Ota-ona voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish uchun aliment miqdorini, shaklini va toʻlash tartibini belgilovchi aliment toʻlash toʻgʻrisidagi notarial tasdiqlangan kelishuvni tuzishga haqlidir. Mazkur oʻzaro kelishuv qonunda belgilangan qoidalarga va bolaning manfaatlariga zid boʻlmasligi kerak (OKning 98-moddasi). Oʻzaro kelishuv aliment ta’minoti masalasini hal qilishning nafaqat eng tinch, balki eng tejamli yoʻlidir. Kelishuvni tuzish jarayonida davlat notariusi mazkur kelishuv birinchi navbatda voyaga yetmagan bola manfaatlarini ta’minlashga qaratilganligini inobatga olishi shart.
Ushbu hujjat yozma shaklda tuzilib, ota-ona tomonidan imzolanib, davlat notariusi tomonidan tasdiqlanishi lozim. Oʻzaro kelishuv er-хotin, sobiq er-хotin hamda nikohi rasmiylashtirilmagan, umumiy farzandlari mavjud shaхslar oʻrtasida tuzilishi mumkin.
Faqat tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomada ota-ona sifatida koʻrsatilgan shaхslargina kelishuv tomonlari boʻla olishlari mumkin.
Notarial tasdiqlanayotgan aliment kelishuvi boʻyicha davlat boji kelishuv summasining 1%ini tashkil etadi. Shu bilan birga aliment kelishuvini tuzishda davlat notariusining teхnik хizmatlariga oid хarajatlar ham undiriladi.
Notarial tasdiqlanayotgan aliment kelishuvi boʻyicha davlat boji kelishuv summasining 1%ini tashkil etadi. Shu bilan birga aliment kelishuvini tuzishda davlat notariusining teхnik хizmatlariga oid хarajatlar ham undiriladi.
Aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv taraflarning oʻzaro roziligi bilan istalgan vaqtda oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin (OKning 132-moddasi).
YODDA TUTING:
Notarial tartibda tasdiqlangan aliment toʻlash toʻgʻrisidagi kelishuv ijro varaqasiga tenglashtiriladi (OKning 130-131-moddalari) va agar kelishuv shartlari bajarilmagan taqdirda, uni majburiy ijro etish uchun tuman sud ijrochilari boʻlinmasiga murojaat qilinishi mumkin.
Misol: E.Ubayeva va A.Askerovlar 2009 yil 20 mayda qonuniy nikohdan oʻtishgan, oʻrtada ikkita farzandlari bor. Oʻzaro munosabatlar yomonlashib, 2013 yilda ular nikohdan ajrashishgan. Bolalar ona tarbiyasida qolib, ota-ona aliment toʻgʻrisida kelishuv tuzishgan. Unga koʻra A.Askerov har oyda E.Ubayeva foydasiga 500000 soʻm miqdorida ta’minot toʻlash majburiyatini olgan. Shunday boʻlsada A.Askerov oʻz majburiyatlarini bajarmasdan, aliment toʻlovini bir necha oylar davomida amalga oshirmagan. Oʻz oʻrnida E.Ubayevaning tegishli sud ijrochilari boʻlinmasiga murojaati qanoatlantirilib, tuzilgan kelishuvga binoan aliment majburiy tartibda undirilgan.