O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM VAZIRLIGI
ALISHER NAVOIY NOMIDAGI SAMARQAND
DAVLAT UNIVERSITETI O’ZBEK FILOLOGIYASI FAKULTETI
HOZIRGI ZAMNON O’ZBEK ADABIYOTI
KAFEDRASI
BITIRUV-MALAKAVIY ISHI
O’TKIR HOSHIMOV «BAHOR QAYTMAYDI» ASARINING STRUKTURAL TAHLILI
BAJARUVCHI: Jo’rayeva Yulduz
ILMIY RAHBAR: f.f.n. U. Qobilov
SAMARQAND – 2013
REJA:
-
KIRISH
I – BOB. O’. HOSHIMOV IJODI VA BADIIY TAHLIL MUAMMOLARI
-
Badiiy tahlil masalalari va yozuvchi ijodi
-
Badiiy asar poetikasi va struktural tahlil
II – BOB. «BAHOR QAYTMAYDI» QISSASI BADIIY TAHLILI.
-
Asar badiiyati va obrazlar olami tahlili
-
«Bahor qaytmaydi» asari va yangicha talqin muammolari
III – BOB. O’. HOSHIMOV «BAHOR QAYTMAYDI» ASARI KOMPOZITSION – STRUKTURAL TARKIBI TAHLILI.
-
Qissa strukturasi va struktural tahlil
-
Asar tarkibiy tuzilishi, ma’no markazi
-
Qissa poetik qurilishi va badiiyati
IV. XULOSA
V. FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI
KIRISH
Mavzuning dolzarbligi. Istiqlol tufayli ijtimoiy hayotda bo’lgani kabi ma’naviy hayotda ham chuqur o’zgarishlar yuz berdi. Ayniqsa boy adabiyotimizning noyob na’munalarini qaytadan, yangi adabiy-estetik talablar asosida tahlil etishga keng imkonyatlar yaratildi.Prezidentimiz I. A. Karimov ta’kidlaganidek “Ilmu ma’rifat e’zozlangan mamlakatda hech kim urush haqida bosh qotirmaydi. Chunki ilmu ma’rifat insonni yuksaklikka ko’taradi. XXI asrda, men ishonaman, madaniyat uchun, ilmu marifat uchun jonini beradigan va buni hayotining asosiy maqsadi qilib qo’yadigan yangi avlod paydo bo’ladi.” 1
Noyob iste’dod sohibi O’tkir Hoshimov adabiyotga Abdulla Oripov, Omon Muxtorov, Shukur Xolmirzaev singari bir qator tengdoshlari bilan birga kirib keldi. O’sha paytda adabiyotimizning Oybek, G’afur G’ulom, Abdulla Qahhor, Maqsud Shayxzoda singari ulkan yozuvchilari hayot bo’lib, ularning nazariga tushish hammaga ham nasib qilavermasdi. O’tkir Hoshimov esa Abdulla Qahhordek mashhur san’atkor e’tiborini jalb qilgan yoshlardan edi.
O’tkir Hoshimov 1941 yil Toshkentda oddiy ishchi oilasida tug’ildi. U o’rta maktabni bitirgach, 1959-64 yillar Toshkent Davlat Universitetining filologiya fakulteti jurnalistika bo’limida ta’lim oldi. Keyinchalik u “Toshkent haqiqati”, “Sovet O’zbekistoni”, 1966 yildan “Toshkent oqshomi” ro’znomasi muharririyatida bo’lim mudiri, G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosh muharrir o’rinbosari vazifalarida ishladi. Hozirgi kunda u Oliy Majlis deputatidir. O’tkir Xoshimov o’z ijodini she’r va ocherklar yozishdan boshladi. 1962 yilda uning “Po’lat chavandozlar” ocherklar to’plami bosilib chiqdi. Shundan keyin uning birin-ketin hikoya, qissa va romanlari kitobxonalarning qo’liga borib tegdi. Uning ilk qissasi “Cho’l havosi” (1964) adabiy jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi. Atoqli adib Abdulla Qahhor bu qissa haqida o’sha paytda juda yaxshi fikr bildirgan. O’tkir Hoshimovning bu qissasiga yozgan oq yo’lida u “Birdan lov etib alanga boshlangan ijodning kelajagi porloq bo’ladi”, - deb bashorat qilgan edi. Shu asardan yozuvchining izlanish va mashqlar davri boshlandi. Adib ijodidagi ilk qadamlaridayoq inson ma’naviyati, ruhiyati, hissiyoti, qalb haqiqati, tadqiqotchisi sifatida ko’ringan edi. Roman, qissa, hikoyalarida so’z san’atining azaliy bosh muammosi – inson taqdiri va qalbining badiiy tahlili ham mavjud edi. Muallif dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda ko’p o’rinlarda personajlar ruhiyatidagi g’oyat nafis jarayonlarni san’atkorona ifoda etardi. “Cho’l havosi”, “Muhabbat”, “Nigora”, “Shamol esaveradi” nomli hikoya va qissalar shundan dalolatdir. Keyinroq u dolzarb, ijtimoiy muammolar talqiniga ko’proq moyillik bildirib, ayni zamonda bevosita ma’naviyat, ruhiyat tahliliga bag’ishlangan asarlar ustida ish olib bordi. Yozuvchining shu yo’nalishdagi “Qalbingga quloq sol” (1973), ayniqsa, “Bahor qaytmaydi” (1970), “Dunyoning ishlari” (1982) qissalari unga katta shuhrat keltirdi. Yozuvchi asarlarini, xususan, “Bahor qaytmaydi” qissasini struktural jihatdan o’rganish ijodkor badiiy olamini chuqur o’rganishga keng imkon yaratadi. Bu esa ushbu mavzuni dolzarbligini ham belgilab beradi.
Mavzuning yangiligi. “Bahor qaytmaydi” (1970) qissasida yozuvchi iste’dodli, biroq uning qadriga yetmagan, ulug’ maqsadlardan mahrum xudbin yigitning tanazzul tarixini, ruhiy-ma’naviy inqirozini san’atkorona tahlil etib berdi. Bundan adibning haqiqiy ijod yo’liga kirganligini ko’ramiz. O’tkir Hoshimov asardan-asarga o’sib bordi. Unda nafosat tuyg’usi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning ma’naviy inqirozi, fojeasi, halokati tasvirida ham shu tuyg’usini saqlab qoladi. Ayniqsa, u yaxshi, olijanob, ma’naviy barkamol odamlar qalbi tahlilida o’zini nihoyatda erkin his etadi. Uning ijobiy qahramonlari aksari go’dakday beg’ubor, nafosat tuyg’usiga boy, hissiyotli, o’ta ta’sirchan odamlardir. Yozuvchi ijodiga xos liro-romantik tarona uning “Dunyoning ishlari” qissasida eng baland pardalarda jarangladi. Bu asar ona haqidagi, ona qalbining cheksiz saxovati to’g’risidagi o’ziga xos qasidadir. Asardagi – Ona farzand, unig oromi, baxti uchun jonini, jahonini berishga tayyor. U ming-minglab o’zbek onalarining timsoliga aylandi. Har bir o’zbek kitobxoni unda o’z onasining qandaydir fazilatini topgandek bo’ladi. Qissadagi “Alla”, “Oq marmar, qora marmar” kabi novellalarida onaning farzandi qalbida qoldirgan armonlari haqida o’tkir yozilgan. Kishi bularni o’qir ekan, tasvirdan ko’ngli allanechuk bo’lib ketadi. O’tkir Hoshimovning “Oq kamalak” to’plami ham hayotiy muammolar, tog’rirog’, turmush tashvishlari to’g’risida bahs yuritadi. Yozuvchining birinchi romani – “Nur borki, soya bor” 1977 yili nashr qilindi. Roman chiqishi hamono turli fikr-mulohazalarga sabab bo’ldi. Asarda ko’pgina hayotiy, muhim ahamiyatga ega muammolar ko’tarilgan edi. Bular azaldan kishilik jamiyatining falsafasi bo’lmish “nur” va “soya”lar orasidagi kurash, tortishuv fonida yoritiladi. Asar o’z davrida adabiy tanqidchilik tomonidan iliq kutib olindi, unga munosib baho berildi, faqat romanga keskin to’qnashuvlar va kolliziyalar yetishmasligi qayd qilindi. Bundan tashqari, O’tki Hoshimov O’rta Osiyo respublikalarining qator teatrlarida namoyish qilingan “To’ylar muborak”, “Sizdan ugina, bizdan bugina”, “Inson sadoqati”, “Qatag’on” kabi pyesalarining muallifidir.
O’tkir Hoshimov E. Xeminguey, K. Simonov, A. Kuprin, O. Berggols singari yozuvchilar asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Uning asarlari qardosh xalqlar va va xorijiy tillarga tarjima qilingan. Ushbu ishda ”Bahor qaytmaydi” qissasining strukturaviy jihatdan ilk bora tahlil etilganligi mavzuning yangiligini ko’rsatadi.
Ishning amaliy ahamiyati. Ijodkor 80-yillar o’zbek publisistikasi rivojiga salmoqli hissa qo’shgan adiblardan biridir. Uning odob-axloq, ma’naviy olam, milliy qadriyatlar, sho’ro davri adolatsizliklarini dadil yoritgan ocherk va teleko’rsatuvlari bu davrning barkamol mevalaridir. Muallifni endi kundalik dolzarb ijtimoiy masalalar emas, ko’proq azaliy ma’naviy muammolar, inson taqdiri, uning qalbi jumboqlari qiziqtiradi. Bu narsa “Ikki eshik orasi” romanida ayniqsa, ravshan ko’rindi. Bu bilan Adib ijodiy yo’lining yetuklik bosqichi boshlandi.
Yozuvchining “Ikki eshik orasi” romani ham kitobxonlar tomonidan iliq kutib olindi. Roman 1986 yilning eng yaxshi asarlaridan deb topilib, Hamza nomidagi respublika Davlat mukofotiga sazovor bo’lgandi. “Ikki eshik orasi” romanida o’z davrining muhim muammolari qalamga olindi, o’sha yillar voqea-hodisalariga munosabat bildirdi. Romanning asosiy qahramonlari ikkinchi jahon urushi og’irliklarini yelkasida ko’targan, unda mardona g’olib chiqqan kishilardir. Umuman olganda, romanda butun jamiyat kishilarining urush davridagi fidokorligi o’zining badiiy ifodasini topgan. Roman qahramonlaridan bir Muzaffar – urush davrida muayyan qiyinchiliklarni boshidan kechigan, 70-yillarga kelib farovon turmushga erishgan yoshlarning timsoli tarzida beriladi. Romanning sarlavhasidan tortib, deyarli butun mazmunigacha yozuvchi jiddiy falsafiy ma’no yuklashga intilgan.Xususan, u “Ikki eshik orasida” deganda inson umrini, ya’ni tug’ilgandan o’lgunicha bosib yo’lni ko’zda tutadi. Muallifning g’oyaviy falsafasiga ko’ra bu yo’l juda murakkab va ziddiyatli bo’lib, uni muvofaqqiyat bilan bosib o’tishi uchun insondan katta matonat, iroda bilim va jasorat talab qilinadi. Asardagi ko’pchili qahramonlar, xususan, Oqsoqol, Qora amma, Robiya, Shomurod, Kimsan xuddi shunday jasoratli va ruhan boy kishilar bo’lib, ko’p jihatdan yozuvchining g’oyaviy maqsadini ta’sirchan ifodalashga xizmat qilgan. Muallif falsafasiga ko’ra o’z umrini sharaf bilan bosib o’tmog’i uchun insondan katta matonat va jasorat talab qilinishining sababi shundaki, u o’z hayoti davomida og’ir kurashlar girdobidan, yengib bo’lmas to’siqlardan o’tishga majbur bo’ladi. Asarda xuddi shunday inson hayotining to’siqlari, illatlari sifatida Umar zakonchi, Ra’no, Zuhra kabi shaxslar timsoli yaratilgan bo’lib, ular romandagi kurashlar, to’qnashuvlar va ma’naviy ixtiloflar kesginligi, tarangligini oshirishga imkon tug’dirgan.
Hayotdagi illatlarga qarshi ayovsiz o’t ochish istagi O’kir Hoshimovni “Ikki eshik orasi” romanidagi keyin tadrijiy ravishda hajviyotiga murojaat qilishga olib keldi. Oqibatda uning “Ikki karra ikki – besh” qissasi maydonga keldi. Yozuvchining ilgarigi asarlarida ahyon-ahyonda hajviyot uchrab turar edi. “Ikki karra ikki – besh” qissasi esa, ulardan butunicha hajviy uslubda yozilganligi bilan farq qiladi. Hajviyot tig’ini hayotdagi martabali kishilarga, katta rahbarlarga, xususan, raislarga qaratganligi va ularning ma’naviy tubanligi ro’yi rost fosh qilishga intilgani bilan yozuvchi qissaning ko’p sahifalari ta’sirchan va qiziqarli bo’lib chiqishiga erishgan. Faqat dalillash san’atining yetishmaganligi va ayniqsa, raisning o’g’li o’z otasiga qarshi keskin kurashga kirishishi yaxshi asoslanmaganligi sababli qissa 80-yillar o’zbek hajviyotidagi sezilar hodisa darajasiga ko’tarilmay qoldi.
Yuqorida tilga olingan so’nggi ikki asarida O’tkir Hoshimovning inson ma’naviy olamini, psixologiyasini teran tahlil qilish mahorati ancha oshganligi aniq-ravshan sezilib turardi. Bunda yozuvchi turli tuman vositalar qatorida qahramonlarning dil-izhorlaridan, ichki monologlaridan unumli foydalangan. Ichki monologlar qo’llashda yuqoridagi asarlarda boshlangan usuldan yozuvchi “Tushda kechgan umrlar” romanida yana ustalik bilan foydalanadi. “Tushda kechgan umrlar” romanida voqealar qamrovi juda keng: 30 – yillarning mash’um “qatag’on” qilish manzaralari, 80-yillarda Afg’oniston urushi lavhalari, shu yillarda sodir bo’lgan “o’zbek ishi” mojarolari. Bu uchta yirik, judda katta hajmli voqealarni bir-biri bilan bog’lashda, ular orasiga “biriktirish nuqtasini” topishda muallif ichki monologdan unumli foydalanadi.
Yozuvchi endilikda badiiy asar yaratishda publisitika bajarish lozim bo’lgan vazifani sekin-asta o’z zimmasidan soqit qilmoqda. U kundalik dolzarb masalalar tahlilini publisistikaga berib, e’tiborini o’zining azaliy ishi – inson qalbi jumboqlari tadqiqotiga astoydil qaratmoqda.
Romandagi Rustam, Shahnoza kabi qahramonlar ruhiy olamining talqini xuddi shunday xulosa chiqarishga imkon beradi. Faqat roman kompozisiyasining nomukammaligi uning adabiyotda juda katta hodisa darajasiga ko’tarilishida xalaqit bergandek tuyuladi. Kompozitsiyadagi tarqoqlik, ayniqsa, Rossiyadan yuborilgan kishilar hayotiga, faoliyatiga bog’liq voqealarning, tafsilotlarining asosiy syujet chiziqlariga uzviy bog’lab yuborilmaganida yaqqol seziladi.
Shunga qaramay, yozuvchining so’nggi asarlari O’tkir Hoshimovning hozirgi o’zbek nasridagi sermahsul ijodkorlardan biri darajasiga ko’tarilganligidan guvohlik beradi. Yozuvchining ”Bahor qaytmaydi” qissasi ham boshqa asarlari singari kitobxonlarni nihoyatda to’lqinlantirgan asar hisoblanadi. Bu asar adabiyotshunosligimizda yuqori baholangan asarlaridan biridir. Asarning poetik olami, mavzu mundarijasi, obrazlar tizimi haqida mulohazalar yuritilgan. Ammo ushbu asar yangi adabiyotshunoslik uchun ham tong ma’nodagi material bo’lib xizmat qila oladi. Asarni ruhiy tahlil, struktural tahlil, tipologik tahlil va boshqa tahlil metodlari asosida o’rganish ilm talabidir. Biz imkon qadar bu qissani struktural jihatdan tahlil etishga harakat qildik. Bu esa ushbu ishimizning ahamiyatini ko’rsatib beradi.
I – BOB. O’. HOSHIMOV IJODI VA BADIIY TAHLIL MUAMMOLARI
1.1 Badiiy tahlil masalalari va yozuvchi ijodi
O’zbekiston mustaqilligi adabiyoshunoslik, adabiy tanqid oldida yangi imkoniyatlarni paydo qildi. Sho’ro davri adabiy tanqidchiligi haddan tashqari mafkuralashtirlgan, sosialistik realizm nomli metod badiiy adabiyotning qo’l-oyog’iga kishan solgan yedi. . Adabiy tanqid «rahnamolik»ni shu darajada uddaladiki, manman degan san’atkorlar asarlari yaroqsiz deb topildi, yuzlab, minglab yozuvchilar xalq dushmani sifatida otildilar, osildilar, zindonband qilindilar.
Adabiy tanqid ijtimoiy qiyosiy, tipologik talqin yo’lidangina bordi. Adabiy tanqidning germenevtika, aksiologiya, qadriyat singari tushunchalari chetga surib tashlandi. Adabiy tanqid zo’r berib ijobiy va salbiy qahramon masalasini bayroq qilib ko’tardi. Kommunist obrazini yaratish xalqlar do’stligi muammosini yoritishda tappa-tayyor qoliplardan foydalanildi.
O’zbekiston Mustaqilikka erishgach, jahon adabiyoshunosligi, tanqidchiligi ma’no-mohiyati shakli-shamoyili ko’zga yaqqol ko’rindi. G’arb, anglo-amerika adabiyotshunosligi badiiy asarni o’qish anglash estetikasini yaratib bo’lgan, talqinu baholash nazariyasi bobida katta yutuqlarga erishgan ekan.
O’zbek tanqidchililigiga badiiy asarga yondashuvning yangi ko’rinishlari, talqinning yangidan yangi shakllari kirib kela boshladi.
G’arbda taraqqiy etgan talqin, baholash yo’sinlari mumtoz adabiyoshunosligimizda mavjud bo’lgan. G’arbda «germenevtika», «aksimologiya», «interpretasiya», «biografiya» singari so’zlar mavjud edi. Sharqda, musulmon adabiyoshunosligida izoh, sharh, tafsir, talqin, ta’vil, manoqib, tazkira singari imtihonlar ko’p bo’lgan. Biz ushbu maqolamizda badiiy matn tarkibi, ma’nolar ko’chimi, tayanch so’zlar-struktura, strukturalizm haqida fikr-mulohaza yuritar ekanmiz, mustaqillik tufayli adabiy tanqidda qayta jonlana boshlagan bir muammoni qayta ko’rib o’tamiz. Badiiy asar o’ziga xos mikromir: san’atkor asar vositasida olam-olam fikrlarni bildiradi, g’oyalarni ifodalaydi. Biz Borliqni qanday o’zlashtirsak, san’atkor matnini shunchalik sinchiklab o’rganamiz. Haqiqiy matn – tartibli tarkibiy tizim. Borliq tuzilishida, inson muchasi, a’zolarining joylashishida izchil tarkib, tartib bo’lganiday, badiiy asar matnida ham tartibli tarkib mavjud. Aniqroq aysak, badiiy asar – betakror struktura, tartibli tarkibiy tizim. Bu tizimni uqish, o’zlashtirish yo’rig’i, yo’sini, qoidasi strukturalizmdir. Strukturalizm maqsadi adabiy matnning semiologiyasi – ma’nolar ko’p yo’nalishi, ko’p qatligini anglashdir. Strukturalizm maqsad-mohiyatini yuzaga chiqarishda asardagi muhim ma’no nuqtalarini belgilab olish jiddiy ahamiyat kasb etadi. Sinchkov nazar strukturalizm matnni turli alfozda tahlil qilish ekanligini payqab yetadi. Boshqacha aytganda, strukturalizm va germenevtika, strukturalizm va aksiologiya uncha ham bir-biridan yiroq tushunchalar emas. Biz strukturalizmning paydo bo’lishi, bosqichlari haqida to’xtalishni strukturalizm va XX asrdagi ayrim falsafiy-estetik qarashlar tarixini yoritishni; strukturalizm vazifasi va oqibatlarini ochishni; nihoyat, strukturalizmning o’zbek adabiyotida qo’llanishi mumkin bo’lgan yo’nalishlar tarixini ifodalashni maqsad qilib qo’ydik.
”Mohiyatiga ko’ra strukturalizm yangi soha emas – degan edi adabiyotshunos A. Rasulov. Uzoq tarix, boy adabiy merosga yega xalq borki, uning nafosatshunosligi, adabiyotshunosligi, matnshunosligi taraqqiy etgan bo’ladi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur singari san’atkorlar nafaqat badiiy asarlar, balki poetikaning turli muammolari haqida tadqiqotlar yaratganlar. Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”, “Muhokamat ul-lug’atayn” singari asarlarida so’z, misra, tarkibiy tizim haqida qimmatli fikrlarni bildirgan. Hozir ham o’zini hurmat qilgan, badiiy ijodni muqaddas sanagan san’atkor badiiy til, struktura, so’zdan foydalanish mahorati, satr salmog’i, semiologiya singarilar haqida tadqiqot olib bormoqda. Ammo struktura, strukturalizm istilohi yuz yil muqaddam Fransiyada paydo bo’ldi. Struktura tarkibiy qismlar aro aloqa va o’zaro moslashuvlardir. Strukturalizm-tilshunoslik, adabiyotshunoslikdagi yo’sin, yo’nalish, metodning mushtarak atamasi. XX asrning 10-yillaridan e’tiboran shakllana boshlagan strukturalizm metodini fransuzlar “yangi tanqid” deya boshladilar.”2
Fransuz strukturalizmi haqida gap borar ekan, avvalo Ferdinand de Sossyur (1857-1913) nomi tilga olinadi. U struktural lingvistika asoschilaridan bo’lib, fanga sinxron va diaxron o’rganish metodlarini olib kirdi. Lingvistikani izchil tizim sifatida o’rganish, til va semiotika aro uzviy bog’liqlik masalalari F.de Sossyur nomi bilan bog’liq. R.O.Yakobson (1896-1982) strukturani badiiy asar fabulasi va kompozitsiyasi bilan uzviy bog’liqlikda o’rganish yo’sinini ishlab chiqdi. Uning tadqiqotlari ko’proq lingvistik strukturalizm bilan bog’lanib ketgan. Tadqiqotchi Jan-Mari Ozia struktura va inson psixologiyasi muammolarini tadqiq etgan. Mana shu olim matn tahlili muammolari siyosiy, mafkuraviy, tashviqiy qarashlardan yiroq bo’lishi lozimligini uqtirgan. Gaston Bashlar (1884-1962) struktura, strukturalizm bilan bog’liq “Yangi ilmiy tafakkur” konsepsiyasini falsafiy jihatdan asosladi. U hozirgi ilmiy bilish dialektikasini yangicha talqin qilishga intildi. Strukturalizm mantiqiy bog’liqlik, o’zaro aloqalarni yaxlit halqa sifatida o’rganadi. Bu metodda makoniy cheklanish mavjud, ammo u tafakkur imkoniyatlarini bus-butun ishga solishga qodir. Strukturalizmda ma’lum muammodan chetga chiqib ketmaslik, masalani mumkin qadar teran, keng miqyosda yoritib berish muhimdir.
Strukturalizmning shakllanishi va rivojini Rossiyada paydo bo’lgan “Poetik tilni o’rganish jamiyati” faoliyati namoyandalari ijodiy izlanishlarisiz tasavvur etib bo’lmaydi. XX asrning 10-yillarida tashkil etilgan bu jamiyat lingvistik va adabiyoshunoslik strukturasi muammolari bilan shug’ullandi. Mazkur jamiyatning Ye.D.Polivanov, Yu.N.To’nyanov, V.B.Shklovskiy, R.O.Yakobson, B.V.Tomashevskiy, B.Yeyxenbaum singari a’zolari lingvistika, adabiyoshunoslik, xususan, poyetika, adabiyot nazariyasi, matnshunoslik, rus adabiyoti tarixini ilmiy-nazariy yoritishda betakror o’zliklarini namoyon yetadilar. Xususan, Viktor Borisovich Shklovskiy (1893-1984), Boris Viktorovich Tomashevskiy (1890-1957)kabilar ham nazariyotchilar sifatida tanildilar, ham L.Tolstoy, F.Dostoyevskiy, A.Pushkin asarlari strukturasini tadqiq etish bo’yicha katta ilmiy yutuqlarga erishdilar. Ularning ijodi 10-yillarda boshlangan bo’lsa-da, 50-70-yillarda unumli natijalar berdi.
Strukturalizm XX asrda uchta murakkab bosqichni o’tadi. 10-yillarning o’rtalarida boshlangan strukturalizm boshlang’ich pog’ona bo’ldi. Garchi u “boshlang’ich” bo’lsa-da, strukturalizmning tamal toshi o’sha paytda qo’yildi, uning asosiy maqsad-vazifalari belgilandi. Muhimi, strukturalizm lingvistika va adabiyoshunoslikdagi mushtarak nuqtalarga diqqatini qaratdi. Ayni vaqtda ilk strukturalizm lingvistik va adabiyoshunoslik muammolarini aniq, uzil-kesil ko’rsatib berdi.
Strukturalizmning ikkinchi pog’onasi XX asrning 60-70-yillariga to’g’ri keldi. Fransiyada bu yillar Klod Levi Stross, Jak Lakon, Rolan Bart, Mishel Fuko singari strukturalistlar ijod qildilar. Bular strukturalizm mohiyatini mukammal yoritdilar. R.Bartning “Huzurbaxsh matn”, M.Fukoning “So’z va buyumlar” tadqiqotlari, Levi-Strossning yetnografik strukturalizmga doir ishlari mashhur bo’ldi. Ayniqsa, A.Bartning tanqid, adabiyoshunoslik, tillar haqidagi tadqiqotlari strukturalizm nuqtai nazaridan o’rganilgan, baholangan.
60-70-yillarda rus strukturalistlari unumli ish olib bordilar. D.M.Lixachev, M.B.Xrapchenko, M.M.Baxtin,Yu.Lotman, Yu.Borev, Yu.Barabash singarilar “OPOYaZ”chilar an’analarini davom ettirdilar, badiiy asar matniga doir xronotop, roviy, funksional yondashuv singari masalalarni o’rtaga qo’ydilar.
60-70-yillar strukturalizmida Yuriy Lotmanning xizmatlari katta. Bu olim uslubi qanchalik murakkab bo’lsa, u talqin qilgan asarlar ham shunchalik jiddiy. Uslub qancha murakkab bo’lsa, mutaxassis uni o’qish, o’rganishga shunchalik jiddiy kirishadi. Yu.Lotman badiiy asar matni muammosini keng miqyosda, barcha san’at asarlari birligida, jahon adabiyotining murakkab asarlari misolida yoritadi. Yu.Lotmanning mantiq yo’siniga yo’l topilsa, uning nazariy qarashlarini anglab yetish osonlashadi. Olim har qancha murakkab uslubni qo’llamasin, badiiy matn muammosi doirasidan chetga chiqib ketmaydi. Bizning mumtoz adabiyotimizda shunday murakkab, teran ildizli matnlar borki, ularni anglab yetgan mutaxassis Yu.Lotman asarlarini bemalol uqib oladi. Xususan, o’zbek adabiyotida struktural tahlilga manba bo’ladigan ko’plab asarlarni sanab o’tishimiz mumkin. Struktural tahlil uchun badiiy matnning shakliy xususiyatlari emas, balki uning puxtaligi, poetik ta’sirchanligi, til va uslubning mukammalligi, g’oyaviy – badiiy qimmati muhimdir. Shu jihatdan ”O’tkan kunlar”, ”Kecha va kunduz”, ”Navoiy”, ”Ulug’bek xazinasi”, ”Yulduzli tunlar”, ”Lolazor” va boshqa qator asarlar qatorida O’tkir Hoshimovning ”Bahor qaytmaydi” qissasi ham obyekt vazifasini bajara oladi.
1.2 Badiiy asar poetikasi va struktural tahlil
70-yillardan boshlab o’zbek adabiyotshunosligida poetika masalalari o’rganila boshlandiki, ularni strukturalizm sohasida olib borilgan izlanishlarning boshlanishi deb anglamoq joiz.
Badiiy tafakkurda ro’y bergan o’zgarishlar adabiyotda darhol namoyon bo’ladi. 80-yillardan boshlab strukturalizmning yangi ko’rinishi – posstrukturalizm paydo bo’ldi. Posstrukturalizm, ramziy aytganda, strukturalizmni biqiqlik, akademik holatdan hayotning jo’shqin oqimiga olib chiqdi. Yangi metod namoyandalari jonli hayot ruhi singgan, xalqona tilda yozilgan matnlarni talqin qila boshladilar. Ayniqsa, bunday hol sho’ro adabiyotida ro’y berdi. Oshkoralik va demokratiya sharoitida muqaddam ta’qiqlangan asarlar chop etila boshlandi. Ularda Gulag mahbuslari, siyosiy jinoyatlari uchun uzoq vaqt ozodlikdan mahrum etilganlar xarakteri aks ettirilgan edi. A.Soljenisin, A.Ribakov, A.Bek, A.Platonov singarilarning asarlari posstrukturalizm uchun qimmatli material – matnlarni berdi. O’zbek adabiyotida X.Sultonov, O’tkir Hoshimov, Murod Muhammad Do’st, Erkin A’zam, Tog’ay Murod, Rauf Parfi singarilarning asarlari matni o’ziga xos, betakrorligi bilan diqqatni jalb etdi. Poyeziyadagi baxshiyona ruh, xalqona ohang, maromlar matn tahlili uchun nihoyatda zarur, qimmatli edi. Adabiyotshunos Qozoqboy Yo’ldosh ta’kidlaganidek ”Istiqlolga erishilgandan keyin yaratilgan ko’pgina asarlarda oliy rutbaga ko’tarilgan, dunyo yaralishining sababi, adoqsiz ilohiy nur ila yo’g’rulgan zot deb qaralgan insonning hayvoniy va shaytoniy nafsi bois gunohga moyil hamda o’sha gunohlar tufayli qabihliklar ham qilishga qodir, ayni paytda qilgan gunohlari sabab qiynaladigan o’ta murakkab mavjudod ekani tasvirlanmoqda”.3 Bu fikrlar O’tkir Hoshimovning ”Bahor qaytmaydi” asari xarakterlariga ham hamohangdir.
Mustaqillik davri adabiyotida nasr, nazm, dramaturgiya sohasida bo’lmasin janriy izlanishlar avj oldi. O’tkir Hoshimov, Omon Muxtor, Xurshid Do’stmuhammad, Salomat Vafoning roman, Tohir Malik, Nazar Eshonqul, Sh.Xolmirzayevlarning qissa, N.Eshonqul, Sh.Bo’tayev, N.Norqobil, Ye.Shukur, Isajon Sultonov, Zulfiya Qurolboy qizi, Dilfuza Qo’ziyevalarning hikoya janridagi izlanishlari posstrukturalizm metodi uchun boy material bo’la oladi. Afsuski, o’zbek adabiyoshunosligi, adabiy tanqidchiligi strukturalizm metodi muammolari bilan jiddiy shug’ullanmayapti. To’g’ri, mustaqillik davrida A. Qahhorning “Sarob”i, A.Qodiriy romanlari matn nuqtai nazaridan yangicha talqin qilindi. Ammo bunday talqinlar hozir nihoyatda kam. Ayniqsa, qayta talqin qilinishi lozim bo’lgan asarlar bisyor. “Tafakkur” jurnalining 2004 yil 3-sonida Zuhriddin Isomiddinovning “Taras Bulba: oshkor va pinhon qiyofa” nomli tadqiqoti chop etildi. Muallif Gogol asaridagi semiotik nuqtalarni aniq, ishonarli belgilaydi. Matn tahlilidan kelib chiqqan holda muallif Taras Bulba zinhor xalq qahramoni, vatanparvar bo’lmaganligini isbotlaydi: “Albatta, Gogol ham xuddi Pushkinga o’xshab, o’z davrida Taras Bulba singari “din va millat fidoyilari”ning yovuzligini faqat ishorat tili bilan bayon qila olar ediki, buning sabablari hammaga tushunarli”. Shu muallif «Chini turganida afsona nechun?» maktub-maqolasida To’lanbergan Qayubberganovning «Qoraqalpoqman- tavakkalchiman» asarini sinchiklab tahlil qiladi. Ma’lumki, so’nggi yillarda har bir xalq o’zining tarix shodasidagi o’rni, mavqeini bo’rttirib ko’rsatishga intilmoqda. Donishmand adib T.Kalpbergenov ham qorqalpoqni ulug’lashga haddan tashqari berilib ketadi. Z.Shomiddinov asardagi sakta, soxtaliklarni birma-bir talqin qilarkan, yozuvchiga murojaat qiladi: «Hurmatli Tulepbergin og’a!... Yel va millatning qadimiyrog’i a’loyu tarix sahnasiga turli sabablarga ko’ra kechroq chiqqanlari tubanroq bo’lmaydi. Barchasi teng. Shunday ekan, tarixchi olimlarning hozirgacha amalga oshirgan mehnatlari natijasini-ayon haqiqatlarni nazar-pisand qilmay, afsona to’qishga, shu asosda tarix «ijod» qilishga hojat yo’q».
Tanqidchi badiiy asar matniga chuqur kirgani sayin tarkib, tartib, tayanch so’zlarni aniq ko’radi, his qiladi. Posstrukturalizm so’zlar, ishoralar aro modern holat, asar ichra asar yaratila boshlanganligi ko’ra boshlaydi. Sho’ro davri tanqidchiligidagi talqin, tahlillarni kuzatar ekansiz, hayolingizga daf’atan: “Men nima deymanu qo’bizim nima deydi?”- maqoli keladi. Xullas, posstrukturalizm asarlarni sinchiklab o’rganadi. Yana shuni ta’kidlash kerakki, posstrukturalizm globallashuv jarayonining samarasi sifatida jahoniy ahamiyatga molik asarlarni tahlil, talqin qiladi. O’ylab ko’rilsa, olam ham hududsiz, odamlar ham bir-biriga yot emas ekan. Ayniqsa, ilmiy-texnika taraqqiyoti, globallashuv jarayoni odamlarni yaqinlashtirganiday, adabiy aloqa, o’zaro ta’sirni kuchaytirdi. O’zbek yozuvchisi Xurshid Do’stmuhammad italiyalik adib Dino Busattining “Yetti qavat” hikoyasidan ta’sirlanib “Jimjitxonaga yo’l” asarini yozdi. Hikoya kompozitsiyasi g’alati: X.Do’stmuhammad “Yetti qavat” hikoyasi qahramoni Dino Korte holati bilan “Jimjitxonaga yo’l”ning asosiy ishtirokchisi Zohid Yaqin ruhiyatini baqamti tasvirlaydi. Har ikki hikoyada ko’zga yaqqol tashlanmaydigan jihat shuki, Dino Korte asta-sekin yuqoridan pastga tushib boradi. Zohid Yaqin bo’lsa birinchi qavatdan yettinchiga ko’tariladi. Qizig’i shundaki, odam kim, qayerdanliligidan qat’i nazar taqdirga tan berib, turli vaziyatlarga ko’nikib borarkan. Italiyalik yozuvchi o’z qahramonini osmondan yerga tushirar ekan, uning o’ziga xosligidan – dini, millati, udumlari, yashash tarzidan kelib chiqadi. X.Do’stmuhammad Zohid Yaqinni asta-sekin arshi a’loga ko’tara boradi. Har ikki qahramon o’lim tomon ilgarilab boraveradi. O’zbek va italiyalik bemorning holatlari strukturali tahlilda sezila boradi. O’limning millati yo’q. U o’z bag’riga hammani olaveradi. Jon taslim qilayotgan Dino Korte “najot istab mayda sim to’r qoplangan derazadan tashqaridagi daraxtzorga chiranib qaraydi, ammo ko’z oldi chaplashib ketadi.
Globallashuv jarayoni insonni to’laroq anglash imkonini yaratdi. Bilamizki, har bir milliy adabiyot tarkibida bolalar adabiyoti, uning namoyandalari bor. Hozirgi paytda bolalar adabiyotida ham jiddiy o’zgarishlar ro’y beryapti. So’nggi olti-yetti yil ichida angliyalik yozuvchi Djoan K.Rolingning nomi mashhur bo’lib ketdi. U yaratgan “Garri Potter va uning do’stlari” asari bolalik saltanatining mashhur asariga aylandi. Garri Potter sarguzashtlari tasvirlangan kitob jahon bolalari tomonidan o’qilmoqda, film holida tomosha qilinmoqda. Garri Potter nega bunchalik mashhur bo’lib ketdi? Yozuvchi K.Roling bolalarning ertak, mif, sarguzashtlarini texnika vositalari orqali tasvirlay oldi. Garri va uning do’stlari yalmog’izlar, afsungarlar orasida bo’ladilar, xavfli vaziyatlarga tushib qoladilar va muhimi, bunday vaziyat-holatlar texnika, elektronika, kompyuterlar bilan uzviy bog’liq. Atrofimizga nazar tashlasak, bolalar kompyuter olamiga chuqur sho’ng’ib ketganliklarini sezamiz. Boshqacha aytganda, boladagi sarguzashttalablik, qaltis vaziyatlarga intilish fan-texnika vositasida amalga oshirilmoqda. Bolalik saltanatidagi holat, vaziyatlarni strukturalizm metodi vositasida ishonarli tahlil qilish mumkin. Xullas, posstrukturalizm keng miqyosda faoliyat olib boradigan, masalani ildiz-ildizidan yoritib beradigan umumdunyoviy metodga aylanib bormoqda. Ehtimolki, taraqqiyot posstrukturalizmning yana yangi imkoniyatlarini yuzaga chiqarar.
Adabiyot va san’atda yo’sin, yo’nalish, oqimlar borki, ularning asosida falsafiy-estetik qarashlar,yorqin siymolarning estetik tushunchalari turadi. XX asrda G.V.Plyexanov (1856-1918), M.Xaydegger (1889-1976), Gaston Bashlar (1884-1962), Jan-Pol Sartr (1905-1980), N.A.Berdyayev (1874-1948) singari mutafakkirlar yashaganki, ular faoliyati markscha falsafa-estetika, ekzistensial yo’nalish, struktural tizim mohiyati bilan uzviy bog’liq. To’g’ri, Z.Freyd, K.Yung, Ye.Fromm, S.Frank singari mutafakkirlar ham XX asrda o’z tadqiqotlarini yaratganlar. Ularning asarlari san’at-estetikaning teran muammolarini hal qilish bilan bog’liq. Biz ekzistensializm, strukturalizm, sosialistik realizm mohiyatiga jiddiyroq nazar tashlashnigina maqsad qilib qo’ydik. Ekzistensial falsafa XX asrda G’arbiy Yevropada chuqur ildiz otdi. Frans Kafka (1883-1924), Alber Kamyu (1913-1960), Jan-Pol Sartr (1905-1980) singari san’atkorlar ijodi ekzistensializm bilan uzviy bog’liq. Ekzistensializm metodining maqsad-mohiyati ko’proq M.Xaydegger asarlarida yoritilgan. Ekzistensial – tirikchilik demak. Inson-tirik jon. Tirikchilik uning ma’no-mazmunini belgilaydi. Inson qilmish-qidirmishlari uning mohiyatini belgilaydi. Insonga nega unday yashamading, nega bunday g’oyaning izidan bormading, hayotingni qanday yo’naltirishlarda olib bording degan savollarni qo’yish noto’g’ridir. Insonning kimligi, mohiyati yashagan yo’li, qilmishlaridir, xolos. “Inson o’zini qay darajada amalga oshirsa, shu darajadagina mavjud bo’ladi. U o’zini, demak, o’z qilmishlarining yig’indisi sifatida, o’z shaxsiy hayoti sifatida – faqat shundaygina namoyon etadi,” - deb yozadi J. P.Sartr. Uning quyidagi fikrlari inson mohiyati to’g’risidagi qarashni tasdiqlaydi: “... inson o’zining qator qilmishlaridan boshqa hech narsa emas, u mana shu qilmishlaridan tashkil topadigan munosabatlar yig’indisidan iborat, demoqchimiz xolos”. Ekzistensializm insonni imkoniyatlariga ko’ra yemas, qilgan ishiga ko’ra baholaydi. Odam bu dunyoda yeladi, yuguradi, bolam-chaqam deydi, to’y-tomosha qiladi. Xullas, umr o’taveradi. Ekzistensial falsafa insondan “Nega bunday qilding?”, “Nega bunday qilmading?” demaydi. Insonning savobi ham, gunohi ham o’ziga. Eng asosiysi, inson mafkuralar, yuksak g’oyalar, tinkani quritadigan yugur-yugurlar quli bo’lib qolishi kerak emas. Inson hayotining qaysidir bosqichida qo’rqoqlik qildi, qachondir loqaydligi tufayli fojiaga sabab bo’ldi. U nima qilgan bo’lsa, qanday yashagan bo’lsa, shunga yarasha ajr (savobu gunohini) oladi. O’ylab ko’rilsa, ekzistensial falsafa hamma inson hayotiga mos keladi. Sharqda yashash, tirikchilik falsafasi chuqur ishlangan. Faqat u ekzistensializm deyilmaydi. Tirikchilik, tirikchilik deymiz-u, har bir odam yashashga o’z aqli, tushunchasi bilan yondashishini unutmasligimiz kerak. Ba’zi odam tabiatan aqlli, dono bo’ladi: ishning foydasi, osonini ko’zlab harakat qiladi. Odam borki, hayotini yelga sovuradi: yeyish, ichish, maishat qilishdan nariga o’tmaydi. Mutafakkir M.Xaydegger biologik umr bilan ontologiyani farqlaydi. Uningcha, tirikchilikning muhim bir nuqtasi bor. U – o’lim. Odam o’limdan qo’rqadi, uni yo’qlik, mavhumlik deb biladi. Aslida, o’lim yashash yo’lidagi bir bosqich. Odam o’limdan keyin ham yashaydi. Lekin, hamma gap shundaki, u qanday, qancha yashaydi? Tiriklik davrida inson qanday yashagan bo’lsa o’lganidan keyin inson sifatidagi mohiyatiga ko’ra ontologiya bosqichiga kirishadi. Biz ko’proq mangu asarlar haqida gap borganida ontologiya istilohini qo’llar edik. Ekzistensial falsafa ontologiyani inson umri qimmatini belgilovchi vosita sifatida ishlatadi. M.Xaydegger fikricha, inson yashayveradi, tirikchilik yo’lida yelib yuguraveradi, ammo alal-oqibat inson hayotining ma’no-mohiyati talqin, tahlil orqali baholanadi.
Martin Xaydegger, garchi ekzistensial falsafa namoyandalaridan bo’lsa-da, til va inson bog’liqligi masalasiga alohida e’tibor beradi. Haqiqiy til – sizu biz oramizdagina aloqa vositasi emas. U insonga shariflik ato qilinayotganda berilgan ilohiy in’om. Insonning insonligi tilidadir. Sharif inson faqat so’zlayotganidaginamas, sukut saqlayotganida ham some’lik qilayotganida ham go’zaldir. Sokin odamning mohiyati so’zlayotgan odam fikrlaridan ko’proq narsani anglatadi. Til haqida, ayniqsa, tilning germenevtik mohiyati xususida fikr yuritgan odam struktura, semiotika, semiologiya haqida to’xtalinmasligi mumkin emas.
XX asr boshlaridan ekzistensializmga zid turadigan markscha realizm Rossiyada, keyinroq SSSRda nihoyatda rivojlandi. Markscha falsafa asosida paydo bo’lgan sosialistik realizm nafaqat Sho’ro davlatida, balki bir qancha xorijiy adabiyotlarda qo’llanila boshlandi. Markscha falsafaning nafosatshunoslik, adabiyotshunoslikda qo’llana boshlanishida Georgiy Valyentinovich Plyexanov (1856-1918)ning hissasi katta bo’ldi. U o’ta madaniyatli, ko’p o’qigan, san’atni nozik his qiladigan, marksizmga nihoyatda sadoqatli zot bo’lgan. G.Plyexanov Marks asarlarini qunt bilan o’qidi, ularni rus tiliga tarjima qildi. Marksistik nafosatshunoslikning shakllanishi, rivoji Rossiyada G.Plyexanov nomi bilan bog’liq. Plyexanov rus mutafakkir tanqidchilari – Dobrolyubov, Chernishevskiy, Gersen, ayniqsa, Belinskiy asarlarini alohida bir mehr bilan o’qidi. Unda g’arb faylasuflari qarashlarini rossiyalik ma’rifatparvarlar – “real tanqid” namoyandalari ijodi bilan bog’lash istagi tug’ildi. Belinskiyning asarlarini o’qir ekan, Plyexanov g’alati bir yangilikni kashf etdi. V.Belinskiy G.Gegel asarlarini o’qib: “Adabiy tanqidning vazifasi san’at asarlarini tafakkur tiliga o’girmoqdir”, - deb yozib qo’ygan ekan. G.Plyexanov panlogizm nomini olgan Gegel falsafasi haqidagi Belinskiy qarashini o’qib xursand bo’lib ketdi. Plyexanov mana shu yangilik asosida o’zining pansosiologizm nomini olgan qarashini uzil-kesil ifodaladi: “Adabiy tanqidning vazifasi san’at asaridagi sosiologik yekvivalyentni yuzaga chiqarishdir”. Gegelning san’at haqidagi aqidasi panlogizm nomi bilan mashhur bo’lgan yedi. G.Plyexanovning sotsiologik ekvivalyent nazariyasi pansosiologizm deb yuritila boshlandi. Inson hayoti, xarakterini ijtimoiyliksiz tasavvur etib bo’lmaganday, adabiy tanqidni ham ijtimoiy yondashuv talqinsiz anglab bo’lmaydi. Lekin ijtimoiylik boshqa belgi, xususiyatlarga qo’shib olib borilsagina o’zini oqlaydi. Ijtimoiylikni adabiy tanqid, badiiy xarakterning bosh, yetuk belgisi sifatida qabul qilinishi, qo’llanilishi to’g’ri emas. G.Plyexanov V.Belinskiy, N.Dobrolyubov, N.Chernishevskiy, A.Gersen ijodidagi “real tanqidning asosiy xususiyati ijtimoiy ekvivalentlik ekanligidan quvondi. Vaholanki, V.Belinskiydan boshlangan rus inqilobiy demokratlari badiiy asardagi ijtimoiy mohiyatni matnni bosib-yanchib, sindirib,majruh qilib sitib chiqarganlar. Masalan, A.Dobrolyubov “Arafa” romani haqida “Haqiqiy kun qachon keladi”, A.Ostrovskiyning “Momaqaldiroq” dramasi haqida “Zulmat ichra nur” singari maqolalarini yozdi. Shiddatli Vissarion ham badiiy asarlar matnini tahlil qilishni emas, asar baholashda his-hayajonlarni to’kib solishga, ijtimoiy mohiyatni mumkin qadar yuksak ko’tarishga e’tibor berdi. Strukturalistlar, xususan, V.Shklovskiy, B.Tomashevskiylar V.Belinskiy, uning izdoshlari ijodini jonli matndan uzilib qolganligini qattiq tanqid qildilar, "Belinskiy, Dobrolyubov, Zaysev, Mixaylovskiylar go’yo gul ko’rgani keldilaru, guldan zavqlanish o’rniga uning ustiga o’tirib oldilar", - deydi V.Shklovskiy. B.Tomashevskiy fikricha, XIX asr 60-yillaridagi rus revolyusion-demokratlari “badiiy asarni ijtimoiy yaroqliligiga ko’ra baholadilar”, “o’zlarining mafkuraviy qarichlarini chin o’lchov deb bildilar”.
Sho’ro adabiyotshunosligi va tanqidchiligi V.Belinskiy, A.Dobrolyubov, N.Chernishevksiy, A.Gersen va boshqalar asarlarini ko’klarga ko’tardi. Mazkur mutafakkir-munaqqidlar asarlari sho’ro adabiyotshunosligi va tanqidchiligining metedologik asosi ekanligi uzluksiz ta’kidlandi. Ularning adabiy-tanqidiy, badiiy asarlari bot-bot chop etildi. Buning boisi shunda ediki, sho’ro adabiyoshunosligi va tanqidchiligi inqilobiylikni hamisha yuksak qardrladi, hatto, vulgar sosiologizm ham 20-yillarda bayroq qilib ko’tarildi. Sho’ro adabiyotshunosligi fanida mikroanaliz va strukturalizm metodining susayib ketishiga ham V.Belinskiylar asarlaridagi his-hayajon, matndan ajralgan holda asarni g’oyaviy-ijtimoiy “tanqid” qilish sabab bo’ldi. Sho’ro adabiyotshunosligida yozuvchilarni “o’rni-o’rniga qo’yib” munosabatda bo’lish, tanqid qilish avj oldi. Afsuski, ba’zi ilmiy tadqiqot, dissertatsiyalarda V.Belinskiy, N.Chernishevskiylar asarlari hanuz metodologik tayanch sifatida ko’rsatilayotganligi achinarlidir. Rus tanqidchisi Lev Anninskiy “Nimani izlaysiz?” nomli maqolasida hozirgi tanqidchilikda barham topayotgan udumlar haqida to’xtalinib, V.Belinskiydan boshlangan chalalik, chalkashlik, chiranchog’liklarga e’tiborni qaratadi. Lev Anninskiy V.Belinskiylar haqidagi qarashlarni xulosalar ekan, rus revolyusion-demokratlari qo’lidan olingan estafeta tayoqchasi sho’ro adabiyoshunosligi Prokrustlari tomonidan rosa foydalanilganligini aytadi. Bu yerda munaqqid sho’ro adabiyoshunosligi va tanqidchiligidagi vulgar sotsiologizm, yuzakilik, guruhbozlik, noxolislikni nazarda tutganligini tushunib olish qiyin emas.
Shunday qilib, XX asr adabiyotida goh kuchayib, goh pasayib, goh keng miqyosda, goh tor ko’lamda o’sib-o’zgarib borgan strukturalizm ekzistensializm, sosrealizm singari metodlarni saralashda mahak tosh vazifasini o’tadi. Chindan ham, san’at vazifasi, undagi yo’nalishlar funksiyasi insonni qay darajada haqqoniy, tabiiy tasvirlanganligiga ko’ra baholanadi. Inson hamisha onadan erkin tug’iladi. Inson erkiga kishan solishlar, quyushqonga kiritishlar keyinchalik boshlanadi. Inson hayoti, aslida, erk bilan har xil kishanu tuzoqlar aro kurashdan iborat. Cho’lpon «Ko’ngil» she’rida erk va uning kushandalari aro ziddiyatni tiniq ko’rgan, aniq tasvirlagan edi:
XX asrda inson erki, hurligiga jonu jahdi bilan qarshi kurashgan mafkuralar ko’p bo’ldi. Sho’ro davlatida, Germaniyada, Ispaniyada, Italiyada, Chilida, Kongoda, yana qanchadan qancha yurtlarda fashizm ochiqchasiga harakat qildi. «Manqurt» degan istiloh mohiyati XX asrda aniq ko’rindi.
Adabiyoshunoslikda «xarakter» degan tushuncha bor, u juda ko’p tillarda «karakte» nomi bilan ma’lumu mashhur. Aslida inson o’z fitrati, mangu bitigi bilan tug’iladi. Hayot, faoliyat davomida inson ma’no-mohiyati namoyon bo’ladi. «Sartr, mavjudlik-shaxs xatti-harakatlaridan iboratdir, deb biladi. Uningcha, inson o’zini o’zi namoyon qilish, o’zini o’zi ro’yobga chiqarish orqaligina mavjuddir. Shuning uchun u «o’z hayoti va xatti-harakatlarining yig’indisidan boshqa narsa emas»
To’g’ri, inson faqat o’zini ifodalab, o’z bilganidan qolmay yashashi mumkin emas. Odam azalu abad jamiyatda yashagan, jamiyat bilan til topishgan. Absurd asarlarda jamiyatni, jamoani tan olmaslik ko’rinadi. Badiiy adabiyotdagi xarakter insonning fitrati (o’zligi) va ijtimoiy munosabatlar yig’indisidan iborat bo’lmog’i lozim. Strukturalizm inson xarakterini ildiz ildizi bilan yoritib beradigan yo’nalish sifatida diqqatga molikdir.
Shunday qilib, XX asrda strukturalizm bilan bir qatorda ekzistensializm, sho’ro realizmi – sotsialistik realizm ham rivojlandi. Har bir metod asosida, aytilganiday, falsafiy-estetik qarash, munosabat mavjud. Strukturalizm obyekt bilan bevosita bog’liqligi – hamisha jonli matn bilan ish ko’rishligi bois rivojlandi. Undagi o’sish bir tekis, qarshiliklarsiz bo’lmadi. 60-yillardagi strukturalizm ilk strukturalizmdan ko’p narsalarni olganiday undagi ko’p xususiyatlarni inkor etdi.
XX asrnig 80-yillaridan posstrukturalizm globallashuv jarayoni bilan birgalikda o’sdi, qamrov miqyosini kengaytirdi.
“Haqiqiy badiiy asar – mukammal, murakkab tarkib (struktura). U matn tarzida yaratiladi. Matnning pishiq-puxtaligi avvalo san’atkor iste’dodiga, aytmoqchi bo’lgan gapining haqqoniyligiga, so’zlarga yuklatilgan ma’noning salmog’iga, maromning tovlanishi, tuslanishiga bog’liq. Mukammal matn yaratish – ilmiy-ijodiy izlanish demak. San’atkor izlanmasa, o’qimasa, o’rganmasa, ma’lum darajada tadqiqotchi bo’lmasa, musti mahkam matn yaratishi amri mahol. Buyuk san’atkorlarning deyarli hammasi o’zigacha yaratilgan yetuk asarlarni jiddiy o’rgangan. Navoiy, Boburday san’atkorlar ilm bilan ham jiddiy shug’ullanganlar, yetuk tadqiqotlar yaratganlar. Bu an’ana jahon adabiyotida hamisha bo’lgan, hanuz davom etyapti. San’atkorning san’ati shundaki, u har bir so’z, holatdagi ma’nolarni bus-butun qamrab olishga intiladi, so’zning ich-ichiga, moyasiga kirib borishga intiladi” – deydi professor A. Rasulov.4
San’atkor tuyg’u, holatlarining ifodachisi so’z. Shunday bo’ladiki, holat bor, ijodiy iztirob bor, lekin shu holat, iztirobning ifodachisi – monand so’z yo’q. Shunday paytda san’atkor yangi so’z kashf etadi, so’zlar olamida “yangi mehmon” ko’z ochadi. Yangi so’z tabiiy ehtiyoj, tanish holat ifodachisi sifatida tug’ilsa, yashab ketadi, tilda o’z o’rnini topadi. Odatda, yangi so’zlar so’zlashuv, jonli tilda paydo bo’lib, so’ng badiiy adabiyotga kiradi. Lekin, san’atkorlar asarlarida tug’ilib, jonli tilga qovushib ketgan so’zlar oz emas. So’nggi yillar o’zbek she’riyatida so’z izlash jarayoni kuchayib bormoqdaki, she’rlarda yangi so’zlar, eski so’zlarning yangi ma’no qirralarini kashf etish ko’zga tashlanmoqda. Tadqiqotchi Ergash Ochilov yuzlab she’rlardagi so’zlar, ularning ma’no-mazmuni haqida kuyinchaklik bilan fikr-mulohaza yuritdi. Uning “Har so’zning o’z o’rni bor” maqolasida nihoyatda o’rinli tanbehlar qatori yangi so’zlarning qo’llanishiga ishonchsizlik bilan qarash kayfiyati seziladi. Vaholanki, mashhur strukturalist Rolan Bart so’zlari bilan aytganda: “... har bir yangi so’z – yangi bayram. Toshqin o’zan bo’ylab harakatlanib, keskin, kutilmagan burilishlarga duch kelarkan, tilda huzurbaxsh onlarning samarasi bo’lib yangi so’zlar tug’iladi. Endi Ergash Ochilov maqolasidan kattagina ko’chirma keltiramiz. “Yana bir noxush hodisa – shoirlarning bilib-bilmay, o’zlaricha yangi so’z yasashlaridir: vafoat, visolat (I.Otamurod), kunotar (A.Qutbiddin), qismatboz (A.Mahkam), ma’yusiyat, yolg’iziyat, g’amsuvor, ozoriston (Salim Ashur), kuliston, g’amrang, tunko’l, qonolud, changakdil, ruhkamar (Aziz Said), yonarzor, qalbroh, joniston, xayoldo’z, ashqliqo, ruhnazar, nimruh (H.Abdinazar), tunzor (O.To’raqulova), ohzoda, iymonsa, muhtojib, nokiroh, beandoz, bohaq, boavval, boxullas, bomutlaq, boma’qul, boishonch, boxulla (S.Subhon), sarsib, manzilot (Laylo)...
Yaltiroq so’zlarga ruju qo’yib, mantiqsiz iboralar yasash ham avj oldi. Chunonchi havoga nisbatan dahriy deyish (Z.Xudoyshukur – “Dahriy havo”), shu’lani shakkok deb atash (B.Ro’zimuhammad – “Shakkok shu’la”), visolni sharmandaga chiqarish (A.Mahkam – “Sharmanda visol”), sirni betgachoparlikda ayblash (B.Yeshpo’latov – “Betgachopar sir”), baytni so’yish (H.Ahmedova – “So’yilgan bayt”) mumkinmi? Undan tashqari, “Chorbog’lar badani”, “Umid asabi” (B.Yeshpo’latov), “Olma ishqiy gullagan” (S.Olloyor), “Qa’rim qa’rida” (O.Ikrom), “Hilqatli ko’ksim” (N.Abdurahmonov), “Osmonsizlik qa’rida” (I.Iskandar), “Nimrang nigoh”, “Hiloliy haram”, “Hiloliy tovush” (Dilbaroy), “Hijroniy meros” (Xurshida), “Osmon-laqqi” (A.+utbiddin) kabi iboralar ham g’aliz va mavhum, ko’ngilga botmaydi”. Keltirilgan misollardagi ba’zi so’z, iboralarni o’rinsiz, asossiz, nojo’ya qo’llangan demasak, ko’pchilik so’z, iboralar izlanish, ijodiy jarayon samarasi sifatida diqqatni jalb qiladi. To’g’ri, “bo” - qo’shimchasi bilan yasalgan so’zlar o’ta sun’iy. “Vafoat”, “visolat”, “yolg’iziyat”, “qonolud”, “xayoldo’z”ning ildiz otib ketishiga ishonch yo’q. Ammo “dahriy havo”, “shakkok shu’la”, “sharmanda visol”, “nimruh”, “tunzor”, “g’amsuvor”, “so’yilgan bayt”, “qa’rim qa’rida”, “nimrang nigoh”, “osmon-laqqi”, “chorbog’lar badani”, “umid asabi” singari so’z, iboralarda jon, holat, beandazalik bor.
San’atkor uchun har bir yangi asari, misoli farzand. O’la-o’lguncha asarlariga sayqal berib, har bir so’z ustida o’lib-tirilib o’tgan san’atkorlar ozmi?! Shoir Mirtemirni ko’rgan, bilgan odam borki, bu avliyosifat inson hamisha, hamma yerda she’rlariga sayqal berishdan tinmagan. Uni shoir deyishdan ko’ra matnnavis deyish to’g’riroq bo’ladi, chog’i. Mirtemir har bitta she’ri uchun shunday so’zlarni izlaganki, go’yo shu so’z matnning barcha qism, bo’lak, ohang, maromini o’zida jamuljam qilgan. Aksariyat hollarda shoir mana shu o’zak, yuk ko’taruvchi so’z, ifodani topgan. Mirtemirning mittigina “Handalak” she’ri bor. Shoirdagi san’atkorlik shundaki, kitobxon handalakni yemay turib, tasvirning o’zidan huzurlanadi, saraton oldi yetilgan ne’mat mazasini totib ko’rganday bo’ladi. “Havo eleksirday”, “Yashillik saltanat qurmish”, “Ko’krakka uradi yoqimtoy salqin”, “Chechaklarda noz”, “Ko’zlar ilg’aguncha poliz, bedazor”. Go’zallik uzra go’zallik tasvirlanaveradi. Nihoyat, “muzdek va yorqin, beqasam handalak uzildi”. U “go’yoki yolqin, quymadek bejirim”. Handalak – “aslida quyosh zarrasi”, “ona tuproq toti, tuproq shirasi”. She’rda ajoyib strukturaviy mutanosiblik bor: handalak ham, zarra ham quymaday, har bir obraz, tasvir poliz, handalakzor tarovatini aniq tasavvur etishga xizmat qiladi. She’rdan bitta so’z, bitta obrazni olib qo’ying-a: tizimdagi tartib, tarkibdagi mukammallik buziladi – matnda majruhlik paydo bo’ladi. She’r shunchalar yaxlitki, har bir harakat, ishora boshdan adoq to’siqsiz, bir maromda o’tadi. Strukturalizm matndagi yaxlitlik, izchillik; tushuncha, obrazlar ora aloqadorlik; holat tarovatini bezaha ifodalash metodidir. Xuddi shu holatni «Tilla baliqcha» she’rida kuzatish mumkin. Biz Abdulla Oripov (M. Qo’shjonov, S. Meliyev) kitobidagi «Tilla baliqcha» she’ri talqinini struktural o’rganish deb bilamiz va o’sha fikrlarga qo’shilamiz. Kezi keldi: adabiy jarayondagi xunuk bir xodisa haqida to’xtalinmoqchimiz. O’zini hurmat qilgan san’atkor borki, asarini-mukammal matnni qarachig’iday asrab avaylaydi. Konstantin Fedin katta asaridagi bitta so’zni o’zgartirgan muharrir Konstantin Simonovni nari olib borib, beri olib kelgan ekan. Abdulla Qodiriyday san’atkor Sadriddin Ayniy qissasini tahrir qilar ekan, nojo’ya so’z iboralarni alohida varaqqa ko’chirib yozib borgan ekan (ya’ni ustoz matniga qalam tekkazishni shakkoklik deb bilgan). Hozir istagan jurnalni olib qarang: hikoya, qissa, romanning jurnal nusxasi degan izohga ko’zingiz tushadi. Asarning «jurnal» nusxasi-qo’l-oyog’i, zarur a’zosi qirqib tashlangan nogiron ransa. Kitobxon shu «beo’xshov narsa»ni o’qigach, uning to’liq nusxasini ne-ne gumonlar bilan qo’lga oladi. Asarning «jurnal nusxasi»ning boshlashiga ruxsat berayotgan yozuvchilar yetti o’lchab, bir kesishlari lozim.
Struktura – asarning badiiy-estetik xaritasi. Bu xaritani ruhiy nigoh bilan o’rganish, uqish mumkin. Xaritada ranglar, belgilar aniq o’lchamlar vositasida o’z ifodasini topadi. Xaritalar siyosiy, ekologik, yer tarkibi bo’yicha yaratiladi. Badiiy-strukturaviy xarita semiotik nuqtalarning joy-joyiga qo’yilishi, semiologik mohiyatning yoritilishi nuqtai nazaridan tuziladi. Semiotik nuqta, semiologik markazlar duch kelgan joyda emas, asarning g’oyasi, maqsadi nuqtai nazaridan aniq belgilangan o’ringagina qo’yiladi. Davrimizning donishmand ijodkorlaridan biri Fozil Iskandar iste’dod nima degan savolga bunday javob beribdi: “Iste’dod adabiyot maydoni birligida kitobxon bilan tutashadigan aloqa nuqtalari miqdori”. Iste’dodning shoirona ta’rifini strukturaga nisbatan ham qo’llash mumkinday tuyuladi: “Strukturada – badiiy matn to’qimasi birligida o’zaro tutashadigan, bosh g’oya tomonidan boshqarib turiladigan semiotik nuqtalar, semiologik markazlar miqdoridir”.
Struktura tugallikni, yaxlitlikni, semiotik nuqtalar aniqligini, semiologiya markazlarining mutanosibligini taqozo qiladi. Katta, kichik, she’riy, nasriy, dramatik – barcha asarlarda o’ziga xos tugal struktura bor. Shu jihatdan “Bahor qaytmaydi” qissasi ham yuqorida aytilgan asarlar singari poetik yaxlidlikka va semiyotik nuqtalarga ega bo’lgan puxta badiiy matndir. Asarni sarlavhasidan tortib epilog qismigacha tugallikga ega. Unda har bir obraz, detal, xarakter, kompozitsion vositalar va syujet elementlari bir-birini taqozo etuvchi, o’zaro uyg’un holda mahorat bilan tasvirlangan strukturani tashkil etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |