Lutf bu nazm aro bag’oyatdur,
G’araz ammo yetti hikoyatdur.
Chunki qoyil yetti musofir edi,
Ki alar sayr ishiga mohir edi,
Bo’ldi chun bu raqam ishi tayyor,
Qo’ydum otini "Sab`ai sayyor". (10-tom, 409)
Alisher Navoiyning bu masalaga alohida urg’u berishi bejiz emas. Chunki bu bilan, ya`ni asarga nom qo’yish bilan o’z dostonining shu mavzuda bitilgan boshqa asarlardan ham shakl va mavzuning talqini jihatidan farq qilishiga ishora qiladi.
Darhaqiqat, Alisher Navoiy salaflaridan Nizomiy Ganjaviyning shu mavzuga bag’ishlagan asari "Haft paykar" (“Yetti go’zal”) deb atalgan bo’lsa, Xusrav Dehlaviy uni "Hasht bihisht" (“Sakkiz bihisht”), zamondoshi Ashraf Marog’aviy esa "Haft avrang" (“Yetti taxt”) deb nomlagan edilar.
Ularda asosiy diqqat Bahrom qissasiga qaratilgan bo’lsa, Alisher Navoiy asosiy e`tiborni musofirlar tomonidan aytilgan hikoyalarga qaratdi va Bahrom qissasini ana shu hikoyalarning aytilish vositasiga aylantirdi. Demak, Alisher Navoiy an’anaviy mavzuni yangicha talqin, yangicha tahlil bilan boyitib, nazirai benazirni (o’xshash-o’xshamas) maydonga keltirgan edi.
Alisher Navoiyning "Sab`ai sayyor" dostoni hijriy 889 yilning jumodiyussoniy oyida-melodiy 1484 yilning iyun oyida yozib tugatilgan:
Garchi tarixi erdi sekiz yuz,
Sekson o’tmish edi yana to’qquz.
Oyi oning jumodiyussoniy,
Panjshanba yozildi unvoni.
Varaqu satrin aylabon ta`yin.
Baytini besh ming ayladim taxmin. (10-tom, 411)
Shunisi ham borki, doston to’rt oyda, ya`ni 1484 yilning mart-iyun oylari oralig’ida yozilgan bo’lsa-da, ammo boshqa ishlar bilan band bo’lmaganda, uni to’rt hafta-bir oyda yozish ham mumkin edi, deydi shoir:
Menga ayyomi garchi yod emas,
Lek to’rt oydin ziyod emas.
Bo’lsam o’zga umurdin emin,
Bor edi to’rt hafta ham mumkin. (10-tom, 409)
38 bob, 5008 baytdan iborat bo’lgan asarning shu muddat ichida yaratilishi shoirning qaynoq buloqdek ijodiy ilhomi jarayonini anglash va tasavvur etishga imkon beradi. Alisher Navoiy dostonni yozishga kirishishdan oldin Bahrom qissasi bilan bog’li bo’lgan tarixiy-adabiy manbalarni sinchiklab o’rgandi. Bu haqda asar oxirida Bahrom tilidan shunday yozadi:
Sanga navbat chu yetti sa`y etting,
Qissaning harf-harfig’a yetting…
Sen bu ishning payig’a chun bording,
Eski daftar base ko’p axtarding.
Lojaram ko’p g’aroyib o’ldi ayon,
Ki bu afsona ichra topti bayon. (10-tom, 393-394)
Demak, Alisher Navoiy Bahrom qissasini, xususan, undagi yetti hikoyani shunchalik mahorat bilan yaratadiki, natijada, hatto, Bahromshoh ham o’zi haqidagi bu dostondan hayratda qolib, shunday deydi:
Bu ki tariximiz bayon qilding,
Elga ahvolimiz ayon qilding.
Til aning vasfidin erur ojiz,
Sehr xud bor, agar emas mo’jiz . (10-tom, 393)
Bahrom qissasiga bag’ishlangan bu doston o’zbek tilida, aruzning xafifi musaddas vaxbuni mahzuf vazniida yozilgan:
Ey siposing/demakda el/ tili lol,
Elga til sen/din o’ldi til/ga maqol.
– v – – / v – v – /v v ––
2.1 Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviyning shu mavzudagi dotonlari.
Shoh Bahrom haqidagi qissa tarixiy asosga ega. Chunki Bahrom ibn Yazdijurd (Bahromi Go’r, Varaxran V) sosoniylar xonadonining vakili bo’lib, 421-439 yillarda Ajamning podshohi edi. Alisher Navoiy o’zining "Tarixi muluki Ajam" asarida o’sha davrdagi tarixchilar dunyoqarashi asosida Bahrom binni Yazdijurd haqida ma`lumot bergan [16-tom, 234-237]. Garchi Bahrom tarixiy shaxs bo’lsa-da, ammo u og’zaki va yozma adabiyotda tarixiy shaxslikdan ko’ra badiiy obraz-timsol sifatida ko’proq mashhurdir. Shuning uchun uning "sarguzashtlari" shunchalik badiiylashtiriladiki, natijada, tarixiylik o’rnini badiiylik egallab boradi. Bu holni Abulqosim Firdavsiy "Shohnoma"sidagi Bahrom va Ozoda haqidagi, Nizomiy Ganjaviy "Haft paykar"idagi Bahrom va Fitna, Xusrav Dehlaviy "Hasht bihisht"idagi Bahrom va Dilorom to’g’risidagi qissalarda ham kuzatish mumkin. Alisher Navoiy ham o’z dostonida ana shu badiiy timsolga aylangan Bahromni o’zining g’oyaviy-estetik aqidalariga mos tarzda tasvirlab, asarini "afsona" (tarixiy emas!), "qissa" (badiiylashtirilgan talqin) deb tavsiflaydi.
Alisher Navoiyning "Sab`ai sayyor"i tuzilish jihatidan oldingi dostonlaridan farq qiladi. Bu farq dostonning qoliplovchi qissa va turkum hikoyalar usulida yozilganidan ham bilinadi. Bu ham xamsanavislik an’anasining muhim detallareidan biridir. Ammo oldingi dostonlarda qoliplovchi qissa va etti hikoya alohida-alohida bo’lib tuyuladi. Alisher Navoiy esa o’z dostonida ettinchi musofir tomonidan aytilgan hikoyatni qoliplovchi qissa voqealari (Dilorom sarguzashti) bilan bog’laydi. Natijada doston qurilishida yaxlitlik maydonga keladi.
"Sab`ai sayyor"ning qoliplovchi qissasi Bahrom va Dilorom sarguzashtlaridan iborat. Qissa Bahrom yoki Diloromning tug’ilish voqealari bilan emas, balki voyaga etgan shoh Bahromning ov jarayonida rassom Moniy bilan uchrashuvi, undan Dilorom tavsifini eshitib, suratini ko’rib, unga oshiq bo’lib qolish voqeasi bilan boshlanadi. Bundan ko’rinadiki, "Sab`ai sayyor"dagi qoliplovchi qissaning, ya`ni Bahrom va Dilorom qissasining boshlanishi "Farhod va Shirin", "Layli va Majnun"larning boshlanishidan farq qiladi. Chunki ularda voqealar Farhod va Majnunning tug’ilishidan boshlanadi.
Demak, Alisher Navoiy har bir dostonni undan kuzatgan g’oyaviy-estetik mazmun mohiyatidan kelib chiqib asardagi voqealar bayonining qurilmasini belgilayli.
Yazdijurd o’g’li Bahrom otasidan so’ng o’zining qahramonligi – sherni yenggani bilan podshohlik toju taxtini qo’lga kiritadi. Mamlakatda adolat va osoyishtalikni o’rnatishga intiladi va shuning bilan birga go’r-qulon oviga ham beriladi. Shundan uni Bahromi go’r deb atash ham odat bo’lib qoladi. Ov jarayonining birida Bahrom rassom Moniy bilan uchrashib, go’zal Dilorom va uning ta`rifi hamda Moniy chizgan rasmni ko’rib, unga oshiq bo’lib qoladi. Diloromni Xojasidan Xito mulki evaziga sotib olib, saroyiga keltiradi. Dilorom go’zallikda, xulqu atvorda hamda chang cholishda nodirai davron bo’lganidan Bahromni o’ziga maftun etadi. Natijada, Bahrom mamlakatdorlik ishlari bilan shug’ullanishdan ko’ra ko’proq aysh-ishratga beriladi, Diloromning suhbati, musiqasi, san`atisiz tura olmaydigan bo’ladi. hatto ov jarayonida ham bu hol davom etadi. Ana shunday ov jarayonlaridan birida Bahromning kiyik ovlash-otishdagi mahoratini Dilorom "mashqning kamoloti natijasi" deb baho berishi mast mag’rur podshoh Bahromning g’azabini keltiradi. Bahrom Diloromni jazolaydi: qo’l-oyog’ini sochlari bilan bog’lab, dasht-sahroda tashlab ketadi. Mastligi tarqalgan Bahrom Diloromni yonida ko’rmay, uni so’raganida, unga bo’lib o’tgan voqeani bayon qiladilar. Bahrom o’sha dasht-sahroga boradi, ammo Diloromni topa olmay qaytib keladi. Shundan so’ng Bahrom Diloromni qumsab, kasal bo’lib qoladi. Uni davolashga harakat qildilar, natija bermaydi. Nihoyat yetti go’zal qasr bino qilib, unga etti malikani keltiradilar. Bahrom shanba kunidan boshlab, haftaning har kuni bir qasrda bo’lib, turli o’lkalardan kelgan musofirlarning qiziqarli, shuning bilan birga katta ma`rifiy ahamiyatga molik hikoyalarini eshitadi. Yettinchi qasrda musofir tomonidan aytilgan hikoyada Diloromning dasht-sahroda tashlab ketilgandan keyingi sarguzashtlari bayon qilingach, Bahrom Dilorom daragini topib, uni Xorazmdan olib keltiradi va yana ayshu ishrat hamda ovga beriladi. Ana shunday ov jarayonining birida botloq er ularning hammasini yutadi. qoliplovchi qissa ana shunday yakunlanadi.
Bahrom va Dilorom sarguzashtlaridan iborat bo’lgan qoliplovchi qissada ikki masala badiiy tarzda hal qilingan. Ulardan biri podshoh-oshiq masalasi bo’lsa, ikkinchisi podshoh-hukmdor masalasidir. Bu masala, ya`ni Bahrom kim bo’lishi kerakligi masalasi qissaning qahramoni Bahromning o’zi tomonidan ham muhokama qilingan. Bu haqda Alisher Navoiy dostonning o’n beshinchi - "Bahromning ishq tug’yonidin bexirad…" deb nomlangan bobida alohida to’xtaladi. Unda Bahromning o’zi bu ikki yo’ldan birini - yo haqiqiy hukmdor - podshoh bo’lish yoki haqiqiy oshiq bo’lishni tanlashi lozimligini tushunadi. Shunday bo’lsa-da, Bahrom podshoh bo’la turib, oshiq bo’lishni ham istaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |