Ramali musammani mahzuf
foilotun foilotun foilotun foilun
-V--/ -V--/ -V--/ -V-/
LUG’AT-
Maygun- may rangli, qizil rangli.
Ofarinish- yaratilish, vujudga kelish.
Diram- dirham
Af’i- 1. Katta ilon, zaharli ilon. 2. Majoziy ma’noda sevgilining sochi.
Nav’i- tur, jins.
Zul- zull, xorlik, haqirlik, zalillik.
Irsol- yuborish, yetkazish.
Mul- may, sharob.
G’ul- zanjir halqa, temir halqa.
Chug’ul- chaqimchi, g’iybatchi, ig’vogar.
Sifla- past, pastkash, xasis
Sharh va izohlar
Alisher Navoiyning ushbu g’azali an’anviy 7 baytdan iborat bo’lib, mazmunan oshiqona g’azal, unda mashuqa madhi, oshiq istiroblari o’ziga xos ravishda uyg’unlashtirilgandir.
Orazing shavqi damikim aylanur qonlig’ ko’ngul,
G’uncha yanglig’durkim, anda chirmashibdur bargi gul.
Yuzing chiroyi hamma joyga tarqalib ko’ngil qonga aylanadi. Ko’ngil g’uncha bo’lib gul bargiga chirmashadi.
Matla’da g’uncha va gul so’zlari orqali tanosub, qonlig’ ko’ngil-da istiora, g’uncha yanglig’da esa tashbih she’riy san’atlari keltirilgan.
Anglamon: gulrang ruxsoringda maygun labmudur,
Yo topibdur ofarinish bazmida gul uzra mul.
Angladimki, gulrang yuzingda may rangi kabi labmi, yoki guldan may yaratibdimi.
Bu baytda ruxsor va lab tanosub, gul va gulrang ishtiqoq, yo deb fikrdan qaytib ruju, chiroyli dalillab husni ta’lil she’riy san’atlari keltirilgan.
Ayladi ko’nglum gadoliqkim diram yanglig’ tugan,
Qo’ydi ishqing yo zakoti husnung ehson qildi pul.
Ko’nglim gadolik ayladi, dirham kabi tugadi, ishqing zakot quydi, husning pul ehson qildi.
Baytda zakot va ehson tazod, diram va pul tanosub, ko’ngli gadolik aylashi, ishq zakot quyishi, husn ehson qilishi tashxis she’riy san’atlari yuzaga kelgan.
Telbarab qochqon qulungmenkim, soching af’isidin
Ham ayog’imda erur zanjiru ham bo’ynumda g’ul.
Soching tolasidan qulundek telba bo’lib qochaman, ham oyog’imda zanjiq, ham bo’ynimda halqa.
Baytda soch va af’i, oyoq va bo’y, zanjir va g’ul so’zlarida tanosub, qulunmenkimda tashbih she’riy san’atlari keltirilgan.
Ko’zlaringkim turku tojik o’ldi ko’nglum mulkida,
Zulm etar ul nav’ikim bir kishvar ahlig’a chug’ul.
Ko’nglim mulkida ko’zlariningdan turku tojik o’ldi, usha jins bir kishvar ahliga g’iybat qilib zulm etadi.
Baytda ko’ngil mulki istiora, ko’zlarni zulm qilib, g’iybat qilishi tashxis she’riy san’atlari yuzaga keltirigan.
Ne tafovut sifla eldin xorlig’ yo ihtirom,
Kim bahoyimdin erur teng xoh izzat, xohi zul.
Nima farq bor xasis eldan xorliq yoki ihtirom ko’rish, bahoyim teng bo’ladi xoh izzatga, xoh xorlikka.
Baytda xorlik va ihtirom, izzat va zul so’zlari orqali tazod, xorliq va zul, izzat va ihtirom so’zlari orqali tanosub she’riy san’atlari yuzaga keltirigan.
Noma ko’p yozmish Navoiy, kimsa yo’q mahram magar,
Kim alar irsolig’a ham Tengri yetkurgay rusul.
Navoiy ko’p noma yozadi, lekin unga mahram yo’q, hatto yetkazishga ham hech kim yo’q, rasul o’zing Tangriga yetkaz.
Maqta’da yetkur va irsolig’a, Tengri va rusul so’zlari tanosub va munojot she’riy san’atlari keltirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |