X. ISTIQLOL DAVRI BOLALAR ADABIYOTI Reja:
Istiqlol davri bolalar adabiyotining o‘ziga xos xususiyatlari.
Hamza Imonberdiyev ijodida istiqlol g‘oyalari ifodasi.
Kavsar Turdiyeva – bolalar shoiri va dramaturgi.
Dilshod Rajabov – bolalar shoiri.
Abdusaid Ko‘chimov ijodida bola ruhiyati talqini.
MAVZUGA DOIR TAYANCH TUSHUNCHALAR: istiqlol, g`oy, in’ikos, shakl, mazmun, adabiy tanqid, falsafiy, hajviy-yumoristik, ruhiyat manzaralari, ilmiy- nazariy aspekt, salaflar, muqoyasa, lirik qahramon, obrazlar tizimi, bolalar kinochiligi, monografik risola, inkishof, nasr materiali, voqeaband sujet, umummasala, konseptual, mahorat, hurfikrlilik, ballada, doston, badiiyat, ohangdorlik, esse, publitsistika, tamoyil.
Istiqlol davri bolalar adabiyotining o`ziga xos xususiyatlari. Mustaqillik davri o`zbek adabiyoti hayotni o`rganish-bilishning badiiy vositasi sifatida muhim ahamiyat kasb etadi. U zamondoshlar, jumladan, yosh avlodning ruhiy holatini teran tadqiq etishga, fikr doirasini kengaytirishga, his va tushunchalarining shakllanib, voqelikka to`g`ri munosabatda bo`lishga da’vat etayotir. Bugungi adabiyot tom ma’noda hayot darsligiga aylanayotgani shu jihatdan e’tirofga sazovor.
O`zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimov mustaqillikning ilk yillaridayoq jamiyat taraqqiyoti, ravnaqi uchun ma’nan va jismonan sog`lom avlod tarbiyalash masalasini kun tartibiga qo`ydi. Zero, har bir oqil insonning va jamiyatimizning muqaddas vazifasi, aytish mumkinki, umrining
ma’nosi qobil farzandlar o`stirish, ularni ham jismoniy, ham ma’naviy jihatdan mukammal qilib tarbiyalash, kamolini ko`rish, ota-onasiga, Vataniga sadoqatli kishilar etib voyaga yetkazishdan iboratligi haqidagi ta’kidlar bejiz emasdi.
Chindan ham mustaqillik davri bolalar adabiyotining mazmun va mohiyatidagi tub burilish yaqqol ko`zga tashlanadi. Bunda yosh qahramonlar xarakteri tahlili masalasiga alohida e’tibor qaratilishi, shakl va mazmun jihatdan- da yangi tamoyillar kasb eta borgani yorqin ko`rina boshladi. Milliy bolalar matbuoti ham mavzu material, g`oyaviy- badiiy jihatdan o`sib, bolalar ijodkorligi namunalari ko`proq ommalashtirilayotgani ta’kidga loyiq.
Shu bilan birga yangi asr kichkintoylarining qiziqishlari, ruhiy, ma’naviy olami, ularning ijtimoiy hayotga munosabati masalalari aks etgan asarlar tahlili orqali o`quvchilarda axloqiy-ma’rifiy, ijtimoiy-siyosiy tarbiyani shakllantirishga ahamiyat berilayotgani diqqatga sazovor. Binobarin, istiqlol davri o`zbek bolalar adabiyotida jamiyat taraqqiyoti bilan bog`liq mavzu talqinlari ustuvorligi (S.Barnoyev, E.Malikov, T.Malik asarlarida); kichkintoylar va bolalar fe’l- atvoridagi xarakter xususiyatlarning hajviy-yumoristik, fantastik, sarguzasht ifodasi (X.To`xtaboyev, A.Obidjon ijodida); bolalar va o`smirlarning murakkab ruhiyat olami (psixologizm) teran aks etgan asarlar, qolaversa, tabiat va jamiyat muammolari falsafiy talqin etilayotgan badiiy ijod namunalari (N.Fozilov, M.A’zam, A.Obidjon, T.Adashboyev asarlari) yarq etib ko`zga tashlanadi.
Bunda asrimiz boshlaridayoq bolalar asarlarining g`oyaviy-badiiy, axloqiy- ma’rifiy, falsafiy va psixologik jihatdan monografik tahliliga oid salmoqli tadqiqotlar, risola hamda adabiy-tanqidiy maqolalarning vujudga kela boshlagani muhim hodisa bo`ldi. Adabiyotshunos olimlar o`zbek bolalar adabiyoti tarixi va muammolarini yangicha tafakkur, istiqlol mafkurasi nuqtayi nazaridan o`rganish joizligini asoslab berdilar.
Istiqlol davri yangi bolalar adabiyotining maydonga kelishiga 80-yillarning ikkinchi yarmi katta ta’sir ko`rsatgani bejiz emas. Ayni shu davrda bolalar adabiyotimiz tom ma’nodagi haqiqatga tik boqadigan adabiyotga aylandi, yosh avlodni erksevarlik tuyg`ulari ruhida tarbiyalashda ilk qadamlarini qo`ydi. Bu ishga badiiy so`z qudrati bilan hissa qo`shib kelayotgan iste’dodli yozuvchilarning yangi avlodi yetishib chiqqanligi e’tirofga sazovor. Ya’ni, nafaqat Anvar Obidjon, T.Adashboyev, Miraziz A’zam, R.Tolipov, S.Barnoyev singari professional adib va shoirlarning o`zgacha talqin hamda yo`nalishdagi ijod namunalari balki Q.O`tayev, H.Imonberdiyev, K.Turdiyeva, Abdurahmon Akbar, Dilshod Rajab, Rustam Nazar, Vali Ahmadjon, S.Inoyatov, Qo`zi Ismoil, Zafar Isomiddin, Erpo`lat Baxt kabi ijodkorlarning bolalar adabiyotiga “yangi havo” olib kirishlari bilan e’tibor qozondi.
Do'stlaringiz bilan baham: |