Nasihat mizojig‘a dargir yo‘q.
Kuchum yetmasu o‘zg‘a tadbir yo‘q.
Yarim yo‘lda qolmoq erur mushkul ish,
Manga tushgan ish kimsaga tushmamish.
Navoiy o‘z dostonlarini, xususan «Sab’ai sayyor»ni ortiqcha qiynalmasdan yozib tugallaganini bildiradi:
Yetishmay ko‘p ul ishta panjamg‘a ranj,
Nasib o‘ldi besh ganjdin to‘rt ganj.
Shu bilan birga besh mingcha baytdan iborat bu dostonni shoir to‘rt oyda yozib bitkazganini («to‘rt oydin ziyod emas») bildiradi va tarixini quyidagicha beggilaydi:
Garchi tarixi erdi sekkiz yuz
Seksan o‘tmish edi, yana to‘qquz;
Oyi onning «jumodiyus — soni»,
«Panjshanba» yozildi unvoni.
Bu — melodiy 1484 yilning iyun oyiga to‘g‘ri keladi. Abduljamil kotib ham uni shu yili oqqa ko‘chirgan. Navoiy rejasiga ko‘ra, «Sab’ai sayyor» «Xamsa»ning to‘rtinchi, «Layli va Majnun» esa uchinchi dostonidir. Binobarin, Navoiy 1484 yilning mart-aprel,may-iyun oylarida «Sab’ai sayyor» bilan mashg‘ul bo‘lgan bo‘lsa, «Layli va Majnun» dostonini «Farhod va Shirin»dan keyin yoza boshlagan va tamomlagan. Ya’ni uni shoir juda qisqa bir muddatda — 1484 yilning yanvar-fevral oylarida yozib tugallagan. Shu yilning iyun oyidan so‘ng shoir «Xamsa»sining so‘ngi dostoni — «Saddi Iskandariy»ni yarata boshlagan va 1485 yilning birinchi yarimlarida uni ham yakunlagan. Demak, ulug‘ shoir 1484 yil boshida «Farhod va Shirin»ni tugallab, shu yili «Layli va Majnun» va «Sab’ai sayyor» dostonlarini yozgan va yil o‘rtalarida «Saddi Iskandariy»ni boshlagan. Shoir xususan 1484 yil davomida mislsiz darajada samarali ijod qilgan. Shu yili u o‘rta hisob bilan kuniga kamida 50—100 baytdan yozgan va Sharq she’riyati ijodiy tajribasida yuksak mahorat namunasini ko‘rsatgan. Ya’ni Navoiy butun yil davomida buyuk ijodiy pafos bilan yashagan va ishlagan. Binobarin, u «Xamsa» dostonlarini zo‘rma-zo‘rakilik, kuchanish bilan emas, haqiqiy she’riy ilhom bilan yaratgan. Poetik shavq-zavq butun yil davomida uning hamrohi bo‘lgan.
To‘g‘ri, Navoiy «Xamsa» ustida ishlash og‘ir bo‘lganidan ham ko‘z yummaydi. «Xamsa»ni yaratish jarayonida u behisob qiyinchiliklarga duch kelgan. Bu ishning o‘z mushkulliklari bo‘lishi ham tabiiy edi. Ammo har qanday qiyinchiliklarga qaramay shoir tinmay oldinga, maqsadga talpingan, tirmashib bo‘lsa ham yuksaklarga intilgan:
Talab yo‘lida tolpina, tirmana,
Ne dushvor manzilg‘a yetmak yana!
Lekin bu ijodiy ishning o‘ziga xos xususiyatidir. «Xamsa» yaratishdek murakkab va, Navoiy iborasi bilan aytganda, «dushvor ish»ning qiyin bir tomoni shundaki, yangi «Xamsa» yaratmoqchi bo‘lgan odam o‘z salaflarining «Xamsa»larini harf-harfigacha bilishi, shu bilan birga uning rivojiga o‘zidan yangiliklar qo‘shishi kerak edi. Navoiy «Xamsa» dostonlarini yaratishiga qadar Nizomiy, Xusrav Dehlaviy va boshqalarning shu tip asarlarini chuqur o‘rgangan bo‘lsa ham, lekin u bu bilan qoniqmay, o‘z «Xamsa»sini yozish jarayonida ham ularning asarlarini yangidan o‘qib, yangidan mutolaa qilib turgan. Shu bilan birga Navoiy xoh tarixiy mavzuda qalam tebratmasin, xoh folklor mavzuida yozmasin, o‘z salaflari ko‘rmagan adabiyotlarni ham o‘qishga, xalq orasidan hech kim eshitmagan qissa va afsonalarni ham to‘plab, ularni o‘rganishga, shu asosda yangi gap aytishga, yangi qahramonlarni topishga, ularni yozma adabiyotga olib kirishga, o‘z salaf-ustozlarining kamchilik va xatolarini takrorlamaslikka, she’riyat ummonidan ular termagan dur va javohirlarni qo‘lga kiritishga harakat qilgan. Masalan, u ikkinchi dostoniga oid forsiy, turkiy yozma va og‘zaki manbalarni, tarix saboqlarini o‘rganar ekan, ular orasidan mahorat bilan «Farhodi mahzun dostoni»ni ajratib, tanlab ola bildi. U o‘ziga murojaat qilib, avvalo, tarix kitoblarini o‘rganishga («Burun jam’ et nekim bo‘lg‘ay tavorix»), asosiy diqqatni Farhod obraziga qaratishga («Borida ista bu farxunda tarix») chaqirdi. Shunday chuqur ilmiy tahlil asosida u mehnat kishisi, olijanob Farhodni ikkinchi dostonining bosh qahramoni qilib oldi.
«Sab’ai sayyor» va «Saddi Iskandariy» dostonlarini yaratishda ham shoir shu xil ishlarni amalga oshirdi. Navoiy davriga kelib tarix ko‘p jihatdan buzilgan, o‘zgartib yuborilgan, mavjud adabiyotlarda esa behisob o‘zaro ixtiloflar bor edi. Navoiy Bahrom haqida doston yozishga kirishar ekan:
Do'stlaringiz bilan baham: |