1-metod. Keling, tanishaylik
Ilk darslar odatda yangi o‘qituvchi va talabalarni o‘zaro tanishuv darsi bo‘ladi. Kim aslida kim, qaerdan, ismi nima, familiyasi nima va h.k. Aksariyat hollarda darsning katta qismi tanishuvga ketadi.
Men darslarimda biron marta tanishuv marosimi qilmadim. Uning o‘rniga boshqa, ayyorona usuldan foydalandim.
Har gal yangi guruhga ilk darsimga kirishimdan avval o‘sha guruhdagi barcha talabalarning rasmiga qarab, ism-familiyasini yodlab chiqdim.
Yuqorida aytganimdek, ancha yillar ma’muriyatda ishlaganman, talabalarning ma’lumotlarini topish muammo emasdi. Kompyuterimda barcha guruhlarning mana bunday rasmlar jamlanmasi mavjud edi:
Kompyuterimdagi talabalar fotosi saqlanadigan maxsus papka
Erinmasdan, har bir rasmga qarab, talabaning ism-familiyasini yodlab chiqardim. Bir necha marta mashq qilardim.
Ha, aytgancha, faqat ismlar emas, balki ularning anketasidan qaysi viloyatdan ekanligini ham yodlardim.
Xo‘sh, endi Sizda savol tug‘ilgandir: bu nima uchun kerak bo‘lgan?
YAxshi savol. Javobi quyidagicha:
Tasavvur qiling. YAngi dars, yangi o‘qituvchi. Odatga ko‘ra, o‘qituvchi tanishuv marosimi qilishi kerak. Lekin men faqat o‘zimni tanishtirardim xolos. Talabalarning familiya-ismini so‘rab ham o‘tirmasdim.
Darsni boshlagach, talabalarga ismi bilan murojaat qilishni boshlardim. Masalan:
- Sarvarbek, bugungi Mavzuimiz nima edi?
Sarvar ismli talaba hayron: “Meni qaerdan taniydi” deb?
Bittasi tasodif bo‘lishi mumkin, to‘g‘rimi?
Lekin men har safar har xil talabalarga ismi bilan murojaat qilardim va imkon qadar adashmaslikka harakat qilardim.
Talabalardan bundan biroz sarosimaga tushib qolardi hatto.
Tag‘in qo‘shimchasiga, ularning viloyatlariga ham sha’ma qilib ketardim. Masalan:
- Boburbek, aytaylik Siz o‘z viloyatingiz Jizzaxga tergovchi bo‘lib bordingiz. SHunday vaziyatda mana bu masalani qanday hal qilasiz?
Talaba men bergan savolni emas, balkim “Domla meni qaerdan taniydi?” degan savolni ko‘proq o‘ylardi.
Bir-biriga pichir-pichirlar boshlanardi: “Hammamizni tanirkan-a?” degan.
Ba’zi dovyuraklari yurak yutib, so‘rardi ham: “Ustoz, bizni qaerdan taniysiz?”
Bunday savollarga mavhum javob berish kerak, shunda yana ham “vahima” ortadi: “Ha, endi ishimiz shu” yoki “Vazifamiz shu” degan.
Javob bera turib, sekin sirli kulib ham qo‘yasiz. Qo‘shimcha effekt beradi.
Buning nima foydasi bor dersiz?
Foydasi katta. Avvalo birinchi darsdanoq o‘qituvchi o‘z shaxsiga qiziqish uyg‘ota oladi. Darsni tugatib chiqqaningizdan so‘ng, aniq bilaman, guruh talabalari kamida 15 minut sizni muhokama qilishadi. “Vey, seni ham tochnыy aytdi-ya?”, “Tovba, familiyamni ham bilarkan-a?”, “Meni Qo‘qonlik ekanimni bilishlarini aytmaysanmi?” va h.k.
Ana o‘sha guruh sizning ikkinchi darsingizni intiq bo‘lib kutadi. Bu o‘qituvchining birinchi yutug‘i. Ruhiy yutuq. Uyog‘iga talabalarning o‘sha qiziqishini saqlab qola bilish yoki bilmaslik, o‘qituvchining o‘ziga bog‘liq.
Menimcha, darsga faqat o‘qituvchi sifatida kiradigan pedagoglar biroz qiynalishadi. Hozir fikrimni aniq tushuntira olmayotgandirman, lekin shunisi aniqki, talabalar bilan muomala qilishda, ularga dars berishda psixologik vosita va usullardan ham unumli foydalana bilish kerak. Bu albatta shaxsiy fikrim.
Do'stlaringiz bilan baham: |