or-nomus ishi deb biladigan mard va botir o‘g‘lonlarni voyaga yetkazgan ulug‘ zot – onadir. Urushning barcha azob-uqubatlarini eng ko‘p tortgan insonlar ham mushtipar onalarimizdir.
Bamisoli sabr-bardoshdan yaralgan, urush yillarida muqaddas Vatan timsoliga aylangan bunday metin irodali onalar yurtimizda ko‘plab topiladi.
So‘zimning isboti uchun bir misol keltirmoqchiman. Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi Xonobod qishlog‘ida Zulfiya aya Zokirova ismli bir mo‘’tabar onaxon yashab o‘tganlar. Tom ma’noda buyuk bu insonning jasoratini ta’riflashga til ojiz.
Turmush o‘rtog‘i Xolmat aka vafot etgach Zulfiya aya besh o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazganlar.
Hammamiz yaxshi bilamiz, ona zoti uchun farzand dog‘ini ko‘rishdan ham og‘ir yo‘qotish yo‘q. Zulfiya aya Zokirova Ikkinchi jahon urushida bir emas, besh azamat o‘g‘lidan – Isoqjon, Ahmadjon, Mamajon, Vahobjon, Yusufjon ismli aziz farzandlaridan judo bo‘lgan.
O‘zingiz ayting, qadrli do‘stlar, har qanday odamni ham yiqitib, yakson qiladigan taqdirning bunday beshafqat zarbasiga bardosh berish mumkinmi?
Lekin Zulfiya Zokirovadek matonatli, qahramon o‘zbek ayoli bunga bardosh bera oldi. Shunday fojiali qismatga besh marta ko‘ksini qalqon qilib, besh marta ham mardona oyoqqa turdi. Buning uchun odamda qanchalik kuchli iroda, qanchalik metin sabr-bardosh bo‘lishi kerak!
Yovuz urush tufayli ayaning to‘rt kelini beva, besh nabirasi yetim bo‘lib qoldi. Uning o‘zi esa bir umr motamda yashadi. Lekin hech qachon umidsizlikka tushmadi, o‘g‘illarining so‘nmas xotirasi, yorug‘ kunlar yodi bilan, kelinlari, nabiralarining hayoti, orzu-umidlari bilan yashadi.
“Joyi chiqsa, turmush qilinglar, men sizlardan mingdan-ming roziman”, deydi Zulfiya aya kelinlariga. Lekin ular ham Zulfiya ayadan o‘rnak olib, unga madad bo‘lib, barchasi o‘z yoriga, oilasiga sodiq qoladi, boshqa turmush qurmaydi.
Mana, o‘zbek ayollarining, o‘zbek xalqining haqiqiy jasorati va matonati!
Mana, sevgi va sadoqat madhiyasi, uning yengilmas kuch-qudrati!
Mana, yoshlarimiz, farzandlarimiz kimdan namuna va o‘rnak olishlari kerak!
Hayotda biron-bir qiyinchilikka duch kelsa, umidsizlikka tushmasdan, ularni bardosh bilan yengib o‘tishda Zulfiya Zokirova va uning oilasi yosh avlodimiz uchun chinakam ibrat maktabi emasmi?
Avvalo, ilgari yopiq boʻlgan arxiv hujjatlarini, ilmiy jamoatchilik uchun maʼlum boʻlmagan materiallarni oʻrganish uchun imkoniyat yaratildi. Bu borada sobiq Ittifoq respublikalari va chet ellardagi arxiv tashkilotlari, muzeylar va fondlar, tarixchi olimlar va mutaxassislar, keng jamoatchilik bilan hamkorlik kuchaytirildi.
Ana shunday ilmiy izlanishlar natijasida xalqimizning Ikkinchi jahon urushidagi ishtiroki haqida, qahramon ajdodlarimiz haqida juda muhim yangi maʼlumotlarga ega boʻldik. Hozirgi vaqtda ular ommaviy axborot vositalarida, kitob va albomlarda keng yoritilmoqda.
Ikkinchi jahon urushi yillaridagi tariximizni oʻrganishda tom maʼnoda yangi davr boshlandi, deb aytishga bugun barcha asoslarimiz bor. Masalan, shu vaqtga qadar urush boshlangan paytda yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgan va ularning 1 million 500 mingga yaqini urushda ishtirok etgan, deb hisoblanar edi.
Yangi topilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistondan 1 million 951 mingga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Demak, har uch nafar oʻzbekistonlikdan bittasi qoʻliga qurol olib, fashizmga qarshi jang qilgan.
Ayovsiz janglarda mardona qatnashgan qariyb 451 ming nafar yurtdoshimizning nomlari va taqdiri shuncha yillar mobaynida eʼtibordan chetda qolib kelganini albatta adolatdan, deb boʻlmaydi.
Shuningdek, oʻsha davrda “quloq” sifatida boshqa oʻlkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz ham harakatdagi armiyaga safarbar etilgani maʼlum boʻldi.
Shu borada yana baʼzi raqamlarni keltirmoqchiman: ilgari 396 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosi urushda halok boʻlgan, deb aytilardi. Aslida bu raqam 538 mingdan ziyod boʻlgan.
Bundan tashqari, frontda bedarak yoʻqolganlar haqidagi maʼlumotlar ham toʻliq emasdi. Hozirgi vaqtda 158 mingdan koʻproq hamyurtimiz urushda bedarak ketgani aniqlandi.
Mana, dahshatli urushda xalqimiz qanday ogʻir yoʻqotish va talafotlar bergan, qanday azob-uqubatlarni boshidan kechirgan!
Olib borilgan ilmiy izlanishlar tufayli jangovar orden va medallar bilan mukofotlangan Oʻzbekiston vakillarining soni boʻyicha ham oydinlik kiritildi. Shu paytga qadar bu koʻrsatkich 120 ming nafar deb qayd etilardi. Yangi maʼlumotlarga asosan 200 mingdan ziyod askar va ofitserlarimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlandi. Jumladan, ilgari 280 nafar deb hisoblab kelingan oʻzbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlarining soni 301 ta ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi Slava ordeniga sazovor boʻlgani hujjatlar orqali oʻz tasdigʻini topdi.
Men mana shunday bebaho haqiqatni yuzaga chiqarib, adolatni qaror toptirishga katta hissa qoʻshgan tarixchi olimlarimizga, ilmiy va ijodkor ziyolilarimizga katta rahmatlar aytaman.
Shavkat Mirziyoyev 31 avgust kuni Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurganda so’zlagan nutqidan
- Vatan fidoyilarini eslashimiz, ularning haqiga Qur'on o‘qishimiz yaxshi an'ana. Ma'rifatparvar bobolarimiz mustaqillik uchun, xalqimiz emin-erkin yashashi uchun kurashganini bilamiz. Oxirgi yillarda butun jamoatchiligimiz harakati bilan ularning nomlarini tiklash, muzeylarni yangi namunalar bilan to‘ldirish, ijod maktablari tashkil etish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinyapti. Bularning hammasi - odamlarga tarixiy adolatni, haqiqatni yetkazish uchun, xalqimiz u kunlarni bilishi va hech qachon unutmasligi, bugungi kunlarning qadriga yetishi uchun, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma'lumki, mustabid tuzum davrida minglab begunoh vatandoshlarimizning umri xazon bo‘lgan. 1937-53 yillarda O‘zbekistonda 100 ming odam qatag‘onga uchragan. Ularning 13 ming nafari shafqatsiz otib tashlangan. Qanchadan-qancha oilalar xonavayron bo‘lib, bolalar yetim qolgan. Birgina 1937-38 yillardagi katta qatag‘on davrida 7 mingga yaqin vatandoshimiz otilgan.
- Bu insonlar haqiqiy yetakchilar, ilg‘or ziyolilar, adabiyot, madaniyat namoyandalari, boshqacha aytganda, millatimizning, xalqimizning eng sara vakillari edi. Tasavvur qiling, agar ular qatag‘on qilinmaganida Vatanimiz rivoji uchun, ilm-fan, iqtisodiyot, madaniyat va adabiyotimiz uchun qanday buyuk ishlar qilgan bo‘lar edi, xalqimizni oldinga boshlardi. Shu bilib turib qilingan. Bugun buni armon bilan eslaymiz, - dedi prezident.
Davlat rahbari qatag‘onga uchragan ana shu 100 ming odamning har biri bo‘yicha izlanish, joylarga chiqib, qarindoshlari bilan uchrashib, nomlarini tiklash, qilgan ishlari haqida kitoblar chop etish, o‘zlari yashagan mahallalar va maktablarga nomlarini qo‘yib, xotirasini abadiylashtirish zarurligini ta'kidladi.
So‘nggi yillarda Ishoqxon o‘g‘li Ibrat, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy singari ma'rifatparvarlar xotirasiga bag‘ishlab muzeylar, muazzam haykallar yaratildi. Ijod maktablari bunyod etildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida, barcha viloyatlarda Qatag‘on qurbonlari muzeyining bo‘limlari ochildi. Qatag‘on qurbonlariga bag‘ishlangan yangi-yangi kitoblar, filmlar, tadqiqotlar yaratilmoqda.
3.XXI globallashuv asrida ta’lim sohasida mazkur fanni o‘qitishdagi nazariy-konseptual yondashuv va ilg‘or innovatsiyalar.
Ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tgan va o‘tmishida katta tarixiy siljishlar bilan birga tanazzullar va inqirozlarga guvoh bo‘lgan o‘zbek xalqi hayotida XX asrning oxiri va XXI asrning boshlari muhim ahamiyat kasb etdi.
Ana shu davrda xalqimiz yaratgan buyuk bunyodkorliklar, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy, ijtimoiy va ma’naviy sohadagi beqiyos yutuqlar O‘zbekistonning bundan keyingi uzoq kelajakka mo‘ljallangan taraqqiyotiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu davrning mohiyati – butunlay yangi tuzum, yangicha turmush tarzi, zamonaviy jahon sivilizatsiyasi talablariga javob bera oladigan aqliy salohiyat, intellektual imkoniyat bilan bog‘liqligi muhim ahamiyatga ega. Garchi mustaqillik davri tarixan qisqa bo‘lsada, mustabid tuzum asoratidan sovet tizimidan chiqib ketish, butun bir xalqning mustaqilligi va erkinligini ta’minlash kabi g‘oyatda ziddiyatli, tahdidli va tahlikali, ayni paytda sharafli jarayonni boshdan kechirdi.
O‘zbekiston Respublikasining mustaqillik yillarida bosib o‘tgan yo‘lining mazmun-mohiyati va xususiyatlarini ob’yektiv baholagan holda mustaqillik davrini quyidagi ikki bosqichga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
2000-yildan mamlakatda faol demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlari kuzatildi.
Shu davrdan asosiy vazifasi qilib kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o‘tish vazifasi qo‘yildi. Natijada mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari chuqurlashdi, inson haq-huquqlari va erkinliklarini himoya qiluvchi mustaqil sud tizimi mustahkamlandi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi.
2010-yildan demokratik islohotlar va mamlakatni modernizatsiyalash jarayonini yanada chuqurlashtirish masalasi ilgari surildi.
Uning boshlanishi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov tomonidan
mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish konsepsiyasining ishlab chiqilishi bilan bog‘liqdir.
Bu davr davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish, sud-huquq tizimi, axborotlashtirish sohasini isloh etish, so‘z erkinligini ta’minlash, saylov qonunchiligini takomillashtirish, demokratik bozor islohotlarini chuqurlashtirishga qaratilganligi bilan xarakterlanadi.
2) 2017-yildan keyingi yillar. Bu davr tarixi 2016-yil dekabr oyida saylangan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik taraqqiyotga asoslangan keng ko‘lamli islohotlar davri hisoblanadi. Shuningdek, bu davrda jtimoiy-siyosiy hayotimizga yangi iboralar, xususan, “xalq bilan muloqot”, “xalq qabulxonalari”, “virtual qabulxona”, “tanqidiy tahlil”, “qat’iy tartib-intizom”, “arzon uylar”, “texnoparklar”, “o‘z bolangni o‘zing asra”, “yo‘l xaritasi”, “kafolatlangan xavfsizlik”, “kitobxonlik ko‘nikmasi” singari tushunchalar kirib keldi va hayotimizning ajralmas qismiga aylandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati.
Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda tarix fani sobiq mustabid tuzum mafkurasidan voz kechish, yangi yondashuvlar bilan bog‘liq o‘zgarishlarga yuz tutdi.
Fan taraqqiyoti va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish O‘zbekiston tarixchilari zimmasiga jahon amaliyoti yutuqlaridan kelib chiqib, tarix fanini yanada yuqori ilmiy-nazariy darajaga olib chiqish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish kabi vazifalarni yuklamoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori kengash ishidagi kamchiliklarni bartaraf etish va uni yangi pog‘onaga ko‘tarish hamda bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjatlardan biridir. Qarorda Jamoatchilik kengashi oldiga O‘zbekistonning eng yangi tarixini tizimli, haqqoniy va xolis tarzda o‘rganishni tashkil etish, yangi avlod ilmiy va o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish hamda mamlakatimizning dunyodagi o‘rni va rolini ko‘rsatishga qaratilgan qator vazifalar qo‘yilgan. Mazkur hujjatda ko‘rsatilgan vazifalarni bir-birini to‘ldiruvchi ikki yo‘l orqali ro‘yobga chiqarish lozim. Birinchi yo‘l – yangi avlod ilmiy va o‘quv adabiyotlarini yaratish.
Ikkinchi yo‘l – mavjud bilimlarni yoshlarga targ‘ib etish va o‘qitish.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi haqida so‘z yuritilganda, biz uchun, avvalo, mamlakatimizning 1991-yildan keyin bosib o‘tgan tarixiy yo‘li mohiyati va mazmunini anglab yetish muhimdir. Bu jarayon qanday borganligini, mamlakatimiz mustaqillik arafasida va uning dastlabki yillarida qanday muammolarga duch kelganini tushunib yetish muhim. O‘zbek jamiyatida qadimgi davrlardan beri ayrim demokratiya unsurlari: o‘zini o‘zi boshqarishning jamoa shakli, mahalla yig‘inlari, oqsoqollar kengashlari va xalq diplomatiyasi mavjud edi. Biroq hozirgi kunda ushbu institutlar tomonidan an’anaviy funksiyalar bajarilishining o‘zi bilan qanoatlanib bo‘lmaydi. Biz ularning faoliyatini hozirgi davr talablariga mos yangi mazmun bilan to‘ldirishimiz maqsadga muvofiqdir.
Rivojlangan demokratik davlatlarda siyosiy partiyalar fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan birini tashkil etadi. Mamlakatimiz Birinchi Prezidenti Islom Karimov fuqarolarning davlat va jamiyatni boshqarishda keng ishtirok etishini ta’minlovchi siyosiy institutlarning xilma-xilligiga asoslangan yangi demokratik tizim negizlarini shakllantirish zarurligiga alohida e’tibor qaratgan.Sobiq tuzum davrida davlat va yakkapartiyaviylik tizimi shaxs ustidan yalpi hukmronligini o‘rnatgan edi.
Fuqaroning huquqiy himoyalanmagani, boshqaruvning ma’muriy-buyruqbozlik usullari, har qanday muqobil fikrlashning tazyiq ostiga olinishi ko‘p odamlarda chorasizlik tuyg‘usini uyg‘otib, real hayotdan uzoqlashish istagini oshirdi. “Siyosiy autsayderlar” deb ataluvchi kishilar sonining o‘sishi, jamiyatda ijtimoiy pessimizm va boqimandalikning kuchayishiga sabab bo‘ldi.
Afsuski, bugungi kunda ham jamiyatda eski davrga xos bo‘lgan ijtimoiy ongning retsidivlari muayyan darajada saqlanib qolmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ushbu holatni nazarda tutgan holda O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarni jiddiy tanqid ostiga olib, quyidagilarni ta’kidladi: “Ochiq aytish kerak, siyosiy partiyalarda bu sohada haligacha xotirjamlik, qandaydir mudrab o‘tirish kayfiyati hukm surmoqda.
Hech kimga foydasi bo‘lmagan majlislar soatlab davom etmoqda, tanqidiy tahlil o‘rniga mayda masalalar bilan o‘ralashib, dolzarb muammolarning yechimi chetda qolib ketmoqda”. Bugun kuchli fuqarolik jamiyatni qurish vazifasi tobora ko‘proq dolzarblik kasb etmoqda. Uning amalga oshirilishi real va faol ko‘p partiyali tizimni shakllantirishni talab etayotir.
O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganishda yuqorida ta’kidlab o‘tilgan vazifalar qatorida jamiyatni ijtimoiy-iqtisodiy isloh qilishdagi o‘zbek modelining konseptual asoslarini idrok etish, davlatimizning global va mintaqaviy integratsiya jarayonlarida ishtiroki bilan bog‘liq masalalarning to‘g‘ri va haqqoniy tahlilini xalqimiz va kelajak avlodga yetkazish burchimizdir.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti mamlakat milliy davlatchiligining vujudga kelishi va taraqqiy topishining eng yangi tarixini o‘rganish, ilmiy, ilmiy-ommabop, o‘quv-metodik, ma’rifiy adabiyotlarni tayyorlash va chop etish borasidagi yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalaridan biri. Institutda O‘zbekiston eng yangi tarixining turli jabhalarini tadqiq etuvchi “Yangi va eng yangi tarix”, “Etnologiya va antropologiya”, “Tarixshunoslik va manbashunoslik” bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yerda eng yangi tarixni o‘rganishda tarix, xalqaro munosabatlar nazariyasi, sotsiologiya, antropologiya, etnologiya, falsafa, iqtisodiy nazariya, siyosiy muammolarni qamrab olgan yangi fanlararo yondashuvlar tahlili amalga oshirilmoqda. Yana ahamiyatli jihati, institutning olti nafar yetakchi olimi Jamoatchilik kengashi a’zosi hamdir.
Olimlar tomonidan “Buyuk va muqaddas, mustaqil diyor”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixi: nazariy-metodologik asoslari, o‘rganish tajribasi, manba va uslublar”, “O‘zbekiston yoshlari ijtimoiy-madaniy islohotlar jarayonida”, “O‘zbekistonning eng yangi tarixidan lavhalar”, “Farg‘ona vodiysi shaharlarida iqtisodiy transformatsiya jarayonlari (1991-1996-yillar)” kabi qator to‘plam va monografiyalarning nashr etilishi O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid amalga oshirilgan qator ilmiy-tadqiqot loyihalar natijasi, deyish mumkin.
Institutda xorij davlatlari bilan hamkorlikda ishlash yanada takomillashib borayotir. Bugun “Yangi va eng yangi tarix” bo‘limi xodimlarining ilmiy ishlanmalarini chet elda nashr etilgan yigirmadan ortiq monografiyada o‘qish imkonimiz bor ekanligi quvonarli. Bundan tashqari, Rossiya, Germaniya, Yaponiya, AQSh, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston, Shveytsariya, Shvetsiya, Gollandiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston kabi davlatlar ilmiy nashrlarida yuzdan ortiq maqola chop etilgan.
Bo‘lim xodimlari eng yangi tarixning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan va jahonning turli mamlakatlarida o‘tkazilgan o‘nlab nufuzli xalqaro konferensiyalarda faol qatnashib kelmoqda.
Bugungi kun talab va ehtiyojlari asosida institut xodimlari va yetakchi malakali mutaxassislar tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining eng yangi tarixi” darsligi chop etilish arafasida.Jamoamiz O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyi bilan hamkorlikda ishlab, ularga doimiy amaliy ko‘mak berib kelmoqda. Shu bilan birga, institutimizning xorijiy mamlakatlar ilmiy markazlari bilan hamkorligi yanada mustahkamlanib borayotir.
Bu kabi sa’y-harakatlar albatta e’tiborli. Lekin shu kungacha O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish chuqur va har tomonlama tadqiq etilgan emas. Jamoatchilik kengashi zimmasiga yuklatilgan vazifalar to‘laqonli bajarilmaganligi sababli ilm-fanning ta’lim va boshqa ijtimoiy sohalar bilan integratsiyasi mexanizmlari yetarli darajada faollashmadi. Kengashning ishchi organi – O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz cheklangan imkoniyatlari sabab bu davr bo‘yicha mavjud adabiyotlarni qayta ko‘rib chiqishni talab darajasida amalga oshirmadi. Ayniqsa, O‘zbekiston tarixi bo‘yicha zamonaviy chet el ilmiy va o‘quv adabiyotlarini o‘rganish va tahlil etish mohiyat jihatidan qoniqtirmaydi.
Bundan tashqari, bizda, afsuski, O‘zbekistonning eng yangi tarixi turli aspektlarini o‘rganish bilan shug‘ullanayotgan mutaxassislarning (tarixchilar, sotsiologlar, siyosatshunoslar, faylasuflar, iqtisodchi olimlar, huquqshunoslar) tarqoqligi, ular faoliyatini muvofiqlashtirish talab darajasida emasligi yaqqol ko‘rinib qolmoqda.
Bugun ilmiy gumanitar hamjamiyat vakillarining hamkorligisiz va birgalikda sarflanadigan kuch-g‘ayratisiz hozirgi zamon tarixining mazmunini tushunish murakkabligi barchaga ayon.
Ana shunday bir paytda davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzurida O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha jamoatchilik kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori kengash va tarixchilarga muhim yo‘riqnomalarni belgilab berdi. Institut olimlari va kengashning faoliyatini qayta ko‘rib chiqish, tariximizni mufassal ifoda etadigan tadqiqotlar, kitoblar, monografiya va darsliklar yaratish masalasini tez va sifatli hal etmoq talabini qo‘ymoqda.
Mazkur qarorda belgilanganidek, institut va kengash a’zolari qator rejalar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan masalalarga jiddiy kirishgan. Unda siyosat, iqtisod, madaniyat, ijtimoiy hayotning barcha sohalarida sodir bo‘layotgan voqealar asosida O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish bo‘yicha kompleks yondashuvni ta’minlash inobatga olingan. Ushbu vazifalarning ilmiy idrok etilishi va hal qilinishi muayyan darajada tarix fani mavjud tushuncha-metodologik arsenalining tanqidiy tahlili va tegishli tarzda O‘zbekistonning eng yangi tarixiga oid turli voqealarni tadqiq etish bilan shug‘ullanayotgan barcha ilmiy yo‘nalishlarning nazariy salohiyati yangilanishi bilan bog‘liqdir.
Umuman olganda, O‘zbekistonning eng yangi tarixini o‘rganish va uni o‘qitishning dolzarb muammolari bo‘yicha keng munozaralarning zaruratini chuqur anglagan holda olimlar, pedagog xodimlar va maorifning boshqa vakillarini tarix ilmi va fani masalalarini keng ommaga yetkazish hamda matbuotda faol muhokama qilish zarur. Jamiyatimiz, ayniqsa, yosh avlod ona Vatanimizning yaqin o‘tmishini tushunishga, murakkab, jo‘shqin va jadal sur’atlar bilan davom etayotgan mamlakatimiz mustaqilligining tarix solnomasini tizimli o‘rganishga, uni to‘laqonli anglab yetishga katta ehtiyoj sezmoqda. Mazkur sharafli ijtimoiy vazifani amalga oshirish esa o‘zbek tarixchilarining ilmiy va fuqarolik burchidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |