ALISHЕR NAVOIY RUBOIYLAR
BADOYI’ UL-BIDOYA»DAN
* * *
Yo rabki, inoyatingni yor ayla manga,
Yo‘qluqqa hidoyatingni bor ayla manga,
Har kahfi kifoyatingni dor ayla manga,
Har durri inoyating nisor ayla manga.
* * *
Jonimdog‘i «jim» ikki dolingg‘a fido,
Anding so‘ng «alif» toza niholingg‘a fido,
«Nun»i dog‘i anbarin hilolingg‘a fido,
Qolg‘on iki nuqta ikki xolingg‘a fido.
* * *
Gar oshiq esang, zebu takallufni unut,
Yaxshiyu yamon ishda taxallufni unut,
O‘tgan gar erur yamon, taassufni unut,
Kelgan gar erur yaxshi, tasarrufni unut.
* * *
Ey ishq, aning ko‘yida tavfi haram et,
Bizni dog‘i ul tavfg‘a boshla, karam et,
Bir doira ko‘yi tegrasida raqam et,
Gar chiqsa ayog‘im, raqamingdvn qalam et.
* * *
Yoshimg‘a bag‘ir qoni chu erdi monand,
Ko‘z asradi yoshdek bo‘lub andin xursand.
Turmadi ko‘zumda yetkach ul sarvi baland,
Bo‘lmas kishi farzandi kishiga farzand.
* * *
Ko‘zum uchadur, magarki yorim keladur,
Es har dam ozar, magar nigorim keladur.
Yo bodiyayi firoq sayrida qilib
Yuz marhala qat’ shahsuvorim keladur.
* * *
La’lingni qilib nuktasaro, ey qaroko‘z,
Ishq ahli hayotig‘a yaro, ey qaroko‘z.
Chekma yana surma ko‘z aro, ey qaroko‘z,
El jonig‘a qilma ko‘z qaro, ey qaroko‘z.
* * *
Jonbaxsh labing chashmayi hayvonmu emas?!
Hajridin oning ichim to‘la qonmu emas?!
Har qatrayi qon la’li Badaxshonmu emas?!
Har porayi la’li javhari jonmu emas?!
* * *
Gar oshiq esang, mehru vafo qilma havas,
Dard istavu daf’ig‘a davo qilma havas,
Hijronu visol mutlaqo qilma havas,
Dildoringdin g‘ayri rizo qilma havas.
* * *
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu mehribon bo‘lmas emish.
Oltun qafas ichra gar qizil gul butsa,
Bulbulg‘a tikandek oshyon bo‘lmas emish.
* * *
Kim istasa saltanat, saxodur anga shart,
Har va’daki aylasa, vafodur anga shart.
Kim faqr talab qilsa, fanodur anga shart,
Ollig‘a nekim kelsa, rizodur anga shart.
* * *
Bir gul g‘amidin dedim qo‘yay bag‘rima dog‘,
Bergaymu debon atri dimog‘img‘a farog‘,
Bargin chu mulavvas ayladi bum ila zog‘,
Emdi oni islamoqqa yuz hayf dimog‘.
* * *
Ko‘nglumni g‘amu dard ila qon ayladi ishq,
Ko‘z yo‘lidin ul qonni ravon ayladi ishq,
Har qatrani bilmadim qayon ayladi ishq,
Bedil ekanim buyla ayon ayladi ishq.
* * *
Zohid senu hur, manga jonona kerak,
Jannat sanga bo‘lsun, manga mayxona kerak.
Mayxona aro soqiyu paymona kerak,
Paymona necha bo‘lsa, to‘la yona kerak.
* * *
Yoshung‘on emish qaro bulutg‘a mohim,
Gardunni sovurmog‘lig‘ erur dilxohim.
Kirmish qaro tufroqqa quyoshdek shohim,
Nevchun qaro qilmasun quyoshni ohim?!
* * *
Ko‘nglum gulu sarv mayli qilmas, netayin?
Sarvu gul ila dame ochilmas, netayin?
Dar sho‘x ko‘runsa, ko‘zga ilmas, netaynn?
Bir sho‘xkim, ul tilar — topilmas, netayin?
* * *
Dedim zaqaning tutub saqog‘ingni o‘pay,
Ko‘z qoshingga surtubon qabog‘ingni o‘pay,
Guldek yuzung islabon, dudog‘ingni o‘pay,
Yo‘q, yo‘q, yo‘q, agar desang ayog‘ingni o‘pay.
Do'stlaringiz bilan baham: |