Amaliy MASHG‘ULOT.
BIOLOGIYA (SITOLOGIYA VA GENETIKA ASOSLARI) NI O‘QITISHDA NAZARIY VA AMALIY MASHG‘ULOTLARNING BIRLIGINI AMALGA OSHIRISH YO‘LLARI.
Mashg‘ulotning maqsadi. Genetikadan masala va mashq bajarish metodikasi bo‘yicha nazariy bilimlarga, genetik simvollarni va amaliy jixatdan masala va mashqlar echishni mustaqil ravishda o‘rganish.
Mashg‘ulotning borishi.
1. O‘quvchilarning genetikadan masala va mashq bajarish metodikasi bo‘yicha nazariy bilimlarini faollashtirish.
2. Avlodlar shajarasini tuzish. ( geneologik usul).
3. Masala va mashqlar yechish.
Genetikadan masala yechish yoki mashq bajarish nazariy bilimlar qay darajada o‘zlashtirilganligiga uzviy bog‘liqdir. Agar o‘quvchi genetikadan zarur nazariy bilimga ega bo‘lmasa, hech qachon masala yoki mashqlarni ongli ravishda yecha olmaydi. Shunga ko‘ra, o‘qituvchi o‘quvchini masala, mashq yechishga o‘rgatishi ularga puxta va atroflicha bilim berishdan boshlanishi kerak.
Dastur talablariga mos bilimlarni o‘quvchilar puxta o‘zlashtirishi uchun har bir mavzu o‘tilayotganda o‘qituvchi tablitsa yoki natural ob’ektlar, diafilm, kinofilmlarni ko‘rsatish orqali uning xotirasi uchun tayyor bilim bermasdan, balki o‘quv materialini qismlarga (bloklarga) ajratgan holda ularning bilish faoliyatini aktivlashtirishi, mustaqilligini rivojlantirishi kerak.
Qayd qilingan usulni qo‘llashda muammoli ta’limdan foydalanish, dialog usulda dars o‘tish, ma’ruza o‘qish, doskadan keng foydalanish, ya’ni ota, ona va duragaylar turli bo‘g‘inlarining genotipini va fenotipini yozish, mono —, di —, poliduragaylardan gametalar olish, duragaylar orasidagi xilma-xillikni doskada analiz qilish yoki genlarning o‘zaro ta’sir mexanizmini yozib tushuntirish muhim ahamiyagga ega. O‘qituvchi dars o‘tish, ma’ruza o‘qish jarayonida albatta o‘quvchilarning fikrlash qobiliyatini rivojlantirib borishi, ya’ni o‘rganilayotgan materialni analiz, sintez qilishga, taqqoslashga, umumlashtirishga, induktiv yoki deduktiv usulda xulosa chiqarishga o‘rgata borishi lozim.
Tajribadan ma’lum bo‘lishicha, puxta bilim berish uchun butun mavzu yoki uning ma’lum qismi tushuntirib bo‘lingandan keyin, o‘zlashtirilgan bilim to‘g‘riligini tasdiqlash maqsadida har xil ko‘rgazmali qurollarni ko‘rsatish maqsadga muvofiqdir. Odatda, genetikadan masala echish yoki mashq bajarishdan oldin o‘qituvchi ularni qanday yechish kerakligini tushuntiradi. Masalalar bir necha xil tuzilgan bo‘lib, ular qanday tuzilganligidan qat’i nazar, o‘quvchilar ularning shartini, so‘ngra mazmuni va maqsadini bilib olishlari kerak. Shundan keyin nazariy bilimlarga suyangan holda ularni yechishga kirishish zarur.
Masala yechish uchun o‘quvchilar, genetik simvollarni yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lishlari shart. Masala yechishda o‘quvchilar, ko‘pincha masalalar to‘plami yoki masalalar yozilgan kartochkalardan foydalanadilar. Har bir o‘quvchi berilgan masala, mashqni mustaqil ravishda yechishi talab etiladi.
Dars jarayonida o‘qituvchi barcha talabalarning yechgan masalasini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Shunga ko‘ra, tajribadan ma’lum bo‘lishicha, 1, 2, 3 ta o‘quvchining echgan masalasini o‘qituvchi tekshirishi, agar masala yoki mashq noto‘g‘ri echilgan bo‘lsa, o‘qituvchi rahbarligida xatosi topilib to‘g‘rilanishi, to‘g‘ri yechilgan holda masala yechgan o‘quvchilar „yordamchi" qilib tayinlanishi va o‘qituvchining topshirig‘iga muvofiq boshqa o‘quvchilarning yechgan masala, mashqlarini tekshirishlari va ulgurmovchilarga amaliy yordam berishlari maqsadga muvofiqdir.
Masala yechayotganda „assistentlar" tayinlash katta tarbiyaviy ahamiyatga ega. Bu, birinchidan pedagogik jarayonni pedagoglar bilan o‘quvchilarning ta’lim maqsadlari sari bahamjihat harakat qilishga, ya’ni o‘qituvchi bilan o‘quvchi o‘rtasidagi munosabatlarda begonalikka barham beradi hamda ular o‘rtasidagi hamkorlik strategiyasiga asos soladi va pedagog - o‘quvchilar hurmati va ishonchini qozonib, ayni vaqtda ularni o‘zini anglash, o‘z harakatlarini, harakatlarining haqiqiy maqsadlari, motivlarini, yutuqlar va muvaffaqiyasizliklar sabablarini anglash qobiliyatini rivojlantiradi.
„Yordamchilar" ni tayinlash orqali o‘qituvchi, ikkinchidan, ular boshqa o‘quvchiga nisbatan puxta bilimga ega ekanligini ta’kidlab, ularni rag‘batlantiradi, uchinchidan esa boshqalarni ularga ergashishga undaydi. O‘quv jarayonini demokratiyalash har bir masalani yechayotganda assistentlar o‘zgarib turishini taqozo etadi.
Albatta, o‘quvchilarda masala yechish uchun zarur ko‘nikma va malaka birdaniga hosil bo‘lmaydi. O‘qituvchi oldida turgan asosiy vazifa shunday ko‘nikma va malakalarni shakllantira borishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |