AQSH siyosiy hayotida liberalizmning roli
Tinch hayotga qaytgan amerika xalqi chuqur ijtimoiy va iqtisodiy o`zgarishlarni kutayotgan va bu hol mamlakat erishgan ishlab chiqarish darajasiga mos hayot darajasini ta'minlar edi. Shu bois F.Ruzveltning "Yangi yo`nalishi" uning o`limidan so`ng yo`q qilinmadi va aksincha keyinchalik rivojlantirildi. U Amerika jamoatchiligi ilg`or kuchlarining mafkurasiga aylandi.
Ushbu mafkuraning mohiyati mavjud jamiyatni islohlashtirishdan iborat edi. Uning amaliy mazmuniga quyidagi islohotlar kiritildi:
- mamlakatda ijtimoiy ta'minotning yagona umumdavlat tizimini tashkil etish;
- monopoliyaning iqtisodiy faoliyati va narx siyosati ustidan demokratik jamoatchilik nazoratini o`rnatish;
- haqiqiy demokratiyani kengaytirish, referendum o`tkazish, deputatlarni chaqirib olish;
- turli millat hamda irqqa mansub erkak va ayollarning davlat strukturasi, siyosiy partiyalardagi vakillari soni tengligini belgilash;
- tekin tibbiy xizmat, arzon turarjoy, kam ta'minlangan oilalar nafaqasi, bolalar nafaqasi, maktablarda bepul nonushta tashkil etish xarajatlarini ko`paytirish, bepul o`rta ta'lim darajasini ko`tarish uchun soliq orqali milliy daromadni keskin qayta taqsimlash.
Liberalizm demokratik partiya siyosatida o`z ifodasini topdi. Aynan prezident-demokratlar — F.Ruzvelt, G.Trumen, LKennedi, LJonson va B. Klintonlar davrida liberalizm konsepsiyasi amalga oshirildi. Kennedi Jonsonlarning "umumiy farovonlik jamiyati" nomi bilan ma'lum dasturi hozirgi Amerika ijtimoiy hayotida chuqur strukturaviy o`zgarishlarga olib keldi. Ushbu dastur asosida birinchi marta nafaqat ishsizlarni, shuningdek, ishga yaroqsiz, kambag`al, ko`p oilali va mamlakatdagi nisbatan kam himoyalangan fuqarolarni ijtimoiy himoyalash davlat tizimi yaratildi.
Liberalizm — insonning shaxsiy erkinligini himoya qiluvchi va davlat imkon qadar fuqarolarning shaxsiy hayotiga kam aralashuvini targ'ib etuvchi mafkura.
Ammo Amerika liberalizmi ijtimoiy adolatni tasdiqlagan holda mamlakatning iqtisodiy rivojiga zarar keltirishi mumkin bo`lgan ma'lum bir chegaradan naryog`iga o`tmadi. Masalan, 70—80-yillarda ijtimoiy himoyalash xarajatlari iqtisodiy va texnik taraqqiyotni to`xtatib qoladigan miqdorga yetib, tadbirkorlik faolligi susaya boshlagach, liberallar o`z tamoyillari va g`oyaviy ta'limotidan qayta boshladi. Liberalizm o`rniga neoliberalizm keldi. Ushbu oqim ideologlari umumiy farog`at jamiyatini yaratish g`oyasidan voz kechib, "inson kapitalini ishlab chiqarish" masalasini ko`ndalang qo`ydi. Neoliberalizm dasturidagi ushbu yangi tushunchaga ko`ra, xarajatlar kambag`allarga bepul tushlik va ishsizlarga nafaqa berish uchun emas, iqtisodning yangi strukturasida integratsiya uchun ishchi kuchini qayta tayyorlash tizimi rivojlanishiga yo`naltirilishi lozim. Neoliberalizmning industrial siyosati kichik biznesni rag`batlantirish, an'anaviy tarmoqlarni texnologik qayta tuzish, jahon bozorida raqobatbardosh tarmoqlar uchun imtiyozli soliq belgilashga qaratilgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |