MAVZUNING DOLZARBLIGI.
Mavzuning dolzarbligi shundan iboratki bugungi kunda kovrak (ferula) o’simligining o’ndan ortiq turlaridan farmatseftika, oziq-ovqat va boshqa sohalarda keng ishlatilishi, bu o’simliklarning tabiiy zaxiralarining tobora kamayib borishiga sabab bo’lmoqda, bu jarayon ferula turlarining yer yuzida yuqolib ketishiga olib keladi. Bu holatlarning oldini olish uchun ferula turlarining viloyatlarda katta-katta plantatsiyalarini yaratish va ularni yetishtirishning yuqori samarador texnologiyalarini ishab chiqish mavzuning ayni dolzarbligi hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo miqiyosida farmatsevtika sanoatining rivojlanishi natijasida dorivor oʼsimliklarga talab ortib bormoqda. Ularning biologik xilma-xilligini saqlash, noyob va iqtisodiy ahamiyatga ega boʼlgan turlarini aniqlash, bioekologik xususiyatlarini oʼrganish, ulardan oqilona foydalanish global muammolardan biri hisoblanadi. Shunga koʼra, kamayib borayotgan oʼsimlik turlarining biomorfologik xususiyatlarini oʼrganish, introduktsiya ishlarini olib borish, ulardan plantatsiyalar tashkil qilish, muhofaza qilish choralarini ishlab chiqish, ularni saqlab qolish boʼyicha tavsiyalar ishlab chiqish muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Jahonda tabiiy va antropogen omillar taʼsiri natijasida dorivor oʼsimlik turlarining kamayib ketish sabablarini aniqlash, ularni saqlab qolish va koʼpaytirish yoʼllarini takomillashtirish boʼyicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Аyniqsa, shifobaxsh oʼsimliklardan ApiaceaeLindl. oilasiga mansub Ferula L. turkumi turlaridan Ferula foetida (Bunge) Regel va Ferula. tadshikorum Pimenov oʼsimliklaridan olinadigan dorivor vositalarga boʼlgan talabning kundan-kunga kuchayib borishi oʼsimlikning biologik xilma-xilligi va ularning zahiralari kamayishiga sabab boʼlmoqda. Bundan tashqari ularning tabiiy koʼpayish imkoniyatlarining pastligi, antropogen omillar taʼsiri hamda bosim hududlarida joylashganligi, iqlim oʼzgarishi ularning qayta tiklanishiga salbiy taʼsir qilmoqda. Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 martdagi PQ-3617-son “Respublikada kovrak plantatsiyalarini tashkil etish va ularning xom ashyosini qayta ishlash, hajmlarini koʼpaytirish hamda eksport qilish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori, Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi PQ-4670-son “Yovvoyi holda oʼsuvchi dorivor oʼsimliklarni muhofaza qilish, madaniy holda yetishtirish, qayta ishlash va mavjud resurslardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi qarori hamda mazkur faoliyatga tegishli boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishda ushbu amaliy va nazariy ishi muayyan darajada xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |