Abdurahmon Jomiyning fikricha, muallim aqlli, adolatli, o'zida barcha yuksak fazilatlarni mujassamlashtirgan bo'lishi kerak. O'zini nomunosib tutgan odam hsch vaqt boshqalarga bilim bera olmaydi, degan fikrni bildiradi.
Ustod, muallimsiz qolganda zamon,
Nodonlikdan qora bo'lurdi jahon, -
deb hitob qiladi u «Iskandar xirodnomasi» asarida.
Alisher Navoiy o’qituvchiga eng yuksak talablar qo’ygan. O’g’il-qizni tarbiyalash va unga ilm berish, qobiliyatini o’stirish uchun nihoyatda bilimdon va usta tarbiyachi bo’lishi kerakligi va bolalarga ta'lim-tarbiya beradigan o’qituvchilar yoshlarga ilm, odob o’rgatish mahoratiga ega bo’lishi, o’qitish yo’llarini yaxshi bilishi zarurligini uqtiradi.
Tayanch tushunchalar: Kreativlik, kreativlikni rivojlantirish, pedagogik kreativlik patensiali, kreativlik sifatlari, kasbiy ijodkorlik, kasbiy ahamiyatli sifatlar.
1. Maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyachisining kasbiy kompetentsiyasi
Tarbiyachining kasbiy pedagogik tayyorgarligi shartli ravishda quyidagi yo’nalishlarda olib boriladi:
1) tarbiyachining shaxsiy fazilatlar bo’yicha tayyorgarligi;
2) tarbiyachining ruhiy-psixologik tayyorgarligi;
3) tarbiyachining ijtimoiy-pedagogik va ilmiy-nazariy jihatdan tayyorgarligi;
4) tarbiyachining maxsus va ixtisoslikka oid uslubiy bilimlarni egallab borishi.
Tarbiyachi eng avvalo, mulohazali, bosiq, har qanday pedagogik vaziyatni to’g’ri baholay oladigan hamda mavjud ziddiyatlarni bartaraf etishning uddasidan chiqa olishi kerak. Muloqot jarayonida tarbiyachining so’zlaridan suhbatdoshiga nisbatan xayrixohlik, samimiylik, do’stona munosabat, yaxshi kayfiyat sezilib tursin. Hozirgi sharoitda jamiyatning tarbiyachilik kasbiga nisbatan qo’yayotgan talablari kun sayin ortib bormokda va bu talablarni amalda to’g’ri tashkil qilish vazifasi tarbiyachiga bog’liq. Ijodiy faoliyat olib boruvchi tarbiyachi faqatgina bolalarni muvaffaqiyatli o’qitish va tarbiyalash, ilg’or pedagoglar ish tajribalarini o’rganish bilangina cheklanib qolmasdan, tadqiqotchilik ko’nikma va malakalariga ham ega bo’lishi zarur. Hozirgi zamon tarbiyachisi fan va texnika taraqqiyotining eng so’nggi yutuqlaridan foydalanishi, o’z kasbiy faoliyatida yangi pedagogik texnologiyalarni unumli qo’llay olishi taqozo etiladi.
Qobiliyat – shaxsning individual-psixologik xususiyati bo’lib, muayyan faoliyat yuzasidan layoqati va ishni muvaffaqiyatli amalga oshirish sub'ektiv shart-sharoitini ifodalovchi individual psixik sifatlar yig’indisiga aytiladi, zarur bo’lgan bilim, malaka va ko’nikmalarni egallash dinamikasidagi farqlarni aniqlaydi. Qobiliyatlar individual-psixologik xususiyat bo’lgani sababli, shaxsning boshqa sifatlari va xususiyatlariga, ya'ni aql sifatlariga, xotira va xarakter xususiyatlariga, his-tuyg’ulariga qarama-qarshi qo’yilmaydi, balki ular bilan bir qatorga qo’yilishi kerak. Qobiliyatni inson tug’ma, tabiat in’omi sifatida tayyor holida olmaydi, balki hayotiy faoliyati davomida shakllantiradi.
Govard Gardner qobiliyatlarni intellektlar to’plami deb atadi va uning ettita jihatini ajratib ko’rsatdi. Biz intellektning ushbu jihatlaridan oltitasini tarbiyachi pedagogik mahoratini takomillashtirish nuqtai nazaridan tahlil qilishimiz mumkin. Psixolog olimlar ushbu jihatlarni psixologik texnologiya bilan kuchaytirib modifikatsiyalaydi va tarbiyachining kasbiy faoliyatida muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidlab, quyidagi qobiliyatlarni ko’rsatib o’tadilar:
muloqot qilish (kommunikativ) qobiliyati: tarbiyachining mashg‘ulot jarayonlarida guruhda ijobiy ruhiy iqlim yarata olishi;
voqealarni oldindan ko’ra olish qobiliyati: ushbu qobiliyat turi har bir tarbiyachining sergakligida, bolalarning ruhiyatini, ichki dunyosini ko’ra olishida namoyon bo’ladi. Shunda tarbiyachi kim nimaga qodir ekanligini oldindan bashorat qila oladi;
eshitish va his qilish qobiliyati: bunday qobiliyatga ega bo’lgan insonlar musiqani sevishadi, ohangni yaxshi his qilishadi, deklamatsiya asosida yaxshi o’qishadi, eshitgan narsasini xotirada saqlaydi, ayniqsa she'r va qo’shiqlarni sevib tinglaydi;
kinestetik (teri-muskul) qobiliyat: tarbiyachining o’z hatti-harakatlarini muvofiqlashtirish qobiliyati, harakat ohangini his qilib yo’naltiradi, vaqtni, harakat sur'atini his qilish, maishiy qulayliklarni yarata olish, hayot marhamatlaridan rohatlanish;
mantiqiy qobiliyat: mulohaza yuritishni, raqamlarni, matematikani, murakkab masalalarni sevish, sababiyat va natijalarni tushunish malakasi, voqelikda asosiyni ikkinchi darajalisidan ajrata olish;
shaxsning ichki qobiliyati: o’z-o’zini bilish, tushunish va his qilish qobiliyati. erkin shaxsda qo’rquv yoki noerkinlik tuyg’usi kamdan-kam holda bo’ladi.
Qobiliyat tarbiyachining individual imkoniyatlarini xarakterlaydi. Bir xil sharoitda qobiliyatli pedagoglar o’z faoliyatlarida ham qobiliyati past kishilarga qaraganda ko’proq yutuqlarga erishadilar. Qobiliyat shaxsning ham umumiy, ham maxsus rivojlanishida tezroq siljib borishini, uning ijrochilik va ijodkorlik faoliyatlarida eng yuqori natijalarga erishishini ta'minlaydi.
Qobiliyatli kishi mutaxassislikni tez egallay oladi va yuqori mahoratga erishadi hamda ishlab chiqarish, fan yoki madaniyatga yangilik kirita oladi. Qobiliyat bilimdan farq qiladi.
Bilim – bu ilmiy mutolaa natijasidir, qobiliyat esa insonning psixologik va fiziologik tuzilishi xususiyatidir. Qobiliyat bilim olish uchun zaruriy shart-sharoit bo’lib, shu bilan birga, u ma'lum darajada bilim olish mahsulidir. Umumiy va maxsus bilimlarni o’zlashtirish, shuningdek, kasbiy mahoratni egallash jarayonida qobiliyat mukammallashib va rivojlanib boradi. Qobiliyatga yaqinroq turadigan tushunchalar ko’nikma va malakalardir.
Ko’nikmalar – tarbiyachining kasbiy faoliyati jarayonida hosil qilingan tajriba va bilimlar asosida bajariladigan ishning mukammal usulidir.
Malakalar – tarbiyachining ongli faoliyatni bajarishi jarayonida hosil qilingan kasbiy intellektual faoliyatning avtomatlashgan komponentlari yig’indisidir. Ular tarbiyachi kasbiy faoliyati mexanizmining asosini tashkil qiluvchi jarayonlardir, ular qobiliyat bilan birgalikda pedagogik mahoratga erishishni ta'minlaydilarki, buning natijasida tarbiyachi kasbiy faoliyatida ulkan yutuqlarni qo’lga kiritadi. Qobiliyatli, ammo noshud tarbiyachi ko’p narsaga erisha olmaydi. Qobiliyat ko’nikma va malakalarda ro’yobga chiqadi. Darhaqiqat, qobiliyatli kishining ko’nikma va malakalari ko’p qirrali va mukammallashgan bo’ladi. Ko’nikmalarni umumlashtirib mohirlik ham deb ataydilar. Mohirlik ham qobiliyatning o’zginasidir. Demak, qobiliyat ko’nikma va malakalarning paydo bo’lish jarayonida shakllanadi.
Maxsus qobiliyatga ega bo’lgan tarbiyachilar faqat o’zlari egallagan kasbiy yo’nalishlari bo’yicha muayyan faoliyat bilan muvaffaqiyatli shug’ullanadilar. Biror faoliyatning muvaffaqiyatli, mustaqil va mukammal bajarilishini ta'minlaydigan noyob qobiliyatlar birikmasi talant deyiladi. Qobiliyat kasbiy faoliyat jarayonida sayqallanib boradi. Buning uchun tarbiyachida layoqat, zehn va qiziqish bo’lishi kerak. Pedagogik qobiliyatning asosiy sifatlari va xususiyatlari. Pedagogik-psixologiyada tarbiyachi qobiliyatining cheklangan turlari yo’q. Pedagogik qobiliyat turlari fanning, jamiyatning rivojlanishiga qarab ko’payib va o’zgarib turishi mumkin. Falsafada qobiliyat o’zoq vaqtgacha “o’zgarmas irsiyat” nasldan-naslga o’tuvchi jarayon sifatida talqin etilgan.
“Kompetentlik” tushunchasi ta'lim sohasiga psixologik izlanishlar natijasida kirib kelgan. Shu sababli kompetentlik “noan'anaviy vaziyatlar, kutilmagan hollarda mutaxassisning o’zini qanday tutishi, muloqotga kirishishi, raqiblar bilan o’zaro munosabatlarda yangi yo’l tutishi, noaniq vazifalarni bajarishda, ziddiyatlarga to’la ma'lumotlardan foydalanishda, izchil rivojlanib boruvchi va murakkab jarayonlarda harakatlanish rejasiga egalik”ni anglatadi.
Kasbiy kompetentlik – mutaxassis tomonidan kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun zarur bo’lgan bilim, ko’nikma va malakalarning egallanishi va ularni amalda yuqori darajada qo’llay olinishidir.
Ijtimoiy kompetentlik – ijtimoiy munosabatlarda faollik ko’rsatish ko’nikma, malakalariga egalik, kasbiy faoliyatda sub'ektlar bilan muloqotga kirisha olish.
Maxsus kompetentlik – kasbiy-pedagogik faoliyatni tashkil etishga tayyorlanish, kasbiy-pedagogik vazifalarni oqilona hal qilish, faoliyati natijalarini real baholash, BKMni izchil rivojlantirib borish bo’lib, ushbu kompetentlik negizida psixologik, metodik, informatsion, kreativ, innovatsion va kommunikativ kompetentlik ko’zga tashlanadi. Ular o’zida quyidagi mazmunni ifodalaydi:
psixologik kompetentlik – pedagogik jarayonda sog’lom psixologik muhitni yarata olish, ta’lim oluvchilar ishtirokchilari bilan ijobiy muloqotni tashkil etish, turli salbiy psixologik ziddiyatlarni o’z vaqtida anglay olish va bartaraf eta olish;
metodik kompetentlik – pedagogik jarayonni metodik jihatdan oqilona tashkil etish, ta'lim yoki tarbiyaviy faoliyat shakllarini to’g’ri belgilash, metod va vositalarni maqsadga muvofiq tanlay olish, metodlarni samarali qo’llay olish, vositalarni muvaffaqiyatli qo’llash;
informatsion kompetentlik – axborot muhitida zarur, muhim, kerakli, foydali ma'lumotlarni izlash, yig’ish, saralash, qayta ishlash va ulardan maqsadli, o’rinli, samarali foydalanish;
kreativ kompetentlik – pedagogik faoliyatga tanqidiy, ijodiy yondashish, o’zining ijodkorlik malakalariga egaligini namoyish eta olish;
innovatsion kompetentlik – pedagogik jarayonni takomillashtirish, ta'lim sifatini yaxshilash, tarbiya jarayonining samaradorligini oshirishga doir yangi g’oyalarni ilgari surish, ularni amaliyotga samarali tatbiq etish;
kommunikativ kompetentlik – ta'lim jarayonining barcha ishtirokchilari bilan samimiy muloqotda bo’lish, ularni tinglay bilish, ularga ijobiy ta'sir ko’rsata olish;
shaxsiy kompetentlik – izchil ravishda kasbiy o’sishga erishish, malaka darajasini oshirib borish, kasbiy faoliyatda o’z ichki imkoniyatlarini namoyon qilish;
texnologik kompetentlik – kasbiy-pedagogik BKMni boyitadigan ilg’or texnologiyalarni o’zlashtirish, zamonaviy vosita, texnika va texnologiyalardan foydalana olish;
ektremal kompetentlik – favqulotda vaziyatlar (tabiiy ofatlar, texnologik jarayon ishdan chiqqan)da, pedagogik nizolar yuzaga kelganda oqilona qaror qabul qilish, to’g’ri harakatlanish malakasiga egalik.
2. Kreativ yondashuv – tarbiyachi ijodiy faoliyatini rivojlantirishning muhim sharti sifatida
Kreativlik (lot., ing. “create” – yaratish, “creative” yaratuvchi, ijodkor) – individning yangi g’oyalarni ishlab chiqarishga tayyorlikni tavsiflovchi hamda mustaqil omil sifatida iqtidorlilikning tarkibiga kiruvchi ijodiy qobiliyati ma'nosini ifodalaydi.
Shaxsning kreativligi uning tafakkurida, muloqotida, his-tuyg’ularida, muayyan faoliyat turlarida namoyon bo’ladi. Kreativlik shaxsni yaxlit holda yoki uning muayyan xususiyatlarini, zehni o’tkirlikni tavsiflaydi. Shuningdek, kreativlik iqtidorning muhim omili sifatida aks etadi.
Amerikalik psixolog P.Torrens fikricha, kreativlik muammo yoki ilmiy farazlarni ilgari surish; farazni tekshirish va o’zgartirish; qaror natijalarini shakllantirish asosida muammoni aniqlash; muammo echimini topishda bilim va amaliy harakatlarning o’zaro qarama-qarshiligiga nisbatan ta'sirchanlikni ifodalaydi.
Boshqa har qanday sifat (fazilat) kabi kreativlik ham birdaniga shakllanmaydi. Kreativlik muayyan bosqichlarda izchil shakllantirib va rivojlantirilib boriladi.
Pedagogning kreativlik sifatlariga ega bo’lishi uning shaxsiy qobiliyatlari, tabiiy va ijtimoiy quvvatini kasbiy faoliyatni sifatli, samarali tashkil etishga yo’naltiradi. Tarbiyachilarning kreativlik sifatlariga ega bo’lishlari ta’lim-tarbiya jarayonlarini tashkil etishga an'anaviy yondashishdan farqli yangi g’oyalarni yaratish, bir qolipda fikrlamaslik, o’ziga xoslik, tashabbuskorlik, noaniqlikka toqat qilmaslikka yordam beradi. Binobarin, kreativlik sifatlariga ega tarbiyachi kasbiy faoliyatini tashkil etishda ijodiy yondashish, yangi, ilg’or, bolalarning o’quv faoliyatini, shaxsiy sifatlarini rivojlantirishga xizmat qiladigan g’oyalarni yaratishda faollik ko’rsatish, ilg’or pedagogik yutuq va tajribalarni mustaqil o’rganish, shuningdek, hamkasblar bilan pedagogik yutuqlar xususida doimiy, izchil fikr almashish tajribasiga ega bo’lishga e'tibor qaratadi. Odatda tarbiyachilarning kreativlik qobiliyatiga ega bo’lishlari pedagogik muammolarni hal qilishga intilish, ilmiy-tadqiqot ishlari yoki ilmiy loyihalarni amalga oshirish va o’zaro ijodiy hamkorlikka erishishlari orqali ta'minlanadi, shakllantiriladi va u asta-sekin takomillashib, rivojlanib boradi. Har qanday mutaxassisda bo’lgani kabi bo’lajak tarbiyachilarning kreativlik qobiliyatiga ega bo’lishlari uchun talabalik yillarida poydevor qo’yiladi va kasbiy faoliyatni tashkil etishda izchil rivojlantirib boriladi. Bunda tarbiyachining o’zini o’zi ijodiy faoliyatga yo’naltirishi va bu faoliyatni samarali tashkil eta olishi muhim ahamiyatga ega.
Pedagog ijodiy faoliyatni tashkil etishda muammoli masalalarni echish, muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, shuningdek, pedagogik xarakterdagi ijod mahsulotlarini yaratishga alohida e'tibor qaratishi zarur. Muammoli masala va vaziyatlarni hal qilar ekan, tarbiyachining masala echimini topishga ijodiy yondashishi unda hissiy-irodaviy sifatlarning rivojlanishiga yordam beradi. Pedagog o’z oldiga muammoli masalalarni qo’yish orqali mavjud bilimlari va hayotiy tajribalariga zid bo’lgan dalillar bilan to’qnash keladi. Buning natijasida o’z ustida ishlash, mustaqil o’qib o’rganishga nisbatan ehtiyoj sezadi. Tarbiyachining ilmiy-tadqiqot ishlari va ilmiy yoki ijodiy loyihalarni amalga oshirishi unda kreativlik potentsialini yanada rivojlantiradi. Tarbiyachi o’z-o’zidan ijodkor bo’lib qolmaydi. Uning ijodkorlik qobiliyati ma'lum vaqt ichida izchil o’qib-o’rganish, o’z ustida ishlash orqali shakllanadi.
Zamonaviy ta'lim barcha turdagi ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachi, pedagoglarning ijodkor bo’lishlarini taqozo etmoqda.
“Kreativlik” tushunchasi o’zida madaniy xilma-xillikni aks ettiradi. G’arb kishilari uchun kreativlik, umuman olganda, yangilik sanaladi. Ular kreativlik negizida noan'anaviylik, qiziquvchanlik, tasavvur, hazil-mutoyiba tuyg’usi va erkinlik mavjud bo’lishiga e'tiborni qaratadilar.
Sharqliklar esa, aksincha, kreativlikni ezgulikning qayta tug’ilish jarayoni, deb tushunadilar. Garchi g’arblik va sharqliklarning kreativlik borasidagi qarashlari turlicha bo’lsa-da, biroq, har ikki madaniyat vakillari ham mazkur sifat va unga egalikni yuqori baholaydilar.
Ko’pgina pedagog-tarbiyachilar o’zlarida kreativlik qobiliyatini mavjud emas, deb hisoblaydilar. Buni ikki xil sabab bilan asoslash mumkin:
birinchidan, aksariyat pedagog-tarbiyachilar ham aslida “kreativlik” tushunchasi qanday ma'noni anglatishini etarlicha izohlay olmaydilar;
ikkinchidan, kreativlik negizida bevosita qanday sifatlar aks etishidan bexabarlar.
Ayni o’rinda shuni alohida qayd etib o’tish joizki, har bir shaxs tabiatan kreativlik qobiliyatiga ega. Xo’sh, ular o’zlarida kreativlik qobiliyati mavjudligini qanday namoyon eta olishlari mumkin. Bu o’rinda Patti Drapeau shunday maslahat beradi: Agarchi o’zingizni kreativ emasman deb hisoblasangizda, hozirdanoq kreativ tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan darslarni tashkil eta boshlashingizni maslahat beraman. Aslida, gap sizning ijodkor va kreativ bo’lganingiz yoki bo’lmaganingizda emas, balki darslarni kreativlik ruhida tashkil etishingiz va yangi g’oyalarni amalda sinashga intilishingizdadir.
3. Maktabgacha ta'lim tizimini texnologiyalashtirish sharoitida tarbiyachi faoliyatini tashkil etish
Fiziologiya, gigiena, psixologiya, pedagogika sohasida olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijasida bolalar maktabgacha ta’lim muassasasilarida kichkintoylar hayotini tashkil etishning quyidagi tamoyillari ishlab chiqildi:
1. Har bir yosh guruhida bolalarni jamoatchilik ruhida tarbiyalash va ularning har tomonlama rivojlanishini ta’minlaydigan bir xil shart-sharoitlar yaratish.
2. Bolalarni yosh guruhlariga taqsimlashda har bir guruhga faqat bir xil yoshdagi bolalarni tanlash va shunga qarab ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish.
3. Bolalarning har xil faoliyat bilan shug’ullanishlari va bir-birlari bilan muloqotga kirisha olishlari uchun zarur bo’lgan moddiy muhitni yaratish. Buning uchun guruh xonasi va maydonchani gigienik, pedagogik, estetik talablar darajasida kerakli asbob-anjomlar bilan ta’minlash.
4. Bolalarning yoshiga mos kun tartibiga rioya qilish va uning barqarorligini ta’minlash.
5. Bolalar shaxsini shakllantiradigan faoliyat turlarini tashkil etish va bu faoliyatlar uchun kun tartibidan ma’lum vaqt ajratish.
Bolalarning har xil faoliyatlarini ilmiy asoslangan tamoyillar asosida almashtirib borish bolalar maktabgacha ta’lim muassasasisining har xil yosh guruhlarida bolalar hayotini to’g’ri tashkil etishni ta’minlaydi.
Bolalarning har tomonlama rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan pedagogik jarayon murakkab va rang-barangdir.
Tarbiya masalalari ta’lim-tarbiya ishining tashkiliy shakllari, bolalar faoliyatining har xil turlari: mashg’ulotlarda ta’lim berish orqali, ijodiy va qoidali o’yinlar, bolalarning mustaqil faoliyati, ularning o’z mehnati va kattalar mehnati bilan tanishtirish, o’z-o’ziga xizmat qilish, sayrlar, gigienik tadbirlar orqali amalga oshiriladi.
Ta’lim-tarbiya ishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirish bolalar maktabgacha ta’lim muassasasisidagi pedagogik jarayonning har bir faoliyat turini to’g’ri tashkil etishga bog’liqdir. Bolalar maktabgacha ta’lim muassasasisining pedagogik jarayonida ta’lim muhim ahamiyat kasb etadi va kundalik hayot, o’yin, mehnat, mashg’ulotlar orqali amalga oshiriladi. Mashg’ulotda ta’lim va tarbiya vazifalari hal etiladi. Bolalar tevarak-atrofdagi hayot va tabiat bilan tanishish, nutq o’stirish, savod o’rgatish, matematika, jismoniy madaniyat, tasviriy faoliyat, musiqa bo’yicha eng oddiy tasavvur va bilimlarni, malaka hamda ko’nikma sistemasini egallab oladilar. Bolalar egallab olishlari kerak bo’lgan bilim, malaka va ko’nikmalar bolalar maktabgacha ta’lim muassasasisi dasturida belgilab berilgan bo’lib, u bolalarning umumiy rivojlanishi va ularni maktab ta’limiga tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Mashg’ulotlarda ta’lim berish didaktika tamoyillari asosida bolalarning yosh va o’ziga xos xususiyatlarini e’tiborga olib, ma’lum izchillikda olib boriladi, mazmuni sekin-asta murakkablashtirib boriladi. Natijada, u rivojlantiruvchi va tarbiyalovchi xususiyatga ega bo’ladi.
Dasturda har bir yosh guruhida hafta davomida o’tkaziladigan mashg’ulotlar soni va har bir mashg’ulot qancha davom etishi belgilab qo’yilgan. Tarbiyachi mana shunga asoslanib, o’zining haftalik mashg’ulotlar jadvalini tuzadi, bu ta’limning hamma bo’limlari bo’yicha belgilangan ta’lim-tarbiya ishlarini to’g’ri taqsimlash va bir xilda amalga oshirishga imkon yaratadi.
Mashg’ulotlar jadvalini tuzishda quyidagi talablarga rioya qilish kerak1:
1. Dasturning hamma bo’limlari bo’yicha mashg’ulotlarni haftaga teng
taqsimlash.
2. Haftaning birinchi va oxirgi kuniga osonroq mashg’ulotlar qo’yiladi.
3. Haftaning seshanba, chorshanba va payshanba kunlarida bolalardagi aqliy faoliyat tezlashadi, shuning uchun bu kunlarga murakkabroq ishlar rejalashtiriladi.
4. Kun davomida birinchi bo’lib bolalardan aqliy zo’r berishni ko’proq talab etadigan, kam harakatli mashg’ulotlar rejalashtiriladi (tevarak-atrofdagi hayot va tabiat bilan tanishtirish, ona tili, matematika). Tasviriy faoliyat, jismoniy tarbiya, musiqa va shunga o’xshash mashg’ulotlar keyinroqqa rejalashtiriladi.
5. Kun davomida mashg’ulotlar quyidagicha tartibda almashtirib boriladi: matematika va jismoniy tarbiya, ona tili va tasviriy faoliyat va h.k. Mashg’ulotlarni bunday taqsimlash bolalarning dastur materialini engilroq o’zlashtirib olishiga imkon yaratadi.
Nazorat savollari.
Kreativlik tushunchasi qandey ma’noni anglatadi.
Kreativlik hos eng muhim sifatlar qaysilar?
Pedagogik kreativlik nima?
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YHATI
O`zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – T.: O`zbekiston, 1992. – 48 b.
O`zbekiston Respublikasining “Ta'lim to`g`risida”gi Qonuni. Barkamol avlod – O`zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq nashriyot-matbaa kontserni, 1997. – 20-29-b.
O`zbekiston Respublikasi “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi”. Barkamol avlod – O`zbekiston taraqqiyotining poydevori. – T.: Sharq nashriyot-matbaa kontserni, 1997. – 31-61-b.
O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 2017 yil 7 fevraldagi “O‘zbekiston respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-4947-sonli Farmoni.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 29 dekabrdagi “2017-2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’grisida” Qarori.
O‘zbekiston respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “O‘zbekiston respublikasi maktabgacha ta’lim vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Qarori.
O`zbekiston Respublikasida davlat maktabgacha ta'lim muassasasi to`g`risida Nizom. Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 25 oktyabrdagi 225-sonli Qarori.
Maktabgacha ta'lim muassasasining Kengashi to`g`risidagi Nizom. O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining 2008 yil 20 iyundagi 147-sonli Buyrug`i.
O.Xasanboeva va boshqalar. Maktabgacha ta’lim pedagogikasi. O‘quv qo‘llanma. 2007 yil.
Maktabgacha tarbiya pedagogikasi. V.I.loginova va P.G.Samorukovalar tahriri otsida. –T.O‘qituvchi. 1992 yil.
P.YUsupova. Maktabgacha ta’lim pedagogikasi. -T., 1993.
S.A.Kozlova, T.A.Kulikova. Doshkolnaya pedagogika. -M., 2000
O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha tarbiya Kontseptsiyasi. Toshkent 1992 y.
Maktabgacha tarbiya muassasasi to‘g‘risidagi Nizomi-1995y.
«Bolalar bogchasidagi ta’lim dasturi»- Toshkent.1993, 1999, 2000y.
M.Inomova «Oilada bolalarni ma’naviy-ahloqiy tarbiyalashda milliy qadriyatlar». T. «Fan». 1995 y. 226-bet.
www.ziyonet.uz Maktabgacha katta yoshdagi bolalarda tasviriy savodxonlik elementlarini shakllantirish.
www.ziyonet.uz Maktabgacha tarbiya. Maktabgacha pedagogika
www.ziyonet.uz «Maktabgacha pedagogika o'qitish metodikasi
www.ziyonet.uz G.Yo`ldosheva. Maktabgacha tarbiya pedagogikasi. Maruzalar matni. Qarshi, 2008.
www.ziyonet.uz Berdieva M.M. Maktabgacha tarbiya pedagogikasi. Termiz, 2003.
www.ziyonet.uz R.Aleuova. Maktabgacha tarbiya pedagogikasi Ma'ruza matni. Nukus, 2005.
Do'stlaringiz bilan baham: |