KONSTITUTSIYA-HUQUQIY DEMOKRATIK DAVLAT VA FUQAROLIK JAMIYATI BARPO ETISHNING ENG MUHIM MEZONIDIR.
Sayfiddinov Anvar Jamoliddin o’g’li
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti talabasi
Telefon: +998949223559
E-mail: sayfiddinovanvar0@gmail.com
ANNOTATSIYA: Ushbu maqolada yuksak huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishda Bosh qomusimiz bo’lgan davlat Konstitutsiyasining o’rni haqida so’z boradi. Shuningdek, uning davlat huquqiy taraqqiyotidagi muhim roliga to’xtalib o’tiladi.
KALIT SO’ZLAR: Konstitutsiya, huquqiy demokratik davlat, fuqarolik jamiyati, qomus, taraqqiyot, huquq va erkinliklar.
Har bir davlat tizimining yuridik asosi, davlat faoliyatining huquqiy jihatlari negizi- bu ,albatta, davlat Konstitutsiyadir. O’z oldiga kuchli demokratik huquqiy davlat va yuqori rivojlangan fuqarolik jamiyatini barpo etishni maqsad qilgan davlatning faoliyati uning o’z Konstitutsiyasida aks etadi. Mustaqilligimizning dastlabgi yillarida qabul qilingan Bosh qomusimiz davlat va jamiyat o’rtasidagi to’laqonli huquqiy vosita bo’ldi, shaxs va davlat o’rtasidagi huquqiy munosabatlar tizimiga asos soldi.
Uzoq yillik qaramlikdan so’ng, mamlakatimiz rivojining yangi bosqichida aynan Konstitutsiya inson uchun munosib hayot darajasi kafolatiga aylandi. Insonlar o’ta muhim bo’lgan erkin yashash, ta’lim olish va albatta,
e’tiqod erkinligiga erishdilar.Bu mezonlar esa huquqiy demokratik davlat barpo etishning eng muhim tayanchidir. Konstitutsiya mamlakatda demokratiya va qonun ustuvorligini ta’minladi, barchaning qonun oldida tengligi va shuningdek, kelgusidagi demokratik taraqqiyot uchun zamin tayyorladi.
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasida “O’zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko’ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi”1. Bu shuni ko’rsatadiki, O’zbekiston huquqiy demokratik davlat qurishga jadal kirishdi va davlat Konstitutsiyasi bu yo’lda yuksak ahamiyat kasb etdi.
XXI asrning ilk yillarida mamlakatda faol demokratik yangilanish va modernizatsiyalash jarayonlari kuzatildi. Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyatiga bosqichma-bosqich o’tish asosiy vazifa qilib qo’yildi. Natijada mamlakatning siyosiy va iqtisodiy hayotida demokratlashtirish va liberallashtirish jarayonlari yangicha ko’lam kasb etdi, fuqarolik jamiyati asoslari rivojlandi.
2010-yil 12-noyabrda “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatinirivojlantirish konsepsiyasi” qabul qilindi va O’zbekiston rivojlanish tarixida demokratiya yana bir pog’ona ilgariladi.Bularning hammasi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga binoan va unga suyangan holda amalga oshirildi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvini demokratlashtirish yuzasidan kelgusi yillarda chuqur islohotlar boshlandi. Davlat boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq bo’lishi ta’minlandi, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazorati kuchaytirildi. Yurtimizda so’nggi 5 yillikda jadal demokratlashtirish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, xalq manfaatlari oliylashtirilmoqda,inson va fuqarolarning muammolarini samarali hal qilish uchun “Xalq qabulxonalari” tashkil etildi, ommaviy axborot vositalari faoliyatida so’z erkinligini ta’minlash maqsadida yuksak islohotlar amalga oshirilmoqda, davlat organlari faoliyati to’grisidagi ma’lumotlar jamoatchilikka taqdim etildi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari kuchaytirildi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar o’z faoliyatini xalq orasida amalga oshirishga kirishdilar. O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat Konstitutsiyasining 27 yilligi munosabati bilan o’tkazilgan tadbirda aytib o’tganlarini inobatga olsak, 2019-yilning o’zigacha “Xalq qabulxonalari”ga tushgan 880 mingdan ortiq arizadan 510mingdan ziyodi ijobiy hal qilingan. Hozirgi kunda “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq davlat xizmatlari ko’rsatilmoqda 2. Konstitutsiyamizning 7-moddasi to’liq o’z ifodasini topdi va xalq davlat hokimyatining to’laqonli manbayiga aylandi.
Fuqarolik jamiyati- insonga iqtisodiy, madaniy, siyosiy hayoti shakllarini erkin tanlash,qonun ustuvorligi va inson huqulari va erkinlari keng ta’minlanadigan jamiyatdir. Abu Nasr Farobiy o’zining “Fozil odamlar shahri” asarida mamlakatni boshqarishda qonun ustuvorigi zarurligi va faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishning mohiyatini aytib o’tgan. Shu sababli, qonunga tayangan va shaxs huquq va erkinliklari aniq belgilab qo’ygan davlat o’z faoliyatida og’ishmasdan harakat qila oladi. Mamlakatimizda, hozirda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirish uchun yuksak ko’lamdagi islohotlar davri boshlandi. Zero, islohotlar ko’p tomonlama va davomli jarayon hisoblanib, ularning sifati va samarasi ko’p jihatdan jamiyatning faol ishtirokiga bog’liqdir. Shu sababli jamoatchilik nazorati fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo’lida muhim bosqich sifatida ta’riflandi. Hozirgi kunda ko’plab jamoat tashkilotlari mamlakatni demokratik yo’lda rivojlanishi va davlat hokimiyati organlari ustidan samarali nazorat o’rnatishni o’zlarining eng muhim yo’nalishlaridan biri sifatida ko’rmoqdalar. Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo’yicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazlarining faoliyati kuchaytirildi. Davlat Konstitutsiyasiga tayangan holda mamlakatda huquqiy demokratik davlat va yuqori rivojlangan fuqarolik jamiyatini barpo etish ishlari davom ettirilmoqda.
Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda aytish joizki, har bir amalga oshirilayotgan islohot va tadbirlar, mamlakatni har taraflama rivojlantirishga qaratilgan chora tadbirlar Konstitutsiyaga asosan amalga oshirilmoqda va u davlat va jamiyatning huquqiy tayanchi bo’lib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamizning II va VII boblari mos ravishda xalq hokimyatchiligiga hamda shaxsiy huquq va erkinliklarga bag’ishlangan bo’lib, davlatimiz faoliyatining asosiy yo’nalishlari qatorida kuchli demokratiya barpo etish maqsadi ko’zlanganligi namoyon qiladi. O’zbekiston huquqiy demokratik davlat qurish va yuksak fuqarolik jamiyatini barpo etish yo’lida ildamlik bilan harakat qilmoqda. Bu jarayondan hech bir shaxs chetda qolayotgani yo’q. Davlat Konstitutsiyasi davat etgan tenglik, erkinlik prinsiplari va xalq davlat hokimyatining asosi ekanligidan mamlakatdagi chuqur demokratik yangilanish jarayonlariga har bir shaxs o’zini daxldor his qilmoqda.
Zero, aynan davlat Konstitutsiyamiz irqi, dini, millati va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar barchani tenglashtirdi hamda davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun ulkan darvoza bo’lib xizmat qilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |