Ijtimoiy-siyosiy sohada: ma’muriy-buyruqbozlik, avtoritar tuzum mexanizmi va tuzilmalaridan qutilish hamda davlat qurilishining demokratik, huquqiy tamoyil va me’yorlariga o’tish, fuqarolik jamiyatiga o’tishning poydevorini qurish.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohada: insonning ishlab chiqarishvositalaridan begonalashuvidan, rejali-taqsimotchilik tizimidan kechish va ko’p ukladli iqtisodiyotga hamda bozor munosabatlariga o’tish.
Ma’naviyat sohasida: aqidabozlik va o’ta siyosatlashtirilgan mafkura hukmronligidan qutulish, milliy ma’naviyatni shakllantirish.
Xalqaro munosabatlar sohasida: butun dunyo taraqqiyotidan ajralib qolishdan, o’zni chetga olishdan va unga qarshi turishdan voz kechish, jahon hamjamiyatiga kirib borish va teng huquqli hamkorlikka yo’l ochish.
Islohotlarning mazkur asosiy yo’nalishlari orqali respublikamizda amalga oshirilayotgan o’zgarishlarning murakkabligi va ulkan miqyoslarini tasavvur qilish mumkin. O’zbekiston o’z taraqqiyot yo’lini o’z xalqi tarixi va uning ongi-ruhiyatidan, aniq sharoitlaridan kelib chiqib tanladi.
Taraqqiyotning “o’zbek modeli” zaminida mamlakatimizda keng qamrovli siyosiy islohotlar amalga oshirildi. Bunda quyidagi muhim jihatlarga e’tibor qaratildi:
Birinchidan, siyosiy islohotlarni amalga oshirishda milliy davlatchilik asoslari bosqichma-bosqich ravishda barpo qilina boshlandi.
Ikkinchidan, bu jarayonda jamiyatimiz demokratik taraqqiyoti manfaatlariga to’liq mos keluvchi siyosiy institutlarni shakllantirish, uning huquqiy asoslarini yaratish masalalariga asosiy e’tibor qaratildi.
Uchinchidan, avvalgi totalitar tuzumga xizmat qilgan va umrini tugatib bo’lgan davlat tuzilmalaridan to’liq voz kechildi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining “o’zbek modeli”ning eng bosh g’oyasi xalqimiz uchun munosib bo’lgan erkin, farovon hayotni barpo qilishdan iboratdir.Bu borada zamonaviy demokratiya printsiplarini milliy manfaatlarimizdan kelib chiqib, jamiyatda qaror toptirish vazifasi ustuvor qilib belgilandi.
Ta’kidlash joizki, jamiyatimizda demokratiya va fuqarolik jamiyati g’oyasini ijtimoiylashuvi va qaror topishida “o’zbek modeli”ning barcha kontseptual g’oyalaridan izchillik bilan foydalanib kelinmoqda va shu bois ham ulkan samaralarga erishilmoqda. Zero, jamiyatda demokratiyani joriy qilishning yagona retsepti mavjud emas, har bir mustaqil davlat demokratik taraqqiyot yo’liga o’tishda birinchi navbatda o’zining sotsio-madaniy asoslariga, milliy taraqqiyot modeliga tayanishi lozim bo’ladi. Faqat shunday holatdagina mamlakatning demokratik taraqqiyoti kutilgan ijobiy natijalarni beradi.
Mamlakatimiz siyosiy taraqqiyot yo’lining o’zagi sifatida demokratiyani tanlab olinishi fuqarolik jamiyatini shakllantirish uchun zarur bo’lgan barcha fundamental asoslarni barpo qilish imkoniyatlarini ochib berdi. Zero, demokratiya g’oyasi o’z taraqqiyotining yetakchi yo’nalishi sifatida fuqarolik jamiyati asoslarini shakllantirib borilishini taqazo etadi.
SHu munosabat bilan ta’kidlash joizki, demokratiya, huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati mazmun-mohiyati, shakllanish qonuniyatlarini tashkil qiluvchi eng yetakchi manbalar hisoblanadi. Yurtimizda milliy taraqqiyot modeli asosida huquqiy demokratik davlatning institutsional zaminlari:
davlat hokimiyatining tarmoqlarga bo’linishi printsipiga asoslanishi;
demokratik Konstitutsiyaning qabul qilinishi va qonun ustuvorligi tamoyilini ro’yobga chiqaruvchi mexanizmlarni yaratilishi;
erkin demokratik saylov tizimini kafolatlanishi;
davlat va jamiyat boshqaruvini amalga oshirishda ko’ppartiyaviylik tizimining yaratilishi;
jamoat birlashmalari va nodavlat va notijorat tashkilotlari faoliyatini yo’lga qo’yilishi;
fuqarolar o’z-o’zini boshqarish institutlarini rivojlantirilishi;
fuqarolar huquq va erkinliklarini, manfaatlari va extiyojlarini ta’minlashning samarali zaminlarini vujudga keltirilishi, fuqarolik jamiyatini shakllantirish manfaatlaridan kelib chiqqan holda barpo etildi.
Bularning natijasida mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllanishi uchun eng asosiy kuch va manba bo’lib xizmat qiladigan zamonaviy huquqiy demokratik davlat asoslari rivojlantirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |