2. Arablar bosqini va uning tarixiy bilimlar rivojiga ta`siri.
Arablar O`zbekiston hududiga 674 yildan boshlab bostirib kira boshladilar. 705 yildan boshlab arablarning O`zbekiston ustiga istilochilik yurishlari kuchaydi. Bunga arablarning Xurosondagi noibi Qutayba ibn Muslim (715 yili hozirgi Andijon viloyatining Jalolquduq tumanida, hozirgi Shurunch mozor, aslida Qilich mozor temir yo`l bekati yonida o`ldirilgan) boshchilik qildi.
Arab istilosi O`zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga katta zarar etkazdi, ko`plab katta va boy shaharlarning kuli ko`kka sovurildi, ming-minglab kishilarning «yostig`i quridi», Marv, Buxoro, Samarqand va Xorazm kutubxonalarida saqlanayotgan juda ko`p noyob asarlar yo`q qilindi.
O`zbekiston xalqlari arab istilochilariga qarshi bir necha bor qo`zg`alon ko`tardilar. Shular sirasida 769-776 yillarda butun Movarounnahrni larzaga solgan Muqanna (783 yili o`ldirilgan) boshchiligida bo`lib o`tgan qo`zg`alon tarixshunosligi mustaqillik yillarida alohida o`rganildi. Masalan G`ulom Karim «Muqanna qo`zg`oloni muarrixlar talqinida» // Ma`rifat, 2003 yil 8 fevral, 15 fevral, 15 may sonlarida.
Ibn Hakimxon Muqannaning nomi Ato bo`lgan deb yozadi. O`rta asrlarda yashagan arab muarrixi turkiy «ota» so`zini shunday yozgan bo`lishi mumkin. O`sha zamonda islomni qabul qilgan turonliklar asl turkiy va sug`diy nomlaridan tashqari, arabcha ism yoki laqablar ham olishi urf bo`lgan edi.
Shu narsa diqqatga sazovorki, qadimgi tarixiy manbalarda ham Muqanna qo`zg`oloniga turlicha munosabat bilan yondoshish hollari bo`lgan. O`rta asrlarda oq kiyimlilar harakatga maxsus bag`ishlab yozilgan asarlar qatorida Abubakr Narshaxiyning «Buxoro tarixi», Ibrohim ismli muarrixning «Axbori Muqanna» («Muqanna haqida xabarlar») kitoblari tilga olinadi. Akademik V.V.Bartol’dning taxminicha, bu asar muallifi asli kelib chiqishi turkiy xonadondan bo`lgan va arab tilida ijod qilgan mashhur shoir Ibrohim ibn Abbos as-Suliy bo`lishi kerak. Abu Rayhon Beruniy «Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar» asarida: «Muqanna haqidagi xabarlarni forschadan arabchaga tarjima qildim va ularni «Oq kiyimlilar va narmatiylar haqidagi xabarlar» nomli kitobimda to`la bayon etdim», deb ma`lum qiladi. Oq kiyimlilar qo`zg`oloniga, shuningdek, o`rta asrlarning Tabariy, Bal`aviy, Gardiziy, Abulfaraj Yahudiy, Ya`qubiy, Ibn al-Asir kabi ulkan muarrixlari o`z asarlaridan joy ajratishgan.
Muqanna qo`zg`oloni zamonaviy tadqiqotchi va adiblarni ham ilmiy va badiiy asarlar yaratishga ilhomlantirib kelmoqda. O`tgan XX asrda «oq kiyimlilar» harakati haqida Sadriddiy Ayniy, A.Yakubovskiy, T.Qodirova va Poyon Ravshanovlarning muhim tadqiqotlari yuzaga keldi. Atoqli shoir Hamid Olimjon «Muqanna» tarixiy dramasi, yozuvchi Mirzapo`lat Toshpo`latov «Sanam tog`idagi gulxan» tarixiy qissasini yozdi. Xorijiy mamlakatlarda ham ilmiy tadqiqotlar yaratilgan bo`lib, Eron yozuvchisi Saif Nafisiy va argentinamik jahonga mashhur adib Xorxe Luis Borxesning Muqanna haqida hikoyalar yozishgani ma`lum.
Arablar bosqini tarixiy bilimlar rivojiga ta`sir qilmasdan qolmadi. Insoniyat tarixida xalqlar hech qachon bir-biridan uzilib qolgan holatda yashamaganlar. Hayot dialektikasiga binoan bunday bo`lishi ham mumkin emas edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |