Юсупов Э. Инсон камолотининг маънавий асослари. Т., Университет, 1998, 38-б.
quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma‘lumki, falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. SHundan kelib chiqqan holda, falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. SHu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi deb ham atash mumkin.
Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya‘ni axloqshunoslik axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. SHunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-nazariy va mezoniy-me‘yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero, sof nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar chiqaradi. Ya‘ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, TSitseron, Seneka, Avgustin, Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel, SHopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard, Nitsshe, Vl. Solovьyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir ta‘limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma», Sa‘diyning «Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning «Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday omuxtaligidadir.
Qadimiy ona sayyoramizdagi hayot odatda uch olamdan iborat deb qabul qilingan. Bular – nabotot, hayvonot va bashariyat olami; ularning o‘zaro munosabatlari zaminimizdagi hayotning asosiy omili hisoblanadi. Har uchalasiga ham paydo bo‘lish, rivojlanish, o‘zini muhofaza qilish, nasl qoldirishga intilish instinkti berilgan va hayotining bir kunmas–bir kun o‘lim bilan nihoya topish qismati belgilangan. CHunonchi, o‘simlik urug‘dan paydo bo‘ladi, rivojlanadi, singan shoxlari o‘rnini sirach chiqarib davolaydi – muhofaza qiladi, urug‘ini qoldirib, bir kun quriydi. Hayvon shu xususiyatlar bilan birgalikda sezish a‘zolari va qobiliyatiga hamda muayyan darajada idrok etish xislatiga ega. Insonda esa bulardan tashqari mulohaza qilish, fikrlash qobiliyati va uyat hissi, bir so‘z bilan aytganda, aql bor. Uni Imom G‘azzoliy oltinchi sezgi yoki ikkinchi yurak, yurak ichidagi yurak deb ataydi. Ana shu aql ixtiyor erkinligini, ixtiyor erkinligi esa axloqni taqozo etadi.
Bu fikrni yoyibroq tushuntirish uchun insonning paydo bo‘lishi tarixiga nazar tashlamoq joiz.
Avvalo, shuni aytish kerakki, insonning paydo bo‘lishi eng bahsli muammolardan biri hisoblanadi. Bu borada bir–biriga qarama–qarshi ikki qarash mavjud. Biri – diniy, ikkinchisi – dahriycha qarash. Diniy–e‘tiqodiy nuqtayi nazardan odamni Xudo yaratgan. Dahriycha qarash esa buni inkor etib, odamni tabiat yaratgan, u tabiatning bir qismi, degan g‘oyani ilgari suradi. Ular orasida ingliz tabiiyotshunosi CHarlz Darvin (1809– 1882) fikrlari alohida e‘tiborga molik.
Darvin tabiiy turlarning tanlov yo‘li bilan kelib chiqishi haqidagi evolyutsion ta‘limotni yaratdi. U odam bilan odamsimon maymunlarning qardoshligini isbotlashga urindi, biroq u to‘g‘ridan–to‘g‘ri odam maymundan tarqalgan jonzot, degan fikrni aytgan emas. SHuningdek, Darvin dahriy bo‘lmagan, hamma qatori nasroniylik qonun– qoidalariga amal qilib yashagan. Buning ustiga uning o‘zi Kembrij universiteti qoshidagi Iso kollejini tugatgan. Darvin tarjimai holi asosida roman yozgan ingliz yozuvchisi Irving Stoun uning Xudoni inkor etmaganini bir necha o‘rinda ta‘kidlaydi. Mana shulardan biri: «Mening nazariyam Xudoning borligini inkor etmaydi. Tabiat Uning qonunlariga bo‘ysunadi xolos».111 Marks o‘zining dahriycha qarashlarini isbotlash uchun undan material so‘rab xat yozganida, Darvin unga rad javobini beradi.112 SHunga qaramay markschilar, Darvinning mohiyatini tushunmaganlari holda, uning nomini bayroq qilib, ta‘limotini o‘z foydalariga soxtalashtirishga tinimsiz harakat qildilar. Dahriycha qarashni Darvin nomi bilan bog‘lab ish ko‘rish yaqin–yaqingacha «sotsialistik lager» hududiga kirgan mamlakatlarda rasmiy, davlat yondashuvi sifatida hukm surib keldi. Totalitar tuzumga asoslangan bu davlatlar tanazzulga uchragach, yana insonni Xudo yaratgan degan fikr ularda yetakchilik mavqeini egalladi.
To‘g‘ri, bu o‘rinda Darvinning evolyutsiya nazariyasi va Xudoning olamni olti kunda yaratgani haqidagi diniy aqida bir–biri bilan qanday sig‘ishadi, degan savol tug‘iladi. Gap shundaki, makon va zamonda ro‘y bergan, milliardlab yil davom etgan evolyutsiya: nabotot – hayvonot – odamzod doirasi makon va zamondan tashqaridagi fazoviy, Ilohiy Vaqt nuqtayi nazaridan juda qisqa muddatda voqe bo‘lishi mumkin. Xudoning olti kuni o‘z ichiga makon va zamonni sig‘dirgan Mutlaq Vaqtga, evolyutsiya nazariyasiga asos qilib olingan milliardlab yillar esa – makon va zamon ichidagi nisbiy, insoniy vaqtga taalluqlidir.
Umuman olganda, insoniyatning intellektual tarixida, hatto nisbatan dahriylik asri bo‘lmish XX asrda ham, insonni Xudo yaratgan, degan fikr kamida to‘qson foizni tashkil etadi. Biz ham ana shu ko‘pchilik tomonidamiz. Ayni paytda, kamchilik bildirgan va bildirayotgan aksilfikr ham yashash huquqiga ega ekanini tan olamiz. Respublikamiz Prezidenti Islom Karimovning mana bu gaplari bizning fikrlarimiz uchun e‘tiborli xulosa bo‘la oladi deb o‘ylaymiz:
«SHu o‘rinda ta‘kidlamoqchi edimki, dunyoviylik, ayrim aqidaparast kimsalarning da‘volaridan farqli o‘laroq, aslo dahriylik emas. Biz bunday noto‘g‘ri va g‘arazli talqinlarga mutlaqo qarshimiz».113
Do'stlaringiz bilan baham: |