6−7 yosh bolaning maktabga psixologik tayyorgarligini o‘rganishda quyidagi psixologik-pedagogik nazorat ishlarini olib borish lozim:
− bolaning atrof-muhitga munosabati va bilimlar zaxirasi;
− maktabga bo‘lgan munosabati va rivojlanish darajasi;
− mustaqil fikrlashi va nutqining rivojlangani;
− emotsional-obrazli tasavvurning rivojlanish darajasi;
− qo‘l harakati motorikasining rivojlanish darajasi.
Yuqorida keltirilgan omillarni tarbiyachi va ota-onalar hamkorlikda nazorat qilishi zarur. Maktabga tayyorlov guruhlarida bola faoliyatini kuzatish, yakka tartibda mashg‘ulotlar tashkil qilish talab etiladi. Bundan tashqari, ota-onalar oilada quyidagilarni amalga oshirishi taqozo etiladi:
− bola bilan birgalikda didaktik o‘yinchoq va o‘yinlar o‘ynash;
− oilada bola bilan ijobiy munosabatlar o‘rnatish;
− bolani atrofdagilar bilan muloqotga kirishishga o‘rgatish;
− bolada “men” tushunchasining rivojlanishiga yordam berish.
Juda ko‘p hollarda ota-onalar farzandining maktabga chiqishini “bolani maktabga borish vaqti keldi” yoki “yana biron yil o‘ynab olsin”, deb o‘zlaricha belgilashadi. Qoidaga ko‘ra, ota-ona bolasini maktabga berishda o‘z tajribasiga asoslangan holda ish ko‘radi. Masalani maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi yoki o‘qituvchi, ba’zan esa uydagi qarindoshlari, bilimdon qo‘shnilari bilan muhokama qiladi. Ular bolani maktabga tayyorlashda uning bo‘yi, og‘irligi, o‘qish va yozishga uquvini asosiy o‘lchov deb o‘ylashadi. Bunda bolaning psixologik tayyorgarligi esa hisobga olinmaydi. Aynan psixologik tayyorlik bola o‘quv faoliyatining ichki harakteristikasi sifatida o‘quv motivi va bilishga qiziqishini shakllantirishga yordam beradi.
Bolaning maktabga psixologik tayyorligi nimadan iborat bo‘lishi kerak?
Bu yoshdagi bola uchun diqqat barqarorligi harakterli bo‘lib, xotira faol rivojlanadi, so‘z boyligi ortib boradi, tafakkuri jadal rivojlanadi. Shuningdek, mazkur yoshda u tashqi ko‘rinishlarni umumlashtiradi, predmetlarni sifati bo‘yicha birlashtiradi, ulardan foydalanishda harakat usullarini belgilaydi. Ular endi o‘ziga tanish bo‘lgan vazifada sabab-natijaviy aloqalarni tiklash qobiliyatiga ega bo‘ladi. Eng muhimi, jismoniy rivojlanishi jadallashadi. Bolalarning maktabga moslashishini ta’minlash lozim. Bu masalani hal etishning samarali yo‘llari mavjud bo‘lib, ular bolaning yoshi, individual xususiyatlariga mos bo‘lgan rivojlantiruvchi o‘yin va mashg‘ulotlardir. Bunday mashg‘ulotlarning mazmuni shundan iboratki, bolaning psixik rivojlanishi o‘quv dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirishga asos bo‘luvchi psixik funksiyalari va shaxsiy sifatlarining oldinga siljishiga olib keladi. Bolalarni maktabga psixologik tomondan tayyorlashda maktab va maktabgacha ta’lim muassasasining hamkorlikda ishlashi yaxshi samara beradi. O‘qituvchi bolalarni maktab binosi bilan tanishtirishi, maktabgacha ta’lim muassasasiga kelishi, savol-javoblar olib borishi, o‘z navbatida tarbiyachi ham bolalar bilan sinfxonasidagi partalarda o‘tirib, turli mashqlar o‘tkazishi maqsadga muvofiqdir. Bularning barchasi bolalarni maktab haqidagi tasavvurlarini boyitib, o‘qishga ishtiyoqini yanada oshiradi.
O‘yin bolalarning kelajakdagi o‘quv va mehnat faoliyati, kishilarga munosabatning qay darajada shakllanib borishini belgilaydi. O‘yin bolada bilish faoliyatini rivojlantiradi, bola qancha faol o‘ynasa, u maktabda shunchalik yaxshi o‘qiydi. Ma’lumki, ushbu faoliyat maktabgacha yosh davrida yetakchi hisoblanadi. O‘yinda yosh organizmga xos talab va ehtiyojlar qoniqtiriladi, hayotiy faollik ortadi, birdamlik, tetiklik, quvnoqlik tarbiyalanadi. Shunday ekan, har bir o‘yin-mashg‘ulotini to‘g‘ri rejalashtirish maqsadga muvofiqdir.
O‘yin mashg‘ulotlarini rejalashtirayotganda har doim maqsadni hamda mashg‘ulotdan kutilayotgan natijalarni aniqlab olish zarur.
6−7 yoshli bolalarni maktabga tayyorlashning muhim omillari quyidagilar:
− bolaning maktabga tayyorligining asosiy va umumiy belgisi uning sog‘lig‘i va jismoniy rivoji, ya’ni psixologik shakllangani;
− bolaning o‘qituvchini tushuna olishi va natijada sinf hamda maktab muhitiga moslasha olishi;
− bola ma’lum darajada o‘z imkoniyatlarini anglab yetishi;
− bolaning tengqurlari, ya’ni sinfdoshlari bilan til topishib ketishi uning qiynalmay o‘qishida muhim kafolat hisoblanadi.
Yuqorida ko‘rib chiqilgan omil va kuzatuvlar natijasida 6 yoshli bolalarni maktabda qiynalmay, toliqmay va qiziqish bilan o‘qib ketishi uchun quyidagilarni tavsiya qilamiz:
− har bir dars jarayonida 2−3 daqiqali jismoniy mashqlarni bajarish ( bunday mashqlar bola fikrini teranlashtirib, undagi ruhiy charchoqlikning oldini oladi);
− dars turiga qarab 1−2 daqiqali dam olishni joriy etish (qiziqarli voqealar, latifalar aytib berish);
− didaktik o‘yinlarni (tez aytish, qofiya bilan she’r o‘qish, bundan tashqari, o‘quv mashg‘ulotlariga o‘yin elementlarini kiritib borish) noan’anaviy dars ko‘rinishida bajarish;
− bolaning yozish malakasini egallashda shoshilmaslik va shu bilan birga tez javob berishga undamaslik;
− musiqali tanaffus joriy qilish (kuy tinglash, raqsga tushish kabi);
− sinf va maktabdan tashqari ishlarda tabiatdagi o‘zgarishlarni faslga mos tarzda idrok qilish, gul va uy hayvonlarini parvarish qilishga o‘rgatib boorish;
− ota-onalar va tarbiyachi o‘qituvchilarning o‘zaro hamkorligini ta’minlash;
− bolaning kundalik, haftalik va oylik ishchanlilik qobiliyati, aqliy jismoniy rivojini kuzatib, qayd etib borish hamda shu asosda yangi ilmiy metodik tavsiyalar ishlab chiqish. Mazkur omillar uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |