«XAMSA»NING YARATILISH JARAYONI
Alisher Navoiy «Xamsa»siiing yaratilish jarayoni jahon adabiyoti taraqqiyotidagi eng yorqin sahifalardan biridir. Abulqosim Firdavsiy shoh asari «Shohnoma»ni, Nizomiy Ganjaviy «Xamsa»sini 30 yil davomida, I. Gyote «Faust» tragediyasini umr bo‘yi (1773— 1832) yozgan bo‘lsalar, Navoiy o‘z «Xamsa»sining birinchi dostoni «Hayratul-abror»ga 1483 yilda kirishib, oxirgi dostoni — «Saddi Iskandariy»ni 1485 yilda yozib tugalladi va asarning oxirida butun «Xamsa»ni yozishga hammasi bo‘lib umuman ikki yil vaqti ketganini qayd etdi.
Ko‘ramizki, Navoiy «Xamsa» dostonlari ustida g‘oyat samarali ishlagan. 1483—1485 yillar Navoiy uchun eng sermahsul yillar bo‘lgan. Bu yillarni Aligeri Dantening «Ilohiy komediya» ustida (1307—1321), Vilyam Shekspirning «Yuliy Sezar» (1559), «Gamlet» (1601), «Otello» (1604), «Qirol Lir» (1605), «Makbet» (1606), «Antonio va Kleopatra» (1607) tragediyasi ustida, A. S. Pushkinning «Yevgeniy Onegin» (1823—1830) she’riy romani ustida ishlagan yillariga qiyoslash mumkin. Bu yillarda mazkur ijodkorlar o‘zlarining shoh asarlarini yozib tugallash bilan qattiq band bo‘lganlar. Shuningdek, Amir Xusrav Dehlaviy (1253—1305) ham o‘z «Xamsa»siga kirgan dostonlarini juda qisqa muddatda — «Shirin va Xusrav», «Majnun va Layloini 1298, «Matlaul-anvor» va «Oynayi Iskandariy»ni 1299, «Xasht behishtini 1301 yillarda yozib tugallagan.
Abdurahmon Jomiy ham «Tuhfatul-ahror», «Sibhatul-abror», «Yusuf va Zulayho», «Laylo va Majnun», «Xiradnomayi Iskandariy» dostonlarini 1481—1485 yillar davomida, ya’ni uzog‘i bilan besh yil davomida yozib bo‘lgan. Binobarin, biron muhim asarni mumkin qadar qisqa muddatda yozib tugallash masalasida Navoiy dastlab shu ikki alloma — Amir Xusrav va Abdurahmon Jomiydan saboq olgan, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Navoiy «Xamsa»sining yaratilishida uning buyuk zamondoshi, ustozi Abdurahmon Jomiy bosh maslahatchi rolini o‘ynagan, asar bitganda birinchi bo‘lib o‘qib chiqqan va unga munaqqid sifatida hammadan avval yuqori baho bergan.
Lekin bundan Navoiy «Xamsa»ni yaratish masalasi bilan faqat ikki-uch yil shug‘ullangan va «Xamsa» uning ikki-uch yillik ijodiy faoliyatining mevasi ekan-da, degan xulosaga kelish xato bo‘lur edi. O‘zbek tilida «Xamsa» yaratish uni juda erta — bolaligidan boshlab band etgan. Navoiy «Saddi Iskandariy» dostonining kirish qismida o‘z ulug‘ xamsanavis salaflariga murojaat qilib:
Kichik erkanimdan kelib qoshima,
Ulug‘ muddao soldingiz boshima, —
der ekan, ma’lum bo‘ladiki, unda «Xamsa» yaratish muddaosi kichikligidayoq paydo bo‘lgan. Buning uchun Navoiy bir umr tayyorgarlik ko‘rgan, o‘zidan oldin yaratilgan «Xamsa»larni qayta-qayta o‘qigan, mutolaa qilgan. Navoiyda yigitlik vaqtidayoq, agar u shunday katta ishga qo‘l uradigan bo‘lsa, ba’zi salaflari kabi o‘ttiz yilda emas, balki «o‘ttiz oy»da yozib tugallashga erishish niyati, orzusi («Bitigaymen o‘ttiz yilin o‘ttiz oy») bo‘lgan[1]. Bu uning ijodiy faoliyatining noyob xususiyatlaridan biri deb qaralishi kerak. Chunki boshqa asarlarini ham u mumkin qadar qisqa muddatda yozib tugallashga intilgan va ko‘p hollarda bunga muvaffaq bo‘lgan.
Lekin Alisher Navoiy katta she’riy iqtidorga ega bo‘la turib, «Xamsa» yozishga qirq ikki yoshida kirishdi. Shunda ham u o‘zini hali Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyga nisbatan «shogirdi bebizoat» (kamxarj shogird) deb hisoblar edi. Chunki uning fikricha, «Xamsa»dek buyuk va murakkab janrda qalam tebratadigan shoir yuksak she’riy iste’doddan tashqari katta hayotiy tajribaga ham ega bo‘lishi kerak edi. Bu albatta, undagi kamtarlik va odamiylik belgisi. Bu vaqtda u hali xalq orasida o‘z asarlari bilan keng tanilgan, tan olingan shoir bo‘lishi bilan birga hayotning ham achchiq-chuchugini, past-balandliklarini yetarli darajada tatib ko‘rgan, xuddi shu fursatda Xuroson mamlakatining bosh vaziri vazifasini bajarar, bu unga butun mamlakat, barcha ijtimoiy tabaqalar ahvoli bilan chuqur va batafsil tanishish imkoniyatini bergan edi. Xususan bu pallada Navoiyning avvalo shoir, qolaversa, katta davlat arbobi, mutafakkir sifatida badiiy asar orqali keng xalq ommasiga aytadigan gapi, dardi, fikr-mulohazalari ko‘nglida qalashib yotar edi. Shuning uchun «Xamsa»ning yaratilishi izohlarida birinchi o‘ringa adabiy faktlarni emas, balki hayotiy tajribani qo‘ysak, ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘ladi.
«Xamsa»ning yaratilishi jarayoniga diqqat bilan nazar solinsa, asar voqealari Navoiyning kundalik hayotidagi ijtimoiy-siyosiy voqea va hodisalar bilan bog‘liqligi, ularning uzluksiz ravishda shoir kayfiyatiga, ijodiga o‘z ta’sirini turli shakllarda ko‘rsata borishi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Navoiy o‘z yaratmoqchi bo‘lgan asarini katta tepalik (qulla)dagi toshdan ishlangan buyuk bir qal’a, ulkan bino («binoiy rafe’») shaklida tasavvur etadi:
Do'stlaringiz bilan baham: |