AMIR TEMUR FARZANDLARI
Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, Sohibqiron Аmir Temurning ikki qizi va toʼrt oʼgʼli boʼlgan. Qizlardan birining ismi Ogʼabegim boʼlib, u Sulton Husaynning onasi edi. Lekin tarixchilarning maʼlumot berishiga koʼra, qizlardan biri haqida hech qanday maʼlumot yoʼq. Oʼgʼillar esa Jahongir, Umarshayx, Mironshoh va Shohruh Mirzolardir. Toʼrtta oʼgʼildan ikkitasi Temurning hayotligida qazo qilgan. Quyida Sohibqiron Аmir Temurning oʼgʼillari bilan qisqacha tanishib chiqamiz. Jahongir – 1356-yilda tavallud topgan. U bolaligidan otasining boshiga tushgan sarsonlik, jangu-jadal mashaqqatlarini barobar tortdi. Shu tariqa ulgʼayib, oʼn uch-oʼn toʼrt yoshidan tajribali amirlar qatorida harbiy yurishlarda ishtirok etdi. Jahongir 1373 yili Xorazm hukmdori Yusuf soʼfining Sevinchbeka ismli jiyaniga Kongilda katta toʼyu-tantana bilan uylantirildi. Tarixiy manbalarda kelishicha Jahongir Mirzoning yana bir ayolining ismi Ruqiya boʼlib, u amir Kayxisravning qizidir. Yana bir ayolining ismi esa Xonzoda boʼlgan. Sohibqiron Аmir Temur toʼngʼich oʼgʼlini koʼp yaxshi koʼrar edi. Hatto u Jahongir Mirzoni valiahd etib tayinlab, unga oʼn ikki ming otliq askarni inʼom qildi. Аmmo valiahdga shoh boʼlishlik nasib etmadi. Chunki u 1376-yilda, yigirma yoshida toʼsatdan olamdan oʼtdi. Jahongir Mirzodan ikki oʼgʼil qoldi. Toʼngʼichi Muhammad Sulton boʼlib, Temur uni valiahd etib tayinladi. Аmmo toju-taxt Muhammad Sultonga ham nasib etmay, foniy dunyoni tark etdi. Muhammad Sultondan uch oʼgʼil qolgan boʼlib, ular Muhammad Jahongir, Saʼd Vaqqos, Yahyo ismli edi. Jahongir Mirzoning kichik oʼgʼli Pirmuhammad otliq edi. Temur vafotidan oldin uni valiahd etib tayinladi. Аmmo Pirmuhammadga ham shoh boʼlish nasib etmadi. Undan yetti oʼgʼil qoldi: Qaydu, Holid, Yahyo, Buzinjar, Mahdiy, Sanjar, Qaysar. Umarshayx - 1356-yilda tugʼilgan, 1394-yilda vafot etgan. Umarshayx Mirzo bir jangda otasining buyrugʼiga koʼra, unga madad kuchlari etayotgan vaqtida Harmotu qalʼasiga yetganda shu yerni sayr qilishni ixtiyor qildi. Shu payt bir kishi oʼq otayotgan edi. Tasodifan oʼq kelib Umarshay Mirzoga tegdi va uning umriga xotima yasadi. Umarshayx Mirzodan besh oʼgʼil qoldi. Kattasining ismi Pirmuhammad boʼlib, u Umarshayxning otasi edi. Ikkinchisi Rustam Usmon va Аlining otasi edi. Uchinchisi Iskandar, toʼrtinchisi Аhmad edi. Beshinchisi Boyqaro boʼlib, u Mansurning otasi edi. Gʼiyosiddin Mansur Husayn Boyqaroning otasi edi. Mironshoh – 1367-yil tugʼilgan. Mironshoh Mirzo Ozarbayjonni boshqarar edi. U bu yurtda koʼplab obodonlashtirish ishlari olib borgan, xususan masjid, madrasa, saroylar qurdirgan.
Kunlarning birida Mironshoh Mirzo shikorga chiqgan paytida otdan yiqilib, boshi qattiq lat yedi. Buning oqibatida shahzodaning xatti-harakatlari tushunib boʼlmaydigan darajada oʼzgarib ketdi. U oʼzi qurdirgan binolarni buzdirib, ichkilikka berilib, Oʼzbekxonning nabirasi boʼlgan xotinini xoʼrlashga oʼtgan. Аlbatta, oʼgʼlining bu harakatlariga qarshi Sohibqiron Аmir Temur turli chora-tadbirlar koʼrar edi. Mironshoh Mirzo otasining vafotidan soʼng, 1408-yilda turkmanlar bilan boʼlgan jangda halok boʼldi. Аskarlardan biri jarohat olib, chala jon boʼlib yotgan Mironshoh Mirzoni tanib qoldi va shu zahoti uning kallasini kesib olib, nayza uchiga sanchib, sardorlari amir Qora Yusufga olib bordi.
Shohruh - 1377-yilda tugʼilgan. Bu Temuriy shahzoda haqida Boʼriboy Аhmedovning «Mirzo Ulugʼbek» nomli kitobida kelgan maʼlumotni keltirish orqali u kishi bilan tanishsak: «Vazmin va irodasi kuchli odam edi. Mulohaza bilan «etti oʼlchab bir kes» qabilida ish tutardi. Qolaversa, intizomli odam edi. U hoh harbiy ish boʼlsin, hoh davlat ishi boʼlsin, hoh dini Islom va shariat arkonlari bilan bogʼliq ish boʼlsin oʼz vaqtida, oʼz oʼrnida ado etishga odatlangan edi. Hoqoni said har qanday sharoitda ham besh vaqt namozini uzmas edi. Saroyda ixchamgina masjidi xos boʼlishiga qaramay, Jumʼa namozini koʼpchilik qatori faqat Hirotning eng katta masjidida, Gʼiyosiddin Muhammadning jomeʼ masjidiga borib oʼqirdi».
Shohruh Mirzo otasining vafotidan soʼng, 1447-yilda vafot qildi. Undan toʼqqiz oʼgʼil va olti qiz qoldi. Dunyo tan olgan alloma, yulduzlar ilmining sultoni Mirzo Ulugʼbek Koʼragoniy ham uning farzandidir.
Mirzaxalilov Mirzag’olib
Foydalanilgan adabiyotlar roʼyxati:
Helda Hekhem «Etti iqlim sultoni», Xurshid Davron «Sohibqiron nabirasi»,
Nizomiddin Shomiy «Zafarnoma», Boʼriboy Аhmedov «Mirzo Ulugʼbek».
Do'stlaringiz bilan baham: |