3
Kirish
XX asr boshlarida
butun Sharq mamlakatlari, jumladan Turkistonni ham
milliy-ozodlik, demokratik xarakterdagi ijtimoiy-siyosiy harakatlar qamrab oldi.
Mustamlakachilik va o‘rta asr qoloqligiga qarshi qaratilgan ma’rifatparvarlik,
umuminsoniy, demokratik maqsadlarni ko‘zlagan Misr, Turkiya, Hindiston, Eron,
Xitoy va boshqa davlatlarga qarab keng yoyilgan mazkur harakat namoyandalari o‘z
mamlakatlarini dunyoning rivojlangan mamlakatlari qatorida ko‘rishni orzu
qilganlar. Ilg‘or, zamonasining yetuk shaxslarini birlashtirgan, jadidlar nomi bilan
tarix sahnasiga kirgan Turkistonni hur va ozod ko‘rishni istagan fidoiy
vatanparvarlar Chor Rossiyasi,
Buxoro amirligi, Xiva xonliklaridagi mustabid
tuzumning tazyiqlariga qaramay kurashga otlandilar.
Ma’rifatparvarlik, demokratik oqim Xiva xonligida ham «Yosh xivaliklar»
timsolida namoyon bo‘ldi. Polvonniyoz Xoji Yusupov, Bobooxun Salimov, Nazar
Sholikarov, Husayn Matmurodov va boshqa o‘nlab Xorazm vatanparvarlarining faol
harakatlari tufayli, Xiva xonligida ilk bora 1917 yilga kelib Parlament monarxiya
boshqaruvi, demokratik konstitutsiyaviy monarxiya tizimi o‘rnatildi. Ammo bu
harakat mustabid xon hokimiyati tomonidan shafqatsizlarcha bostirildi. Xivalik
demokratik ma’rifatparvarlar, mavjud tarixiy va
harbiy vaziyatni hisobga olib,
shuningdek, bolsheviklarning «ozodlik», «hurriyat», «demokratiya» kabi
balandparvoz shiorlariga ishonib, ularni Xivada mavjud siyosiy tuzumini ag‘darib
tashlashda o‘zlariga ittifoqchilar deb bildilar.
Sovet hokimiyati bunday vaziyatdan unumli foydalandilar. Sharq xalqlarini
«sovetlashtirish», «butun dunyo proletariat inqilobi» kabi maqsadlarni ko‘zlagan
bolsheviklar Xorazm va ayrim turkman vatanparvarlari kuchi va yordami bilan
Xivaga tajovuz uyushtirdilar, natijada xonlik tuzumi tugatildi. «Yosh xivaliklar»
darhol demokratik islohatlarni amalga oshirishga kirishdilar.
Shu maqsadda
Muvaqqat hukumat tuzildi. Milliy taraqqiyot yo‘lini ishlab chiqdilar. Bunda
mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari, milliy, diniy urf-odatlari hisobga olindi.
Ammo bolsheviklar birinchi kunlardanoq yosh hukumatning ichki ishlariga qo‘pol
ravishda aralashdilar. Hatto taraqqiyot yo‘lini belgilashda «bolshevikcha» andozani
tiqishtirishni boshladilar, natijada milliy demokratik taraqqiyot va bolshevistik sovet
taraqqiyoti tarafdorlari o‘rtasida tinimsiz kurash boshlandi.
Bu kurash Xiva xonligi o‘rnida tashkil qilingan Xorazm xalq sovet
respublikasi (1920–1924 y) davrida yanada kuchaydi.
Sovet Rossiyasi Xorazm
Respublikasining nafaqat tashqi siyosatiga, balki ichki siyosatini ham belgilab
berish yo‘lini tutdilar. Shunday bo‘lsa-da, XXSR rahbariyati o‘z mamlakatining
mustaqilligini mustahkamlash uchun kurash olib bordilar.
Ularni hatto
bolsheviklarning qatag‘onlari ham to‘xtatib qolmadi. Qizig‘i shundaki, XXSR qisqa
muddatda Sovet Rossiyasi tomonidan qo‘yilgan cheklov va to‘siqlarga qaramay
dunyoning ko‘pgina davlatlari bilan diplomatik, savdo aloqalarini o‘rnatishga
4
muvaffaq bo‘ldilar. G‘arb davlatlaridan Finlayandiya, Germaniya, Angliya, Boltiq
bo‘yi respublikalari, shuningdek, Rossiya, Ukraina, Kavkaz orti respublikalari,
Eron, Afg‘oniston, Xitoy kabi davlatlar bilan faol siyosiy-iqtisodiy aloqalar
o‘rnatildi. XXSR G‘arb davlatlariga nafaqat xom-ashyo,
balki tayyor sanoat
mahsulotlarini ham eksport qildi. Hatto Rossiya iqtisodiyotiga sarmoya olib kelishga
muvaffaq bo‘ldilar.
Dunyoda o‘z o‘rniga ega bo‘la boshladilar. Ammo, RSFSR da sovet hukumati
mustahkamlanib borgan sari RSFSR, keyinchalik SSSR ning kommunistik
rahbariyati Xorazm respublikasiga nisbatan har qanday mustaqil davlatning asosiy
suveren huquqlaridan hisoblangan tashqi iqtisodiy faoliyatini erkin amalga
oshirishga yo‘l qo‘ymaslik siyosatini yurgizdi. 1924-1925 yillarda O‘rta Osiyoda
o‘tkazilgan milliy-hududiy davlat chegaralanishi natijasida XXSR tugatildi. Uning
hududlari
Turkmaniston, Qoraqalpoqiston, shuningdek O‘zbekiston Sovet
respublikalariga qo‘shib yuborildi. O‘zbekiston SSR ga qo‘shilgan hududida
Xorazm viloyati tashkil qilindi.