T arjimai hol
Alijonov Muhammadyusuf Jo’rabek o’g’li, 2001-yil 19-avgustda Andijon viloyati Marhamat tumanida tug’ilgan.
Millati – tojik. Ma’lumoti – tugallanmagan oliy.
Marhamat tumanidagi 31-DIMIni, keyinchalik Marhamat Agrosanoat kasb-hunar kollejining huquqshunoslik fakultetini tamomlagan. Hozirda Toshkent davlat yuridik universiteti 3-bosqich talabasi. Qiziqishlari: jinoyat huquqi, jinoyat protsessual huquqi, dalillar nazariyasi, kriminologiya, korrupsiyaga qarshi kurash va komplaens.
YOSHLAR HAYOTIDA VIRTUALLASHUV SABABLARI VA OMILLARI
Muxammadyusuf Alijonov
Toshkent davlat yuridik universiteti
Jinoiy odil sudlov fakulteti 3-kurs talabasi,
O’zbekiston, Toshkent
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada bugungi axborotlashgan jamiyat tizimida yoshlar hayotida virtuallashuvning dolzarbligi, uning ijobiy hamda salbiy ta’siri, zamonaviy virtual texnologiyalardan foydalanish istiqbollari, virtual olam ta’sirining kuchayishi hamda yoshlarning mazkur voqelikka munosabati turli jihatlardan aks ettirilgan.
Kalit so’zlar: virtuallashuv, virtual makon, virtual resurslar, tobelik, ong, internet, virtual reallik, jamiyat
Bugungi jadal sur’atlarda axborotlashayotgan jamiyatimizda zamonaviy virtual texnologiyalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Virtuallashuvning ahamiyatli ekanligini, hatto virtuallashuvga nisbatan “virtual madaniyat” tushunchasining nisbatlanishidan anglash qiyin emas. Mazkur voqelik zamonaviy axborot texnologiyalari, virtual resurslarning borgan sari kundalik hayotimizda o’rin olayotgani hamda ulardan foydalanish va tasarruf etish uchun ham maxsus odob-axloq qoidalari, madaniyat zarurligini ko’rsatib turibdi.
Hozirda sayyoramizning deyarli har bir aholisi kundalik hayotida internetdan, virtual olam “mahsulotlari” dan foydalanishi hech birimizga sir emas. 2020-yil boshidagi ma’lumotlarga ko’ra dunyo bo’yicha internetdan foydalanuvchilarning soni 4,6 milliarddan ortiq, ya’ni jami dunyo aholisining 60%ini tashkil etgan [1]. Sotsiologlarning fikricha, bu ko’rsatkich yildan yilga oshib borish ehtimoli yuqori, chunki internet texnologiyalari hayotimizning har bir jabhasiga kun sayin chuqurroq kirib bormoqda, uning bir qismiga ayanmoqda. Axborotlashgan jamiyat asoschilaridan hisoblangan M.Kastels to‘g‘ri taʼkidlaganidek, «zamonaviy olam asosini «tarmoqli» tuzilmalar tashkil qiladi» [2]. Darhaqiqat, hozirgi jamiyatda aynan global tarmoq orqali turli ijtimoiy institutlar, tuzilmalar va birlashmalar shakllanishiga keng shart-sharoit yaratib berilmoqda.
Ko’plab tadqiqotchilar virtual makonning tabiati nimada ekanligi xususida ikki xil pozitsiyada fikr yuritadilar: hozirgi voqelik sharoitida hayotni virtuallashtirishning murakkab tendensiyalari bugungi zamonaviy dunyoga nimani ko'proq olib keladi, degan savol tug'iladi, foydami yoki zarar? Har qanday voqea-hodisaning ham ijobiy, ham salbiy tomonlari mavjud bo’lganidek, virtuallashuv, jumladan, internet maydoni ham bizga bugungi kunda bir qancha ijobiy jihatlari bilan bir qatorda yetarlicha salbiy tomonlarini ham namoyon qilib ulgurdi. Sotsiologlarning ta’kidlashlaricha, bugungi kunda jamoatchilik nazorat qilinishi juda murakkab deb hisoblanayotgan, insonlarni texnogen qullikka yetaklaydigan muammoga duch kelmoqda. Mazkur jarayon inson ongini manipulyatsiya amaliyotlari bilan bo’ysundirishda, fikr va vaqt erkinligini cheklashda namoyon bo’ladi. Аyniqsa, virtual olamda hali dunyoqarashi to‘liq shakllanmagan yoshlar shuningdek o‘z qatʼiy fikri pozitsiyasiga ega bo‘lmagan kishilarni o‘z domiga tortib ketadigan g‘ayritabiiy kuchga ega bo‘lgan g‘oyaviy-mafkuraviy oqimlar taʼsirining kuzatilayotganligi bu muammoni o‘rganish qanchalik muhim ekanligini ko‘rsatib turibdi. Shu boisdan ham bunday virtual tahdidlarni oldini olish yoki bartaraf etish maqsadida «Biz mamlakatimizda investitsiyalarni faqatgina iqtisodiyot tarmoqlariga emas, balki ilmiy ishlanmalar «nou-xau»lar sohasiga ham keng jalb qilishimiz kerak»ligi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda [3].
Internetdan haddan tashqari ko’p foydalanish “internetga qaramlik” hodisasini keltirib chiqaradi va bu internetdan, virtual olamdan foydalanishga bo’lgan obsessif ishtiyoq hamda uni o’z vaqtida tark eta olmaslik bilan namoyon bo’ladi. Bunday qaramlik odamlarning, ayniqsa yoshlarning turmush tarziga salbiy ta’sir qiladi, shubhasiz. Jumladan, ularning o’qish va mehnat faoliyatida samaradorlikni pasaytiradi, boshqalar bilan o’zaro munosabatlar buzilishi, charchoq kuchayishi hamda sog’liqning yomonlashuvi kabilar kelib chiqish ehtimoli paydo bo’ladi.
Yuqoridagilar bilan bir qatorda virtual resurslar, xususan, internetning afzalliklarini e'tiborga olmaslik mumkin emas. Hozirgi zamon talabidan kelib chiqadigan bo’lsak, eng katta boylik - bu bilim. Bilim esa ma’lumotlar filtrlanishi, saralanishi va chuqur o’rganilishi natijasida yuzaga keladi. Shunday ekan tez va arzon ma'lumot almashish bizni ana shu boylikka eltishga yordam beradi. Internet yordamida har doim dunyoning istalgan nuqtasidan real vaqt rejimida muloqot qilish imkoniyati mavjud. Ushbu imkoniyat tufayli, COVID-19 pandemiyasi davrida, ya'ni o'zini-o'zi izolyatsiya qilish davrida har bir kishi o'z yaqinlari va boshqalarga xavf tug'dirmasdan ishlash va o'qish mumkin bo’lmoqda. Bundan tashqari, virtual resurslar insonlarga uylaridan chiqmasdan ko'p narsalarni qilish imkonini beradi, masalan, kompyuter texnologiyalari onlayn to'lovlarni amalga oshirish, pul ishlash, qo'shimcha yoki asosiy ta'lim olish, bo'sh vaqtni o'tkazish va boshqa shular kabi ko'p narsalarni qilish imkonini beradi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi axborotlashuv va globallashuv jadallashayotgan bir sharoitda viruallashuvdan, media makonidan foydalanishni ta’qiqlash imkonsizdek, fikrimizcha. Bundan tashqari, uni taqiqlash orqali erishiladigan maqsadga qaraganda bizningcha virtual resurslardan to’g’ri foydalanishni singdirish orqali erishiladigan maqsad ham vaqt ham ko’lam jihatida ustunroq bo’ladi. Axborotlar oqimidan foydalanish bo‘yicha yoshlarda sog‘lom immunitetni hosil qilish, ijobiy tomonlarini o‘rgatish bilan birga, salbiy oqibatlarini ham aytib o‘tish kerak. Ayrim hollarda virtuallashuv jarayonining jaddalashishi o‘smirda ijtimoiy munosabatlarni yomon kechishiga olib kelishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |