[
OKOZ:
1.13.00.00.00 Ta’lim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Ta’lim / 13.01.01.00 Umumiy qoidalar]
[
TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Ta’lim]
O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasining
qarori
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 14-martdagi PF-5379-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga jismonan sog‘lom, ma’naviy yetuk va intellektual salohiyatga ega nomzodlarni saralab olish hamda qabul qilishning samarali tizimini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida o‘qishga nomzodlarni saralab olish tartibi;
nomzodlarga beriladigan imtiyozlar;
nomzodlarni Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga o‘qishga qabul qilish qoidalari.
2. Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 3-iyundagi 141-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2014-y., 6-son, 58-modda) bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta’lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomning 1-bandi ikkinchi xatboshisidagi “O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi” so‘zlaridan keyin “Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi” so‘zlari qo‘shilsin;
3. Mazkur qaror 2021-yil 1-sentabrdan boshlab kuchga kiradi.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi A.A. Azizov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 27-aprel,
241-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 27-apreldagi 241-son qaroriga
ILOVA
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga (keyingi o‘rinlarda — Akademiya) bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibini belgilaydi.
2. Akademiya tayanch oliy harbiy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (keyingi o‘rinlarda — DXX) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati (keyingi o‘rinlarda — PDXX) faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlaydi.
3. Akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga, qoidaga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining bitiruvchilari bo‘lgan, erkak jinsidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.
Akademiyaga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qishga sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra yaroqli deb topilgan, bo‘yi 170 sm dan past bo‘lmagan hamda belgilangan tartibda tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgan quyidagi yosh chegaralaridagi nomzodlar qabul qilinadi:
o‘n yetti yoshdan yigirma uch yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n yetti yoshga to‘ladigan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarining
bitiruvchilari;
o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan, shu jumladan o‘qishga qabul qilingan yili o‘n sakkiz yoshga to‘ladigan, ofitsyerlar tarkibi harbiy unvonlariga ega bo‘lmagan, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega rezervdagi harbiy xizmatga majburlar;
o‘n sakkiz yoshdan yigirma besh yoshgacha bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ma’lumotga ega, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli va kontrakt asosida harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar;
yigirma olti yoshgacha bo‘lgan va Akademiyada bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan respublika oliy ta’lim muassasalarining 1- va 2-kurs (qabul yilida) talabalari. Bunda, saralab olishning barcha bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Akademiyada o‘qishni birinchi kursdan boshlaydi.
4. Akademiyada o‘qishga qabul qilish uchun saralab olish teng huquqlilik va adolat tamoyillari asosida amalga oshiriladi.
2-bob. Akademiyada o‘qishga nomzodlarni saralab olish
5. Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish ushbu Nizomga 1-ilovada keltirilgan sxemaga muvofiq tashkil etiladi.
6. Akademiyada o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlarning sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va belgilangan maxsus talablariga asosan shaxsiy va ishchanlik qobiliyatlarini chuqur o‘rganish bo‘yicha maxsus tadbirlar DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli bo‘linmalari tomonidan DXX hamda PDXXning alohida ichki idoraviy hujjatlari talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
7. Akademiyada o‘qishga vatanparvar, keng tafakkur va dunyoqarashga, yuksak ma’naviy-axloqiy sifatlarga ega, intellektual rivojlangan, chet tillardan birini umumiy o‘rta ta’lim darajasida o‘zlashtirgan va yaxshi jismoniy tayyorgarlikka ega yoshlarni jalb qilish maqsadida DXXning rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ibot-tashviqot tadbirlari amalga oshiriladi.
8. Targ‘ibot-tashviqot tadbirlari jarayonida yoshlarda harbiy-vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, harbiy xizmat va harbiy xizmatchi kasbining mazmun-mohiyati, majburiyatlari, harbiy soha mutaxassisligini tanlashga ongli munosabat va qiziqishlarini mustahkamlash borasida tushuntirish ishlari olib boriladi. Bunda:
yoshlarning DXX bo‘linma va organlari
hamda PDXXning vakillari, shuningdek, faxriylari bilan uchrashuvlari tashkil etiladi;
Akademiyaga o‘qishga qabul qilish tartibi va shartlari, muddatli harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilarga va kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarga Akademiyaga o‘qishga kirishda beriladigan imtiyozlarni hamda Akademiyadagi hayotni aks ettiruvchi ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari tayyorlanadi va tarqatiladi;
akademik litseylar, umumta’lim maktablari va professional ta’lim muassasalari bitiruvchi-o‘quvchilariga DXX hamda PDXX harbiy xizmatchisining kasbi, Akademiyaga tayyorgarlik ko‘rish va kirish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yetkazish maqsadida “ochiq eshiklar kuni” tadbirlari tashkil etiladi.
9. Akademiyaga o‘qishga tanlov boshlanganligi to‘g‘risida qabul yilidan oldingi yilning 10-oktabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon beriladi. Tanlovda qatnashish istagini bildirgan nomzodlar qabul yilidan oldingi yilning 10-noyabriga qadar DXXning rasmiy veb-saytida joylashtiriladigan belgilangan namunadagi elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘ldiradilar. Elektron anketa-so‘rovnomalarni to‘g‘ri to‘ldirgan nomzodlarga anketa-so‘rovnomalar qabul qilinganligi yuzasidan 3 kun ichida elektron tarzda xabar yuboriladi va ular o‘qishga nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
Elektron anketa-so‘rovnomalarni noto‘g‘ri to‘ldirgan nomzodlar 1 kun ichida anketa-so‘rovnomalarni qayta to‘ldirishi mumkin.
10. O‘qishga nomzodlar quyidagi bosqichlarda tanlovlardan o‘tadi:
dastlabki saralab olish;
maxsus kasbiy tanlash;
test sinovlari.
11. O‘qishga nomzodlarning ro‘yxati Akademiya tomonidan hududlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) kesimida shakllantiriladi hamda dastlabki saralab olish bosqichini o‘tkazish uchun qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabriga qadar DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli bo‘linmalariga taqdim etiladi.
1-§. Dastlabki saralab olish
12. Dastlabki saralab olish bosqichida nomzodlarning umumta’lim
darajasidagi bilimlari, ma’naviy-axloqiy sifatlari, individual psixologik, psixofiziologik xususiyatlari, sog‘lig‘i va jismoniy tayyorgarligi, harbiy ixtisoslikning zamonaviy talablariga javob bera olish qobiliyati, g‘oyaviy-ruhiy barqarorligi hamda intellektual salohiyati aniqlanadi.
13. Dastlabki saralab olish nomzodlarning yashash, o‘qish, xizmat joyi bo‘yicha DXX bo‘linma va organlari, PDXXning tegishli organlari hamda Akademiya mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi.
14. Dastlabki saralab olish bosqichida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
dastlabki saralab olish test sinovlari;
hujjatlarni to‘plash va dastlabki o‘rganish;
individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish;
dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning dastlabki bosqichi.
15. Dastlabki saralab olish test sinovlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi (keyingi o‘rinlarda — Davlat test markazi) va uning hududiy bo‘limlari tomonidan DXX bilan tuzilgan shartnoma asosida nomzodning ona tili, O‘zbekiston tarixi, matematika hamda chet tili fanlaridan bilim darajasini aniqlash maqsadida qabul yilidan oldingi yilning 15-noyabridan 15-dekabrigacha o‘tkaziladi.
Bunda, test sinovlarida ishtirok etish uchun nomzodlardan (to‘liq davlat ta’minotidagi shaxslar bundan mustasno) bazaviy hisoblash miqdorining yarim baravari miqdorida to‘lov undiriladi.
Test topshiriqlari shakli (fan mazmuni tarkibi,
savollar soni, topshiriqlar turi, vaqt me’yori), baholash mezonlari, test sinovini o‘tkazish muddatlari Davlat test markazi va Akademiya tomonidan tasdiqlanadi hamda ularning rasmiy veb-saytlariga test sinovlari bo‘lib o‘tishidan kamida bir oy oldin joylashtiriladi.
Test sinovlari natijalari Davlat test markazi tomonidan test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin 5 ish kuni ichida Akademiyaga taqdim etiladi va DXXning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Dastlabki saralab olish test sinovlari natijalari bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning kamida 30% (o‘ttiz foiz) ini to‘plagan nomzodlar saralab olish tadbirlarining keyingi bosqichlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.
16. Nomzodning hujjatlarini to‘plash va dastlabki o‘rganishda DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli organlari tomonidan qabul yilidan oldingi yilning 20-noyabridan 31-dekabrigacha nomzod to‘g‘risidagi zarur ma’lumotlar tahlil qilinadi (oilaviy ahvoli va boshqalar). Bunda, nomzodlarning ijtimoiy faolligi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy fazilatlari va ishbilarmonlik xususiyatlari suhbat o‘tkazish orqali aniqlanadi hamda harbiy xizmatchi kasbini tanlash bilan bog‘liq sabablarga aniqlik kiritiladi.
17. Nomzodlarning ijtimoiy faolligi, dunyoqarashi, ma’naviy-axloqiy fazilatlarini va ishbilarmonlik xususiyatlarini aniqlash quyidagi mezonlar asosida amalga oshiriladi:
nomzodlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushunishi, davlatni va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish asoslarini bilishi, shuningdek, fuqarolik huquq va majburiyatlarini anglashi;
yuqori darajadagi hushyorlik hamda yot g‘oya va mafkuralarga nisbatan qat’iyat bilan
kurashish zarurligini anglashi;
burch va mas’uliyatni his etishi, qat’iyatlilik, tashabbuskorlik, mehnatsevarlik va halollik kabi fazilatlarga egaligi;
jamoaning ijtimoiy hayotida faol qatnashishi;
zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalana olishi va yetarli bilim-ko‘nikmalarga ega bo‘lishi;
nomzodning xizmat (mehnat) faoliyatida, ilgari o‘qigan ta’lim muassasasida erishgan natijalari.
18. Hujjatlarni to‘plash va dastlabki o‘rganish jarayonida sohaning o‘ziga xos xususiyatlari va belgilangan maxsus talablar nuqtai nazaridan mos kelmagan nomzodlar dastlabki saralab olishning keyingi bosqichlariga qo‘yilmaydi.
19. Nomzodlarni individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish DXX tomonidan ishlab chiqilgan metodikaga muvofiq qabul yilidan oldingi yilning 15 — 31-dekabr kunlari DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning tegishli organlari mutaxassis-psixologlaridan tashkil topgan psixologlar guruhi (keyingi o‘rinlarda — psixologlar guruhi) tomonidan amalga oshiriladi.
Psixologlar guruhi tarkibiga respublikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan tegishli mutaxassislar shartnoma asosida jalb qilinishi mumkin.
20. Individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish natijalari asosida psixologlar guruhi tomonidan nomzodlar bo‘yicha quyidagi xulosalar beriladi:
Akademiyada o‘qishga tavsiya etiladi;
Akademiyada o‘qishga tavsiya etilmaydi.
Individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish natijalari bo‘yicha Akademiyada o‘qishga tavsiya etilmagan nomzodlar saralab olishning keyingi bosqichiga qo‘yilmaydi.
21. Nomzodlarni dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, nomzodlar sog‘lig‘ining harbiy xizmatga yaroqliligini tekshirish maqsadida DXXning hududiy harbiy-tibbiy komissiyalari tomonidan qabul yilidan oldingi yilning dekabr oyida amalga oshiriladi.
Dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha nomzodning Akademiyada o‘qishga yaroqliligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar saralab olishning keyingi bosqichiga qo‘yilmaydi.
22. Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning dastlabki bosqichi joylarda tegishli mutaxassislar tarkibida tashkil etiladigan Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan qabul yilining yanvar oyida mazkur Nizomga 2-ilovada keltirilgan metodikaga muvofiq amalga oshiriladi.
23. Sport ustasi unvoni yoki sport ustasiga nomzodlik to‘g‘risidagi tegishli hujjatni taqdim etgan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ozod etiladi.
24. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning dastlabki bosqichida qoniqarsiz natija ko‘rsatgan nomzodlarga qo‘shimcha ravishda o‘z ustida ishlash bo‘yicha tavsiyalar va jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichida qayta jismoniy tayyorgarlik sinovlarini topshirish uchun imkoniyat beriladi.
2-§. Maxsus kasbiy tanlash
25. Maxsus kasbiy tanlash bosqichining asosiy maqsadi Akademiyada o‘qishga nomzodlarning sog‘lig‘i, DXX va PDXX harbiy xizmatchisi kasbini egallash sabablari, mustahkam ma’naviy-axloqiy va intellektual salohiyatni aniqlashdan iborat.
26. Maxsus kasbiy tanlash bosqichida quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi:
hujjatlarni yakuniy o‘rganish;
jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichi;
yakuniy suhbat;
yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish.
27. Dastlabki saralab olish bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlarga nisbatan hujjatlarni yakuniy o‘rganish DXX va PDXX harbiy xizmatchilariga qonun hujjatlarida belgilangan maxsus talablarni inobatga olgan holda qabul yilining yanvar — aprel oylarida amalga oshiriladi.
Belgilangan maxsus talablarga mos kelmagan nomzodlar sabablari oshkor etilmagan holda maxsus kasbiy tanlashning keyingi bosqichlariga qo‘yilmaydi.
28. Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichi joylarda tegishli mutaxassislar tarkibida tashkil etiladigan Jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha maxsus komissiyalar tomonidan mazkur Nizomning 2-ilovasidagi metodikaga muvofiq qabul yilining mart-aprel oylarida amalga oshiriladi.
29. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichida belgilangan me’yoriy talablarning barchasini muvaffaqiyatli bajargan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichidan “o‘tgan” deb hisoblanadi.
30. Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholashning yakuniy bosqichidan o‘tmagan nomzodlar maxsus kasbiy tanlashning keyingi bosqichga qo‘yilmaydi.
31. Nomzodlar bilan yakuniy suhbat o‘tkazish DXX bo‘linma va organlari hamda PDXXning vakillaridan iborat tarkibda tuzilgan yakuniy suhbat o‘tkazish komissiyalari tomonidan nomzodning
kasb tanlash sabablari, ma’naviy-axloqiy fazilatlari, umumiy dunyoqarashi, qiziqishlari, ijtimoiy faolligi, ta’lim muassasasidagi fanlarni o‘zlashtirish darajasini har tomonlama o‘rganish, kelgusida DXX va PDXXning ofitserlik lavozimlarida xizmat faoliyatini davom ettira olishga munosibligini aniqlash hamda kollegial tarzda xulosa chiqarish asosida qabul yilining aprel-may oylarida amalga oshiriladi.
32. Yakuniy suhbat o‘tkazish komissiyalari tomonidan quyidagilar to‘g‘risida xulosalar beriladi:
Akademiyada o‘qishga tavsiya etiladi;
Akademiyada o‘qishga tavsiya etilmaydi.
Yakuniy suhbat o‘tkazish natijalariga ko‘ra Akademiyada o‘qishga tavsiya etilmagan nomzodlar maxsus kasbiy tanlashning keyingi bosqichiga qo‘yilmaydi.
33. Nomzodlarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-dekabrdagi PQ-4076-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tinchlik va urush davrida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, DXXning markaziy poliklinikasi va hududiy boshqarmalarda tashkil etilgan maxsus harbiy-tibbiy komissiyalar tomonidan qabul yilining iyun oyida amalga oshiriladi.
Yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha nomzodning Akademiyada o‘qishga sog‘lig‘iga ko‘ra yaroqliligi to‘g‘risida xulosa beriladi.
Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Akademiyada o‘qishga yaroqsiz deb topilgan nomzodlar test sinovlariga qo‘yilmaydi.
34. Dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash bosqichlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar Akademiyaga o‘qishga kirish uchun o‘tkaziladigan test sinovlarida qatnashish, shuningdek, test sinovlari vaqtida nomzodlarga belgilangan imtiyozlardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritadi.
3-§. Test sinovlari
35. Test sinovlarini o‘tkazish tartibi va muddati Davlat test markazi tomonidan Akademiya bilan kelishilgan holda belgilanadi.
36. Test sinovlari bloklari Akademiya ta’lim yo‘nalishlari ro‘yxatiga muvofiq Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi (keyingi o‘rinlarda — Davlat komissiyasi) tomonidan tasdiqlanadi.
Test sinovlarining natijalari test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin 5 kun ichida Akademiyaga taqdim etiladi va DXXning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
37. Nomzod umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘rgangan chet tillaridan birida imtihon topshiradi.
38. Oldingi o‘quv yili uchun qabul jarayonida o‘tkazilgan test sinovlarida belgilangan ballni to‘play olmagan, tibbiy ko‘rik natijalari bo‘yicha ma’lum cheklovlar berilgan va/yoki individual psixologik va psixofiziologik o‘rganish natijalari hamda jismoniy tayyorgarlik darajasi bo‘yicha o‘qishga kirish uchun tavsiya etilmagan nomzodlarga keyingi o‘quv yilida Akademiyada o‘qish uchun hujjat topshirishga umumiy asoslarda bir martadan ko‘p bo‘lmagan imkoniyat beriladi.
3-bob. Nomzodlarga
beriladigan imtiyozlar
39. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2012-yil 31-maydagi PQ-1765-son qaroriga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan va Akademiyaga o‘qishga imtiyozli kirish uchun harbiy qismlar qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomalariga ega bo‘lgan fuqarolarga test sinovi natijalari bo‘yicha ular to‘plagan ballning 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
40. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiylari va uning tarkibiga kiruvchi vazirlik hamda idoralarning xodimlari va ularning oila a’zolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2018-yil 14-maydagi PQ-3726-son qaroriga muvofiq:
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tarkibiga kiruvchi vazirliklar va idoralarning kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitsyerlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarining va Milliy gvardiyaning xizmatdagi xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga kirish huquqidan foydalanadi;
harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chog‘ida halok bo‘lgan, shuningdek, harbiy xizmat majburiyatini (xizmat majburiyatini) bajarish chog‘ida yarador bo‘lishi, kontuziya, shikastlanish yoki kasalliklar oqibatida nogiron bo‘lib qolgan kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan ofitsyerlar, serjantlar va oddiy askarlar tarkibidagi harbiy xizmatchilarning va Milliy gvardiya xodimlarining tegishli vazirlik hamda idoralar tavsiyanomalari berilgan farzandlari dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Akademiyaning belgilangan qabul kvotasidan tashqari test sinovlarisiz o‘qishga kirish huquqidan foydalanadi.
41. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari serjantlarining maqomi to‘g‘risida” 2004-yil 12-apreldagi 170-son qaroriga muvofiq:
“Ilg‘or serjant” nominatsiyasida respublika turining g‘oliblari bo‘lgan serjantlar dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Davlat komissiyasining qarori bilan test sinovlari topshirmasdan o‘qishga qabul qilinadilar;
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining serjantlar tarkibi lavozimlarida 5 yil benuqson xizmat qilgan serjantlarga esa ijobiy tavsifnomalar, qo‘mondonlik, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikda yutuqlari mavjud bo‘lgan taqdirda, Akademiyaga o‘qishga qabul qilishda to‘planishi mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 20 foizi miqdorida qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi.
42. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va Davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 28-iyundagi PQ-4375-son qaroriga muvofiq:
“Temurbeklar maktabi” hamda “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylari bitiruvchilari Akademiyaga o‘qishga kirishda Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishidagi imtiyozdan foydalanadi;
imtiyozli diplom olgan DXX “Temurbeklar maktabi” hamda “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseylarining bitiruvchilari
Akademiyaga test sinovlarisiz, dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida o‘qishga kirish huquqidan foydalanadi.
43. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qaroriga muvofiq, asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3-o‘rinlarni egallagan shaxslar 3 yil muddat davomida amal qiluvchi ixtisoslik fani bo‘yicha sertifikat asosida Akademiyaga test sinovlarida, imtiyoz sifatida, maksimal ball to‘plagan hisoblanadi.
44. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 22-apreldagi PQ-4296-son qaroriga muvofiq, Akademiyaga kursantlarni qabul qilishning umumiy sonidan “Mehribonlik” uyi va Bolalar shaharchasining bitiruvchilari bo‘lgan chin yetimlar uchun ular dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda, qo‘shimcha ravishda bir foizgacha qabul kvotalari ajratiladi.
45. Nomzod bir vaqtning o‘zida ushbu Nizomning 39 — 44-bandlarida ko‘rsatilgan imtiyozlarga ega bo‘lsa, u tomonidan to‘plangan ballar yig‘indisiga imtiyozlar bo‘yicha eng yuqori ball qo‘shiladi.
46. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2019-yil 3-maydagi PQ-4306-son qaroriga muvofiq asosiy olimpiadalarning respublika bosqichida 1 — 3 o‘rinlarni egallagan ishtirokchilarga uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikatga muvofiq ixtisoslik fani bo‘yicha kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqi beriladi, hamda Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI) g‘oliblari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mard o‘g‘lon” davlat mukofotini ta’sis etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 21-noyabrdagi PQ-3402-son qaroriga muvofiq, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va professional ta’lim muassasalarining o‘quvchilari dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash tadbirlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan taqdirda Akademiya qabul komissiyasining qarori bilan Akademiyaning belgilangan qabul kvotasi doirasida test sinovlarisiz qabul qilinadi.
Akademiyaga belgilangan qabul kvotasi doirasida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilishga tavsiya etilgan xalqaro olimpiadalar, xalqaro va respublika tanlovlari, musobaqalarining g‘oliblari hamda “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari bo‘lgan umumta’lim va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ro‘yxati Davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.
47. Akademiyaning qabul komissiyasi tomonidan qabul yilining 25-iyunigacha bo‘lgan muddatda xalqaro
va respublika olimpiadalari, “Ilg‘or serjant” nominatsiyasida respublika turi g‘oliblari, “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti sohiblari va xizmat majburiyatlarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlari xodimlarining farzandlari, DXX “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseyining imtiyozli bitiruvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlar o‘qish yo‘nalishi, shakli va tili ko‘rsatilgan holda Davlat test markazi va Davlat komissiyasiga taqdim etiladi.
Davlat komissiyasi DXX va PDXX taqdimnomalari asosida test sinovlari o‘tkazilguniga qadar ular bo‘yicha alohida qaror qabul qiladi.
48. Chet tilini bilish darajasi haqidagi xalqaro tan olingan sertifikat (TOEFL bo‘yicha kamida 72 yoki IELTS bo‘yicha kamida 5,5 ball, TestDaF (TDN3), CEFR bo‘yicha kamida V2) yoki Davlat test markazi tomonidan beriladigan chet tilini bilish darajasi haqidagi V2 va undan yuqori darajadagi sertifikat taqdim etganlarga chet tili fanidan to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball qo‘yiladi hamda ular chet tilidan test sinovlarida ishtirok etmaydi.
49. Davlat test markazi tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega bo‘lgan nomzodlarga sertifikatdagi o‘zlashtirish foiziga mos ravishda kirish test sinovlarida ushbu umumta’lim fanidan belgilangan maksimal ballga nisbatan tabaqalashtirilgan (proporsional) ball beriladi hamda ular ushbu fandan test sinovi topshirmaydi.
4-bob. Nomzodlarni Akademiyaga o‘qishga qabul qilish
50. Nomzodlarni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Akademiya qabul komissiyasi tuziladi.
51. Davlat test markazi tomonidan test sinovlari natijalari taqdim etilganidan keyin besh kun ichida Akademiya qabul komissiyasi o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
52. Akademiya boshlig‘ining buyrug‘i bilan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shakliga o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga kursant maqomi beriladi.
53. Akademiyaga qabul qilingan harbiy xizmatchilarning xizmat o‘tash joylariga ularning o‘qishga qabul qilinganligi bo‘yicha buyruqdan ko‘chirma yuboriladi.
54. Dastlabki saralab olish va maxsus kasbiy tanlash bosqichlari natijalari yuzasidan nomzodlarning ariza hamda shikoyatlarini ko‘rib chiqish uchun Apellatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellatsiya komissiyasiga taqdim etilgan ariza va shikoyatlar ular kelib tushgan kundan boshlab 10 ish kunidan oshmagan muddatda murojaat qilgan nomzod ishtirokida ko‘rib chiqiladi.
55. Test sinovlari natijasi bo‘yicha berilgan apellatsiya shikoyatlari Davlat test markazi tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
56. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
57. Ushbu Nizom yuzasidan kelib chiqadigan nizoli masalalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish tartibi hamda qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi ta’lim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish
SXEMASI