Bitiruv ishi tuzilmasining tavsifi. Bitiruv ishi annotatsiya, kirish qismi, ikki bob, umumiy xulosalar hamda foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxatidan iborat.
I BOB. “Shaxsni tavsiflovchi so‘z birikmalari” mavzusini o‘qitishda assesment metodidan foydalanishning nazariy masalalari .
1.1. “Shaxsni tavsiflovchi so‘z birikmalari”mavzusini o‘qitishning nazariy asoslari
O‘zbek tilshunosligida tilimizning mohiyati, uning xilma-xil muammolarini yoritishga bag‘ishlangan ko‘plab tadqiqotlar yaratilgan va yaratilmoqda.Bugun o‘zbek tilshunosligi turkiy tilshunosliklar orasida peshqadamlardan ekanligi ham mubolag‘a emas1. Darhaqiqat, tilimiz jonkuyari N.Mahmudov ta’kidlaganidek,“o‘zbek tilining mustaqillik sharoitida rivoji bilan bog‘liq jarayonlarni xolis va ilmiy nazariy asoslarda tadqiq etishni yanada muntazamlashtirish maqsadga muvofiqdir2”Bunda til, shaxs, jamiyat uchligi va bu uchlik a’zolari orasidagi munosabat mexanizmlari bilan bog‘liq qonuniyatlarni ochishga qaratilgan sa’y-harakatlar etakchilik qilmog‘i lozim.Tabiiyki til, shaxs, jamiyat uchligi va uning tarkibidagi a’zolar orasidagi munosabatlar tadqiqi fanimizning keyingi taraqqiyotini belgilovchi ilmiy izlanishlarni talab etadi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, o‘zbek tilshunosligida til, shaxs, jamiyat uchligida asosiy o‘rin egallaydigan til tushunchasi hodisasi turli ilmiy yondashuvlar asosida o‘rganilgan va buning natijasi o‘laroq o‘zbek formal grammatikasi, o‘zbek substansial tilshunosligi, mazmuniy tilshunoslik kabi yo‘nalishlar shakllangan, mazkur ilmiy yo‘nalishlarning har birida til o‘ziga xos tadqiq usullari va metodologiya asosida talqin etilgan. Shunga qaramay, bugun tilning shaxs va jamiyatga xizmat qilishini so‘zlovchi(tildan foydalanuvchi)ning turli nutqiy ehtiyojlarini qondirish vositasi, shuningdek, lisoniy mavjud imkoniyatlar manbayi sifatida individual hamda ijtimoiy kommunikativ vazifa bajarishi bilan bog‘liq masalalar o‘z yechimini topmagan.Ayni paytda, mazkur masalalarni yechish va ilmiy asoslash tilshunoslikda bu hodisaning to‘laqonli talqini bilan aloqadordir.
Ot turkumini makrotizim sifatida baholashdan maqsad shuki, ushbu bobda tahlil markaziga qo‘yilgan shaxsni tavsiflovchi so‘z birikmalari tarkibini shakllantiruvchi shaxs otlarining ot turkumi bilan sistemaviy bog‘liqligini mazkur ot leksemalarining o‘zaro birikishini leksik-morfologik jihatdan asoslashdir. Shu bois dastavval shaxs otlarining o‘zaro birikuvidan hosil bo‘ladigan so‘z birikmalarini tahlil qilamiz.
So‘z turkumlarining substansial tahliliga bag‘ishlangan ilmiy o‘quv adabiyotlarida, xususan, B.Mengliev,M. Abuzalovalarning “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” o‘quv qo‘llanmasi (Qarshi, 2005)da tavsiflanishicha, muayyan otlar quyidagi LMT (lug‘aviy-mavzuviy to‘da)larga ega: modda nomlari, shaxs tavsifi nomlari, buyum nomlari, o‘simlik nomlari, o‘rin-joy nomlari, miqdor nomlari, tashkilot va muassasa nomlari, vaqt-payt nomlari3.
Ko‘rinadiki, ot turkumi makrotizimida turdosh ot mikrotizimi va uning tarkibida muayyan ot element mavqeyida o‘rin oladi. Biroq modda nomlari, shaxs tavsifi nomlari, o‘simlik nomlari, o‘rin-joy nomlari, miqdor nomlari, tashkilot va muassasa nomlari, vaqt-payt nomlari kabi elementlar muayyan otlar makrotizimidan alohida mikrotizim sifatida butun-bo‘lak aloqadorligi asosida o‘rin olganligini ham unutmaslik lozim. Chunki muayyan otlar ham lisoniy tizim va lisoniy birliklar orasidagi munosabatlarning voqelashuvini o‘zi tashkil etadigan mikrotizim hamda o‘zi element sifatida mansub bo‘lgan makrotizim orqali isbotlay oladi. Bizni qiziqtirgan shaxs otlari ham mana shu tizimlararo munosabatlarda o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “shaxs tavsifi” nomlari LMTsi sifatidayuzaga chiqadi.
O‘zbek tilida so‘zlashuvchilar nutqida voqelashadigansuvchi yigit, sotuvchi erkak, oshpaz qiz, tilshunos olim, aravasoz usta, tatar kampir, qozoq chol, lo‘li qiz, sirdosh dugona, mahalladosh tikuvchi, hamkasb usta, qo‘shni maxsido‘z, Razzoq so‘fi, mulla Abdurahmon, temirchi Jo‘ra, usta Olim, Asror bobo, Nazira aya, Gulsum opa kabi so‘z birikmalari shaxs otlarining o‘zaro birikuvidan yoki muayyan sintaktik vaziyatni egallashidan hosil bo‘ladi.
Tilimizdagi suvchi yigit, sotuvchi erkak, oshpaz qiz, tilshunos olim, aravasoz usta, tatar kampir, qozoq chol, lo‘li qiz, sirdosh dugona, mahalladosh tikuvchi,hamkasb usta(v.h.) singari so‘z birikmalarida shaxs tavsifi nomlari tobe bo‘lak va hokim bo‘lak lug‘aviy asoslarini tashkil etadi. Sanab o‘tilganso‘z birikmalarining barcha ko‘rinishlarida shaxs nomlari xoh tobe vaziyatda bo‘lsin, xoh hokim vaziyatda bo‘lsin, baribir, shaxsning u yoki bu xususiyatini tavsiflab keladi. Shunga ko‘ra, bunday birikmalar shaxsni tasiflovchi so‘z birikmalari sifatida alohida ma’noviy tipni hosil qiladi. Bu ma’noviy tipni shakllantiruvchi so‘z birikmalari tarkibida shaxs tavsifini anglatuvchi qanday leksemalar reallashishini aniqlash lozim. Negaki, bu sintaktik sathda shaxsni tavsiflovchi birikmalar ma’noviy tipining ajratilishiga sabab bo‘ladigan lisoniy leksik-semantik imkoniyatlarni belgilash nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.
Muayyan otlar mikrotizimida “shaxs tavsifi nomlari” LMTsi alohida tarkibiy qism (bo‘lak) sifatida butunlikni tashkil etar ekan, mazkur LMT butun-bo‘lak, umumiylik-xususiylik dialektikasi asosida shaxs tavsifi berilgan bir necha lug‘aviy-ma’noviy guruh (LMG)lardan tuzilgan va o‘z LMGlariga nisbatan kattaroq mohiyatga ega bo‘lgan butunlik hisoblanishini ham qayd etish lozim. Aniqroq aytganda, “shaxs tavsifi nomlari” LMTsi butunlik sifatida quyidagi bo‘laklar, ya’ni LMGlardan tashkil topadi:
1.Shaxsni yosh jihatdan tavsiflovchi LMG.
2.Shaxsni qarindoshlik jihatidan tavsiflovchi LMG.
3.Shaxsni kasb jihatdan tavsiflovchi LMG.
4.Shaxsni istiqomat jihatidan tavsiflovchi LMG.
5.Shaxsni tashqi belgilari jihatdan tavsiflovchi LMG.
6.Shaxsni ruhiy holati jihatidan tavsiflovchi LMG.
7.Shaxsni ijtimoiy jihatdan tavsiflovchi LMG.
8.Shaxsni jinsiga ko‘ra tavsiflovchi LMG.
9.Shaxsni millatiga ko‘ra tavsiflovchi LMG.
10.Shaxsni yaqinlik munosabatiga ko‘ra tavsiflovchi LMG.
11.Shaxsni ijtimoiy mavqeyi (nasl-nasabi)ga ko‘ra tavsiflovchi LMG.
12.Shaxsni mashg‘ulotiga ko‘ra tavsiflovchi LMG.
Sanab o‘tilgan LMGlar “shaxs tavsifi nomlari” LMTsi qamrab oladigan o‘n ikki qism, ya’ni bir-biridan semantik jihatdan farqlovchi bo‘lak bo‘lib, mazkur LMTning butunligidan dalolat beradi. Bu mikrotizm tarkibidagi etti xil (1-7 tartibida berilgan) LMG B.Mengliev va M.Abuzalovalarning tasnifi asosida ajratildi. Biroqqolgan LMGlar, yani shaxsni jinsiga ko‘ra, millatiga ko‘ra, yaqinlik munosabatiga ko‘ra, ijtimoiy mavqeyi(nasl-nasabi)ga ko‘ra, mashg‘ulotiga ko‘ra tavsiflovchi guruhlar fanimizda shaxs otlarini leksik mikrotizim sifatida tadqiq etgan tilshunos M.Narziyevaning ilmiy qarashlari asosida belgilandi4.
Shuningdek, shaxsni kasb jihatdan tavsiflovchi LMG va shaxsni jinsiga ko‘ra orasidagi LMG orasida sintaktik munosabatni hosil qiluvchi ot leksemalari quyidagi so‘z birikmalarini yuzaga chiqaradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |