II BOB. BOSHLANG‘ICH SINFLARDA O‘TILADIGAN ERTAKLARNING G‘OYAVIY-BADIIY TAHLILI MUAMMOLARI
II.1. Ertaklar g‘oyasining o‘quvchi tarbiyasidagi o‘rnini belgilash muammolari
O‘quvchilаrni mаktаbgа qаdаm qo‘ygаn kunlаridаn bоshlаb оdоb-ахlоq mе’yorlаri dаrаjаsidа tаrbiyalаsh o‘qituvchilаr zimmаsigа kаttа vаzifаlаrni yuklаydi. Chunki o‘quvchilаrning mа’nаviyati yuksаk insоn bo‘lishidа mаktаb аsоsiy o‘rin tutаdi. Аyniqsа, bоshlаng‘ich sinfdа bilim pоydеvоrini qurish bilаn birgа tаrbiya jаrаyoni hаm shаkllаntirib bоrilаdi. Chunki bоlаni yoshlikdаn tаrbiyalаb bоrilsа, uning mа’nаviyati yuksаk, оbro‘si bаlаnd, kеlаjаgi pоrlоq bo‘lаdi. Shuning uchun o‘qishning birinchi kunlаridаn bоshlаb, o‘quvchilаrgа tа’lim bеrish bilаn birgа, tаrbiya hаm bеrib bоrilishi eng аsоsiy vаzifа hisоblаnаdi. Ta‘limning maqsadi o‘quvchilarga jahon andozalariga mos bilim va malakalarni singdirishdan iborat bo‘lsa, tarbiyaning maqsadi bolalarni hayot bilan tanishtirishdan iboratdir.
Bolalarni qadimiy urf-odatlar, tarixiy-milliy qadriyatlar asosida tarbiyalash ularning dunyoqarashlarini shakllantirish, insonlarga xos eng yaxshi xislatlarni singdirish kabi g‘oyalar, asosan, ular o‘qiydigan asarlarda jamuljam bo‘lishi lozim.
Boshlang‘ich sinf O‘qish kitoblaridan o‘rin olgan bir qancha xalq ertaklari shaxsga mehnatning mohiyatini chuqur anglatish, ularda mehnatga ongli munosabat, shuningdek, muayyan ijtimoiy-foydali harakat yoki kasbiy ko‘nikma va malakalarini shakllantirishga xizmat qiladi.
Mana shunday ertaklardan biri “Aql va boylik” (1-sinf) ertagidir. Bunda chol to‘rt o‘g‘liga qarata “Kim aqlli va davlatmand bo‘lsa, o‘sha oila boshlig‘i bo‘lib qoladi”, – deydi. O‘g‘illaridan biri zumrad ko‘zli oltin uzugini, ikkinchisi zarbof choponini, uchinchisi esa qimmatbaho kamarini ko‘rsatadi. Kenja o‘g‘il esa otasining savoliga “Menda zumrad ko‘zli uzuk ham, zarbof chopon ham, qimmatbaho kamar ham yo‘q. Lekin mehnatkash qo‘lim, botir yuragim, aqlli boshim bor”, – deydi. Shu sabab otasi uni oila boshlig‘i qilib, uy-ro‘zg‘orini meros qoldiradi. Ko‘rinib turibdiki, xalq bu ertak vositasida yoshlarga insonni hayotda baxtli qila oladigan narsa mehnat degan g‘oyani ilgari surgan.
Shuningdek, 1-sinf O‘qish kitobidagi “Aqlli bog‘bon” ertagi orqali ham o‘quvchilar mehnatga muhabbat ruhida tarbiyalanadi: Bir bog‘bonning uch o‘g‘li bor edi. Ular dangasa va ishyoqmas edilar. Bog‘bon kasal bo‘lib, o‘g‘illariga “Bog‘ning ichiga bir ko‘za oltin ko‘mganman”, – deb vasiyat qilibdi. Bog‘bon dunyodan ko‘z yumgandan keyin o‘g‘illari bog‘ni tuproqlari kul bo‘lguday qazibdilar, biroq oltinni topa olmabdilar. Lekin shu yili tok shunday uzum qilibdiki, bir necha ko‘za oltinga to‘ladigan bo‘libdi. Ertakda hunar o‘rganish boylik garovi ekanligi ta’kidlanadi. Mazkur ertak o‘quvchilarda har qanday vaziyatda o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholash va bu imkoniyatdan samarali foydalanish tuyg‘usini shakllantirishga xizmat qiladi.
“Hakka va uning bolalari” ertagida mehnat qilish, hunar o‘rganish kishini saodatga boshlashi, aksincha, dangasalik insonni halokat yoqasiga olib borishi uqtirilgan. Mazkur ertak yoshlarimizni dangasalikdan, tanballikdan, boqimandalikdan xalos etishga yordam beradi.
O‘quvchilarga iqtisodiy bilimlarni berish, ularda ishchanlik, tartiblilik, ehtiyotkorlik xislatlarini shakllantirish tarbiyaviy ishlarning tarkibiy qismlaridan sanaladi. 2-sinf O‘qish kitobidagi “Mehnat – baxt keltirar” bo‘limidan o‘rin olgan “Uch o‘g‘il” maishiy ertagi o‘quvchilarga iqtisodiy tarbiya berishda ko‘mak beradi.
Dehqon safarga ketish oldidan uch o‘g‘lini chaqirib, bir juft tovuq, bir juft o‘rdak va bir juft g‘oz berib, jo‘nab ketibdi. O‘g‘illariga parrandalardan kelgan foydani jamlab, sarflamasliklarini ta’kidlabdi. Biroq biroz vaqtdan so‘ng katta va o‘rtancha o‘g‘il avval tuxumlarni, so‘ng tovuq va o‘rdaklarini sotib yuborishibdi. Kenja o‘g‘il esa g‘ozlarni ko‘paytirib, tuxumlarni sotib, anchagina pul yig‘ibdi. Safardan qaytgan ota kenja o‘g‘lidan mamnun bo‘libdi. Oradan yillar o‘tib, ota o‘g‘illarini uylantirib qo‘yibdi. Ikki katta o‘g‘ilning turmushi yaxshi bo‘lmabdi. Ular bor bisotlarini sotib, yeb bitirishibdi-da, otalarining qo‘liga qarab qolishibdi. Kenja esa tadbirkorlik bilan ish tutib, kundan kun yaxshi yashay boshlabdi. Dehqon kenja o‘g‘lidan rozi ekan. Ertakda ishga mas’uliyatsiz, loqayd, yolg‘onchi odamlar hayotda hamisha qoqilib yashaydilar, ularning dangasaligi, tadbirsizligi doimo o‘zlariga pand beradi, degan ibratli xulosa ikki aka taqdiri orqali ifoda etilgan. Mazkur ertak yosh avlodda iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish, ularda tejamkorlik, mehnatsevarlik, tashabbuskorlik, iqtisodiy faoliyatni yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida fikrlashga o‘rgatadi.
Inson halol mehnat tufayligina qadr-qimmatga, hurmatga, shuningdek, boylikka ham erisha oladi. “Davlat” (4-sinf) ertagida mana shunday ibratli g‘oya ilgari surilgan. Davlat dehqonning hovlisida bir necha yillardan buyon yashar ekan. U tufayli dehqon badavlat ekan. Bir kuni Davlat dehqonga boshqa joyga ketmoqchiligini aytganda, dehqon juda qayg‘uribdi. Oilasidagilar bilan maslahatlashib olish uchun unga bir kun vaqt berishini so‘rabdi. Dehqon xotini, ikki o‘g‘li, kelinlari-yu qiziga voqeani aytibdi. Dehqonning kenja kelinidan boshqa hamma xafa bo‘lib yig‘labdi. Oqila kelin: “Davlat ketsa ketaversin. Siz oyim bilan duo qilib o‘tirasiz. Biz hammamiz mehnat qilamiz. Ekin ekamiz, mol boqamiz, meva teramiz, hayotimiz yomon bo‘lmaydi”, – debdi. Ertasiga dehqon Davlatga unga ruxsat berishini, farzandlarining bir yoqadan bosh chiqarib, ahil bo‘lib mehnat qilmoqchi ekanliklarini aytibdi. Bu gaplarni eshitgan Davlat: “Bobo, men shu yerda qolaman. Men xursand bo‘lib, ahil yashaydigan xonadonni yaxshi ko‘raman. Inoqlik qayerda bo‘lsa, men ham o‘sha yerdaman”, – debdi. Davlat dehqonning xonadonida umrbod qolibdi.
O‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bu kunning ustuvor vazifalaridan biridir. O‘qish kitoblarida vatanni ulug‘lash, uni sevib-ardoqlash ruhidagi bir necha sara asarlar jamlanganki, bulardan biri “Botir mergan va chaqimchi” ertagidir. Ertakdagi Botir mergan xalq ideali, tinchlik, mardlik, to‘g‘rilik, mehribonlik, adolatparvarlikning ramziy ifodasidir. Ertakda xalq farovonligi barcha narsadan ustun ekanligi Botir mergan qahramonligi orqali ifoda etilgan. Qahraton qishda qirq uyli ovulini ochlikda, og‘ir ahvolda qoldirmaslik uchun podsho mollarini keltirib, odamlarga so‘yib berib, ularni qishdan eson-omon olib chiqadi. Ovuldagi bir chaqimchi podshoga Botir merganni sotganda, mergan podsho huzuriga borib, o‘zining aql-u farosati, donishmand so‘zlari bilan o‘z jonini xatardan saqlab qoladi. Dastavval podsho merganni so‘ramay-netmay dorga osmoqchi bo‘lsa-da, merganning so‘zlariga quloq solib, Botirning dovyurakligi, xalqparvarligiga tan berib, uni munosib baholaydi. Chaqimchini dorga ostirib, Botirni ovulga oqsoqol etib tayinlaydi. Ijodkor xalq og‘zaki ijod asarlarida, jumladan, ertaklarda, mehnatkash xalq vakilidan podsho ko‘tarar ekan, buni adolatsizlikdan qutulishning birdan-bir yo‘li deb tushungan.19
Yoshlarni sharqona qadriyatlar, milliy urf-odatlar ruhida barkamol etib tarbiyalashda axloqiy tarbiyaning o‘rni beqiyos. Axloqiy tarbiya – muayyan jamiyat tomonidan tan olingan va rioya qilinishi zarur bo‘lgan tartib, odob, o‘zaro munosabat, muloqot va xulq-atvor qoidalari, mezonlarini o‘quvchilar ongiga singdirish asosida ularda axloqiy ong, axloqiy faoliyat ko‘nikmalari axloqiy madaniyatni shakllantirishga yo‘naltirilgan pedagogik jarayondir. O‘qish kitoblarida axloqiy tarbiyani singdirishga xizmat qiluvchi bir necha ertaklar jamlangan. “Rostgo‘y bola”, “Botir mergan va chaqimchi”, “Halollik”, “Ahillik – ulug‘ baxt”, “Omonatga xiyonat”, “Hiylagarning jazosi”, “Eng ulug‘ fazilat” ertaklari mana shu mazmundagi ertaklardir.
“Rostgo‘y bola” ertagida bir befarzand podshoh bo‘lib, u vazirning maslahati bilan farzand asrab olmoqchi bo‘libdi. Bolalarga gul urug‘i tarqattirib, kimning guli chiroyli bo‘lsa, o‘shani farzand qilib olishini aytibdi. Oradan vaqt o‘tib podshoh gul o‘stirgan bolalarni ko‘rish niyatida shahar aylanibdi. Bir ko‘chada gulsiz tuvak ushlab, yig‘lab turgan bolani uchratibdi. Bola gul urug‘i o‘sib chiqmaganligini aytibdi. Podshoh rost gapirgani uchun shu bolani farzandlikka olibdi. Chunki podshoh gul urug‘larini qaynattirgan ekan. Mazkur ertakda rostgo‘ylik, halollik ulug‘lanib, o‘quvchilar rost so‘zlashga da’vat etilgan.
Yomonlikka yaxshilik qilish eng ulug‘ fazilat ekani bayon etilgan “Eng ulug‘ fazilat” ertagi (4-sinf) otaning o‘g‘illarga xitobi bilan boshlanadi. Ota o‘g‘illariga bir oy sayohat qilib, xalqqa foydali, yaxshi ishlar qilishni buyuradi. Qaysi o‘g‘il yaxshiligi eng ulug‘ fazilat kasb etsa, o‘shanga qimmatbaho uzugini berishini aytadi. O‘g‘illar sayohatdan qaytgach, ota ulardan qanday ishlar qilganliklarini so‘raydi. Katta o‘g‘il topib olgan qimmatbaho olmosini egasiga yetkazib taqdirnoma olganini, o‘rtancha o‘g‘il ariqqa cho‘kib halok bo‘lish xavfi ostida qolgan bolani qutqarib olganini otaga hikoya qiladi. Ota ikki o‘g‘lidan mamnun bo‘ladi. Kenja o‘g‘ilga navbat yetib, u o‘ziga doimo dushmanlik ko‘zi bilan qarab yuruvchi bir odam jar yoqasida uxlab qolganini va uni ovoz chiqarmay xavf-xatarsiz joyga o‘tkazib qo‘yganini hikoya qilib beradi. Shunday so‘ng ota o‘g‘lining olijanobligidan shodlanib, ko‘ziga yosh oladi va qimmatbaho uzugini unga tuhfa etadi.
“Ahillik – ulug‘ baxt” (3-sinf) ertagidagi yetti aka-uka noahil, o‘zbilarmon bo‘lib, hatto otalarining ham so‘ziga kirmas ekan. Bir kun chol o‘rmondan yetti novda qirqib kelib, o‘g‘illariga ularni birlashtirib sindirishni buyuribdi. O‘g‘illar buning uddasidan chiqa olishmabdi. Keyin chol bittadan novda beribdi, o‘g‘illar ularni bir zumda sindirishibdi. Donishmand chol shu orqali o‘g‘illariga ibratomuz nasihatlar qilib, ularni ahil yashashga da’vat etibdi. Otalari olamdan o‘tgach, o‘g‘illar inoq yashay boshlashibdi.
“Ko‘zacha bilan tulki” ertagi ikki qismdan iborat bo‘lib, katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Ertak “Qadim zamonda bir yolg‘onchi tulki yashagan ekan” zachini bilan boshlanib, voqealar ketma-ketlikda rivojlanib boradi. Tulkining ini yaqinida bir karvon kelib to‘xtaydi. Karvonning shu manzilda uch kun qolib ketgani uchun ovqatsiz yashagan sho‘rlik tulki to‘rtinchi kuni inidan endi chiqay deb turganda, yana shovqin eshitilib, inda qolishga majbur bo‘ladi. Biroq ortiq chiday olmay, ochdan o‘lishdan ko‘ra o‘qdan o‘lishni afzal bilib inidan chiqib ko‘rsaki, karvon yo‘q. Uning halovatini buzgan siniq ko‘zachaning g‘uvillashi ekani ma’lum bo‘ladi, ko‘zachadan qasd olishni diliga tugib, ovqat g‘amida yo‘lda davom etadi. Yo‘lda bir parcha go‘shtga ko‘zi tushib qarasa, go‘sht qopqonda ekan. Ayyor tulki laqma bo‘rini chuv tushirib, qopqonga ro‘para qiladi. Yordam so‘rab yolvorgan bo‘rining so‘zlariga parvo ham qilmay, go‘shtni paqqos tushirib, yo‘lda davom etadi. Ko‘zachani dumiga bog‘lab, suvga cho‘ktirish uchun ariq bo‘yiga olib boradi. Ko‘zacha suvga to‘lib, tulkini ham suvga torta boshlaydi, natijada tulkining dumi uzilib ketadi. Qirg‘oqqa chiqishi hamono bo‘riga duch keladi.
Ha, tulkijon! Qo‘lga tushmayman, deb o‘ylagandirsan-a?− debdi bo‘ri.
Tulki qutulish yo‘lini tezda topibdi:
Axir tushunsang-chi, bu baxtsizligingga kim aybdor o‘zi?− debdi tulki.
Dumli tulkining o‘zginasi.
Unda bu men emas, deb ayyor tulki bo‘riga cho‘ltoq dumini ko‘rsatib qutulib qolibdi.
Tabiatni sevish, undan zavqlanish, uni asrab-avaylash har bir fuqaroning burchidir. O‘quvchilarda ekologik va atrof-muhit muhofazasini tashkil etish ko‘nikmalarini shakllantirishda ertaklarni ko‘makka chaqirish yaxshi natija beradi. 2-sinf o‘qish kitobidan joy olgan “Tabiatning ne’mati ko‘p” o‘zbek xalq ertagi ekologik tarbiyani tashkil etish uchun muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
O‘qish kitoblarida tadbirlilik, aql-idroklilikni ulug‘lovchi bir necha sara xalq ertaklari mujassamlashgan. O‘quvchilarda aqliy tarbiyani kamolga yetkazishda mazkur ertaklar katta ahamiyatga ega.
2-sinf O‘qish kitobidagi “Kenja o‘g‘il”, 3-sinf O‘qish kitobidagi “Donishmand yigit” ertaklari bitta ertakning ikki varianti hisoblanib, ertak ota nasihati bilan boshlanadi. Ota o‘g‘illariga turli shaharlarga borib, qo‘rg‘on solib kelishni buyuradi. To‘ng‘ich o‘g‘il Farg‘ona vodiysining hamma shaharlariga bittadan uy solibdi. O‘rtancha o‘g‘il Buxoro, Samarqand tomonlarda qo‘rg‘onlar qurdiribdi. Kenja o‘g‘il bo‘lsa, “Dadam turli shaharlarda qo‘rg‘on solinglar, deyish bilan har bir shahardan do‘st, yor-birodarlar orttiringlar, demoqchi” deb o‘ylab, qayerga bormasin do‘stlar orttiribdi. Bir kuni chol va o‘g‘illari qo‘rg‘onlarni ko‘rish uchun shaharlarga yo‘l olishibdi. To‘ng‘ich va o‘rtancha o‘g‘il qo‘rg‘onlarini ko‘rgan chol: “Bu qo‘rg‘onlarning odamlari qani?” deb so‘rabdi. O‘g‘illar javob bera olishmabdi. Kenja o‘g‘il birodarlari yashaydigan joylarga borganlarida, izzat-hurmat bilan kutib olinib, ziyofatdan bo‘shay olishmabdi. Shunda chol maqsadini faqat kenja o‘g‘li tushunganini aytib, o‘z ismi, bilim-tajribasini unga meros qoldiribdi. Mazkur ertak orqali donishmand xalqimiz do‘stlikning bebaho boylik ekanligini uqtirib, kishining yaxshi, vafodor do‘stlari bo‘lishi uning baxti ekanini ta’kidlagan. Agar ertakning birinchi variantida Kenja o‘g‘il xotinining maslahati bilan otasi maqsadini anglagan bo‘lsa, ikkinchi variantda esa o‘z fahm-u farosati yordamida ota maqsadini to‘g‘ri tushunib, saodatga erishadi.
“Eng yaxshi sovg‘a” (2-sinf) ertagi sujeti ham og‘a-inilar mavzusiga mushtarak bo‘lib, unda uch opa-singil haqida hikoya qiladi. Ertak bir savdogarning Xitoy mamlakatiga safarga ketish oldidan qizlaridan ularga qanday sovg‘a olib kelishni so‘rashi bilan boshlanadi. Katta qiz bir shoda toza marvarid, o‘rtancha qiz eng chiroyli shoyilardan olib kelishni aytibdi. Kenja qiz esa otasidan o‘sha yerda yegan non kuyuklarini to‘plab olib kelishini so‘rabdi. Ota safardan qizlar buyurgan narsalarni olib qaytibdi. Shunda kenja qiz mushugini chaqirib, non kuyuklarini yedira boshlabdi. Sal o‘tmay mushuk og‘riqqa chidolmay tipirchilab qolibdi. Qiz otasiga o‘zi uchun eng katta davlat otasining sog‘ yurishi ekanligini aytibdi. Shundan keyin savdogar kenja qizining maslahati bilangina ish qiladigan bo‘libdi.
Eron xalq ertagi “Tulki va xo‘roz”da aql-u farosatli bo‘lish, hammaning ham gapiga ishonib ketavermaslik, zarur vaqtda o‘zini xatardan xalos qila olish kabi g‘oyalar ifoda etilgan. Kunlardan bir kuni tulkiga duch kelib qolgan xo‘roz chinorning ustiga chiqib oladi. Tulki deydi: “Ey xo‘roz, nega chinorga chiqib olding? Hali xabaring yo‘qmi?! Podsho: “Bundan buyon hamma jonivorlar do‘st bo‘lsin”, – deb farmon berdi. Kel, birga sayr qilamiz”. “Ko‘pchilik bo‘lsa yaxshi bo‘ladi. Biroz to‘xta, itlar yugurib kelyapti. Yetib kelishsa, birga sayr qilamiz”, - deydi xo‘roz. Tulki buni eshitib, orqasiga qaramay qochib ketadi. Xalq o‘z manfaati yo‘lida hech narsadan qaytmaydigan zolimlarni “tulki” qiyofasida tasavvur etib, ularni o‘z nazdida shu tariqa mot qilgan. Xo‘roz garchi jismoniy ojiz esa-da, aqlli va tadbirkor bo‘lib gavdalanadi.
“Aqlli bola” (2-sinf) ertagida asosiy qahramon – kambag‘al bola. O‘zini aqlli bilgan, maqtanchoq podsho bolaga “Bizlarni nima so‘yib mehmon qilasan? – deb savol beradi. Bola “Topsak birni, topmasak ikkini so‘yamiz”. Podsho hayron bo‘lib ziyofatdan so‘ng: “Bola sen nechta qo‘y so‘yding” deb so‘raydi. Bola: “Birni topmadik, shuning uchun ikkini so‘ydik” – deydi. “Birni topmasang, ikkini qayerdan topib so‘yasan?” – deb taajjublanib so‘raydi shoh. Bola: “Bizning bir bo‘g‘oz sovlig‘imiz bor edi. Boshqa bir qo‘y topolmay, shu bo‘g‘oz qo‘yni so‘ydik. O‘zini so‘ygandan keyin, bolasi ham o‘ladi. Ikkini so‘ydik deganning ma’nosi ana shu” – deydi. Podsho buni eshitib, bolaning aqliga qoyil qolibdi, uni saroyga olib borib, o‘qitibdi. Bola ulg‘aygach, podsho uni bosh vazir qilib tayinlabdi. Ertakda mehnat ahliga xos donolik, ziyraklik ulug‘lanadi.
“Ziyrak uch yigit” (4-sinf) ertagining qahramonlari – Ibrohim, Ismoil va Umar fahm-farosatli va zukko yigitlar bo‘lib, ular o‘z donoliklari bilan podsho nazariga tushishadi.
Oilaviy huquq bolaning shakllanishida o‘z o‘rniga ega bo‘lib, bu borada ertaklar ham bola tarbiyasida huquqiy savodxonlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Jumladan, “Zumrad va Qimmat” ertagida sha’ni toptalgan, o‘z haq-huquqini bilmagan Zumrad obrazi bola qalbida unga nisbatan mehr tuyg‘usini oshirish bilan birga ana shunday holatda qanday ish tutish kerakligi o‘rgatadi.
Konstitutsiyamizning 64-moddasida: “Ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majburdirlar...”20, - deya belgilangan.
Shu o‘rinda yana bir muhim jihatni qayd qilish lozim. 1-2-sinf o‘qish kitoblari mualliflari ertaklardan so‘ng ertak voqea-hodisalari bilan uyg‘un keluvchi, badiiy obraz yaratishga xizmat qiluvchi bir necha tarbiyaviy topishmoq, maqol, hikmat, tez aytish kabi xalq og‘zaki ijodi janrlari namunalarini qo’llashgan. Ertakning tarbiyaviy qimmatini oshirishda, ayniqsa, maqollarning o‘rni katta. Maqollar fikr, mulohazalarni jonli, badiiy chiqishini ta’minlab, g’oyani mantiqan asoslash, salbiy harakat va holatni inkor etib, ezgulikni ma’qullash uchun ishlatilgan. 1-sinf o‘qish kitobidagi “She’r va sichqon” ertagidan keyin “Yaxshilik qilsang – yaxshilik ko‘rasan”, “Ochko‘z sichqon” ertagidan so‘ng “Ochko‘zlik yomon odat, Keltirar u falokat”, “Aqlli bog‘bon” ertagidan so‘ng “Aql – boylik kaliti” maqollari; 2-sinf o‘qish kitobidagi “Uch o‘g‘il” ertagidan keyin “Obro‘ning onasi – mehnat, Otasi – harakat”, “Uch o‘rtoq” ertagidan so‘ng “Chin do‘st yurakdan so‘zlar”, “Tansihatlik – tuman boylik” ertagidan keyin “Mehnat qilsang, yasharsan, Katta-katta osharsan”, “Kenja o‘g‘il” ertagidan so‘ng “Do‘sting bo‘lsa, bog‘ing chamandir”, “Eng yaxshi sovg‘a” ertagidan keyin “Birni bersang otangga, Mingni berar bolang senga”, “Aqlli bola” ertagidan keyin “Aql yoshda emas, boshda”, “Tabiatning ne’mati ko‘p” ertagidan so‘ng “Aqlliga – hurmat, aqlsizga – kaltak” maqollari berilganki, ular ertaklarning badiiy-estetik kuchini oshirishga xizmat qilgan.
Har bir dars o‘quvchilarning bilim va malaka doiralarini kengaytirish hamda mustahkamlash hamda ularni barqaror ijobiy ko‘nikma va odatlar hosil qilishga yordam berishi lozim. Dars vazifasini faqat bilim berish va ko‘nikma hosil qilishdan iborat qilib qo‘ymaslik, balki tarbiya berish va kamol toptirish vazifalari bilan bog‘lab olib borishi zarur.
Zero, Prezidentimiz ham “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarlarida “Ta’limni tarbiyadan, tarbiyani esa ta’limdan ajratib bo‘lmaydi – bu sharqona qarash, sharqona hayot falsafasi”21 deb ta’kidlaydilar. Ta’lim bilan tarbiya berish, tarbiya yordamida ta’lim berish bizning ta’lim maskanlarida asosiy yo‘l sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |