Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchilar Xitoyda duch kelayotgan muammolar va qiyinchiliklar
Muallif taʼkidlayotganiday, Markaziy Osiyo tadqiqotlari Xitoyda ham, chet ellarda ham rivojlanayotgan ilm yo‘nalishidir. Qisqa vaqt mobaynida ancha-muncha olg‘a siljishga erishildi, tadqiqotlar barqarorligini taʼminlash yo‘lida ko‘p ter to‘kildi. Masalan, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoni o‘rganish markazi tadqiqotchilari tayyorlagan “Markaziy Osiyo mamlakatlari taraqqiyoti xususidagi hisobot”ni olaylik, u 2011 yildan beri har yili chop etilib kelmoqda. Ayni hisobotda Markaziy Osiyo mamlakatlari rivojlanishi natijalari haqqoniy yoritilmoqda. Biroq ko‘pincha material yig‘ish jarayonida qiyinchiliklar tug‘ilmoqda va ekspertlarni tanlash imkoniyati cheklangan. Markaziy Osiyoning 5 ta mamlakatida vaziyat tez rivojlanib va o‘zgarib borayotgani va mamlakatdagi tadqiqot bazasi nisbatan zaifligi sababli, umuman olganda, xalqaro siyosat sohasida Markaziy Osiyo mamlakatlarini o‘rganish muhim tadqiqot yo‘nalishi hisoblanmaydi. Tadqiqot natijalari ham, tadqiqot guruhlari miqyosi ham hali rivojlanishni taqozo qiladi. “Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyoga daxldor ko‘plab masalalar tadqiq qilish uchun yetarli darajada teran va asosli emas. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo muammolarini o‘rganayotgan xitoylik olimlar miqyosi kengroq dolzarb voqealar taʼsiri sababli aksariyat hollarda kattaroq muammolar tahliliga qo‘l urmoqda, shuning uchun u yoki bu masalani sinchiklab o‘rganish hollari kamayib bormoqda”. Ayni kontekstda Markaziy Osiyo muammolarii o‘rganishning ilmiy tuzilmasini va tadqiqotlar yo‘nalishini tegishli tartibda tuzatish zarur bo‘ladi.
Birinchidan, muallif fikricha, tadqiqotlarning mazmuni nisbatan bir xil. Olimlar Markaziy Osiyodagi siyosiy masalalar, xavfsizlik va diplomatiya masalalariga, ayniqsa, Xitoy bilan munosabatlarga hamda Markaziy Osiyoda yirik davlatlarning raqobati va hamkorligiga ko‘proq eʼtibor qaratgan. Markaziy Osiyo mamlakatlarida eʼlon qilinayotgan maʼlumotlar to‘liq bo‘lmagani uchun, shuningdek, joyiga chiqib, tadqiqot o‘tkazish va maʼlumot yig‘ish bilan bog‘liq qiyinchiliklar borligi sababli ijtimoiy, iqtisodiy taraqqiyot va tarixiy-madaniy anʼanalar singari chuqur ildiz otgan masalalarga kam eʼtibor qaratilmoqda.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyo tadqiqotlari ilm tizimini tuzishda nisbatan bo‘ysunuvchi holatga ega. Markaziy Osiyo tashqi kuchlarning qattiq taʼsirida ekani sababli, yirik davlatlar omili shunday ko‘zga tashlanib turadi. Markaziy Osiyo Rossiya bilan qalin aloqalarga ega. Rossiyalik tadqiqotchilar, olimlar va OAV Markaziy Osiyo mamlakatlari haqida juda ko‘p miqdordagi axborotga ega. Xitoylik olimlar Rossiya manbalari va materiallariga tez-tez murojaat qilishiga to‘g‘ri kelmoqda. Markaziy Osiyoni o‘rganayotgan ko‘plab olimlar Rossiya muammolariga eʼtibor qaratadi. Ayrim yosh tadqiqotchilar va mutaxassislar Markaziy Osiyo masalalarini tadqiq qilayotganda ingliz tilidagi manbalarga murojaat qiladi, shu tariqa G‘arb tadqiqotchilarining chalg‘ituvchi axborotini oladi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyo ayrim mamlakatlari, ayniqsa, Turkmaniston yopiqligicha qolmoqda. Markaziy Osiyoning turli mamlakatlaridagi tadqiqotlar natija berayotganiga qaramay, tizimlilik va teranlik yetarli emasligi muammosi hamon saqlanib qolmoqda. Ayrim davlatlarni tadqiq qilish, asosan, Markaziy Osiyoning Qozog‘iston va O‘zbekiston singari yirik davlatlarini o‘rganishga yo‘naltirilgan. Ayrim tadqiqotlar nazariy xarakterga ega. Garchi muammolar tilga olinsa-da, ular teran va har tomonlama tadqiq qilinmaydi. Qirg‘izistondagi siyosiy vaziyat o‘zgarishlarini tadqiq qilayotgan ayrim olimlar ushbu mamlakatdagi muammolar ildizi anʼanaviy traybalizm (jamiyatlarning o‘z qabilasi, etnosi, guruhining alohida, ustun ahamiyati, uning o‘tmish va hozirgi kundagi ustuvor roli haqidagi tasavvurga asoslangan, odatda boshqa guruhlarga dushmanlik bilan yo‘g‘rilgan ijtimoiy-siyosiy tuzum shakli) siyosiy madaniyatiga borib taqalishini taxmin qilgan edi. Ushbu nuqtai nazar yangi, biroq aslida muammoni jo‘nlashtirishdan boshqa narsa emas. Bundan tashqari, ayrim olimlar davlat boshqaruvining parlament tizimi ayni tarixiy muammoni hal etishda yordam berishi mumkin deb hisoblaydi, biroq aslida Qirg‘izistonda siyosiy kuchlarning tinch-totuv yashashiga erishish qiyin bo‘ladi. O‘zbekistonda hokimiyatning bir qo‘ldan ikkinchisiga o‘tishi va Qozog‘istonda Nazarboyev siyosiy islohotlari xususidagi fikrlarning to‘liq bo‘lmagani tadqiqotlarning diplomatiya amaliyotiga moslasha olmayotganidan dalolat beradi. Markaziy Osiyo ayrim mamlakatlarini tadqiq qilishdagi birinchi navbatda hal etilishi zarur bo‘lgan muammo Markaziy Osiyodagi asosiy xalqlar tilini biladigan tadqiqotchi va olimlar barmoq bilan sanarli ekanidir. Bu yangi materiallardan foydalanishda cheklovlarga sabab bo‘lmoqda. Markaziy Osiyo mamlakatlarida rus tilida chop etilayotgan materiallar kamayib ketayotgani ularni birinchi manbalardan olishni tobora qiyinlashtirib yubormoqda.
To‘rtinchidan, tadqiqot usullarida innovatsiya yo‘q. Hozirgi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarini tadqiq qilish jarayonida adabiyotlarni tadqiq qilishning anʼanaviy va asosiy eʼtiborni sifatga qaratish usulidan foydalanilmoqda, miqdor tahlili yo‘q, shu tariqa yetuk nazariy bazaning shakllanish jarayoni murakkablashib ketdi. Ayrim yosh xitoylik olimlar, masalan, G‘arb siyosiy tadqiqotlariga tayanib, iqtisodiyot, sotsiologiya, o‘yin nazariyasi va boshqalarni dalil qilib ko‘rsatib, konsepsiyalarni olg‘a surish uchun tadqiqotlarning yangi usullaridan foydalanishga harakat qilmoqda, biroq buni Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi muayyan vaziyat bilan tasdiqlash mushkul.
Beshinchidan, mutaxassislar soni o‘sishi nisbatan sust kechmoqda. Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yosh xitoylik olimlar rezervi unchalik ko‘p emas. Hali ham 1990-yillarda nom qozongan ekspertlar Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha yetakchi tadqiqotchilar bo‘lib turibdi. Ularning yoshi ulg‘ayib qoldi, mamlakat va chet ellarda eʼtirof etilgan yosh olimlar soni juda kam. Shu bilan birga, yosh mutaxassislarning o‘ziga yarasha kamchiliklari va ustun jihatlari bor. Masalan, ayrim tadqiqotchilarga Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘qish tajribasi yetishmaydi. Bugungi kunda ko‘plab universitetlar va o‘quv muassasalalarida Markaziy Osiyoni o‘rganish uchun nisbatan yaxshi tadqiqot guruhini shakllantirish ancha murakkab ish. Chetdan yordam olib ishlamaydigan tadqiqotchilar ko‘p uchraydi. Bundan tashqari, ichki hamkorlik qilishga mo‘ljallangan platformalar soni oz. Garchi Markaziy Osiyoda turli seminarlar ko‘p o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, turli omillar taʼsiri sabab birgalikdagi tadqiqotlarni samara beradigan qilib o‘tkazish juda qiyin.
Do'stlaringiz bilan baham: |