Amir Temur va Temuriylar davrida Markaziy Osiyo
REJA:
1. XIVasr o‘rtalarida Movarounnahrdagi ijtimoiy-siyosiyvaziyat
2. Amir Temurning siyosat maydoniga kirib kelishi
3. Amir Temur tomonidan markazlashgan davlatning tuzilishi
4. AmirTemur buyuk davlat arbobi va mohir sarkarda
5. Amir Temur davlatining ichki va tashqi siyosati
Tayanch tushunchalar
Siyosiy tarqoqlik. Amir Temur. Amir. Markazlashgan davlat. Amir Temur harbiy yurishlari. Anqara jangi. Amir Temur saltanati. Sohibqiron. “Temur Tuzuklari”. “Yevropaning xoloskori”. Temuriylar. Shoxruh Mirzo. Mirzo Ulug’bek. Abservatoriya.
XIV asr o’rtalarida Chingizxon egallab olgan yerlar uning merosxo’rlari qo’l ostida bo’lsa ham, bu yerlar mayda bo’laklarga bo’linib ketib, ularda toju-taxt, hokimiyat uchun o’zaro nizolar kuchayib ketgan edi. Chig’atoy ulusidagi barqarorlik Qozonxon vafotidan so’ng (1336-1347) barham topdi. Siyosiy va iqtisodiy inqiroz Amir Qazog’on (1347-1357) davrida yanada avj oldi. Amir Qazog’on fitna natijasida o’ldirilgach, XIV asrning 50-60-yillarida Chig’atoy ulusiga qarashli Movarounnahr hududida 10 ga yaqin mustaqil bekliklar vujudga keldi (Xorazmda so’fiylar, Qashqadaryoda barloslar, Ohangaron vodiysida jaloyirlar, Buxoroda sadrlar, Termiz atrofida sayidlar amirlari va boshqalar). Mustaqil bekliklarga bo’linish oqibatida beklar o’rtasida doimiy nizo, janjallar yuzaga keldi. Yurt butunligiga jiddiy havf ostida qoladi.
Mana shunday qaltis vaziyatda siyosiy kurash maydoniga yosh Amir Temur kirib keldi. Amir Temur, (to’liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag’ay ibn Amir Barqul) 1336 yil 9 aprelda Kesh, hozirgi Shahrisabz shahri yaqinidagi Xoja Ilg’or (hozirgi Yakkabog’ tumani) qishlog’ida barlos urug’ining oqsoqollaridan hamda Chig’atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan Amir Tarag’ay (?-1360) oilasida dunyoga keldi. Amir Temurning onasi Takina xotun (taxm. 1318-1353) buxorolik.
Amir Temurning yoshligi Keshda kechdi. Yetti yoshga to’lgach, otasi uni o’qishga beradi. Shayx Shamsuddin Kulol (?-1360 yilgacha, Kesh) Temurbekning piri bo’lgan. U yoshlik chog’laridanoq maxsus murabbiylar nazorati ostida chavandozlik, ovchilik, kamondan nishonga o’q uzish, boshqa turli mashq va harbiy o’yinlar bilan mashg’ul bo’lgan. Shu asnoda Amir Temur tulporlarni saralab ajrata oladigan mohir chavandoz va dovyurak bahodir bo’lib voyaga yetgan. Amir Temur tabiatan og’ir, bosiq, teran fikrli va idrokli hamda nihoyatda ziyrak, kishilardagi qobiliyat, fazilat, ayniqsa, samimiyatni tezda fahmlab oladigan inson bo’lgan. Amir Temur o’zining ilk harbiy faoliyatini qo’l ostidagi navkarlari bilan ayrim viloyat amirlariga xizmat qilishdan boshlagan. Xondamirning yozishicha, otasi amir Tarag’oy Amir Temurni avval (1355) amir Joku barlosning qizi Nurmushk og’oga, so’ngra o’sha yili (1355) Qazag’onning nabirasi va amir Husaynning singlisi O’ljoy Turkon og’oga uylantiradi.
1348 yil taxtni egallagan Tug’luq Temur 1360-1361 yillarda Movarounnahrga harbiy yurishlarni amalga oshirdi. Og’ir pallada siyosat maydoniga kirgan 24 yoshli Temur xalq bilan birga bo’lishga intilib, boshqacha yo’l tutadi. U 1360 yilning boshida Tug’luq Temur tomonidan Keshga yuborilgan beklar bilan kelishib, xon xizmatiga kiradi. Natijada Tug’luq Temurning yorlig’i bilan o’z viloyatining dorug’asi (hokim) etib tayinlanadi. Biroq, Movarounnahrning hukmdori etib tayin qilingan Ilyosxo’ja va uning lashkarboshisi amir Bekkichik bilan Amir Temurning murosasi kelishmay qoladi. Shu sababdan 1361 yilning oxirida u mamlakatni tark etishga majbur bo’ladi.
Amir Temur Xivaning janubida, Urganjiy dashtida Tug’luq Temurning yana bir raqibi - qaynog’asi Amir Husayn (Husain ibn Musallab – ?-1370) bilan uchrashadi. Amir Xusayn bilan Sohibqiron Temurning bir-birlari bilan juda yaqinlashgan va yaxshi munosabatda bo’lgan davrlar 1361-1365 yillarni o’z ichiga oladi. Dastlab ular Tug’luq Temurning farmoniga binoan Amir Temurni ta’qib qilishga kirishgan Xiva dorug’asi To’qol (Tavakkal) bilan jang qiladilar va uni tor-mor keltiradi. Biroq ushbu jang oqibatida Sohibqiron g’oyat og’ir ahvolga tushadi. 1362 yil bu vaziyatdan xabar topgan Maxon (hozirgi Mari yonida) hokimi turkman Alibek Joniqurbon Ilyosxo’jaga yoqish maqsadida Temurni qo’lga oladi va zindonga tashlaydi. Temur zindonda 62 kun tutqunlikda hayot kechirgan. Bunday og’ir vaziyatda unga turkmanlarning sanjari qabilasi boshlig’i Muborakshoh yordam beradi.
1362 yilning kuzida Seyistonda viloyat (Eron va Afg’oniston chegarasida joylashgan tarixiy viloyat) hukmdori Malik Qutbiddinning tarafida turib mekroniylar bilan bo’lgan to’qnashuvda Amir Temur o’ng kafti va o’ng oyog’idan jarohatlandi. Buning oqibatida u bir umr oqsoqlanib yuradi. Shu bois undan dahshatga tushgan dushmanlari hasad bilan “Temurlang” deb atashgan. Ikki oy mobaynida Temur Garmsirda davolandi. So’ngra Balxga yo’l oldi. Bu yerda hal qiluvchi jangga tayyorgarlik ko’rdi.
1363 yil Tug’luq Temur vafot etib, Mo’g’ulistonda xonlik taxtini Ilyosxoja egallaydi. Amir Husayn va Amir Temur 1364 yil oxirida mo’g’ullarni Movarounnahrdan quvib chiqaradilar. Biroq Movarounnahrni qo’ldan chiqarishni istamagan Ilyosxo’ja 1365 yilning bahorida yana Movarounnahr ustiga qo’shin tortadi. Ikki o’rtadagi jang Toshkent bilan Chinoz o’rtasidagi Chirchiq daryosi bo’yida (Nizomiddin Shomiyning «Zafarnoma»siga ko’ra 1360 yil 16 iyunda) Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”siga binoan 1365 yil 22 mayda sodir bo’ladi. Tarixda u “Jangi loy” – “Loy jangi” nomi bilan shuhrat topadi. Ilyosxoja esa hech qanday qarshilikka uchramay Xo’jand, Jizzax va boshqa bir qancha shahar hamda qishloklarni egallab, Samarqand ustiga yuradi. Samarqand o’sha paytlarda katta qo’shinga qarshilik ko’rsata olmasdi. Sarbadorlar shahar mudofaasini o’z qo’llariga oldilar. Shahar mudofaachilariga Madrasa tolibi ilmlaridan Mavlonozoda Samarqandiy, jun (paxta) tituvchilar mahallasining oqsoqoli Abu Bakr Kuluyi (Kalaviy) Naddof va mergan mavlono Xurdaki Buxoriylar boshchilik qiladilar. Sarbadorlar Samarqand shahrida mo’g’ullarga qaqshatqich zarba beradilar.
Sarbadorlarning Ilyosxo’ja ustidan g’alabasi butun Movarounnahrga ovoza bo’ldi. Bu paytda Keshda bo’lgan Amir Temur bu xabarni Amudaryo bo’ylarida bo’lgan Amir Xusaynga yetkazdi. 1366 yilning bahorida ular Samarqandga yetib keladilar va shahar yaqinidagi Konigil mavzeyiga kelib tushadilar. Beklar sarbadorlarning yetakchilari bilan muzokara olib boradilar. 1366-1370 yillar davomida Amir Temur va Amir Xusayn o’rtasida bir necha bor o’zaro to’qnashuvlar ham bo’ladi.
1370 yilning bahorida Amir Temur butun qo’shinlari bilan kuchli raqib-Balx hukmdori Amir Husaynga qarshi yo’lga chiqadi. Sayyid Baraka Amir Temur faoliyatini qo’llab-quvvatlab, unga Oliy hokimiyat ramzi tabl (nog’ora) bilan yalovbayroq tortiq qilib, uning buyuk kelajagidan bashorat qiladi. 1370 yilning 10 aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo’ladi. Amir Husayn qatl etiladi. 1370 yilning 11 aprelida Chig’atoy ulusining bek va amirlari, viloyat va tumanlarning dorug’alari, Amir Temurning quroldosh do’stlari, shuningdek, Amir Temurning piri Sayyid Baraka ishtirokida qurultoy o’tkaziladi. Qurultoyda Amir Temurning hukmdorligi rasman tan olinib, u Movarounnahrning amiri deb e’lon qilinadi. Xon taxtiga “soxta xon” Chingizxon naslidan Suyurg’otmish (1370-1388) o’tqazildi. Keyinchalik Amir Temur Xorazmga qilgan 4-yurishidan qaytib kelgach, Buxoroda olamdan o’tgan Suyurg’atmishxon o’rniga uning o’g’li Sulton Mahmud (1388-1404) rasmiy ravishda xon sifatida taxtga o’tqazilgan. Amalda markaziy hokimiyatni Amir Temur o’zi boshqardi. Samarqand davlat poytaxti deb e’lon qilindi. Samarqandda mustahkam devorlar, qal’alar hamda saroylar barpo etiladi1.
Amir Temur Movarounnahrning qonuniy hukmdori bo’lib olgach, mamlakat hududlarini birlashtirishga kirishdi. Amir Temur hukumronligining dastlabki yillarda mamlakat sarhadlari xavfsizligini ta’minlashga katta ahamiyat berdi. Isyonchi amirlarga qarshi shafqatsiz kurash olib bordi. Sharqiy hududlarni mo’g’ullar ta’siridan ozod yetish uchun 1370 yil oxiri va 1371 yil boshida Sharqiy Turkiston tomon yurish qilinadi. Mo’g’ul xoni Kepak Temurga qaqshatqich zarba berilishi orqasida Farg’ona vodiysi hududlarini, O’tror, Yassi (Turkiston) va Sayramni o’z tasarrufiga oldi. 1370-1371 yillarda Hisor, Badaxshon, Qunduz kabi viloyat amirlari ham Amir Temur hokimiyatini tan olib, unga bo’ysundilar. 1370 yil kuzi va 1371 yil bahorida amir Zinda Chashmga zarba berib, Afg’oniston Shimolidagi Shibirg’on viloyati bo’isundirildi. Balx va Toshkent viloyatlari ham Amir Temur hokimiyatini tan oldilar.
Amir Temur o’z saltanati tarkibiga Xorazm mulkini ham qo’shib olish uchun besh marotaba (1371, 1373, 1375, 1379, 1388) harbiy yurish qildi. 1388 yilda hududlari Amir Temur davlatiga bo’ysundirildi.
Yigirma yil (1371-1390) mobaynida Sohibqiron Mo’g’ulistonga yetti marta yurish qilib, mo’g’ul hukmdorlari Anqoto’ra va Kamariddin ustidan g’alaba qozondi.
Tez orada u qo’shni davlatlar va xalqlar ustiga yurish qilib, ularni o’ziga bo’ysundirish va markazlashgan buyuk saltanat barpo etishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ydi. Bu davrda Oltin O’rda, Xuroson va Erondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat uning uchun juda qo’l keldi. Amir Temur harbiy yurishni Xurosondan boshladi. 1381 yil u Hirotni egalladi. Saraxs, Jom va Qavsiya shaharlari jangsiz taslim bo’ldi. Xuroson, xususan uning poytaxti Hirot strategik jihatdan muhim ahamiyatga ega bo’lib, Eron, Iroq, Shom va boshqa mamlakatlarga o’tishda ko’prik vazifasini o’tardi. 1381-1384 yillar davomida Amir Temur Eronning katta qismini egalladi. Avval 1381 yilda Kalot, Turshiz va Sabzavor, 1382 yilda Tus, Qalot shaharlari, 1383 yilda esa butun Xuroson va Mozandaron (Erondagi tarixiy viloyat) bo’ysundiriladi.1384 yilda esa Astrobod viloyati va Ozarbayjonning Omul, Sori, Sultoniya va Tabriz shaharlari ham bo’ysundirildi.
Amir Temur Eron, Ozarbayjon, Iroq va Shom (Suriya) ustiga uch marta lashkar tortdi. Bu yurishlar tarixda “uch yillik(1386-1388)”, “besh yillik (1392-1396)” va “yetti yillik (1399-1404)” urushlar nomi bilan mashhur. Uch yillik harbiy yurishlarda Eron, Ozarbayjon, Gruziya, Armaniston) oqibatida Janubiy Ozarbayjon, Iroqning Shimoliy qismi, Gurjiston va Van ko’li atrofidagi yerlar egallandi.
Amir Temurning “uch yillik” urushlari davrida Shimoliy-g’arbdan, ya’ni Oltin O’rda tomonidan bo’layotgan tazyiqqa barham berish maqsadida To’xtamishga qarshi uch marta qo’shin tortishga majbur bo’ldi. U 1389 yilda Dizaq (Jizzax)ning Achchiq mavzeida, 1391 yilning 18 iyunida (hozirgi Samara bilan Chistopol shaharlari oralig’ida joylashgan Qunduzcha (Kondurcha) daryosi vodiysida va nihoyat, 1395 yilda (28 fevral) Shimoliy Kavkazda Terek daryosi bo’yida To’xtamish qo’shiniga qaqshatqich zarba beradi. Amir Temur harbiy yurishlari oqibatida Quyi Itil (Volga) viloyatlari, Saroy Berka, Saroychik va Hojitarxon (Astraxan) kabi shaharlar egallandi. Amir Temur To’xtamishni quvib Ryazan viloyatigacha bordi va Yelest shahrini ishg’ol qildi. Rossiya tarixchilari B.D.Grekov va A.Yu.Yakubovskiylarning ta’kidlashicha, Amir Temurning To’xtamish ustidan qozongan g’alabasi faqat O’rta Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek, Rus knyazliklarining birlashishlari uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan edi.
Shundan so’ng Amir Temur butun e’tiborini Eron, Iroq, Suriya, Kichik Osiyo va Hindiston yerlarini uzil-kesil zabt etishga qaratdi. U besh yillik (1392-1396) urush davomida G’arbiy Eron, Iroq (1393 yil 22 avgustda Bag’dod shahri zabt etilgan) va Kavkazni egalladi, natijada muzaffariylar va jaloiriylar sulolasining hukmronligi barham topdi.
Amir Temurning Hindiston ustiga qilgan urushi 1398 yil maydan-1399 yil martigacha davom etgan. Sohibqiron juda ko’p qullar va boyliklarni, shu jumladan 120 jangovar filni qo’lga kiritadi va ularni 1399 yil may oyida o’z poytaxti Samarqandga olib keladi. Bular orasida ko’zni qamashtiruvchi juda katta, olovdek yonib turgan qip-qizil javohir – “Chirog’i olam” alohida qimmatga ega edi. Yoqutning yuziga buyuk Amirning nomi o’yib yoziladi va Samarqanddagi yigirma besh ming noyob javohirlar qatoridan joy oladi.
Amir Temurning 1399-1404-yillarda olib borgan harbiy yurishlari natijasida Shomning Halab (Aleppo), Xums, Baalbek (Ba’albak), Dimishq (Damashq) kabi yirik shaharlari va Iroqi Arabilaning Ubuliston o’lkasi (qadimgi Kappadokiya) bilan Bag’dod, shuningdek Turkiyaning katta qismi zabt etiladi. Keng ko’lamli harbiy yurishlar natijasida Sohibqiron Amir Temur saltanatining chegarasi Usmonli turklar davlati chegarasiga borib taqaldi. Bu davrda Yaqin Sharqda Usmonli turklar, shuningdek Misr sultoni al-Faraj (1399-1405) ning, shuningdek, jaloiriylar (1336-1432) va qoraquyunlilar (1380-1468) ning siyosiy va harbiy qudrati oshib, Temur saltanatining janubi-g’arbiy viloyatlariga xavf solina boshlanadi. Bu urushning ochilishiga asosiy sabab bo’ldi. Ziddiyatlarni diplomatik yo’l bilan hal qilish maqsadida ikki tomon o’rtasida 4 marta xat almashish tashabbuskori bo’lgan. Biroq Sulton Boyazid esa har safar qaysarlik, manmanlik qilib, hatto Amir Temur nomiga nomaqbul so’zlarni yozgan. Natijada Amir Temur urush boshlashga sabab bo’ladi.
Amir Temur bilan Sulton Boyazid qo’shinlari o’rtasidagi hal qiluvchi jang 1402 yil 20 iyulda Anqara yaqinida, Chubuq mavzeyida sodir bo’ladi. Bu jang tarixda “Anqara jangi” deb ataladi. Uch kun davom etgan bu jangda turk qo’shinini tor-mor etadi.
Sulton Mahmud Boyazid I Yildirimni asir olishga muvaffaq bo’lgan. U bilan birga xotini serb malikasi Olivera, o’g’illari Muso va Iso Chalabiylar ham asirga tushdilar. So’ng, Amir Temur Anadolu yarim orolini egallab, O’rta dengizning Sharqiy sohilida joylashgan Izmir shahrini zabt etdi va salibchilarning Yaqin Sharqdagi oxirgi qarorgohiga barham berdi. So’ngra, Egey dengizida joylashgan Xios va Lesbos orollaridagi Genuya mulklarining hukmdorlari unga taslim bo’ldilar, Misr ham o’z itoatkorligini izhor etdi. Amir Temur Anqara, Nikeya, Bursa va Izmir shaharlarini egallab, Vizantiya va butun xristian olamining Boyazidga yig’ib bergan bojlaridan iborat katta boylikni qo’lga kiritdi. Boyazid ustidan qozonilgan buyuk g’alaba bilan Amir Temurni Frantsiya qiroli Karl VI (1380-1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399-1413) hamda Kactiliya va Leon qiroli Genrix III (1390-1407) tabriklab, unga o’z muboraknomalarini yuboradilar.
Amir Temur Kichik Osiyodan Samarqandga qaytgach, 1404 yil 27 noyabrida 200 ming qo’shin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. 1405 yil 18 fevral kuni buyuk jahongir Sohibqiron Amir Temur vafot etdi. Amir Temurning jasadi Samarqandga olib kelinib dafn qilinadi.
Amir Temurning davlat boshqaruv tizimi butun hududda yagona markazlashgan siyosiy tartib asosiga qurilgan edi. U dunyoning 27 o’lkasi va viloyatlarni zabt etib, Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors qo’ltig’iga qadar g’oyat katta hududni qamrab olgan markazlashgan ulkan saltanatga asos soldi. Bundan tashqari Amir Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Shimoliy-g’arbda Quyi Volga, Don buylari; Shimoliy-Sharqda Balxash ko’li va Ili daryosigacha; janubiy-Sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo’lgan mamlakatlar buysundirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |