2-bob. Akademiyada o‘qishga nomzodlarni saralab olish
5. Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
6. Akademiyada o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va belgilangan maxsus talablariga asosan shaxsiy va ishchanlik qobiliyatlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha maxsus tadbirlar DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli bo‘linmalari tomonidan DXX hamda PDXXning alohida ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Akademiyada o‘qishga vatanparvar, keng tafakkur va dunyoqarashga, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega, intellektual rivojlangan, chet tillardan birini umumiy o‘rta ta’lim darajasida o‘zlashtirgan va yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega yoshlarni jalb qilish maqsadida DXXning rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot tadbirlari amalga oshiriladi.
8. Targ‘ibot-tashviqot tadbirlari jarayonida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, harbiy xizmat va harbiy xizmatchi kasbining mazmun-mohiyati, majburiyatlari, harbiy soha mutaxassisligini tanlashga ongli munosabat va qiziqishlarini mustahkamlash borasida tushuntirish ishlari olib boriladi. Bunda:
yoshlarning DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning vakillari, shuningdek, faxriylari bilan uchrashuvlari tashkil etiladi;
Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tartibi va shartlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga Akademiyaga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlarni hamda Akademiyadagi hayotni aks ettiruvchi ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari tayyorlanadi va tarqatiladi;
akademik litseylar, umumta’lim maktablari va professional ta’lim muassasalari bitiruvchi-o‘quvchilariga DXX hamda PDXX harbiy xizmatchisining kasbi, Akademiyaga tayyorgarlik ko‘rish va kirish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazish maqsadida “ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etiladi.
9. Akademiyaga o‘qishga tanlov boshlanganligi to‘g‘risida qabul yilidan oldingi yilning 10-oktabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon beriladi. Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar qabul yilidan oldingi yilning 10-noyabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan belgilangan namunadagi elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘ldiradilar. Elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirgan nomzodlarga anketa-so‘rovnomalar qabul qilinganligi yuzasidan 3 kun ichida elektron tarzda xabar yuboriladi va ular o‘qishga nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Elektron anketa-so‘rovnomalarni noto‘g‘ri to‘ldirgan nomzodlar 1 kun ichida anketa-so‘rovnomalarni qayta to‘ldirishi mumkin.
10. O‘qishga nomzodlar quyidagi bosqichlarda tanlovlardan o‘tadi:
dastlabki saralab olish;
maxsus kasbiy tanlash;
test sinovlari.
11. O‘qishga nomzodlarning ro‘yxati Akademiya tomonidan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida shakllantiriladi hamda dastlabki saralab olish bosqichini o‘tkazish uchun qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabriga qadar DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli bo‘linmalariga taqdim etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |