Xo’jalik yuritish samaradorligining mezon va ko’rsatkichlari
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish – korxona rahbariyatining doimiy vazifasidir.
Bu vazifani echish amaliyotda quyidagi omillar bilan bog’liq bo’ladi:
* bozor talablariga javob beruvchi yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarishda eng kam xarajatlar bilan ishlab chiqarishning maksimal hajmini ta’minlovchi, optimal ishlab chiqarish jarayonini tanlash;
* iste’molchilar talabini qondirishga yo’naltirilgan mahsulotni sotish va yuqori daromad (foyda) olish;
* aylanma vositalarni tejash imkoniyatini yaratuvchi optimal ishlab chiqarish zahiralarini yaratish.
Xo’jalik samaradorligini baholash, korxonada foydalaniladigan resurs turlari bo’yicha amalga oshirilishi va miqdor jihatidan o’lchanishi mumkin. Masalan, ishchi kuchidan foydalanish samaradorligini mehnat unumdorligi va mahsulotnig mehnat sig’imi ko’rsatkichlari yordamida quyidagi formula asosida baholash mumkin:
PT=Q/CH
Bu erda:
PT - mehnat unumdorligi;
Q - mahsulot hajmi qiymat ko’rinishida;
Ch - ishlovchilar (ishchilar) soni.
Korxona faoliyati samaradorligini oshirish yo’llari va omillari
Ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xo’jalik yuritishning bozor tizimi hamda har qanday davrning muhim talabidir. Samaradorlik istalgan korxonaning iqtisodiy barqarorligi va faoliyat yuritish qobiliyatini aks ettiradi. Har qanday ishda, jumladan, korxonalar faoliyatida samaradorlikning, ijobiy natijalarning mavjud bo’lmasligini, obrazli qilib aytganda, ovoragarchilik, vaqt, kuch va resurslarni yo’qotish bilan izohlash mumkin.
Fan-texnika taraqqiyoti korxonalarning ishlab chiqarish faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo’lib kelgan va hozirda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Mazkur omildan quyidagi yo’llar bilan foydalanish mumkin:
* ishlab chiqarish va mehnatni mexanizatsiyalashtirish, avtomatlashtirish hamda
kompleks ravishdagi mexanizatsiyalashtirish;
* asosiy texnologik jarayonlarni robotlashtirish;
* progressiv, mehnat hamda resurslarni tejashga yo’naltirilgan texnologik
jarayonlarni amaliyotga kiritish va ulardan keng foydalanish;
* xom ashyo va materiallar (mehnat predmetlari) zamonaviy turlarini yaratish va
ulardan foydalanish;
* ishlab chiqarishni tashkil qilish, rejalashtirish va boshqarish jarayonlarida
zamonaviy axborot texnologiyalaridan, hisoblash texnikasidan foydalanish;
* ishlab chiqarish va mehnatni ilmiy tashkil qilish.
Amaliyotda fan-texnika taraqqiyotining, jumladan, uning tarkibiy qismlarining ahamiyati va rolini inkor qiluvchi yoki tushunmovchi korxonani topish amrimahol. Biroq ushbu omilni amalga oshirish uchun faqatgina hohish va istaklarning o’zigina etarli emas. Buning uchun birinchidan, fan-texnika taraqqiyotining ayni paytda zarur bo’lgan yo’nalishlarini izlash va aniqlash, ikkinchidan, pul mablag’larini va boshqa zarur bo’lgan resurslar (investitsiyalar) izlab topish, uchinchidan, zamonaviy ilmiytexnikaviy ishlamalarga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari, konstruktorlik, texnologik va boshqa ilmiy muassasalar bilan kerakli aloqalarni “bog’lash”, to’rtinchidan, o’z ilmiy-texnikaviy maqsadlarining samaraliligini hisoblab chiqish talab qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |