veb-sayt: www.tilvaadabiyot.uz
45
Kichik tadqiqot
Nigohimni so‘nggi dam
Kipriging kesib o‘tdi.
Yo‘lingga yotib olsam,
Ko‘nglimni ezib o‘tding.
Senga oson, har qalay,
Buzsa bo‘lar nikohni.
Menga qiyin, men qanday –
Bekor qilay nigohni?!
She’rning xulosasi fikrimizni yanada oydinlashtiradi.
Darhaqiqat, yor boshqa inson bilan turmush qurib,
hayotini u bilan bog‘lagan. Shu sabab oshiqning nigohini
qayta uchratganda kipriklari uning nigohini kesib o‘tadi,
ya’ni unga qaramaydi, e’tibor bermaydi. Albatta, oshiq
bu holatni ko‘rganda ruhiy iztirobga tushadi. Natijada
oshiq qalb qiynoqlariga duchor bo‘ladi. Shu sabab
“Senga oson har qalay, Buzsa bo‘lar nikohni”, – deya
e’tirof etadi. Lirik qahramon esa: “Menga qiyin, men
qanday Bekor qilay nigohni?!” – deya har on, har soniya
vujudini larzaga soluvchi armonni shu ikki misraga
joylay oladi.
Iqbol Mirzo ijodidagi bag‘ishlov janrida yaratilgan
asarlar haqida ham to‘xtalish ahamiyatlidir. “Adabiy
turlar va janrlar” nomli kitobda bag‘ishlov haqida quyidagi
fikrlar keltirilgan: “…u yo bu kishiga bag‘ishlanuvchi
she’r janri, ammo qasida yoki xat emas. …bag‘ishlovga
musharraf bo‘lgan real kishining muhim tomonini,
xizmatini to‘g‘ri, samimiy ta’kidlash bu janrdagi she’rning
xarakterli belgilaridan biridir. ...bag‘ishlov xalqqa, biror
jamoa yo tashkilotga, biror soha kishilariga, biror tarixiy
hodisaga qaratilgan bo‘lishi mumkin, hamma gap
she’rning kimga va nimaga bag‘ishlanayotganligidadir”.
[1, 164]
Bag‘ishlov prototipli she’r hisoblanadi. Albatta,
bu hol unga tipiklashtirish va individuallashtirish
masalalarida ham muayyan talablar yuklaydi. Shu
talablar asosida Iqbol Mirzo ijodidagi bag‘ishlovlarni
tahlilga tortamiz. Uning “Yigit”, “Qo‘qon shamoli”,
“Akalarimga”, “Paxta” kabi bag‘ishlovlari mavjud.
Shoir aksariyat bag‘ishlovlarida prototip obrazlarni
sarlavhadan so‘ng ko‘rsatadi. Bir necha bag‘ishlovlarida
esa mazmundan kelib chiqib, ayrimlarida sarlavhaga
“ga” jo‘nalish kelishigining qo‘shilishi natijasida mazkur
asar bag‘ishlov janrida yozilganligini aniqlash mumkin.
Shoirning “Akalarimga” nomli bag‘ishloviga shu nuqtayi
nazardan razm solamiz:
Uch bora aylandi ajal qamchisi,
Uchta yulduzimni falakdan uzib,
Bugun jigarimda uchta tig‘ izi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.
Birovi shamshirday to‘g‘ri zot edi,
Biri erkatoyi she’riyat bog‘in.
Birisiga mayda gaplar yot edi,
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.
[3, 98]
Shoir hayotidagi eng og‘ir uch yilda uning nigohida
go‘yoki osmondan uch yulduz qulagandek bo‘ldi, ya’ni
shoirning qalbidagi uchta tig‘ o‘zbek adabiyoti hamda
madaniyatining uch katta daraxti qulaganligi hamda
judolik azoblaridan darak beradi. Bu uch ijodkor she’r
uchun prototip obraz bo‘lib xizmat qilgan. Shu bilan
bir qatorda shoir ularning individual jihatlarini ochib
berishga muyassar bo‘lgan. Biri shamshirday to‘g‘ri zot,
ya’ni Shavkat Rahmon, biri she’riyat bog‘ining erkatoyi –
Muhammad Yusuf, biriga mayda gaplar yot – Oxun.
Shoir ularning xarakteri hamda ruhiyatiga xos jihatlarga
to‘xtaladi.
Nazar yomon ekan, suq yomon ekan,
Bir ariqdan suv ichib, birga o‘sib,
Ko‘p ekan-da joningga ko‘zin tikkan...
Shavkat Rahmon, Oxun, Muhammad Yusuf.
Xalqimiz hayotida ming-ming yillardan beri irim-
sirimlar o‘rin olgan, bular shoir nigohidan ham chetda
qolmagan. U, avvalo, bundan ustalik bilan foydalana
olgan. Ya’ni shoir “Nazar yomon ekan, suq yomon
ekan” (insonga ko‘z tegmoq ma’nosida) misrasini
keltiradiki, bu bilan har uchala ijodkorning yosh
ketishiga ishora qiladi. Bir yerda ko‘kargan daraxtlar
bir ariqdan suv ichishlari tabiiy. Suv ichish bu yerda
Vatanni ifoda etadi. Shu bilan birga mumtoz darg‘alar
ijodidan ilhomlanish ma’nosini ham beradi. Ushbu
bag‘ishlovda jamiyatimizning tipik vakillari bo‘lgan uch
shaxsga shoirning murojaat etishi she’rda o‘tkir nido
bo‘lib jaranglaydi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Iqbol Mirzoning
bag‘ishlov, she’riy hikoya, she’riy ertak, rivoyat, marsiya
kabi janrlardagi asarlarida ham shoirning betakror ovozi
yangrab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: