Alisher Navoiy asarlarida til madhi
“Gapirganda sharoitni, suhbatdoshingni hisobga ol.
Oʻrinsiz soʻz aytma…”
“Mahbub ul-qulub”dan
Soʻz sanʼati, notiqlik, nutq madaniyatiga qadim-qadimdan alohida eʼtibor qaratilgan. Bu sohada gʻarb allomalari soʻz bilan taʼsir koʻrsatish, kishilarni ishontirish va oʻz ortidan ergashtirish mahorati haqida qarashlarini bayon qilgan boʻlsa, sharq mutafakkirlarida aksincha, ular nutq madaniyatini, asosan, suhbat odobi, tinglash madaniyati sifatida eʼtirof etgan. Soʻz mulkining sultoni Hazrat Navoiy oʻz asarlarida notiqlik va nutq madaniyatiga oid qimmatli maʼlumotlar keltirgan. Navoiyning tilshunoslik va notiqlikka oid qarashlari nafaqat “Muhokamat ul-lugʻotayn” asari, balki “Xamsa”, “Chor devon”, gʻazal, ruboiy, qitʼalarida ham ifodalangan.
Husn jamoli yoʻq odam shirin soʻz boʻlsa,
Goʻzal va shirin soʻzi bilan barchani qoʻlga oladi.
Mazkur bayt Navoiyning “Mahbub ul-qulub” asarida keltirilgan boʻlib, mutafakkir kishilarni xushmuomalalikka chaqiradi. Yaxshi bilamizki, uzumdan ham shinni, ham may tayyorlash mumkin. Til ham xuddi shunday. Shuning uchun xalq donoligida “Yomon soʻz bilan pichoq qinidan chiqar, yaxshi soʻz bilan ilon inidan” singari purmaʼno bitiklarni koʻramiz. Darhaqiqat, buyuk alloma bobomiz mana shunday donolik bisotidan oʻz asarlarida foydalangani, shubhasiz, albatta.
Navoiy yana bir oʻrinda “gapirganda sharoitni, suhbatdoshingni hisobga ol. Oʻrinsiz soʻz aytma…”, deydi. Yaʼni, boʻlajak voizlar nutq soʻzlayotganda, albatta, tinglovchilarning yoshi, jinsi, dunyoqarashi, kasbi va oʻsha paytdagi shart-sharoitni inobatga olmogʻi darkor. Masalan, notiq, soʻzlovchi oʻz fikrini mutaxassis va mutaxassis boʻlmagan kishilarga bir xil tarzda yetkazolmaydi. Negaki, insonlarning qiziqishi va kasb-koridagi tafovut nutq mazmunini turlicha qabul qilishiga olib keladi. Shuning uchun notiq someʼlar imkoniyatini ham hisobga olishi kerak.
Yana bir misol: “… bir deganni ikki demak xush emas, soʻzchi takror topdi dilkash emas”. Navoiy aytmoqchi-ki, soʻzni takror qoʻllash nutqiy gʻalizlikka olib keladi. Fikr taʼsirini kamaytirib, soʻz qadrini toʻkadi. Bundan tashqari, Navoiy diling va tiling bir boʻlsin. Doim rost soʻzla, nutqing halol boʻlsin deya, kishilarni rostguylikka, qisqa va aniqlikka eʼtibor berishga oʻrgatadi.Gapni avval oʻylab, xayolda mukammallashtirib, tartibga keltirib, soʻng soʻzlash lozim. Yoʻqsa, sukut eng maʼquli. “Soʻzni koʻngulda pishqormaguncha, tilga keltirma, harnakim koʻngulda boʻlsa tilga surma…” Til shuncha sharafi bilan nutqning qurolidir. Agar nutq nomaʼqul boʻlib chiqsa, tilning ofatidir.
Biz ona tili va adabiyot saboqlari kechimida tilni vosita, nutqni jarayon sifatida oʻrganamiz. Xaqiqatdan ham, til qancha boy imkoniyatlarga ega boʻlmasin, undan unumli foydalana olmaslik nutqning qashshoqlashuviga, tilning koʻlamdorlik xususiyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Aytish mumkinki, Alisher Navoiy oʻzbek tilining oʻz davrigacha hech kim anglamagan va foydalanmagan imkoniyatlarini ilgʻagan va uni oʻz asarlarida qoʻllay olgan. Tilni amaliy, nazariy, ilmiy jihatdan oʻrganib, yuksak choʻqqiga koʻtargan.
Do'stlaringiz bilan baham: |