Ki: "Agar bo’lsa shohlig’ boqiy,
Topilur bo’yla mohvash soqiy.
Buki, vaslini topmisham payvast,
Shohlig’ o’lmasa, bermas erdi dast. (10-tom, 106)
Bu esa uning har ikkala sohadagi fojiasini – podshohlikda mamlakatni xarobalikka yuz tutishi, adolatsizlikning avj olishi oshiqlikda esa komillik darajasiga etmaganiga bois bo’lib, bu holat, ikki kemaning uchini tutgan g’arq bo’ladi, deganlaridek, Bahromning botqoqlikka botib ketganligi bilan fojiaviy nihoyasiga etadi. Alisher Navoiy Bahrom obrazini chizayotganda uning "ishq" so’zi - ishqdagi kuyish - yonishlari - iztiroblarini qalamga olajagiga ishora qiladi. Bu esa Alisher Navoiyning asosiy diqqatni Bahromni oshiq sifatida tasvirlashga qaratganidan dalolat beradi. Ammo podshoh Bahrom Alisher Navoiy tasvirlamoqchi bo’lgan oshiq Bahrom bo’lishni emas, balki ham podshoh-hukmdor va ham oshiq bo’lishni ixtiyor qiladi. Demak, tasvirlanayotgan obraz shoir istagiga bo’ysinmaydi. Bu esa nihoyatda muhim bir adabiy hodisa. Shoir ham o’zi tasvirlayotgan obrazning, bu o’rinda podshoh Bahromning qarorini (ham hukmdor podshoh hamda oshiq bo’lishni) o’zgartira olmaganidan iztirobda qolib, uni to’g’ri yo’lga boshlash yo’llarini qidiradi va o’zining maqsadini birinchi musofir tomonidan Bahromga aytgan hikoyada ifoda etadi.
Mazkur hikoyada Alisher Navoiy Sarandeb shahzodasi Farrux bilan sevgilisi Gulchehra o’rtasidagi munosabatlarni boshqacha hal qiladi, ya`ni shahzoda Farrux sevgilisining tarixini bilgach, uni o’z "singlisi" deb e`lon qiladi va shundan so’ng Sarandebning odil podshosi bo’ladi. Demak, Farrux oshiqlikdan voz kechgandan so’ng adolatli podshohga aylanadi va baxt-saodatga erishadi. Bu hikoyani eshitgan Bahrom esa o’zining ham hukmdor-podshoh va ham oshiq bo’lish qarorini o’zgartirmaydi. Natijada o’z qilmishlarining fojiali yakuni tomon qadam tashlayveradi. Oqibatda Bahromning taqdiri nihoyatda ayanchli tarzda yakunlanadi.
Alisher Navoiy o’zi tasvirlayotgan obraz taqdirining bunday bo’lishini istarmidi? Bu savolga Alisher Navoiy bunday bo’lishini istamas edi, uning oldini olish uchun shoirligining barcha imkoniyatlarini ishga solgan edi, deb javob berish mumkin. Ammo tasvirlanayotgan Bahromda joh, mansab, shohlik g’ururi oshiqlikdan ustun bo’lganligidan shoirning pand-nasihatlariga quloq solmadi va oqibatda fojiaga uchraydi. Bunda qiziq bir hol ham kuzatiladi: Alisher Navoiy zamonasida shoh-"zillillohi fi-l-arzi" -"Allohning erdagi soyasi" tarzida ulug’lanib, hurmat-ehtirom qilinardi. Ana shunday ruhda tarbiyalangan Alisher Navoiy ham shoh ray`iga qarshi bora olmasdi, ammo uni xatarli yo’l va faoliyatdan ogohlantirish va saqlanishga da`vat-nasihatlarini nihoyatda ehtiyotkorlik bilan bayon etardi. Bu hol, xususan, Bahrom obrazini tasvirlashda yorqinroq ko’zga tashlanadi.
Shunday qilib, dostondagi qoliplovchi qissaning bosh qahramoni Bahrom murakkab timsollardan bo’lib, Diloromi Changining ham fojiali taqdiriga sababchi bo’ldi. Shoir tomonidan juda katta samimiyat va mahorat bilan tasvirlangan hunarmand va oqila Dilorom mag’rur shoh Bahrom injiqliklariga duch keldi, ammo uni tark etmadi, aksincha, uning fojiali taqdirini baham ko’rdi.
Dostondagi qoliplovchi qissa voqealari bayonida musofirlar tilidan aytilgan yetti hikoya mazmuni, g’oyasi, badiiyati va qiziqarliligi bilan alohida ajralib turadi. Ulardagi voqealar Sarandeb (Shri Lanka-Seylon) dan tortib, Misr, Rum, Hindiston, Xorazm, Shahrisabzgacha bo’lgan katta jug’rofiy hududda sodir bo’ladi. Xuddi ana shu hikoyalardan ikkinchi musofir tilidan bayon qilingan voqealar tasvirida Alisher Navoiy muhandislikning mukammal namunasi bo’lgan o’zi yurar taxt, o’zi harakat qiluvchi zinalarni aks ettiradi.
Eng muhimi shundaki, barcha hikoyalar ezgulik va olijanoblikning tantanasi bilan nihoyasiga etadi; sevishganlar murod-maqsadlariga erishadilar, adolat g’olib keladi, yovuzlik va adolatsizlik engiladi. Hikoyalarda romantik tasvir usuli (taxayyul) etakchi o’rinni egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |