40.Temuriylar davrida xalqaro savdo masalasidagi munosabatlari.
Amir Temur ichki va tashqi savdo taraqqiyotiga katta ahamiyat berdi. Uning sa’y-harakati bois Buyuk ipak yo‘li tarmog‘i Movarounnahrga qaytdi, savdo yo‘llari xavfsizligiga, Sharq va G‘arb savdo munosabatlariga katta e’tibor bilan qaraldi. Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI ga yozgan xatidagi quyidagi mulohazalar e’tiborga sazovordir: “Siz o‘z savdogarlaringizni
mening saltanatimga yuboring, biz ularni iliq qarshi olib, izzat-ikrom ko‘rsatamiz. Biz ham o‘z savdogarlarimizni sizning yurtingizga yo‘llaymiz. Siz ham ularga hurmat ko‘rsating, ularga ortiqcha tazyiqlar qilinishiga yo‘l qo‘ymang. Sizga bundan bo‘lak talabim yo‘q. Zero dunyo savdo ahli ila obod bo‘lajak!” Shubhasiz, buyuk Amir Temurning yuqoridagi mulohazalari XXI asrdagi yangicha tartibdagi savdo-iqtisodiy munosabatlarda muhim o‘rin
egallaydi. Nizomiddin Shomiy o‘zining «Zafarnoma» asarida shunday deb yozgan edi:
«... Uning adolatiyu siyosati o‘rnatilgan kunlarda Movarounnahrning eng chekka joylaridangina emas, balki Xo‘tan chegarasidan Dehli va Kanboyit atroflarigacha, Bobul Avbobdan to Misr va Rum hududigacha bo‘lgan yerlardan savdogarlar u yoqda tursin, bolalaru beva xotinlar ham ipakli matolar, oltin-kumush va eng zarur tijorat mollarini keltirardilar va olib ketardilar. Hech bir kimsa ularning bir doniga ham ko‘z olaytira olmaydi va bir dirhamiga ham ziyon yetkazmaydi. Bu cheksiz ne’mat va poyonsiz marhamatlar Amir
Sohibqironning siyosati va adolati natijasidandur». 1404 yili Temur saltanatida bo‘lgan Rui Gonsales de Klavixo ham savdo-sotiq munosabatlarining yuqori darajada taraqqiy etganligini, savdo ahliga ko‘rsatilayotgan muruvvat, xavfsizlik choralari, Movarounnahr bozorlarining
serhashamligini alohida qayd etgan edi. Ta’kidlash joizki, Mirzo Ulug‘bek ham xalqaro savdo aloqalarida faol qatnashgan, Samarqanddagi yirik karvonsaroylardan biri unga tegishli bo‘lgan. Ushbu karvonsaroy “Mirzoyi” deb atalib, hozirgi Tillaqori madrasasining o‘rnida bo‘lgan. Mudofaa devorlari bilan mustahkamlangan karvonsaroylar, odatda katta savdo yo‘llarining chorrahalarida joylashgan. Karvonsaroylarning bir qismi shaharga ketaverishda, darvoza yonida, ayrimlari shahar ichida joylashgan. Yirik shaharlarda boshqa o‘lkalardan
kelgan savdogarlar uchun alohida karvonsaroylar qurilgan. Masalan, Buxoroda Urganch savdogarlari uchun “Urganjiy” karvonsaroyi barpo etilgan, shuningdek, eronlik va marvlik savdogarlar uchun ham alohida karvonsaroylar bo‘lgan. Ashtarxon va Bokuda esa alohida buxoroliklar karvonsaroylari bo‘lgan. Isfahonda samarqandlik va buxorolik savdogarlarning to‘xtash joylari bo‘lgan. Samarqandga chetdan keltirilgan mollar orasida Xitoydan kelgan
mahsulotlar muhim o‘rin egallagan. Shuningdek Rus, Volgabo‘yi, Hindiston, G‘arbiy Osiyo, Uzoq Sharq bilan ham qizg‘in savdo aloqalari olib borilgan. Chetdan Movarounnahrga teri, egar-jabduq, xurjun, zig‘ir tolasidan to‘qilgan gazlama, kamon o‘qlari, sadoq Rus va Volgabo‘yidan, Ispaniya va Italiya davlatlaridan qirmizi mato, kumush kosa, movut, junli kiyim, yupqa gazlama, Xitoydan va unga tobe yurtlardan suvsar va oq tulki mo‘ynalari, ov qushlari, shoyi matolar, naqshsiz atlas, Hindistondan ziravorlar, ayrim metallar va qimmatbaho toshlar, oq yupqa mato, shakar, dorivor o‘simliklar keltirilgan. Yevropadan keltiriladigan matolar orasida “farangi” nomli mato mashhur bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |