113-modda. Aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish usullari Aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish:
huquqni tan olish;
huquq buzilguniga qadar mavjud bo‘lgan holatni tiklash va huquqni buzuvchi yoki huquqning buzilishi tahdidini yuzaga keltiruvchi xatti-harakatlarning oldini olish;
bitimni haqiqiy emas deb topish va uning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llash;
huquqini o‘zi himoya qilish;
majburiyatni natura holida ijro etishga qaror qilish;
zararlarning o‘rnini qoplatish;
neustoyka undirish;
ma’naviy zararni kompensatsiya qilish;
huquqiy munosabatlarni tugatish yoki o‘zgartirish orqali amalga oshiriladi.
Aksiyadorlar o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun ixtiyoriy asosda birlashmalarga uyushishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang. Jamiyatning aksiyadorlariga tegishli bo‘lgan dividendlar to‘lanmagan taqdirda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi mazkur jamiyat aksiyadorining yoki minoritar aksiyadorlari qo‘mitasining murojaati asosida sudga jamiyatning zimmasiga ushbu jamiyat aksiyadorlariga dividendlar to‘lash majburiyatini yuklatish to‘g‘risida da’vo taqdim etishga haqli. Bunday da’voni taqdim etish va ko‘rib chiqish tartibi qonunchilikda belgilanadi.
(113-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Oldingi tahrirga qarang. Aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish qonunchilikka muvofiq boshqa usullar bilan ham amalga oshirilishi mumkin.
(113-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) 114-modda. Xususiylashtirilayotgan tashkilot aksiyalarining birlamchi emissiyasi paytida mehnat jamoasi a’zolarining huquqlarini himoya qilish Oldingi tahrirga qarang. Aksiyadorlik jamiyati etib o‘zgartirilayotgan davlat tashkiloti mehnat jamoasi a’zolarining aksiyalarni olishga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish qonunchilik bilan kafolatlanadi. Bunda mehnat jamoasining a’zolariga realizatsiya qilinishi lozim bo‘lgan aksiyalar soni har bir alohida holatda davlat mulkini tasarruf etishga vakolatli bo‘lgan organ tomonidan belgilanadi.
(114-moddaning matni O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)