Namozni mukammal o‘qish va unda xushu’ qilish bobi hadislari
872-hadis. Sahih. Ahmad, Ibn Xuzayma rivoyat qilgan.
873-hadis. Mavzu’. “Az-za’ifa”ga qarang.
874-hadis. Mavzu’.
SAKSONINCHI BOB DUO VA TASBEHLAR
875. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Abdulloh ibn Abu Avfa aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) huzurlariga bir a’robiy kishi keldi va aytdiki: “Ey
Allohning payg‘ambari, menga Qur’ondan yetarlichasini o‘rgating. Men undan hech narsa yodlamaganman”, dedi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Subhonallohi valhamdulillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar va la-a havla va la-a quvvata illa billahil ‘liyyil ‘azim”, deb ayt”, dedilar. A’robiy qo‘llari bilan u beshtasini sanab ko‘rdi. Bir ozdan keyin haligi a’robiy qaytib kelib: “Ey Rasululloh, ular Allohim uchun, men uchun nima bor?” deb savol berdi.
“Allohummag‘firliy varhamniy vahdiniy varzuqniy va’finiy” (Allohim, meni kechir, menga rahm qil, hidoyat et, meni rizqlantir, menga ofiyat ber), deb ayt”, dedilar. A’robiy boshqa qo‘li bilan yana beshtani sanadi, so‘ng jo‘nab ketdi”. Payg‘ambar (s.a.v.) shunda: “A’robiy agar aytganlariga vafo qilsa, qo‘llarini yaxshilikka to‘ldirdi”, dedilar.
Faqih aytadilar: “Qur’ondan yetarlisini o‘rgating”, degan so‘zi, Qur’ondan namozda o‘qiladigan miqdordagisini bilishni istaganidir. Albatta, har bir kishi shu miqdorda bilishi lozim. Agar keragini bilqsa va o‘sha kalimalardan istifoda qilsa, Qur’on o‘qigan kishining fazilatini topishiga umid qilinadi.
876. Usmon ibn Abu Os aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) oldimga kelganlarida menda qattiq og‘riq bor edi, o‘lar holatda edim. Payg‘ambar (s.a.v.): “O‘ng qo‘ling bilan yetti marta “A’uzu bi’izzatillahi va qudratihi min sharri ma ajidu va uhaziru” (Allohning izzati va qudrati bilan menga yetgan narsaning yomonligidan panoh so‘rayman va saqlanaman), deb og‘riq yeringni sila”, dedilar. Men shunday qildim. Alloh taolo og‘riqni ketkazdi“.
Ato (r.a.) aytadilar: “Kim o‘n ikki rak’at namozni xayoli chalg‘imasdan o‘qisa va uning oxirida Fotiha surasini bilan Oyatul kursiyni yetti martadan o‘qisa va “La-a ilaha illallohu vahdahu la-a sharika lahu lahul mulku va lahul hamd va huva ‘ala kulli shay`in qodir”, deb o‘n marta aytsa va sajda qilib, “Allohumma, inniy as`aluka bima’aqidil ‘izzi men ‘arishka va muntahar rohmati min kitabika va bismikal a’zomi va jaddikal a’la va kalimatikat tammat”, deb aytsa, so‘ngra duo qilsa, mustajob bo‘ladi”.
877. Maymuna binti Sa’d aytadilar (u ayol Payg‘ambarimizga xodima edi): “Payg‘ambar (s.a.v.) Salmon namozidan keyin duo qilayotganlarida o‘tib qoldilar. Shunda u zot (s.a.v.) aytdilar: “Ey Salmon, sening Allohga hojating bormi?” “Ha, ey Rasululloh, bor”, dedilar Salmon. “Rabbingga duo qilishdan oldin sano ayt, Alloh o‘zini sifatlagandek sifatla, tasbeh, tahmid va tahlil ayt”, dedilar Nabiy. Salmon: “Sanoni qanday aytaman, ey Rasululloh?” deb so‘radilar. “Fotiha surasini o‘qi. Chunki u Alloh taologa sanodir”. Salmon: “Qanday qilib Uni sifatlayman?” deb so‘radilar so‘ng. “Ixlos surasini uch marta o‘qi. Chunki u Allohning sifati va u bilan o‘zini sifatlagan”, deb javob qildilar Nabiy (s.a.v.). Solmon keyin: “Qanday qilib tasbeh aytaman?” dedilar. Nabiy aytdilar: “Subhonallohi valhamdu lillahi va la-a ilaha illallohu vallohu akbar”, deb ayt, so‘ngra hojatingni so‘ra“.
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) aytadilar: “Kim namozidan keyin: “Astag‘firullohal ‘aziym allaziy la-a ilaha illa huval hayyul qoyyum va atubu ilayhi”, deb uch marta aytsa, Alloh taolo uning gunohalarini dengizning ko‘pigicha bo‘lsa ham, kechiradi”.
Faqih aytadilar: “Istig‘for qalbdagi pushaymonlik bilan birga bo‘lishi kerak”.
Hasan ibn Ali (ikkovlaridan ham Alloh rozi bo‘lsin) aytadilar: “Kim yigirmata oyat o‘qisa, shaytonning yomonligidan, zolim sultondan, dushman o‘g‘ridan, yirtqich maxluqning zarar berishidan saqlanishiga men kafilman”.
U oyatlar Oyatul kursiy va A’rof surasining 54 – 56-oyatlari, Soffat surasining avvalgi o‘n oyati, Ar-rohman surasining 33 – 35-oyatlari, Hashr surasining oxiridagi uch oyatdir.
878. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bani Aslam qabilasidan bir kishi Payg‘ambarga (s.a.v.): “Bu kecha men uxlay olmadim”, dedi. “Nima uchun?” deb so‘radilar. “Meni chayon chaqib oldi”. Unga Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Uxlayotgan vaqtingda “A’uzu bikalimatillahit tammati min sharri ma xolaq”, deb aytganingda, agar Alloh hohlasa, senga hech narsa zarar bermas edi”.
879. Said ibn Musayyab aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) juma kuni Maozni yo‘qotib qo‘ydilar. Juma namozini o‘qib bo‘lgach, Maoz kirib keldilar. Payg‘ambar (s.a.v.) shunda: “Nima uchun namozda ko‘rinmading?” deb so‘radilar. Maoz javob berdi: “Ey Rasululloh, falonchi yahudiydan qarz olgan edim. Namozga chiqsam, u meni ushlab olishidan qo‘rqdim”. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ey Maoz, senga bir duo o‘rgataymi, u bilan duo qilsang, senda qancha qarzing bo‘lsa ham, Alloh taolo undan qutqaradi”, dedilar. Maoz: “Mayli, ayting”, dedilar. Nabiy (s.a.v.) aytdilar: Oli Imron, 26 – 27-oyatlarini o‘qiganingdan so‘ng, ”Ya rohmanad dunyo val oxiroti va rohiymahuma, tu`ti minhuma man tasha`u va tamna’y minhuma man tasha`u farhamniy rohmatan tug‘niyniy biha ‘ar rohmati man sivak”, deb ayt.
Aytishlaricha, bu duoni asir kishi o‘qisa, Alloh taolo uni asirlikdan ozod qilar ekan.
880. Abu Umoma Bohiliy (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Kim tong otgan paytda “Allohumma lakal hamd la-a ilaha illa anta, anta robbiy xolaqtaniy va ana
‘abduka amantu bika muxlisol laka diyniy. Asbahtu ‘ala ahdika va va’dika mastato’tu va atubi ilayka min sayyii ‘amaliy vastag‘firuka lizunubiy. Innahu la-a yag‘firuz zunuba illa anta”, desa, agar shu kuni o‘lsa, unga jannat vojib bo‘ladi. Agar bu duoni kechasi aytsa va kechasi o‘lsa, unga jannat vojib bo‘ladi. Faqat bunda “asbahtu” ning o‘rniga “amsaytu” deydi.
881. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Kimki tong ottirib, uch marta “bismillahillaziy la-a yazurru ma’asmihi shay`un fil arzi va la-a fis sama`i va huvas sami’ul ‘alim”, degan duoni o‘qisa, unga kechgacha hech qanday balo yetmaydi. Agar kech bo‘lganda aytsa, ertalabgacha hech qanday balo kelmaydi.
Aytishlaricha, bu hadisning roviylaridan biri Abbonga shol kasali tekkan edi. (Alloh o‘zi asrasin.) Shunda unga: “Bizga aytgan gapingiz qani?” deyishdi. Abbon: “Allohga qasamki, yolg‘on gapirmadim, menga ham yolg‘on gapirishmagan, lekin Alloh meni shu balo bilan imtihon qilishni xohlagan ekan, o‘sha duoni esimdan chiqartirib yubordi”, dedilar.
882. Nofi’ Ibn Umardan (r.a.) rivoyat qiladilar. U kishi aytdilar: “Payg‘ambarning (s.a.v.) huzurlariga bir kishi kelib: “Ey Rosululloh, men kambag‘allashib qoldim”, dedi. “Farishtalarning salovoti, xaloyiqning tasbehi aytiladigan va ular rizqlanadigan paytda qaerda eding?” dedilar. “U qaysi payt?” deb so‘radi. “Subhonallohi va bihamdih, subhonallohil ‘aziym, astag‘firulloha”, deb subh kirishidan bomdod namozini o‘qiguningcha yuz marta aytsang, senga dunyo xokisor holda keladi”, dedilar.
883. Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) uxlamoqchi bo‘lsalar, ikki kaftlarini bir qilib, so‘ng ikkalasiga “Qul huvallohu ahad” va ikki “Qul a’uzu”ni o‘qib, puflab, so‘ng ikki qo‘llarini yuzlariga, boshlariga va boshqa joylariga surtar edilar”.
Ikrimadan (r.a.) rivoyat qilinadi. U kishi aytadilarki: “Bir kishi o‘tib ketayotib, uxlab yotgan kishining oldida ikkita shaytonni ko‘rdi. Ularning biri sherigiga: “Borib bu odamning qalbini buz”, dedi. Unisi haligi kishining yaqiniga kelib, darhol orqasiga
qaytdi va shunday dedi: “U bir oyatni o‘qib yotibdi. Biz uning oldiga kirolmaymiz”. So‘ng ikkinchisi uxlab yotgan kishining oldiga bordi. U ham qaytib ketdi va: “To‘g‘ri aytding”, dedi. So‘ngra ular ketishdi. Keyin musofir uyqudagi kishini uyg‘otib, shaytonlar bilan bo‘lgan ishni aytdi va “Uxlayotganingda qaysi oyatni o‘qib yotgan eding?” deb so‘radi. U:
“Albatta, Parvardigoringiz Alloh shunday zotdirki, osmonlar va yerni olti kunda yaratib, so‘ngra arshiga o‘rnashdi”, jumlasidan
“Zero, Allohning rahmati chiroyli amal qiluvchilarga yaqindir”gacha (A’rof, 54 –
56) o‘qiganini aytdi.
Abu Majlaz aytadilar: “Kim zolim amirdan qo‘rqsa, “roziytu billahi robban va bil islami diynan va bi Muhammadin (s.a.v.) nabiyyan va bil Qur`ani imaman va hukman”, desa, unga Alloh najot beradi.
884. Yahyo ibn Saiddan rivoyat qilinadi. U kishi aytadilar: “Xolid ibn Valid: “Ey Allohning elchisi, men tushimdan qo‘rqyapman”, dedilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “A’uzi bikalimatillahit tammati min ‘azabihi va ‘iqobihi va sharri ‘ibadihi va min hamazatish shayatiyni va a’uzu bika robbi an yahzurun, deb ayt”.
885. Payg‘ambar (s.a.v.) bir kuni Maozning (r.a.) qo‘llaridan ushlab aytdilar: “Senga vasiyat qilamanki, har namozingdan keyin ushbu: “Allohuma a’inni ‘ala tilavati zikrika va shukrika va husni ‘ibadatika” duosini o‘qishni tark qilma.
886. Huzayfa ibn Yamon (r.a.) aytadilar: “Payg‘ambar (s.a.v.) uyqudan uyg‘onsalar: “Alhamdu lillahillaziy ahyaniy ba’da ma amataniy va ilayhin nushur”, deb aytar edilar“.
887. Abu Hurayra (r.a.) Payg‘ambarimizdan (s.a.v.) rivoyat qiladilar: “Agar birortangiz yomon tush ko‘rib, undan qo‘rqsa, chap tomoniga uch marta tuflasin va uning yomonligidan uch marta Allohdan panoh tilasin. Shunda u zarar bermaydi”.
888. Anas ibn Molik (r.a.) aytadilar: “Bir kishi Payg‘ambar (s.a.v.) oldlariga kelib: “Ey Allohning elchisi, duolarning qaysisi afzal?” deb so‘radi. “Rabbingdan avfni, dunyo va oxirat salomatligini so‘rashing afzal”, dedilar. So‘ng uchinchi kun kelib, yana shunday deb so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Agar avf, dunyo va oxiratda salomatlik berilsa, albatta, najot topasan”, dedilar“.
889. Rivoyat qilishlaricha, Ibn Mas’ud (r.a.) safarga chiqishni xohlasalar, ulovlariga minib, so‘ng: “Subhanallaziy saxxoro lana haza va ma kunna lahu muqriniyn va inna ila robbina lamunqolibun. Allohumma, antas sohibu fis safar, val xolifatu fil ahl. Allohumma, atvi lanal arzo va havvin ‘alaynas safar. Allohumma, inna na’uzu bika min vu’asais safar val huru ba’dal kur va kaabatil munqolibi va suil manzar fil ahli va mali val valad“, deb aytar edilar.
890. Ibn Ma’sud (r.a.) aytadilar: “Ahlingiz bilan turmush qurayotganingizda unga ikki rak’at namoz o‘qishni buyuring, so‘ng uning boshini ushlab, ey Parvardigor, menga
ahlimni barkotli qil. Ahlimga meni barakotli qil va mendan uni rizqlantir va undan meni rizqlantir. Bizlarning oramizga yaxshilikni jam qil”, deb ayting”.
Ja’far ibn Muhammad (r.a.) aytadilar: “To‘rt narsa bilan balolanib, to‘rt narsadan g‘aflatda qolgan kishiga hayronman:
G‘am bilan balolanib,
“Hech iloh yo‘q, magar o‘zing bordirsan, ey pok Parvardigor, darhaqiqat, men (o‘z jonimga) jabr qiluvchilardan bo‘lib qoldim”, degan oyatni o‘qimaganidan ajablanaman, chunki Alloh taolo:
“Bas, Biz uning (duosini) mustajob qildik va uni g‘am-g‘ussadan qutqardik. Biz mo‘minlarga shunday najot berurmiz (Anbiyo, 87 – 88-oyatlar), deb aytgan;
yomon narsadan qo‘rqib, menga Allohning o‘zi kifoya qiladi va u qanday yaxshi vakildir, deb aytmaganiga hayron bo‘laman, chunki Alloh taolo:
“Bas, u yurishdan biron noxushlik yetmay, Allohning ne’mat va fazli bilan qaytdilar. Ular Allohning roziligini istaydilar. Alloh esa ulug‘ fazlu marhamat sohibidir” (Oli Imron, 174-oyat), deb aytgan;
odamlarning hiyla makridan qo‘rqsa-da,
“Men o‘z ishimni Allohga topshirurman. Zero, Alloh bandalarini ko‘rib turguvchidir”, degan oyatni o‘qimaganiga hayronman, chunki Alloh taolo aytadi:
“Bas, Alloh u (iymon keltirgan kishi)ni ularning yomon makr-hiylalaridan saqladi va Fir’avn xonadonini yomon azob o‘rab oldi” (G‘ofir, 44 – 45); jannatga rag‘bat qilaturib,
“Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir”,
oyatini o‘qimaganga ajablanaman, holbuki, Alloh taolo aytadi:
“Shoyadki, Parvardigorim menga sening bog‘ingdan yaxshiroq (bir bog‘) ato etar” (Kahf, 39 – 40-oyatlar)“.
891. Qatoda aytadilar: “Bizlarga zikr qilinishicha, Payg‘ambar (s.a.v.) zamonlarida bir kishi: “Ey Parvardigor, meni oxiratda azoblaydigan bo‘lsang, uni shu dunyoda bera qol”, deb aytardi. So‘ng u kishi kasal bo‘ldi. Holdan toyib, erta-indin o‘ladigandek bo‘lib qoldi. Payg‘ambarga (s.a.v.) u haqda xabar berishdi. U zot kelib uning boshini ko‘tardilar. U hushsiz edi. So‘ngra aytishdi: “Ey Rosulylloh, bu odam shu-shu duoni o‘qirdi”. Payg‘ambar (s.a.v.) shunda aytdilar: “Ey odam farzandi, sen Alloh taoloning azobini ko‘tarishga qodir emassan, shuning uchun “Parvardigoro, bizga bu dunyoda ham yaxshilik ato et va bizni do‘zax azobidan asra”, deb ayt”. U kishi shunday duo qildi va sog‘ayib ketdi”.
Zikr qilinishicha, Utba G‘ulom vafot etganida bir kishi uni tushida ko‘rib: “Rabbing seni nima qildi?” deb so‘rabdi. “O‘qib yurgan duolarim sababli Alloh meni kechirdi. U devorda yozilgan”, debdi Utba. Kishi uyg‘onib devorga qarasa, uning xati bilan yozilgan duoni ko‘ribdi: “Ey Parvardigor, ey namozxonlarning hidoyatchisi, ey gunohkorlarga rahm qilguchi, ey gunohkorlarning gunohini kechiruvchi! Bu katta xatardan bandangga va
hamma musulmonlarga rahm et. Bizlarni rizqlanganlarning yaxshilaridan qil. Payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solihlardan bo‘lgan bandalaring bilan birga ayla. Ana o‘shalar chiroyli rafiqlardir. Birohmatika ya arhamar rohimiyn”.
Aytishlaricha, kim ushbu besh kalima bilan har namozning orqasidan duo qilsa, evaz oluvchilardan deb yoziladi: “Allohummaslih ummata Muhammad, Allohummarham ummata Muhammad. Allohumma farrij ‘an ummati Muhammad. Allohummag‘fir liummati Muhammad va lijami’i man amana bika”.
892. Abbon Anas ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qiladilar. “Hajjoj ibn Yusuf u zotga g‘azab qilib: “Agar Abdulmalik ibn Marvonning yozgani bo‘lmaganda seni shunday-shunday qilardim”, dedi. Anas aytdilar: “Bunday qilishga qodir bo‘lmaysan”. Hajjoj: “Menga kim mone’ bo‘ladi”, deb so‘radi. Anas: “Payg‘ambar (s.a.v.) menga o‘rgatgan duo, uni har kuni ertalab va kechqurun o‘qiyman”, dedilar. Hajjoj aytdi: “Uni menga o‘rgat”. Anas ibn Molik (r.a.) bosh tortdilar. U majburlamoqchi bo‘ldi. U zot baribir aytmadi”. Abbon aytadi: “Bu duoni Anas kasal bo‘lganlarida so‘radim”. U zot aytdilarki: “Uch marta bismillahi ‘ala nafsiy va diniy, bismillahi ‘ala ahliy va maliy va valadiy. Bismillahi ‘ala kulli ma a’toniy robbiy, Alloh, Alloh, Allohu robbiy la-a ushriku bihi shay`an, Alloh, Alloh, Allohu robbiy la ushriku bihi shay`an. Allohu akbar, Allohu akbar, Allohu akbar va
a’azzu ajallu mimma axofu va uhaziru. Allohumma inniy a’uzi bika min sharri nafsiy va min sharri kulli shaytonir rojiym va min sharri kulli jabbarin ‘aniyd, ‘azza jaruka va jalla sanauka va la-a ilaha g‘ayruka”. Keyin ushbu oyatni o‘qidilar:
“Ana endi ham yuz o‘girsalar, u holda ayting: Menga Allohning o‘zi yetarlidir! Hech qanday iloh yo‘q, faqat uning o‘zi bordir! (Men uning) o‘ziga suyandim. U zot ulug‘ arsh sohibidir” (Tavba, 129-oyat).
Duo va tasbehlar bobi hadislari
875-hadis. Hasan. Ahmad, Abu Dovud, Nasaiy rivoyat qilgan.
876-hadis. Sahih. Molik, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
877 (a)-hadis. Sanadida noaniqlik bor.
877 (b)-hadis. Zaif. Ibn Sano rivoyat qilgan.
878-hadis. Sahih. Muslim, Molik, Ahmad rivoyat qilgan.
879-hadis. Zaif. Haysamiy rivoyat qilgan.
880-hadis. Zaif. Haysamiy, Tabaroniy rivoyat qilgan.
881-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
882-hadis. Mavzu’. “Tanzihush-shari’a”ga qarang.
883-hadis. Muttafaqun alaqh.
884-hadis. Sahih. Molik, Nasaiy rivoyat qilgan.
885-hadis. Sahih. Ahmad, Abu Dovud rivoyat qilgan.
886-hadis. Sahih. Buxoriy, Abu Dovud rivoyat qilgan.
887-hadis. Muttafaqun alayh.
888-hadis. Zaif. Ahmad, Termiziy rivoyat qilgan.
889-hadis. Sahih. Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilgan.
890-hadis. Sahih. Ibn Abu Shiyba, Tabaroniy rivoyat qilgan.
891-hadis. Sahih. Muslim, Termiziy rivoyat qilgan.
892-hadis. Zaif.
SAKSON BIRINCHI BOB MULOYIMLIK TO‘G‘RISIDA
893. Faqih Abu Lays Samarqandiy (r.a.) rivoyat qiladilar. Oyisha (r.a.) aytdilar: “Bir necha yahudiylar Payg‘ambar (s.a.v.) oldlariga kirishga ruxsat so‘radi. Payg‘ambar (s.a.v.) ruxsat berganlaridan keyin ular:
“Assomu alayka” (ya’ni, senga o‘lim bo‘lsin ), deyishdi. Payg‘ambar (s.a.v.): “Va alaykum” dedilar. Oyisha onamiz (r.a.) shunda: “Sizlarga o‘lim va la’nat bo‘lsin”, dedilar. Payg‘ambar (s.a.v.): “Ey Oyisha, Alloh taolo har bir ishda muloyimlikni yaxshi ko‘radi” dedilar. Oyisha onamiz: “ Axir ular nima deyishganini eshitmadingizmi?” deb aytdilar. Nabiy (s.a.v.): “Va alaykum” (Ya’ni sizlarga ham) dedim-ku”, dedilar.
894. Oyisha onamizga (r.a.) Payg‘amar (s.a.v.) aytdilar: “Ey Oyisha, kimga hilmdan nasiba berilsa, albatta, unga dunyo va oxirat yaxshiligi berilibdi. Kim hilm nasibasidan mahrum etilsa, dunyo va oxirat yaxshiligidagi nasibasidan mahrum bo‘libdi”.
895. Said ibn Musayyabdan (r.a.)rivoyat qilinadi. Payg‘ambar (s.a.v) aytdilar: “Aqlning boshi Allohga bo‘lgan iymondan keyin odamlar bilan murosai madora qilish va ularga muhabbatli bo‘lishdir. Kishi kengash maslahatdan halok bo‘lmaydi. Kishi o‘zining fikri bilan kifoyalansa, baxtli bo‘lolmaydi. Agar Alloh bandaning halok bo‘lishini xohlasa, avvalo uning fikri buziladi. Albatta, dunyoda yaxshilik ahllari bo‘lganlar oxiratda ham yaxshilik egalaridir. Dunyodagi yomon ish egalari bo‘lganlar, oxiratda ham yomonlik egalaridir”.
896. Abu Hurayra (r.a.) rivoyat qiladilar. Payg‘ambar (s.a.v.) aytdilar: “Alloh taolo rafiqdir (ya’ni, muloyimdir) va rafiqlikni yaxshi ko‘radi. G‘azab bilan olinmagan narsa muloyimlik bilan olinadi.
897. Payg‘ambar (s.a.v.) aytadilar: “Agar Alloh taolo uy ahliga yaxshilikni xohlasa, ularga yumshoqlikni kirgizadi. Agar yumshoqlik xulq bo‘lsa, odamlar undan yaxshiroq xulqni ko‘rmaydilar. Agar bema’nilik xulq bo‘lsa, odamlar undan yomonrq xulqni ko‘rmaydilar».
898.Oyisha onamiz (r.a.) aytadilar: “Men bir katta tuyaning ustida edim. Tezroq yursin deb uni ura boshladim”. Payg‘ambar (s.a.v.) shunda: “Ey Oyisha, yumshoq bo‘l, chunki qaysi narsada yumshoqlik bo‘lsa, uni ziynatlaydi va qaysi narsada bo‘lmasa, u badnom bo‘ladi”, dedilar.
899. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: “Ushbu:
“Qachon Allohning yordami va g‘alabasi kelsa” oyati tushganida, Payg‘ambar (s.a.v.) kasal edilar. Payshanba kuni odamlar oldiga chiqmoqchi bo‘ldilar. Boshlarini bog‘ich bilan bog‘lab olgan edilar. So‘ngra minbarga ko‘tarildilar. Ranglari sarg‘aygan, ko‘zlarida yosh bor edi. Keyin Bilolni chaqirib, Madina ahlini vasiyatlarini eshittirishlari uchun jam qilishga buyurdilar. Zero, u Rasulullohning (s.a.v.) oxirgi vasiyatlari edi. Bilol Madina ahlini chaqirganida, ularning katta-yu kichik hammasi yig‘ildi. Uydagilar uylarini, bozordagilar bozorlarini tashlab kelishdi. Hatto unashtirilgan qizlar
Payg‘ambarning (s.a.v.) vasiyatlarini eshitish uchun chiqishdi. Masjid yig‘ilganlarga torlik qildi.. Payg‘ambar (s.a.v): “Orqadagilarni ham sig‘diringlar”, dedilar. U zot (s.a.v.)
yig‘lab turardilar. So‘ng: “Inna lillahi va inna ilayhi roji’un”, dedilar va Allohga hamdu sano o‘qidilar, payg‘ambarlarga va jumladan o‘zlariga ham salovat yo‘lladilar. Keyin aytdilar: “Men Muhammad ibn Abdulloh ibn Abdulmuttalib ibn Hoshim al-arabiy al- xaramiy al-makkiyman. Mendan keyin payg‘ambar yo‘qdir.
Ey odamlar, bilinglar, mening jonim uzilish arafasida, dunyodan ayrilish vaqtim keldi.
Rabbim bilan ko‘rishishga mushtoqman. E voh, ummatimga firoq. Mendan keyin nimalar deydilar, Allohim, salomat qil, salomat qil. Ey odamlar, Alloh taolo sizlarga tushirgan hukmlarida nima halol va nima harom, nimalar qilishlaringiz, nimalardan saqlanishingizni bayon qilib berdi. Uning halol narsalarini halol denglar, xarom qilganini harom denglar. Mutashobih oyatlariga iymon keltiringlar, muhkam, ya’ni, ochiq-ravshan oyatlarini qattiq ushlanglar. Misollardan ibratlaninglar”.
Keyin boshlarini osmonga ko‘tarib: “Ey Parvardigor, yetkazdimmi? Guvoh bo‘lgin”, dedilar. So‘ng yana so‘zlarini davom etdilar: “Ey odamlar, Alloh taolodan uzoq, xorlangan, adashgan, jannatdan uzoq, do‘zaxga yaqin bo‘lgan nafsi havodan saqlaninglar. Jamoat va istiqomat qilishni(to‘g‘ri yo‘lda yurishni) mahkam tutinglar. Chunki u Allohga, jannatga yaqin va do‘zaxdan uzoqdir... Ey Parvardigor, yetkazdimmi? Ey odamlar, dinlaringda va omonatlaringda Allohni unutmanglar, qo‘llaring ostidagilaring borasida ham Allohni yoddan chiqarmanglar. Yegan narsalaringdan ularga ham yediringlar va kiygan narsalaringdan kiydiringlar. Ularni toqati yetmaydigan ishlarga buyurmanglar. Chunki ular ham go‘sht, qon va xulqda sizga o‘xshaydi. Ogoh bo‘linglar, kim ularga zulm qilsa, qiyomat kuni men unga xusumat qilaman. Alloh ularning hokimidir. Xotinlaringiz xususida ham ehtiyotkor bo‘linglar. Mahrlariga vafo qilinglar. Ularga zulm qilmanglar. (Zulm qilsanglar) qiyomat kuni yaxshiliklaringdan mahrum etadi.... Yetkazdimmi?
Ey odamlar, o‘zlaringni va ahllaringni do‘zaxdan saqlanglar. Ularga ilm va odob beringlar. Chunki ular sizlarga yordam beruvchi va omonatdirlar... Yetkazdimmi?
Ey odamlar, ishlaringizdagi boshliqlarga itoat qilinglar, ularga osiy bo‘lmanglar. Agar-chi u biror a’zosi kesilgan habash qul bo‘lsa ham. Chunki kim ularga itoat qilsa, menga itoat qilibdi. Kim menga itoat qilsa, Allohga itoat qilibdi. Kim ularga isyon qilsa, menga isyon qilibdi. Kim menga isyon qilsa, Allohga osiy bo‘libdi. Ogoh bo‘linglar, ularga qarshi chiqmanglar. Ularning ahdlarini buzmanglar.... Yetkazdimmi?
Ey odamlar, mening ahlimni yaxshi ko‘ringlar, Qur’onni ko‘targanlarni yaxshi ko‘ringlar, olimlaringizni yaxshi ko‘ringlar. Ularga hasad etmanglar, g‘azab qilmanglar, ta’na toshi otmanglar. Ogoh bo‘linglar, kim ularni yaxshi ko‘rsa, meni yaxshi ko‘ribdi. Kim meni yaxshi ko‘rsa, Allohni yaxshi ko‘ribdi. Kim ularga g‘azab qilsa, menga g‘azab qilibdi. Kim menga g‘azab qilsa, Allohga g‘azab qilibdi... Yetkazdimmi?
Ey odamlar, besh vaqt namozni tahoratini chiroyli olib, ruku’ va sajdalarini maromiga yetkazib o‘qinglar. Ey odamlar, mollaringizning zakotlarini ado qilinglar. Ogoh bo‘linglar! Kim zakotni ado etmasa, uning uchun namoz yo‘qdir. Ogoh bo‘linglar! Kimda namoz bo‘lmasa, unda din, ro‘za, haj va jihod ham yo‘q. Ey Parvardigor, yetkazdimmi?
Ey odamlar! Kim yo‘lga qodir bo‘lsa, o‘sha kishiga Alloh taolo hajni farz qildi. Kim haj qilmasa, xohlagan holatida, yahudiy bo‘libmi, nasroniy yo majusiy bo‘libmi, o‘lsin. Faqat bir kasallik bilan og‘rigan yoki zolim podshoh uni man’ qilgani tufayli (haj qilolmasa) u uzrlidir. Ogoh bo‘linglar, qodir bo‘la turib, haj qilmaganlar uchun shafoatim yo‘q va havzimga yetolmaydi. Yetkazdimmi?
Ey odamlar! Alloh taolo sizlarni qiyomat kuni bitta katta tepalikda jam qiladi. U kun og‘ir kundir.
“U kunda molu davlat va bola-chaqa foyda bermas” (Shuaro, 88-oyat) Yetkazdimmi?
Ey odamlar! Tillaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni namlanglar, qalblaringizni bo‘ysundiringlar, bandalaringizni charchatinglar, dushmanlaringizga qarshi kurashinglar, masjidlaringizni ta’mirlanglar, iymonlaringizda ixlosli bo‘linglar. Birodaringizga nasihat qilinglar, o‘zingiz uchun yaxshi amal qilib qolinglar, farjlaringizni saqlangizlar, mollaringizdan sadaqa beringlar, hasad qilmanglar. Chunki hasad yaxshiliklaringizni ketkazadi. Bir-biringizni g‘iybat qilmanglar, halok bo‘lasizlar....Yetkazdimmi?
Ey odamlar! Qullaringizni ozod etishga harakat qilinglar Kambag‘al va yo‘qsil bo‘ladigan kuningiz (ya’ni, qiyomat kuni) uchun yaxshilik qilinglar.
Ey odamlar! Zulm qilmanglar. Chunki Alloh taolo u zulm qiluvchini ushlovchi zotdir. Sizlarning hisob-kitobingiz Uning qo‘lida. Uning huzuriga qaytajaksiz. Albatta, U zot sizlarning gunoh qilishingizga rozi bo‘lmaydi.
Ey odamlar! Albatta,
“Kim biron yaxshi amal qilsa, o‘zi uchundir. Kim yomonlik qilsa, o‘z ziyoniga qilur. Parvardigoringiz bandalariga zulm qiluvchi emasdir” (Fussilat, 46-oyat);
“Va (barchangiz) Allohga qaytariladigan kundan qo‘rqingiz, so‘ngra har bir jonga qilgan amali uchun to‘la jazo beriladi va hech kimga zulm qilinmaydi” (Baqara, 281-oyat).
Ey odamlar! Men Rabbimga qaytuvchiman. Umrim poyoniga yetdi. Dinlaringiz va omonatlaringizni Alloh taologa topshiraman. Ey ashoblarim, ey ummatim, sizga salom bo‘lsin. Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh”. Keyin minbardan tushib uylariga kirdilar. Shundan keyin Payg‘ambar (s.a.v.) boshqa chiqmadilar”.
Do'stlaringiz bilan baham: |