YETIM BOLALAR VA OTA-ONA QARAMOG‘IDAN MAHRUM BO‘LGAN BOLALARNI TURAR JOYLAR BILAN TA’MINLASH CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni turarjoylar bilan ta’minlash tartibini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni turarjoylar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoylar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan maqsadli kommunal uy-joy fondidagi uylardan yoki vaqtincha foydalanilmayotgan, davlat mulki bo‘lgan yotoqxonalardagi, uy-joylardagi hamda ko‘p kvartirali uylardagi bo‘sh turgan kvartiralardan beriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Belgilab qo‘yilsinki, bo‘sh turgan turarjoy bo‘lmaganda, tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy norma doirasida uy-joy maydoni bo‘lgan turarjoyni sotib olish uchun Davlat budjetidan ajratiladigan mablag‘lar yoki tegishli hokimliklarning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan maqsadli transfert, shu jumladan budjet mablag‘lari beriladi.
(3-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun turarjoylar sotib olish uchun maqsadli transfertlar, shu jumladan budjet mablag‘lari berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni bir oy muddatda ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-apreldagi 122-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2016-y., 17-son, 176-modda)
4. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va davlat boshqa tashkilotlari foydalanilmayotgan yotoqxonalar, uy-joylar va ko‘p kvartirali uylardagi bo‘sh turgan kvartiralarning ular negizida yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun oilaviy yotoqxonalar va kvartiralar tashkil etish maqsadida mahalliy davlat hokimiyati organlariga foydalanish uchun berilishini yoki ularning balansiga o‘tkazilishini belgilangan tartibda ta’minlasinlar.
Xo‘jalik boshqaruvi organlari, tadbirkorlik subyektlari, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyoriy tuziladigan bepul foydalanish, hadya qilish shartnomalari yoki boshqa shartnomalar asosida mahalliy davlat hokimiyati organlariga uy-joylarni, keyinchalik ularni yetim bolalarga va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga berish uchun foydalanishga berishi yoki ushbu organlar mulkiga o‘tkazishi mumkin.
Bunda ushbu qarorga muvofiq bepul beriladigan uy-joylar O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga muvofiq yuridik shaxslarga solinadigan foyda solig‘i va qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha soliq olish obyekti hisoblanmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga berish uchun mo‘ljallangan turarjoylarning qat’iy hisobi olib borilishini hamda ularni turarjoylar bilan ta’minlash to‘g‘risidagi hujjatlarning o‘z vaqtida va xolisona ko‘rib chiqilishi yuzasidan nazoratni;
yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turarjoylar berishda qonun hujjatlari va mazkur Nizom talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlasinlar.
6. Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 28-iyundagi 325-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 6-son, 34-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi kommunal uy-joy fondi to‘g‘risidagi Nizomga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari A.N. Aripov va B.A. Xo‘jayev zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |