«Duogo`y»
Said Ahmad aka boshchiuligida bir guruh adiblar olis tog` qishlog`iga bordik. Mehmonga chaqirishdi. Uy to`la odam. Davra boshida to`rvadek soqoli ko`ksiga tushgan qariya o`tiribdi. Hamma unga ta`zim bajo qiladi. Davraga kim kelib qo`shilmasin chol uzundan-uzoq duo o`qiydi. “Sen ham mening yoshimga yetib yurgin, bacham”, deb fotiha tortadi.
Bir xil duo takrorlanavergach, Said Ahmad aka so`radi:
-Necha yoshga chiqdingiz, taqsir?
-Menba? –dedi dedi chol salmoqlab. –ikkam jetmishga bordim!
-Voy bo`-o`-o`!-dedi Said Ahmad aka bosh chayqab. –Agar sening duoying mustajob bo`lsa men sakkiz yil avval o`lib ketishim kerak ekan-da, ukam? Men yetmish oltiga chiqdim! Turaqol endi, joy almashamiz!
Behi
Namanganlik shoir Habib Sa`dulla bilan ish xonada suhbatlashib o`tirsak, said Ahmad aka qo`ng`iroq qilib qoldi. Habobjon kelganini eshitib, bog`iga taklif qildi.
-Bir soatda yetib kellaring, osh damlab qo`yaman.
Borsak, chindan ham osh damlangan ekan.
-Behiyam soldim, -dedi ustoz maqtanib. –Yesang, og`zingda erib ketadi! Jonivor o`ziyam boshini yeb meva soldi-da, bu yil!
Dachada behi borligi esimga tushib gapni aylantirdim.
-Qorong`i tushib qolyapdi, kech qolsam uydagilar xavotir olmasmikan.
-Said Ahman aka jo`yali maslahat berdi:
-Ana telefon! Qo`ng`iroq qil, menikida o`tirganingni ayt. Osh bo`lyapti de.
-To`g`ri-ku, -dedim “ma`yus tortib”. –Uydagilar sizning bog` hovlingizda o`tirganimizga ishonadi. Osh bo`layotganigayam ishonadi. Ammo ustoz oshga behi solibdilar, dachadagi behi “boshini yeb” meva qipdi, desam baribir ishonmaydi-da!
-Obbo, har kelganingda bir nima yulib ketmasang, ko`ngling joyiga tushmaydi-a! –Said Ahmad aka shunday deb, o`rnidan turdi. Alla qayerdan yelib xalta topib chiqdi. –Sen Habib bilan choy ichib o`tirgin, xo`pmi? –dedi bog` tomon yurib. –Qorong`u tushmasdan senga o`zim behi uzib beraman.
Bunaqa “mehribonchilik” bejiz emasligini bilib, sekin ketdan bordim. Qarasam, bitta behini shohdan uzyapti-da, ikkitasini yerdan olib qopchiqqa solyapti. Iriganroq, Zah yeganroq…
-Ustoz! –dedim ikki qo`limni ko`ksimga qo`yib.
-Odamni unaqa hijolat qilmang, ustoz! Shu behi savilni o`zim uza qolay, ustoz!
-Said Ahmad aka keskin bosh chayqadi:
-Yo`-yo`-yo`, san urinma! Mening qo`lim chang bo`lishga bo`ldi. Qara, ko`ylaging oppoqqina ekan!
-Sizning tabarruk qo`lingiz chang bo`lgunucha mening oppoq ko`ylagim yirtilib, dabdalasi chiqqani yaxshimasmi? –dedimu, eng sarhil behilarni uzib xaltaga solaverdim.
Qopchiq to`lavergan sari oqsoqolni peshanasi tirishib ketayotganini ko`rib, chapni chalg`itdim.
-Ustoz! Anavi tepa shoxdagi behini qarang! Naq Nosir Fozilovning kallasidek keladi-ya! Narvon qayoqda edi?
San topolmaysan, o`zim olib kelaman! –Said Ahmad aka shahdam qadamlar bilan nari ketdi.
Shoxga tarmashib, tag`in uch-to`rtta behi uzgan edim, yon bosh tomondan ustozning ovozi keldi:
Munday qarasam, Said Ahmad aka zanglab ketgan kattakon arrani qo`ltiqlab turibdi.
-Ushla! –Arraning bir dastasini menga uzatib. Bir tomonidan sen tort. Bir tomonidan men tortay… Senam qutulasan, menam qutulaman, behiyam qutuladi!
Do'stlaringiz bilan baham: |