Mahalliylashtirish ko‘rsatkichi ortmoqda
Sanoat zonasidagi yana bir yirik korxona “Quality devices” MChJda “Artel” va “Shivaki” brendi ostida ishlab chiqarilayotgan yuqori sifatli televizor, monitor va mikroto‘lqinli pech mahsulotlari nafaqat mahalliy bozorlarimiz, balki bir qancha xorij davlatlariga katta miqdorda yetkazib berilmoqda. 2019 yilda ishga tushgan loyihaning umumiy qiymati 12,084 million dollar. Shundan 1,02 million dollari Turkiyaning “Ilr sabah insaat anonym sirketi” tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri investisiya tarzida kiritilgan.
4,8 gektar maydonni egallagan korxona hududi bir nechta ishlab chiqarish syexi hamda omborxonalarni o‘z ichiga oladi. Bu yerda mahalliylashtirish ko‘rsatkichi 65 foiz bo‘lib, televizor panellari, texnik bazasi, tashqi va ichki ramkalar hamda metall mahsulotlari kabi asosiy uskunalar korxonaning o‘zida ishlab chiqariladi. 2021 yilning may-iyun oylari televizorning led chiroqlarini ham mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqarish syexlarida aosiy vazifani “aqlli” texnologiyalar yordamida zamonaviy uskunalar bajarsada, ularni boshqarib turish talab etiladi. Diqqatni jamlagan holda barcha jarayonlarni nazorat qilish oson emas. Ammo korxonada mehnat qilayotgan yosh mutaxassislar buni a’lo darajada uddalamoqda. Bu yerdagi 550 nafar ishchining aksariyati maxsus bilimlarga ega, o‘rta maxsus ta’limni tamomlagan yosh yigit-qizlar ekani, bejiz emas.
Bugungi kunda “Quality devices” MChJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga xorijda ham talab ortib bormoqda. Shu bois, joriy yilda ishlab chiqarilgan 667,6 milliard so‘mlik mahsulotdan 4,8 million dollarlik qismi Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston, Afg‘oniston davlartlariga eksport qilindi. Kelgusida korxona eksport geografiyasini yanada kengaytirish niyatida.
Markaziy Osiyoda yetakchi korxona
Rossiyaning issiqlik izolyasiyasi materiallari ishlab chiqaruvchi “Penopleks” korxonasining O‘zbekistondagi filiali ham “Angren” EIZda ishga tushirilgan. 2019 yilda faoliyatini boshlagan yirik korxonaga 3,742 million dollarlik to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investisiya kiritilgan bo‘lib, bu yerda yiliga 100 000,0 metr kub ko‘pirtirilgan penopolistirildan tayyorlangan issiqlik izolyasiya plitalar ishlab chiqariladi.
Kompaniyaning O‘zbekistondan tashqari, Rossiya Federasiyasida 8 ta, Qozog‘istonda 1 ta issiqlik izolyasiya materiallari ishlab chiqaradigan zavodi ochilgan bo‘lib, o‘z oldiga yurtimiz uchun yangi bo‘lgan yuqori sifatli issiqlik izolyasiyasi materiallarini yetkazib berishni maqsad qilgan. Zavodda Yevropada tayyorlangan 500 kg/soat quvvatga ega ishlab chiqarish liniyasi o‘rnatilgan. U O‘zbekiston qurilish bozori, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi izolyasion materiallariga bo‘lgan talabni qondirish imkonini beradi.
Ayni paytda korxonada 111 kishining doimiy bandligi ta’minlangan bo‘lib, ularning sifatli ishlashi uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Zavodlardagi ishlab chiqarish hajmi ham yildan yilga ortib bormoqda. Joriy yilda qiymati 34,2 milliard so‘mlik 55 ming metr kub issiqlik izolyasiya materiallari ishlab chiqarilib, shundan 233,4 million dollarlik mahsulot chet davlatlarga eksport qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |