Bu maydonda Firdavsiy ul gurd erur,
Ki gar kelsa Rustam javobin berur.
Raqam qildi farxunda “Shohnoma”e,
Ki sindi javobinda har xomae.
Musallam durur zohiran bu ishi,
Ki maʼrazg‘a kelmaydurur har kishi
Dedi o‘z tili birla ul koni ganj:
“Ki si sol burdam ba “Shohnoma” ranj”.
(Sayyid Hasan Аrdasherga yozilgan maktub-masnaviydan).
Аlisher Navoiy “Soqiynoma” sheʼrida o‘z zamonidagi hukmdorlarga qarata nasihat qilib, ularni adolatli bo‘lishga undaydi va bu yerda ham Firdavsiy “Shohnoma”sidagi qahramonlar taqdirini ularga misol sifatida eslatib o‘tadi:
Shukr angakim qilibon shoh seni,
Qildi har nuktadin ogoh seni.
Ko‘rki, har shahki yurib oldi jahon
Borcha bordurmu, qaro yerda nihon.
Ham Kayumars ila Xushang qani,
Ikkita toj ila avrang qani.
Qani Jamshidu Faridun oxir,
Borini qo‘ydimuk gardun oxir.
Ne Kayono boru, ne Sosoniy,
Ne Skandar, dag‘i ne Аshkoniy.
Qolmadi Rustam ila Som dog‘i,
Yazdijurd o‘ttiyu, Bahrom dog‘i...
Firdavsiy adabiy merosining Navoiy ijodiga taʼsirini, ayniqsa, shoirning tarixga oid asarlarida yaqqol ko‘rish mumkin. Navoiyning “Tarixi muluki Аjam” asaridagi mifologik tushunchalar ifodasi, afsonaviy maʼlumotlar talqinlari, xalq ogʼzaki ijodi namunalari taʼsiri, ayrim fakt va maʼlumotlarga ijodiy yondashuv ushbu asarni o‘ziga xos kompozitsion tuzilishga ega bo‘lgan badiiy asar sifatida ham o‘rganishga asos bo‘ladi. Аlisher Navoiy “Muhokamat-ul lug‘atayn” nomli asarida “Tarixi muluki Аjam” ni “Xazoyin-ul maoniy” kulliyoti tarkibiga kirgan to‘rt devoni hamda “Xamsa” dostonlari qatorida tilga oladi. “Bu “Xamsa” shug‘lidin chun farog‘at topibmen, taxayyulum geti navardin salotin taʼrixi dashtig‘a chopibmen, chun noma savodi zulmatidin “Zubdat-ut tavorix” (shoir bu yerda “Tarixi muluki Аjam” hamda “Tarixi anbiyo va hukamo” asarlarini umumiy nom bilan “Zubdat-ut tavorix”, yaʼni “Tarixlarning qaymogʼi” deya nomlagan) adosin tuzupmen, salotin o‘lgan otin bu hayvon suyi bila tirguzubmen.... “3
Qolaversa, Eron mamlakatining to‘rt tabaqa shohlari tarixi haqida shoir “Xamsa”ning “Saddi Iskandariy” dostonida maxsus boblar ham ajratganki, “Tarixi muluki Аjam” asarida aks etgan ijodiy taxayyul, adabiy-badiiy talqinlar bu asar yozilmasdan burun ham shoir xayolini band etgan edi, deyish mumkin.
Ko‘rinadiki, tarixga oid asarida o‘z davri tarixnavisligi anʼanalari qobig‘idan chiqa olmagan Аlisher Navoiy epik dostonlarida taxayyul va tushunchalariga erk beradi, fakt va maʼlumotlarga munosabatini bildiradi, kuchli mantiq hamda falsafiy asosga suyangan holda xulosalar chiqaradi. Tarixiy haqiqat va badiiy to‘qima muammolariga, obraz yaratishning yangicha usullariga, o‘zining bu boradagi pozitsiyasiga quyidagicha munosabat bildiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |