Kavsar Turdiyeva (1958-yilda tug`ilgan) Toshkent davlat universiteti va Sankt-Peterburg davlat universitetida o`qigan. 1994-yilda "Hozirgi zamon bolalar she’riyatida ma’naviyat muammolari" mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Shoiraning "Varrak", "O`ynayapman, o`ylayapman", "Qush bo`lib uchgan ona", "Raqamlar bo`ylab sayohat", "Quvnoq alifbo bo`ylab sayohat" kabi kitoblari chop etilgan.
Kavsar Turdiyeva ijodida ona tili va ona tili faniga oid she’rlarning rang- barang namunasini uchratishimiz mumkin. Xususan shoiraning “Ona tilim” she’rida ona tilining naqadar go`zal va ma’no mazmunga boy ekanligi aytib o`tilgan. Bu barmoq vaznida yozilgan bo`lib, 4+3 shaklida turoqlangan. “Ona tilim” she’rida ona tilimiz onalarning allasiga, opa-singillarning yallasiga, momolarning hikoyalarida namoyon bo`lishi she’rda juda chiroyli tasvirlangan.
Shoiraning “Tillar ko`pdir dunyoda” she’rida esa tillar haqidagi ta’rif shunday boshlanadi:
Tillar ko`pdir dunyoda, Bir- biridan ziyoda.
Kulib bizlarga qarab, Arabcha so’zlar arab.
Kavsar Turdiyeva ijodida nafaqat ona tilimizga muhabbat, balki o’zbek tilining nazariy qirralarini poetik talqin etishi muhim ahamiyatga ega. Shoiraning alifbodan boshlab, o’zbek tilining so’z turkumlari, gap bo’laklari, kelishik
qo’shimchalarigacha lirik ifoda etishi diqqatga sazovor. Aynan shu jihat shoiraning o’ziga xos yo’nalishini belgilaydi desak, yanglishmagan bo’lamiz. Ilmiy tushuncha, nazariy ma’lumotlarni badiiy so`z yordamida obrazlantirib, mustaqil sujet, kompozitsion butunlikda lirik ifodalaydi.
Masalan, uning “Ot” she’rida ot so’z turkumi shunday ta’riflanadi : Bosh so`z turkumi , “ot”dir u
Barchaga ham yoddir u. “Atoqli “, “Turdosh “ bo`lar, Ba’zan harfi bosh bo’lar.
Haqiqatan, mustaqil va yordamchi so’z turkumlari ichida birinchi bo`lib Ot so`z turkumini o`rgnamiz. Kavsar Turdiyeva ijodidagi ushbu she’r o`quvchiga aniq va tushnarli tarzida ot so`z turkumini ifodalash uchun ikki guruhga bo`linishi ta’kidlangan. Yoki:
Yigirib turli ipak, Kiygandek turfa ko’ylak. Go’yo bir - bir kelishib, Kelgach olti ” Kelishik”.
Shoiraning ushbu she’rida nafaqat atoqli va turdosh ot balki, kelishiklarga ham murojaat qilishini ko`rish mumkin. She’rda kelishiklar badiiy san’atning “tashxis” san’ati asosida aytib o`tilgan.
Ot go`yoki nurlanar, Kelishikda turlanar. So`ng o`zgarib bir onda, Tuslanadi shaxs-sonda.
She’rda so`zlar kelishik qo`shimchalarini olib turlansa, shaxs-son qo`shimchalari bilan tuslanishi nazariy jihatdan haqiqatligi ayonlashadi. Kavsar Turdiyeva yana bir she’rida o`z va ko`chma ma’noda ishlatiladigan so`zlarni ajratishni poetik ifodalaydi:
Ovqat achchiqdir, yema! Menga achchiq so`z dema. Kelib qoldi kumush qish, Men qo`ydirdim oltin tish.
Bundan biz qaysi so`z birikmasi o`z ma’nosida, qaysi so`z birikmasi ko`chma ma’noda ekanligini yaqqol ko`rish mumkin. Ya’ni ushbu misrada achchiq ovqat o’z ma’nosida va achchiq so’z ko’chma ma’noda ekanligini o’quvchilar qiynalmasdan topa oladilar. Keyingi misradagi “ kumush qish” hamda “oltin tish” shunga misol bo`la oladi. Ushbu misradagi “Kumush qish” so`z birikmasi ko`chim ma’noning metafora asosida qo’llanilgan.
Alifbe- she’rlar turkumi nafaqat boshlang`ich sinf o`quvchilarining savod chiqarishlari uchun, balki harfiy san’at asosidagi badiiy ijodga daxldorligi bilan e’tiborni tortadi. Istiqlol yillarida alifbe she’rlarning yanada rang-barang namunalari yaratildi.
“Alifbe-she’rlar odatda,– deb yozadi adabiyotshunoslar,– yangi alifbo qabul qilinishiga bevosita aloqadordir”
Darhaqiqat, lotin yozuviga asoslangan yangi alifboni yosh avlodga teran singdirish, shu bilan birga katta avlodning ham bu jarayonga o`rgatishda she’riy alifbolarning ahamiyati katta. Xususan, alifboni badiiy ijodning turli kompozitsion shakl va usullarida, janriy xilma-xillikda ifoda etish bu maqsadning ijobiy ko`rinishlaridir. Jumladan, o`zbek bolalar she’riyatida Kavsar Turdiyeva ijodi aynan lotin yozuviga asoslangan alifbe-she’rlarga boydir. Shoiraning ko`pgina she’rlari o`quvchiga alifboni nafaqat nazariy jihatlarini, balki uning mumtoz adabiyotimizga xos an’analar, she’riy san’atlar vositasida anglatishga xizmat qiladi.
Aytaylik, K.Turdiyeva “Biz shunaqa bolamiz” she’rini “ she’riy alifbo” deb ko`rsatadi. Unda lotin alifbosidagi 29 ta harfning har biri bilan boshlanuvchi so`zlar alifbo tartibida she’riy vazn va qofiyaga solingan. Mazmunida esa aqlli, besh baho oladigan, do`stlari ko`p va eli mustahkam, jajji botirlar, Vatanga qo`shqanot bo`lgan eng ibratli avlod tarannum etiladi. Shoiraning “Sehrli harflar oroli” she’rida esa harflar endi o`zining imloviy vazifasini tushuntiradi:
Aa – Men “A”dirman, “A”dirman, Ko`p narsaga qodirman, “Qor”, “Bol”, so`zlarga qara:
Yasadim “Qora, bola”.
Bunda har bir harfga bag`ishlangan misralarning mustaqil kompozitsiyaga, mustaqil qofiya va mazmunga egaligi, qolaversa butun she’rni birlashtiruvchi yagona yetti hijoli ritm esa misralarning 4+3 tarzidagi turoqlanishi bilan she’riy ritmni tashkil etgani e’tiborga loyiq. To`rtliklarning rang-barangligi – o`zini tavsiflayotgan harflarning so`zga qo`shilish o`rnidir. Shoira alfavitdagi harflarning joylashuvini yaxlit qit’aga o`xshatsa-da, go`yo harflarning har biri alohida oroldir. Ularning xususiyati, vazifasi, so`zdagi o`rni, unli-undoshligi xilma-xil. Buni shoira ayrim harflar misolida yaqqolroq tushuntiradi:
Ff– Men unliman, undoshman, Fazo so`zida boshman.
Ba’zan “V”dek jaranglab, Qolsam yurma alanglab.
Shu tariqa, o`quvchiga harflarni tanishtiribgina qolmay, uning yuqori sinflarda beriladigan ilmiy ta’rifi haqida ham tushuncha berayotganidan dalolatdir. Shu jihatdan bunday she’rlarni harfiy san’atga asoslangan pedagogik she’rlar qatorida e’tirof etish mumkin. She’rdagi ayrim harflar ta’rifi esa Shermuhammad Munisning “Savodi ta’lim” manzumasiga yaqinligi bilan ya’ni, harflarning shaklini tabiatdagi narsalarga qiyoslash orqali aniqroq tasvirlash kuzatiladi. Masalan, alifbodagi “Ch” harfi o`zini shunday tanishtiradi:
Chaqqondirman, chiroyli, Shaklim narvon va yoyli. Men qo`shilsam oynakka
Ko`zing tushar choynakka.
Bu jihat shoiraning alohida turkum she’rlarida ham uchraydi. Jumladan, “D” o`xshaydi Ilhomga” she’rida lotin alifbosidagi harflar quyidagicha obrazlanadi.
“O” dumaloq go`yo shar, “N” o`xshaydi narvonga, “L”ilingan javonga,
“S” o`xshaydi oqqushga, “V” qanot yozgan qushga, “A” o`xshab ketar tomga, “D” o`xshaydi Ilhomga Yurar qaddin qilib dol.
Go`yo yuz yasharli chol.
K.Turdiyeva shu tarzda alfavitdagi har bir harfga to`xtalib, harflardan goh topishmoq, goh o`yinchoq, ba’zan esa bolalarga o`git berish maqsadida foydalanadi. Natijada, harfiy san’atlarning yangi talqinlari namoyon bo`ladi.
Muallifning “Kasblar she’rga aylandi, alifbega joylandi” she’rida alfavit tartibidagi harflar saf tortib, o`zi bilan boshlanuvchi kasblar haqida so`z yuritadi. Har biri 10-14 misralik she’rda aniq bir kasb-hunar haqida so`z boradi, ular o`zaro mustaqil sujetga ega bo`lsa-da, barchasi “yo bo`lsammi” so`zidan boshlangani, mantiqiy bog`lqligiga ko`ra yaxlit she’rdir. Alifbe she’r orqali o`quvchilar o`ttizdan ortiq kasb-hunar haqida tasavvurga ega bo`ladilar. Rost, she’rda kichkintoy bolalarning tasavvuriga hali sig`maydigan kasblar haqida ham fikr yuritiladi. Masalan, elchi, g`avvos, lug`atshunos kabi. Ammo shoira o`zining zamondosh o`quvchilarini yangi voqelik, chet tillarini 1-sinfdan o`rgatilishi va xalqimizning iqtidorli farzandlari tafakkuriga mos fikr yuritishni ko`zlaydi. Bunda shoira tajnisli so`zlardan ham foydalangan:
Do'stlaringiz bilan baham: |