19.02.2020 8-9-sinf o'quvchilari o'rtasida tashkil etilgan "AKT bo'yicha suhbat"
Ushbu suhbatda Informatika o'qituvchisi D.Qodirova va 8-9 sinf o'quvchilari ishtirok etdilar.Suhbat jarayonida AKT haqida tushuncha :Uning foydalari va ziyonlari haqida gapirib o'tildi,berilgan savollarga javob berildi.
O‘tgan asrning 60-yillarida axborot texnologiyalari sohasida ilk qadamlar tashlanganida bu insoniyat taraqqiyotiga qanday ta’sir etishi mumkinligini hech kim tasavvur ham etmagandi. Axborot, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) yoki mediatexnologiyalar bugungi kunda hayotimizning har bir sohasidan mustahkam o‘rin egallamoqda.
Kun sayin turmush tarzimizda, uyda, ish faoliyatimizda AKTdan samaraliroq foydalanmoqdamiz. Ota-onalar allaqachonlar farzandlariga axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanishga ruxsat berib qo‘yganlar. Bola hayotining dastlabki kunlaridanoq mazkur vositalar orqali AKT bilan tanishib, undan foydalanishga odatlanmoqda, sababi bolani ovuntiruvchi turli moslamalar, uning o‘yinchoqlarida ham zamonaviy AKTning roli mavjud. Bola ulg‘aygani sari esa AKTning ta’siri oshirilib, keng foydalaniladigan o‘yinli ko‘ngilochar qurilmalardan foydalanmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bolalar ongiga kuchli ta’sir etuvchi ijtimoiy munosabatlar o‘rniga virtual olam imkoniyatlarini taqdim etib, mazkur ekranli texnikaga qaram bo‘lib borayotgan bolalarning rivojiga haqiqiy xavf tug‘dirmoqda. Keyingi yillarda hatto maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallab ishlab chiqarilgan va bozorga olib chiqilayotgan elektron qurilmalar, jumladan: videokassetalar va DVD-disklar, turli qiziqarli o‘yinchoqlar turi va soni ham ortib bormoqda. Hozircha ota-onalarning o‘zlari ham qiziqib sotib olayotgan bo‘lsalarda, biroq ularning bolalar ongiga qanchalik darajada ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bilmaydilar, sababi mazkur muammoga bag‘ishlangan keng miqyosli ilmiy-tadqiqotlar deyarli mavjud emas.
Bugungi kunda AKT haqida so‘z borganda, ko‘pincha kompyuter va kompyuterlashgan qurilmalarni tasavvur etadilar, aslida, uning tarkibiga ko‘plab elementlar: video, DVD, kompyuter, planshet, mobil telefonlari, o‘yinli pristavkalar va eng birinchi navbatda, zamonaviy televizor kiradi. Ota-onalar kompyuterni televizorga nisbatan eng avvalo — ta’lim vositasi deb biladilar. Shu sababli ham bola biror yutuqqa erishishi uchun qiziqtiruvchi, rag‘batlantiruvchi vosita sifatida mazkur qurilmalarni sovg‘a qilishni va’da qiladilar. Ta’limda kompyuterning roli haqida gap ketganda, uni eng avvalo, bolalarning intellektual rivojiga ta’sir etuvchi omil deb sanaydilar. Biroq chet ellik ayrim pedagog-olimlar va tibbiyot mutaxassislarining olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra maktabgacha va boshlang‘ich sinf yoshidagi bolalarga ushbu elektron axborot vositalari o‘zining salbiy ta’sirini ham ko‘rsatishi, bu yoshda bolalar tarbiyasiga, ayniqsa, e’tiborli bo‘lish zarurligini ta’kidlamoqdalar. Axir kichik yoshdagi bolalar bugungi kunda atrofdagi voqelikka bo‘lgani kabi AKT va Internet taqdim etayotgan imkoniyatlarga ham juda e’tiborli bo‘lib, tez ilg‘ab olmoqdalar.
Bugungi kunda bolalar rivojiga kompyuter texnologiyalari ta’sirining ko‘zga tashlanib turgan ayrim jihatlarini ko‘rib chiqaylik. Oilalarda mediatexnologiyalardan qanchalik ko‘p foydalanilib borilishi bilan bolalarga bilim beruvchi, savodxonlikni o‘rgatishga yordam beruvchi dasturlar soni ham ko‘payib bormoqda. Bundan tashqari, Internet tarmog‘iga ulangan televideniye va kompyuter qurilmalari bolalar uchun atrof-muhitni va hayotiy vaziyatlar bilan tanishib borishda katta imkoniyatlarni taqdim etmoqda. Haqiqatdan ham zamonaviy ta’limiy muhit ko‘z oldimizda kompyuter texnologiyalarisiz shakllana olmaydi. Bolalar bilimi va dunyoqarashini kengaytirisda Internetga ulangan qurilmalar taqdim etadigan turli ta’limiy resurslar muhim ahamiyatga molik. Kompyuter o‘yinlarining mazmunida fan bo‘yicha ta’limiy materiallarning berilishi o‘qishida muammosi bo‘lgan bolalar uchun juda foydali omil bo‘ladi. Kompyuterni maktabgacha tarbiya muassasalari va umumiy ta’lim maktablari ta’lim tizimiga joriy etayotgan tarbiyachi hamda o‘qituvchilar kompyuterni samarali zamonaviy ta’limiy texnik vosita deb hisoblaydilar, uning yordamida bolalar rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ta’lim va tarbiya jarayonini qiziqarli tarzda rang-barang mazmun bilan boyitish mumkin.
Ma’lumki, kompyuter qurilmasining o‘ziyoq bolani o‘ziga qiziqtirib jalb etadi, bolani tezroq bilishga undaydi. Kompyuterdan foydalanib, o‘tilgan har bir dars o‘quvchilarda emotsional ko‘tarinkilikka, muvaffaqiyatga erishishga, topshiriqlarni bajarish uchun intilishga majbur etadi. Biroq bola bilan ta’limiy maqsadlarda kompyuterdan foydalanishda ko‘plab omillarni hisobga olish zarur ekanligini unutmaslik lozimligi ta’kidlanmoqda. Yuqorida sanab o‘tganlarimiz so‘zsiz AKTning ijobiy jihatlaridir. Aslida, uning salbiy jihatlari ham talaygina.
Bolalar shovqini ko‘chalarni to‘ldirib, harakatli o‘yinlar bilan mashg‘ul bo‘lgan davrlar hali ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak, ilgari bolajonlar kun bo‘yi koptok o‘ynar, velosipedda quvlashib, shodlanar, sport o‘yinlari bilan band bo‘lib, qumdan binolar «qurardilar». Bugungi bolalarchi? Ular ortiqcha harakatsiz, ekranga tikilgancha qimmatbaho qurilmalarda allaqanday virtual o‘yinlar bilan shug‘ullanmoqdalar. O‘tgan asr bolalari qanchalik serharakat bo‘lgan bo‘lsalar, bugunning bolalari esa sensorli olamda shunchalik kamharakatdirlar. AKT rivojlanishi bilan bolalar o‘yinlari ham o‘zgardi va ko‘p o‘yinlarning asosida mazkur texnologiyalardan foydalanilmoqda, bu esa bolalarda ijodiy tafakkurlarining susayishi, shuningdek, jismoniy yuklamalarning kamayishiga olib keladi. Bolalarning televideniya bilan muloqoti hayotining dastlabki kunlaridanoq amalga oshadi, ya’ni bolalar hayot tajribasini aynan televideniyadan ham oladilar. Go‘daklik chog‘idan to bir yoshga to‘lguniga qadar allaqachon televizor «tomosha qiladilar». Afsuski, hozirgi davrda esa hatto kompyuter ekraniga ham tikilib o‘tiradilar. Biroq bunga yo‘l qo‘yayotgan ota-onalar farzandlariga qanchalik zarar yetkazayotganliklarini biladilar deb aytish qiyin. Mazkur mediatexnologiyalardan foydalanish bola salomatligiga bir qator zarar yetkazishi haqida ko‘plab ma’lumotlar mavjud. Misol sifatida, quyidagilarni sanab o‘tish mumkin:
Bolalar kompyuter va elektron o‘yinlardan foydalanishda ko‘pincha noqulay vaziyatda o‘tiradilar, bu esa tayanch-harakat apparatlarining buzilishiga olib kelishi mumkin. Ekranda lip-lip etib, tez-tez o‘zgarib turadigan tasvirlar bola asabiga, vizual, nevrologik va jismoniy rivojiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Kompyuterdan ko‘p foydalanish ko‘rish, gormonal balans buzilishi kasalliklari yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Bola ruhiy olamiga — ruhiyatning interaktiv faoliyatiga ta’sir etib, zo‘riqishga olib borishi mumkin. Axborot texnologiyalari bolada uning xususiy kontenti shakllanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Surunkali ruhiy zo‘riqish uning immun tizimi susayishi va turli jiddiy kasalliklar rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ekranda uzoq davom etgan vizual fiksatsiya ko‘z rivojiga salbiy ta’sir etib, o‘qish va yozishda qiyinchilikka olib kelishi mumkin.
Ovozning katta tezligi, intensivligi, chastotasi eshitish, tasavvur qilish va o‘quv materialiga diqqat tizimini buzadi. Bunday sensor disbalans umumiy nevrologik rivojlanish, miya anatomiyasi va biokimyoviy jarayonlar, ichki organlar ishida muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Erta bolalik chog‘ida nutq rivojlanishi 2 yoshga qadar amalga oshishi zarur. Biroq bu jarayonga televizor ham salbiy ta’sir etishi mumkin.
Ma’lumki, mediatexnologialar (TV, video, o‘yinlar, Internet, musiqa, mobil telefonlari va boshqalar) zamonaviy bolalarimiz bolalik turmush tarzini o‘zgartirib yubordi. Zamonaviy hayotda AKTning ijobiy jihatlarini ta’kidlagan holda, mazkur ilg‘or texnologiyalarning farzandlar tarbiyasiga salbiy ta’sirining oldini olish uchun quyidagi vazifalarni amalga oshirish zarur:
Bolajonlar va o‘smirlar ongi, jismoniy rivojiga ta’sir etuvchi televideniye ko‘rsatuvlarini ilmiy asosda ko‘rib chiqish;
televideniyening bolalar rivojiga salbiy ta’sir etuvchi jihatlariga e’tibor qaratish;
kichik yoshdagi bolalarda televideniye, kompyuter o‘yinlariga qiziqish yuzaga kelishining oldini olish, ularni atrof-muhit bilan tanishuvlarini virtual olamda emas, haqiqiy olamda amalga oshishiga e’tibor qaratish.
farzandlar tomosha qiladigan televizion ko‘rsatuvlarni tanlab berish, o‘zlari ham birga tomosha qilishlari bolalarga yanada quvonch bag‘ishlashini unutmaslik lozim.
ota-onalar kuniga 1–2 soat vaqtlarini bolalarga ajratib, kitob o‘qib berish va jismoniy harakatli ijodiy o‘yinlar bilan shug‘ullanishlari zarur.
Xulosa qilib aytganda, tarbiyachilar, o‘qituvchilar, tibbiyot xodimlari ota-onalar bilan AKTning bolalar salomatligiga ta’siri borasida suhbatlashish va ota-onalarga AKT vositalari: televideniya, kompyuter, video, mobil telefonining bolalar rvojiga ta’siri haqida aniq ma’lumot berish lozim. Asosiysi, ta’lim-tarbiya jarayonida AKT imkoniyatlaridan foydalanishga oqilona yondashish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |