8.3. Dunyo til oilalari geografiyasi
Aholi ro‘yxatlarida ikkita muhim etnik ko‘rsatkich – til va milliy o‘zlikni
anglash (qaysi millatga mansubligi haqidagi savolga bergan javobi orqali
aniqlanadi) ko‘p uchraydi. Til umumiyligi – etnos shakllanishining muhim
shartidir; zotan, ko‘pincha til va xalq nomi o‘zaro mos keladi. U yoki bu aholi
guruhida ona tilining o‘zgarishi assimilyasiya jarayonlarining chuqurlashib
ketganini ko‘rsatadi; odatda til o‘zgargandan keyin milliy o‘zlikni anglashda ham
o‘zgarishlar yuz beradi. Masalan, Fransiya sharqida yashaydigan deyarli barcha
elzatsliklar nemis va fransuz tillarida so‘zlashadilar.
Belgiya va Shveysariya kabi ko‘pmillatli davlatlar aholisining asosiy qismi
ikki yoki uch tillidirlar. Umuman ikki tillilik – ko‘pmillatli mamlakatlar uchun xos
xususiyat bo‘lib, kamsonli millatlar vakillari o‘z ona tillaridan tashqari, rasmiy
davlat tilidan ham foydalanadilar (Hindistonda – hindi, Pokistonda – urdu,
Indoneziyada – baxasa Indonesia, Filippinda – tagalog, bir qator Afrika
davlatlarida – ingliz yoki fransuz tillari). Ikki tilli guruhlar asosan etnik chegaralar
yoqasida hududlarda keng tarqalgan. Bundan tashqari, ikki tillilik muhojirlarni
ko‘p qabul qilgan mamlakatlar uchun ham xosdir. Keyingi paytlarda ikki tillilikka
shahar aholisining jadal o‘sishi, qishloq aholisining turli guruhlari o‘rtasidagi
aloqalarning kuchayishi, ta’lim va madaniyat darajasining yuksalishi kabi omillar
katta ta’sir ko‘rsatmoqda.
Bir necha xalqlarning bir tilda so‘zlashishi tez-tez uchraydigan holdir.
Masalan, ingliz tilida inglizlar, avstraliyaliklar, yangi zelandiyaliklar, kanadaliklar,
AQSH Amerikaliklari va boshqa xalqlar gaplashadilar. Ispan tili nafaqat ispanlar
uchun, balki Lotin Amerikasidagi juda ko‘p xalqlar uchun ona tili bo‘lib
hisoblanadi. Bitta tilda nemislar, avstriyaliklar va shveysariyaliklar so‘zlashadilar.
Muayyan tilda so‘zlashadigan kishilar soni o‘sha xalqqa mansub aholi soniga
mos kelmaydi. Ayniqsa, bu narsa millatlararo muloqot vazifasni bajaruvchi yirik
xalqlarning tillariga tegishlidir. Bunday tillarning eng ko‘p tarqalganlari (taxminan
mln. kishi): xitoy (1500), ingliz (500), hindi va unga yaqin urdu (540), ispan (300),
180
rus (270), arab, bengal va indonez (har birida 250 dan), portugal (200), nemis
(140), fransuz (125) va h.k. Shunday qilib, mazkur 12 tilda jahon aholisining 2/3
qismi so‘zlashadi.
Milliy o‘zlikni anglash eng muhim etnik aniqlovchi bo‘lib xizmat qiladi.
Uzoq tarixiy davrlar mobaynida shakllangan milliy o‘zlikni anglash, garchi etnik
birlikni tashkil qiluvchi juda ko‘p unsurlardan iborat bo‘lsada, o‘ziga xos
mustaqillikka ega. Shuning uchun u asosiy xalqdan hududiy jihatdan ajralib qolgan
kishilar guruhida, hattoki tili o‘zgarib ketgan holatda ham saqlanib qolishi
mumkin. Milliy o‘zlikni anglash ta’sirida ba’zan etnik guruhlar o‘z milliy
hududiga qayta qo‘shilishga, o‘z ona tilini qayta tiklashga intiladilar.
O‘zlikni anglash yuqori darajada milliy konsolidatsiyalashgan xalqlar uchun
xosdir. Biroq, qabila tuzumi uchun xos xususiyatlarni saqlab qolgan elatlarda
milliy ongi hali aniq shakllanmagan bo‘ladi. Bunday elatlarda ijtimoiy-iqtisodiy
rivojlanishning past darajasi va milliy so‘zlashuvchi markazlarining yo‘qligi turli
shevalarda so‘zlashuvchi guruhlar o‘rtasida muloqot va madaniy aloqalar
rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Aniq milliy ong shakllanmaganligi oraliq guruhlar
(muhojirlar, ikki tilli aholi, etnik chegaralar yoqasida yashovchi kishilar va h.k.)
uchun ham xosdir. Ko‘pincha boshqa mamlakatlarga ko‘chib ketgan muhojirlarda
o‘z xalqiga mansublik hissi susayib, uning o‘rnini ilgari yashagan mamlakatga
yoki o‘zining sobiq qo‘shnisiga mansublik hissi egallaydi. Jumladan,
kataloniyaliklar, galisiyaliklar va hatto basklar o‘zlarini ispanlar, deb, tamillar –
hindlar, deb, yavaliklar – indonezlar, deb atay boshladilar.
Assimilyasiya jarayonlarining borishi, muhojirlar orasida milliy ong
o‘zgarishidagi sur’atlar ular kirib kelgan mamlakatining tili, urf-odatlari va turli
madaniy unsurlarini qay darajada o‘zlashtirishlariga hamda aralash nikohlarning
tarqalishiga bog‘liq. Ingliz tilida so‘zlashuvchi mamlakatlarda (AQSH, Avstraliya,
Kanadaning ingliz tili provinsiyalari) Buyuk Britaniyadan ko‘chib kelganlar
farzandlarini boshqalardan ajratish qiyin. Markaziy Yevropa, Italiya, Slavyan
davlatlari emigrantlarining assimilyasiyalashuvi qiyin kechmoqda; irqiy jihatdan
ham farq qiluvchi – yaponlar, indonezlar, filippinliklarda esa yanada qiyinroq.
181
Osiyo millatiga mansub kishilar, odatda, uchinchi va undan keyingi avlodlarda
ham o‘z milliy xususiyatlarini saqlab qoladilar.
Xozirgi paytda dunyoda taxminan 2000-3000 xalq mavjud bo‘lib, ular bir
necha o‘n kishidan iborat mayda qabilalardan (Hindistonda andamanlik minkoplar,
Indoneziyada toalalar, Braziliyada botokudlar, Argentinada alakaluflar va
yamanlar va h.k.) to bir necha yuz million aholini o‘z ichiga oluvchi yirik (ruslar,
AQSH Amerikaliklari, xitoylar, yaponlar, braziliyaliklar va h.k.) millatlargacha
bo‘lgan guruhlarni o‘z ichiga oladi.
Biroq mazkur raqamlar juda shartli bo‘lib, u yoki bu xalqning alohida
millat, elat, qabila yoki qaysidir etnos tarkibidagi etnografik guruh ekanligi haqida
mutaxassislar orasida tinimsiz bahslar bormoqda. Masalan, milliy jihatdan eng
konsolidatsiyalashgan mintaqa – Yevropada olimlar 60 ta xalqni tub joy millatlar
sifatida ajratganlar. Ayrim etnograflar bretonlar, uelsliklar, frizlarni mustaqil
xalqlar, deb hisoblasalar, boshqalari bretonlar – fransuzlar, uelsliklar – inglizlar,
frizlar esa gollandlar tarkibiga mansub etnografik guruh, deb ataydilar. Shuning
uchun, bunday holatlarda muayyan xalqqa mansub aholi sonini aniqlashda ona tili,
tug‘ilgan yurti, fuqaroligi, irqi, dini, qabilaviy mansubligi kabi ma’lumotlardan
foydalanish maqsadga muvofiqdir.
Bir qator Osiyo va Afrika mamlakatlarida o‘zaro yaqin til va shevalarda
so‘zlashadigan kishilar guruhlari orasida milliy so‘zlashuvchining kuchayishi
kuzatilmoqda. Qondosh etnos guruhlar uchun yagona adabiy tilning yaratilishi,
ma’muriy chegaralar aholining milliy tarkibiga mos holda o‘rnatilishi bu
jarayonlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu narsa hindistonliklar, bixarlar,
rajastxanliklar, visayya kabi yirik etnik guruhlarga tegishlidir. Jumladan, bixarlar
tarkibiga uchta ko‘pmillionli xalq – bxodjpuri, magaxi i maytxili xalqlari hamda
o‘ndan ortiq mayda etnik guruhlar, rajastxanliklar tarkibiga – marvarilar,
jaypurilar, mevarilar va boshqalar kiradi. Visayya xalqi esa sebua, panay-
xiligaynon, samar-leyte va boshqa etnik guruhlarni o‘zida birlashtiradi. Kelgusida,
muayyan tarixiy sharoit ta’sirida nomlari qayd etilgan barcha etnik guruhlar yo
182
yagona xalqqa birlashishi, yoki o‘zaro qondosh xalqlar negizida bir necha mustaqil
millatlar shakllanishi kutiladi.
Hozirgi paytda xalqlarni muayyan tilda so‘zlashuviga ko‘ra (lingvistik)
tasniflash ancha keng tarqalgan. To‘g‘ri, birgina til xalqlar orasidagi barcha
belgilarni o‘zida aks ettirish imkoniga ega emas, bunday holatlarda boshqa etnik
ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. Xalqlarni guruhlashda mazkur tizim qondoshlik
belgilari bo‘yicha birlashtirilgan tillarni, ularning lug‘at fondi va grammatikasini
taqqoslash yo‘li bilan o‘rnatilgan genealogik tasnifidan foydalanadi.
Ushbu tizimdagi oliy taksonomik birlik – til oilalari bo‘lib, hozirgi paytda
dunyoda 15 ta til oilasi va biron bir oila tarkibiga kirmaydigan, o‘ziga xos tilda
so‘zlashadigan alohida xalqlar (koreyslar, yaponlar, basklar, ketlar va h.k.) mavjud.
Ba’zi hollarda u yoki bu xalq tillararo o‘xshashligiga qarab emas, balki geografik
va tarixiy-madaniy belgilari bo‘yicha muayyan til oilasi tarkibiga kiritilgan
(tillarning genetik qondoshligi ilmiy isbotlangan chog‘dagina “til oilasi”
tushunchasi qo‘llaniladi). Bunday guruhlarga papuaslar va hind xalqlari mansub
bo‘lib, aslida ularning har biri bir necha oilani o‘zida birlashtirgan. Uch afrika
«oilasi» (nigyer-kordofan, nil-sahroi kabir va koysan) ham bir necha oiladan
iborat.
Oila ichidagi o‘zaro yaqin til guruhlari – dunyoda ularning soni 45 ta – hamda
(oila tarkibida, biroq bironta til guruhiga kirmaydigan) alohida tilda so‘zlashadigan
xalqlar ikkinchi taksonomik birlikni tashkil etadi. Masalan, hind-yevropa oilasiga
slavyan, boltiq, gyerman, roman, Eron va boshqa til guruhlari bilan bir qatorda,
hech bir guruhga qo‘shilmaydigan albanlar va armanlar ham kiradi. Eng quyi
taksonomik birlik alohida til emas, balki xalq bo‘lib hisoblanadi.
Til oilalarining shakllanish jarayoni insoniyatning yer shari bo‘ylab joylanishi
bilan uzviy bog‘liq. Eng yaqin tillar odatda uzoq vaqt davomida bitta mintaqada
yashagan va kelib chiqishi umumiy bo‘lgan qo‘shni xalqlarda uchraydi. Ba’zi
hollarda bir-biridan uzoqda yashaydigan xalqlarning tillarida ham o‘xshashlik
kuzatiladi (masalan, yavaliklar va malagaslar, vengrlar va mansilar, yoqutlar va
ozarbayjonlar). Buning sababi shuki, o‘xshash tilda so‘zlashadigan xalqlarning yo
183
kelib chiqishi umumiy, yoki uzoq o‘tmishda ular o‘zaro qo‘shni bo‘lib
yashaganlar.
Yer shari aholisining 40 foizdan ko‘prog‘i 11 ta til guruhini o‘zida jamlagan
hind-yevropa til oilasiga mansub. Mazkur tillar dunyoning deyarli barcha
mintaqalarida, ayniqsa, Yevropa, Osiyo va Amerikada keng tarqalgan. Jahon
aholisining taxminan 20 foizi xitoy-tibet oilasi (uning tarkibiga eng ko‘psonli xalq
– xitoylar kiradi) tillarida so‘zlashadi. Aholining 8 foizi Afrikada keng tarqalgan
nigyer-kordofen, 5-7 foizi esa semit-xamit oilasi (Osiyo va Afrika
mamlakatlaridagi arablar) tillaridan foydalanadi. Shunday qilib, mazkur 4 ta til
oilasida insoniyatning 4/5 qismi gaplashadi.
Til oilalari va guruhlarining geografik tarqalishi juda notekis. Masalan, arab
tili Janubi-G‘arbiy Osiyo va Shimoliy Afrikaning juda katta hududlarini egallagan.
Turk guruhiga mansub tillar Bolqon yarim orolidan to shimoli-Sharqiy Sibirgacha
etib borgan. Dunyoning barcha qit’alarida ingliz tilida so‘zlashadilar. Ispan tili
Lotin Amerikasining katta qismida tarqalgan. Yevropada inglizcha va ispancha
gaplashadigan kishilar dunyodagi jami shu tillarda so‘zlashuvchilarning 20
foizidan kamrog‘ini tashkil etadi. Bu jarayonlar ta’sirida bitta tilda mazkur xalqqa
umuman aloqasi bo‘lmagan, ko‘pincha butunlay boshqa irqqa mansub kishilar ham
so‘zlashmoqdalar.
Keyingi yillarda turli xalqlar o‘sish sur’atidagi xilma-xilliklar tufayli, turli til
oilalari va guruhlariga mansub aholining yer yuzidagi jami aholi soniga nisbatan
salmog‘i tez o‘zgardi. Nigyer-kordofan, semit-xamit va avstroneziya til oilalari
aholisi orasida o‘sish juda yuqori. Ayni paytda, hind-yevropa va ural oilalariga
mansub xalqlar hamda yaponlarning salmog‘i sezilarli darajada kamaygan.
Do'stlaringiz bilan baham: |